Sut solingan kosa onaning qo‘lidan tushib ketib, sindi. O‘g‘il bor ovozi bilan onasiga baqirdi va g‘azab bilan xonani tark etdi. Ona kichik bir maktub bitdi. O‘g‘il ko‘chadan qaytganda ona odatdagidek kursida o‘tirgancha uxlar, maktub esa ko‘ksida turgan edi. O‘g‘il asta maktubni qo‘liga olib o‘qiy boshladi:
«O‘g‘lim, mehribonim, ko‘zimning quvonchi! Afsuski, men qarib qoldim. Qo‘llarim qaltirab, ovqat kiyimimga to‘kilib ketyapti. Endi oldingidek tetik, chiroyli, xushbo‘y emasman. Sendan iltimos, meni malomat qilmagin. Libos va poyabzalimni o‘zim kiya olmayapman. Iltimos, menga yordamlashgin. Oyoqlarim ham yurishga qiynalyapti. Tahorat qilish uchun hammomga borayotganimda, qo‘llarimda ushlab olgin. Sen yurishga harakat qilgan paytlaringda, yiqilib ketmasliging uchun qo‘llaringdan necha marta ushlab olganimni bir esla. Xotiram zaiflashib qolganidan va sekin gapirayotganimdan malollanma. Sen bilan gaplashganimda meni xursand qiladigan birgina narsa sening yoningda ekanimdir. Bolaligingda kulgularing bilan meni xursand qilarding. Bugun ham tabassumingni mendan darig‘ tutma. Men o‘limini kutib yashayotgan qariyaman. Seni tuqqanimda yoningda edim. Vafot etar chog‘imda sen ham yonimda bo‘lgin».
So‘zimiz oxirida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan kimga yaxshilik qilish lozimligi so‘ralganda, uch marta «Onangga!» deganlarini eslatib qo‘ymoqchimiz.
Ey Rabbim! Onalarimizni Jannatdan mahrum qilmagin! Umrlarini uzun, rizqlarini barakali, gunohlarini mag‘firat qilgin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi.
Bugun, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti tizimida faoliyat ko‘rsatib turgan masjid imom-xatib va imom-noiblari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bayrami munosabati bilan sportning stol tennisi musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa poytaxtimizdagi Nukus olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘lib o‘tdi.
Diniy soha xodimlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ushbu stol tennisi musobaqasida 1-o‘rin Taxtako‘pir tumani «Abdulkarim oxun» jome masjidi imom-xatibi I.Ametniyazov, 2-o‘rin To‘rtko‘l tumani «G‘oib ota» masjidi imom noibi R.Komiljonov, 3-o‘rin Beruniy tumani «Sulton uvos bobo» jome masjidi imom-noibi O.Mashalovlar g‘olib deb topildi.
Musobaqa yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari A.Allaniyazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov va Nukus «Muhammad ibn Ahmad al Beruniy» o‘rta maxsus islom bilim yurti direktori J.Abdirazzaqovlar musobaqa ishtirokchilarini g‘alabalari bilan tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi, musobaqa g‘oliblariga «Vaqf» xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti