“Ka’b ibn Iyoz (r.a.) rivoyat qiladi: «Rasululloh (s.a.v.)ning bunday deb aytayotganlarini eshitdim: “Har bir ummat uchun fitna bor, mening ummatim fitnasi mol-dunyodir” (Imom Termiziy).
Sharh. Imom Termiziy sahihligini aytgan ushbu hadisda Payg‘ambarimiz (a.s.) mol-dunyo mavzusiga e’tibor qaratganlar. Sharhchilar hadisdagi “fitna”ni zalolat va ma’siyat, ya’ni adashish va Haqqa osiylik deb izohlashgan. Ya’ni, bu ummatni haq yo‘ldan ozdirib, dindan uzoqlashtiradigan eng muhim omil moddiyat va moldir. Islom dushmanlarining oshkora va maxfiy tashkilotlari musulmonlarni yo‘ldan toydirish uchun ko‘pincha moddiyat va mol-dunyodan tuzoq sifatida foydalanishmoqda. Buni kuzatib turib, Alloh taoloning: “Kofir bo‘lganlar mol-mulklarini Alloh yo‘lidan to‘sish uchun sarflaydilar” (Anfol, 36), degan ogohlantiruvining amaldagi isbotini ko‘ramiz. Payg‘ambarimiz (a.s.)ning yuqoridagi hadislari bilan g‘aybdan xabar berishlariga yana bir karra imon keltiramiz.
Ayni paytda, bu hadisni noto‘g‘ri talqin qilmaslik kerak. Islom dini aslida boylik va moddiy kuch-qudratga qarshi emas. Aksincha, musulmonlarni mehnat qilishga va pul topishga targ‘ib etadigan ko‘plab hadislar bor. Dinimizning muhim qismi bo‘lmish zakot, haj, sadaqa kabi farz va mandub amallarni bajarish uchun, albatta, mol-dunyoga ega bo‘lish kerak. Shuningdek, “Beruvchi qo‘l oluvchi qo‘ldan yaxshidir”, “Allohning nazdida kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va suyukliroqdir”, “Taqvodor kishiga boylikning hech bir zarari yo‘qdir” kabi hadislar musulmonlarni mehnatga, moddiy jihatdan baquvvat bo‘lishga undaydi.
Shunday ekan, mol va moddiyatni yomonlashdan maqsad, agar hushyor, sergak bo‘linmasa, axloqiy va diniy jihatdan tubanlashishga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirishdir. Unutmaylikki, taraqqiyot, rivojlanish yo‘qchilik va ehtiyojdan kelib chiqqani kabi, qoloqlik va tanballik ham boylik keltirgan to‘kinlik, isrof sababli yuzaga keladi. Bunga eng yorqin misol Saodat asri va undan keyingi sahobalar davridir. O‘sha paytda ochlikdan sillasi qurib, qorniga tosh bog‘lab yurgan odamlar qisqa muddatda dunyoning uch qit’asiga Allohning haq dinini yetkazishdi. Zamonlar o‘tib, butun dunyo xazinalari musulmonlarga qarab oqa boshlaganida esa, odamlar bamaylixotirlikka va dangasalikka berilishdi. Oqibatda ilm-fan, davlat boshqaruvi va boshqa sohalarda dunyoga ustozlik qilgan musulmon olami taraqqiyotdan orqada qolgan, qaram va boqimanda holga tushib qoldi.
Shunday ekan, azaliy va abadiy haqiqatlarni yetkazuvchi bo‘lgan Payg‘ambarimiz (a.s.)ning mol-dunyo borasidagi tutumlarini ushbu hadisdan bilib olsak bo‘ladi: «Odamlar mol-dunyo borasida to‘rt qismdir: bir banda bor, Alloh unga mol va ilm bergan, u moli xususida Allohdan qo‘rqadi va uni silai rahm uchun sarflaydi. Molidagi Allohning haqqini biladi va uni ado etadi. Mana shu odam eng yuksak martabaga erishadi.
Yana bir banda bor, Alloh unga ilm berganu ammo mol bermagan. U yaxshi niyatda: “Agar molim bo‘lsa edi, falonchiga o‘xshab xayrli yo‘llarga sarflardim”, deb orzu qiladi. Alloh uning niyatini qabul qiladi va oldingilar bilan teng ajr beradi.
Uchinchi (xil) banda bor, moli yetarli, lekin Alloh unga ilm bermagan. U molini shahvat va buzuqlik-fitna yo‘llariga sarflaydi. Na Rabbidan qo‘rqadi va na silai rahm qiladi. Molidagi Allohning haqqini ham bilmaydi. Bu eng yomon martabadir.
To‘rtinchi (xil) kimsa bor, Alloh unga mol ham, ilm ham bermagan. Ammo u isrofchilarga hasad qilib: “Qaniydi, mening ham pulim bo‘lsaydi, falonchiga o‘xshab sarflab, unga o‘xshab yashardim”, deydi. U ham niyati sabab o‘sha isrofgarlar bilan gunohda teng sherik bo‘ladi».
Manba:irfon.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bandadan xato sodir bo‘lmasligi mumkin emas, balki sodir bo‘lgan xatolarni tuzatishga intilish — ana shu bandalik xususiyatidir. Odam bolasidan xato sodir bo‘lishi oddiy hol. Xatolarni afv etish esa hamma ham qila olmaydigan, oxiratda sharaf bo‘ladigan xislatdir.
Yevropalik bir faylasuf: «Olovni haddan ziyod yoqib yuborma, dushmandan oldin o‘zingni kuydirib qo‘ymasin», deydi.
Bir odam hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Men seni shunday haqorat qilamanki, u sen bilan birga qabringgacha boradi», dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu: «Sening haqorating qabrgacha men bilan emas, balki o‘zing bilan birga boradi», dedilar.
Xullas, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu uning axloqsizligiga e’tibor ham bermadilar.
Qur’oni Karim johil kishilardan yuz o‘girib o‘tib ketishni va behuda ishlardan batamom saqlanishni ta’lim bergan va ta’kidlagan.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Allohning Rasuli! Xizmatkorimning xatolarini necha marotaba avf qilayin?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga javob qilmay jim turdilar. U yana qayta so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har kuni yetmish marotaba» dedilar.
Imom Termiziy rivoyati.
Hadisdan olinadigan foyda shuki, xatolarni avf qilishning haddi belgilangan emas. Agar xodim har kuni yetmish marotaba xato qilsa ham, uni kechirish go‘zal xulq va rahm-shafqatning talabidir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan