Hosid har kuni kimnidir chaqib turmasa, hasad qilmasa turolmaydi. Bu shunday dardki, o‘zi birovga qishda qor bermaydi, o‘zgalar berganini esa ko‘rolmaydi. Goho o‘ziga-o‘zi hasad qilur, bu dardga uni kibru havo solur. Hasad zahrini solishga kimsa topilmasa, o‘zini-o‘zi chaqur. Naqadar ayanchli!
Dunyoda yurak xastaligidan og‘riganlarning aksari hasad sabab ushbu dardga yo‘liqadi, yorug‘ olam nuriga hasad-la boqib, jon taslim qiladi.
Allohning qudrati bilan chayonning bolalari o‘z onalarini yeb kattarar ekan. Hasad ham, hasadchini yeb bitirar ekan.
Ey aziz farzand! O‘zingni hasaddan saqla, hasad shunday dardki, u go‘yo achchiq alaf kabidir, u alaf asalga qo‘shilsa, uning ta’mi va rangini buzadi. Hasad qalbning va imonning kushandasidir. Bu dunyoda havas bilan yashagin, hasad bilan emas. Shunda orzuingdagi baxtga erishasan.
Ilonu chayondek chaqma har kimni,
Bolasi chayonni yeydi qilib yem.
Qalbingda to‘plasang lim-lim hasadni,
Bir kun kelib, o‘zing yig‘laysan yum-yum.
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yilning 26-27 oktyabr kunlari Xorazm viloyatida imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Toshkent shahri va viloyatlar bosh imom-xatiblari ishtirok etadi.
Seminarda o‘zaro tajriba almashish, targ‘ibot ishlarini olib borish, imom-xatiblar kasb-mahoratini oshirish, aholi bilan muloqot qilish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini ta’minlash hamda xayriya tadbirlarini amalga oshirishdagi zamonaviy uslub va yondashuvlar bilan o‘rtoqlashiladi.
Ishtirokchilarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining Xorazm viloyati vakilligi faoliyati, yangicha ish yuritish tartibi, ta’sirchan targ‘ibot tadbirlari, raqamli moliya-xo‘jalik faoliyati, sifatli media kontent tayyorlash va fuqarolar murojaati bilan ishlashdagi ilg‘or tajribalari taqdimot qilinadi.
Seminar qatnashchilari viloyatdagi “Faxriddin ar Roziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyati, zamonaviy ta’lim-tarbiya usullari va o‘quv-metodik jarayonlari bilan atroflicha tanishib, talabalar bilan dildan muloqot qiladilar.
Tadbirlar davomida bosh imom-xatiblar o‘zlariga biriktirilgan Xorazm viloyatining tuman-shaharlarida keng aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadilar. Shuningdek, ushbu hududlardagi masjidlar holati va imom-xatiblar faoliyatini rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar beradilar.
Ilmiy-amaliy seminar davomida saxovat, muruvvat va mehribonlik uylari, ziyoratgohlar va oxirgi yillarda qayta qurilgan masjidlarga ham ziyoratlar uyushtiriladi.
Tadbirlar yakunida to‘plangan bilim va ko‘nikmalar, yangicha ish uslublari va erishilgan natijalar muhokama qilinib, ilg‘or tajribalar keng ommalashtiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati