Sayt test holatida ishlamoqda!
17 May, 2026   |   29 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:03
Peshin
12:24
Asr
17:25
Shom
19:41
Xufton
21:09
Bismillah
17 May, 2026, 29 Zulqa`da, 1447

Islomda farzandning huquqlari

28.07.2018   25682   17 min.
Islomda farzandning huquqlari

Islomda farzandlarning huquqlari rioya qilingan bo‘lib, bular ularning ota-onalari yoki yaqin qarindoshlari, yashayotgan jamiyatlariga vazifa qilib yuklatilgandir. Bu haqlarni ado etish vojib bo‘lib, unga amal qilmoqlik majburiydir.
Farzandlarning qanday huquqlari bor? Ulamolarimiz bu savolga javob tarzda, jumladan, quyidagilarni zikr qiladilar:

  1. Nasab.

Nikohning asl maqsadlaridan biri ham naslu nasabni saqlashdir. Busiz oila ham, jamiyat ham bo‘lmaydi. Farzandning ota-onasi nikohdan o‘tgan, halol-pok yashagandagina, nasabi aniq va pok bo‘ladi.

  1. Bo‘lajak farzandga munosib ona va ota tanlash.

Islom bola haqida u hali dunyoga kelmasdan ancha oldin, oila qurishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan paytdan boshlab qayg‘ura boshlaydi.
«Talxis» nomli kitobda Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Sizlar o‘z nutfangizga munosib jufti halolni ixtiyor qilinglar. O‘zingizga munosiblarga nikohlaning va ularga nikohlab bering».
Ibn Moja va Dora Qutniy rivoyat qilgan.

Oila qurilar ekan, ota-onaning dindorligi, axloqi, odobiga, insoniyligiga alohida e’tibor beriladi. Sababi ulardagi xislat, fazilatlar ham, yomon odatlar ham bolaga ko‘chishi – isbot talab etilmaydigan haqiqatdir.
3. Emizish.

 Tug‘ilgan farzand, avvalo, emizishga muhtoj. Bu esa onasining vazifasi. Shar’iy uzr sababli ona emiza olmasa, emizuvchi topish va uni rozi qilish otaning ishi hisoblanadi. Alloh taolo «Baqara» surasida: «Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa, onalar farzandlarni to‘liq ikki yil emizurlar», degan (233 — oyat).

 

Go‘dakning haqlaridan biri va onalarning eng mo‘tabar vazifasi farzandni ikki yil emizishdir. Yangi tug‘ilgan go‘dak jismi va ruhining o‘sishiga onasining sutidan afzal ozuqa yo‘q. Bolaning suyagi onaning suti bilan shakllanadi, shuningdek, uning boshqa taraflari, ruhiy rovojlanishiga ham ona suti zarur ozuqa hisoblanadi. Ushbu ozuqaning muddati to‘liq ikki yil bo‘lishi kerak. Bu qur’oniy haqiqatni adashgan insoniyat ming to‘rt yuz yildan keyin tushunib etdi. Hozirgi paytda ilmiy tekshirishlardan so‘ng go‘dak bola uchun eng yaxshi ozuqa onaning suti va uni to‘liq ikki yil emizish kerak, degan gapni aytishmoqda.

Tarixdan ma’lumki, dunyoga dovrug‘ solgan aksari buyuk allomalarga, fozilu ulamolarga bolalik paytida otalari harom kasb bilan topilgan biror luqma ham taom edirmagan, onalari ularni betahorat emizishmagan.

  1. Bolaning ota-onadagi haqlaridan biri unga munosib ism tanlashlaridir.

Ota-onaning vazifalaridan biri farzandga ma’nodor, chiroyli ism qo‘yishdir.
Husayn ibn Hasan Marvaziy o‘zining «Kitobul birri vas silati»sida Abul Mo‘tamirdan keltirgan rivoyatda:

«Umar ibn Abdulazizning huzurida masalalarni eslashdi. Bas, bir kishi:
«Menga etib kelgan xabarga qaraganda, tug‘ilgan bolaga ism qo‘ymay turib o‘lgan bo‘lsa, qiyomat kuni otasiga, meni ismsiz tark qilding-ku!» deydi», dedi.
Shuning uchun har bir musulmon ota-ona bu muhim ishga alohida e’tibor ila yondashmog‘i lozimdir. Farzand katta bo‘lib, oq-qorani taniganda o‘z ismidan uyaladigan bo‘lmasin. Balki ismi unga ziynat bo‘lib tursin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, ismlarning yaxshisi, bandalik va hamdni bildiruvchisidir, deganlar. Shuning uchun, Alloh taologa bandalik ma’nosini anglatuvchi, Abdulloh, Abdurrohman, Abdussattor va Alloh taologa hamd ma’nosini anglatuvchi, Hamidulloh kabi ismlar yaxshi ismlar hisoblanadi.
Shuningdek, Payg‘ambarlarning, sahobalarning va salafi solihlarimizning ismlari yaxshi ismlari hisoblanadi.

Qizlarga ham o‘tgan ahli iymon momolarimiz, sahobiya ayollar va ezgulik ma’nosini anglatuvchi ismlar qo‘ymoq kerak.

  1. Aqiqa ham bolaning ota-onadagi haqlaridandir.

«Aqiqa» lug‘atda yordi ma’nosini anglatib, aslida yangi tug‘ilgan bolaning sochiga aytiladi.

Shariat ta’limotlariga muvofiq tug‘ilishning ettinchi kuni bolaning sochini olib, o‘sha soch og‘irligida kumush sadaqa qilmoq tavsiya qilinadi.
Ana o‘sha soch boshdan ajratib olingani uchun «aqiqa» deyiladi.
O‘sha munosabat ila so‘yiladigan qo‘y ham «aqiqa» deyiladi.
Iste’molda shu ma’noda ko‘p ishlatilgani uchun «aqiqa» deganda faqat yangi farzand tug‘ilishi munosabati ila so‘yiladigan qo‘y anglanadigan bo‘lib qolgan.

Salmon ibn Omir az-Zobbiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «G‘ulom ila aqiyqa bordir. Bas, uning uchun qon chiqaring va undagi nopoklikni ketkazing», – dedilar».

Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan. Hadisdagi bu jumlani, yangi tug‘ilgan bolaning aqiqasi o‘zi bilan, deb tushuniladi. Ya’ni har bir yangi tug‘ilgan bolaga aqiqa lozim, deganidir.
«Bas, uning uchun qon chiqaring».

Ya’ni yangi farzand tug‘ilgani sharafiga so‘yish so‘ying. Bu munosabat ila qon chiqarish qandoq bo‘lishini kelasi hadisi shariflar bayon qiladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarga bittadan qo‘chqor so‘yib aqiqa qildilar».

Sunan egalari rivoyat qilgan.

  1. Yangi tug‘ilgan bolaning qulog‘iga azon va takbir aytish.

Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima roziyallohu anhoning tuqqan bolasi Hasan ibn Alining qulog‘iga azon aytayotganlarini ko‘rdim».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifga binoan yangi tug‘ilgan farzandning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytmoq mandubdir. Allohning zikri yangi tug‘ilgan bolaning qulog‘iga kirgan birinchi narsa bo‘lishi qandoq ham yaxshi. Albatta, bu ulug‘ narsaning o‘ziga yarasha barakasi bo‘ladi.

Rivoyatlardan birida:

«Kimning bolasi tug‘ilsa-yu, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytsa, unga Ummu Sibyon zarar etkaza olmas», deyilgan.

Ummu Sibyon bolalarga ziyon etkazadigan jin toifasidir.

  1. Yangi tug‘ilgan bolaning tanglayini ko‘tarish.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.

«Mening o‘g‘lim tug‘ilganda uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordim. U Zot uni Ibrohim, deb nomladilar, xurmo ila tanglayini ko‘tardilar va unga baraka tilab duo qilib, menga tutqazdilar. U bolalarimning kattasi edi».

Ikki shayx rivoyat qilgan.

Ko‘pchilik sahobalar o‘zlarining yangi tug‘ilgan farzandlarini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib borar edilar. U Zot alayhissalom yosh bolalarni ko‘rsalar, juda xursand bo‘lar edilar. Yangi tug‘ilganlarga Abu Muso roziyallohu anhuning o‘g‘liga qilgan munosabatni qilar edilar.
Ana shu ishga taqlid qilib yangi tug‘ilgan farzandni ahli solih kishilar huzuriga olib borish musulmonlar ichida doimiy odatga aylangan.
«U Zot uni Ibrohim, deb nomladilar»

Demak, ahli fazl, olim va muqtado kishilar tomonidan yangi tug‘ilgan farzandlarga ism tanlanishi ham yaxshi ish. Chunki undoq kishilar bunga o‘xshash ishlarga bog‘liq masalalarni, shar’iy hukmlarni yaxshi biladilar va to‘g‘ri tasarruf qiladilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Abu Muso roziyallohu anhuning o‘g‘illariga Ibrohim nomini qo‘yganlari ham buning bir misoli.
«xurmo ila tanglayini ko‘tardilar»

Yosh bolaning tanglayini ko‘tarish, katta odam bir narsani oldin o‘zi chaynab turib bolaning og‘ziga qo‘li bilan solib qo‘yishidir. Bu narsa meva bo‘lgani afzaldir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, deyarli, doimo bolalarning tanglayini xurmo bilan ko‘targanlar. Bu ham yaxshi niyat alomatidir. Ahli solih, fazilatli kishilarning bu ishni qilishlari marg‘ubdir.
«va unga baraka tilab duo qilib, menga tutqazdilar»

Bu ish eng marg‘ub ishdir. Ahli solih, duogo‘y kishilarning yangi tug‘ilgan bolalar uchun duo qilishlari, ayniqsa, baraka tilab duo qilishlari juda ham yaxshi ishdir. Barcha ota-onalar bunga katta e’tibor bermoqlari kerak.

  1. Homiylik.

Bola etti yoshga kirguncha birovning himoyasiga muhtoj. Ya’ni doimo ovqatlanish, kiyinish, yuvinish va boshqa holatlarda kattalarning yordamiga muhtoj. Bu ishlarni uning ota-onasi, ular bo‘lmasa yaqin qarindoshlari amalga oshirishlari vojibdir.

  1. Valiylik.

Yetti yoshdan balog‘at yoshiga etguncha bo‘lgan bolalar valiyga, o‘zidan katta rahbarga muhtojdirlar. Bu ham ota-ona bo‘lmasa, yaqin qarindoshlariga yuklatiladi.

  1. Nafaqa.

Bolalarning nafaqasi. Ularni oziq-ovqat, kiyim kechak, turar-joy bilan ta’min etish otaning burchidir. Bu narsalar halol pok bo‘lishi matlubdir.
Faqir yosh bolaning naqafasi otasiga vojib bo‘ladi.

Bu hukmning dalili. Alloh taolo «Baqara» surasida:

«U(ona)larni yaxshilab edirib, kiyintirish otaning zimmasidadir», degan(233-oyat).

Bolaning sababidan onaga nafaqa berish vojib bo‘lganidan keyin bolaning o‘ziga nafaqa berish vojib bo‘lishida hech shubha qolmaydi.

Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Hind binti Utba: «Yey Allohning Rasuli, Abu Sufyon – o‘ta baxil odam, menga va bolamga kifoya qiladigan narsani bermaydi. Magar unga bildirmay olsamgina bo‘lur», dedi. «O‘zingga va bolangga etarlisini to‘g‘rilikcha ol», dedilar u Zot. Ikki Shayx rivoyat qilishgan. Unga bu ishda xuddi ota-onasi va xotinining nafaqasidagi kabi biror kishi sherik bo‘lmaydi. Ya’ni bolaning nafaqsi faqat otaga, ota-onaning nafaqasi faqat o‘g‘ilga va xotinning nafaqasi faqat erga vojib bo‘ladi. Unga bu nafaqada hech kim sherik bo‘lmaydi.

    1. Bolaga mehribonlik ko‘rsatish ham ota-onaning vazifasi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z huzurlarida al-Aqra’ ibn Hobis Taymiy o‘tirganda Hasan ibn Alini o‘ptilar. Shunda u: «Mening o‘nta bolam bor. Ulardan birortasini o‘pganim yo‘q», dedi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar soldilar va: «Rahim qilmaganga rahim qilinmas», dedilar». Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘ta bolajon Zot edilar. U Zot bolalar ichida o‘z nabiralari imom Hasan va imom Husaynlarni juda ham yaxshi ko‘rar va ularga mehibonlik ko‘rsatar edilar. Ushbu rivoyatda u Zot sollallohu alayhi vasallamning imom Hasan roziyallohu anhuga ko‘rsatgan mehrlari, sahobalardan birlarining bunga bo‘lgan munosabatlari va bu munosabatni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan baholanishi haqida so‘z ketmoqda. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni olib sonlariga o‘tqazar edilar. Hasanni esa boshqa sonlariga o‘tqazar edilar. So‘ngra sonlarini bir-biriga qo‘shib turib: «Yey Allohim! Ikkisini rahim qilgin, men ularga rahim qilurman», der edilar». Buxoriy rivoyat qilgan. Oysha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: «Sizlar bolalarni o‘pasizlarmi? Biz ularni o‘pmaymiz», dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh qalbingdan rahmatni sug‘urib olgan bo‘lsa, men nima ham qila olar edim», dedilar». Ikki shayx rivoyat qilgan. Qizlarga alohida hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lish haqida Rasulullohning ko‘rsatmalari ham bor. Sababi qizlar mehrga muhtoj, o‘zlari ojiza bo‘lishadi. Shu bois ular tarbiyasida ko‘proq e’tibor va mehr, ehtiyotkorlik zarur bo‘ladi.

      1. Bolalari orasida adolat qilish ham ota-onaning vazifasidir. 
        No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Otam meni ko‘tarib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordilar va:«Ey, Allohning Rasuli, guvoh bo‘ling, men No‘monga o‘z molimdan bu-buni, berdim», dedi.«Hamma o‘g‘illaringga, shunga o‘xshash berdingmi?» dedilar u Zot. «Yo‘q», dedi. «Bunga mendan boshqani guvoh qil», dedilar va so‘ngra: «Seni ularning barchasi senga birdek yaxshilik qilishi xursand qiladimi?» dedilar. «Ha», dedi. «Undoq bo‘lsa, yo‘q!» dedilar». Boshqa bir rivoyatda: «Allohga taqvo qilinglar va farzandlaringiz orasida adolatli bo‘linglar», deyilgan. Beshovlari rivoyat qilgan. Ushbu hadisga binoan musulmon inson moliyaviy masalalarda o‘z farzandlarining barchasini barobar ko‘rishi kerak bo‘ladi. Agar teng imkoniyatli farzandlarning biriga mol berib, boshqasiga bermasa yoki biriga oz, ikkinchisiga ko‘p bersa adolatsizlik bo‘ladi. Bolalari orasida hiqdu-hasad, fitna kuchayadi. Agar shar’iy uzr ila sabab bo‘lsa, ota-ona o‘z bolalaridan biriga ko‘proq boshqasiga ozroq mol bersa bo‘ladi. Misol uchun, biri bemor, ikkinchisi sog‘, biri kambag‘al, ikkinchisi boy, birining bolalari ko‘p, ikkinchisiniki oz.
      2. Balog‘atga etgandan so‘ng uylantirib, oilalik qilib qo‘yish va boshqalar.Ko‘rinib turibdiki, oilada farzandlarning alohida huquqlari bo‘lib, unga amal qilish shart etib qo‘yilmoqda. Shu o‘rinda oila rahbari zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ma’lumki, o‘z farzandlarining, ahli-ayolining axloqi, xulq-atvori, yurish-turishi uchun oila boshlig‘i mas’uldir.
      3. Tarbiya haqi ham farzandlik haqlaridandir.Alloh taolo «Tahrim» surasida: «Yey, iymon keltirganlar, o‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlar va toshlardan bo‘lgan o‘tdan qo‘rqiting. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaydilar va nima buyurilsa shuni bajaradilar»,degan (6-oyat). Ahli ayolini, farzandlarini dindor qilib tarbiyalash oila boshlig‘ining Allohning oldidagi burchi ekanligiga yuqoridagi oyati Karima yorqin dalildir. Odamlar orasida o‘zingni bil, o‘zgani qo‘y, degan noma’qul gap yuradi. Lekin shariat bo‘yicha er xotin uchun, ota bolalar uchun mas’uldir. Qiyomatda Allohning huzurida javob beradi.

Ushbu oyat ma’nosida hadisi shariflar ham bor. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Yosh bolani etti yoshida namoz o‘qishga buyuring, o‘n yoshga etganda ham o‘qimasa, uring», deganlar.

Hazrati Umar yuqorida zikr qilingan oyati Karima nozil bo‘lgandan so‘ng:
«Yey Rasululloh! O‘z nafsimizni-ku saqlaymiz, ahlimizni qanday saqlaymiz?» deb so‘ragan ekanlar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: «Alloh sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar», deb javob bergan ekanlar. Hazrati Ali: «O‘zingizga va ahlingizga yaxshilikni ta’lim beringlar va ularni odobli qilinglar», deb aytganlar.

Demak, har birimiz o‘g‘il-qizimizni, oila a’zolarimizning barchalarini dinga da’vat qilishimiz, diniy ahkomlarni doimo bajarishlarini qat’iyat bilan talab qilib, iymon-ye’tiqodi, odob-axloqi va boshqa jihatlarini tarbiyasiga ahamiyat berib turishimiz kerak. Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:

      1. Alloh ota-ona va farzandga birdek yaxshilik qilgan bandalarini abrorlar deb atagani.
      2. Mo‘min bandada ota-onaning haqi bo‘lganidek, farzandning ham haqi borligi.

 

Lutfulloh JAMALOV

“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi

 

 

Fiqh
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Haj – nafaqat safar, balki insonni o‘zgartiruvchi maktab

15.05.2026   11833   5 min.
Haj – nafaqat safar, balki insonni o‘zgartiruvchi maktab

Insoniyat tarixida ayrim makonlar borki, ular faqat geografik nuqta emas, balki ruhiy tarbiya va ma’naviy uyg‘onish markazi hisoblanadi. Ana shunday muqaddas maskanlarning eng ulug‘i – Masjidul harom va uving qalbi bo‘lgan Ka’bai muazzamadir. Millionlab musulmonlar har yili turli millat, til va madaniyatdan qat’i nazar, bir maqsad – Alloh taoloning roziligiga erishish uchun ushbu muborak joyga yo‘l oladilar. Haj – Islomning beshinchi rukni bo‘lib, u oddiy sayohat yoki rasmiy marosim emas. Haj insonning qalbini poklaydigan, nafsini tarbiyalaydigan, uni yanada mas’uliyatli va taqvodor shaxsga aylantiradigan buyuk ibodatdir. Aslida, haqiqiy haj – insonning ichki dunyosini o‘zgartiruvchi hajdir.

Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi uy Bakkada (Makkada) muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lgan (Ka’ba)dir» (Oli Imron surasi, 96-oyat). Ushbu muborak oyat Ka’batullohning insoniyat tarixidagi yuksak o‘rnini ko‘rsatadi. U nafaqat musulmonlarning qiblasi, balki tavhid ramzi hamdir. Yer yuzida turli sivilizatsiyalar paydo bo‘lib, yo‘qolib ketgan bo‘lsa-da, Ka’ba asrlar davomida insoniyatni yagona Robbga ibodat qilishga chaqirib kelmoqda.

Tarixiy manbalarda Ka’baning bir necha bor qayta ta’mirlangani zikr qilinadi. Odam alayhissalomdan tortib, Ibrohim va Ismoil alayhissalomlargacha, hatto Quraysh qabilasi va Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhular davrigacha uning qayta qurilgani haqida rivoyatlar keltirilgan. Bu holat Ka’baning insoniyat ongida nechog‘li muqaddas o‘rin tutishini anglatadi.

Ko‘pchilik hajni faqatgina farz amalini ado qilib qo‘yish deb tushunadi. Aslida esa haj – insonning axloqiy va ma’naviy kamolotini sinovdan o‘tkazadigan ulkan maktabdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: «Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir» (Muttafaqun alayh). Lekin har qanday haj ham «mabrur» (qabul bo‘lgan) bo‘lavermaydi. Ulamolar mabrur hajni — xolis niyat bilan, halol moldan, gunoh, riyo va xo‘jako‘rsinlikdan uzoq holda ado etilgan ibodat deb ta’riflaydilar. Demak, hajdan maqsad faqat Ka’bani ko‘rish yoki el qatori «hoji» degan nom olish emas. Balki insonning ichki dunyosi o‘zgarishi, gunohlardan chin dildan tavba qilishi va hayotini yangi, pok bosqichdan boshlashi muhimdir.

Bilishimiz kerak bo‘lgan eng muhim masalalardan biri — hajga ketishdan avval chin dunyodan tavba qilish va odamlar haqini ado etishdir. Zero, zimmasida qarzi yoki o‘zganing haqi bo‘lgan inson haj qilishdan avval ularni egalariga qaytarishi lozim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada shunday deganlar: «Boy (qodir) kishining qarzini bermay paysalga solishi zulmdir» (Imom Buxoriy rivoyati). Afsuski, bugungi kunda ayrimlar hajni obro‘, tijorat yoki ijtimoiy maqom vositasiga aylantirib yubormoqda. Islom shariatida pora, tanish-bilishchilik yoki nohaq yo‘llar bilan hajga borish qattiq qoralanadi. Bunday yo‘llar ibodatning ruhiy mohiyatini butunlay yo‘qqa chiqaradi. Islomda ibodatning qabul bo‘lishi uchun uning tashqi dabdabasi emas, balki ixlos, taqvo va halollik asos qilib olinadi.

Haqiqiy hoji hajdan qaytgach, uning xulqida, oilaviy va ijtimoiy hayotida ijobiy o‘zgarishlar sezilishi kerak. Ulug‘ tobein Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: «Mabrur haj — insonning hajdan dunyoga befarq (zohid), oxiratga esa rag‘batli holda qaytishidir». Agar inson tabarruk safardan qaytganidan keyin ham g‘iybat, takabburlik, manmanlik, tarozidan urish va nohaqlikni tark etmasa, u hajning haqiqiy mazmun-mohiyatini anglab yetmagan bo‘ladi. Haj musulmon kishiga sabrni, tartib-intizomni, kamtarlik va birodarlikni o‘rgatadi. Ehromga kirgan paytda boy bilan kambag‘al, rahbar bilan oddiy ishchi bir xil kiyimda, yonma-yon turadi. Bu esa insonlar o‘rtasidagi barcha sun’iy farqlarni yo‘qotib, Alloh huzuridagi haqiqiy tenglik g‘oyasini namoyon etadi.

Hazrati Umar roziyallohu anhu Hajarul asvadni o‘payotib, tarixga muhrlangan ushbu so‘zlarni aytgan edilar: «Sen faqat bir toshsan, na foyda va na zarar yetkaza olasan. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni o‘pganlarini ko‘rmaganimda, seni aslo o‘pmas edim». Bu teran fikr Islomda ibodatlar faqatgina sof aqida va sunnatga asoslanishini ko‘rsatadi. Musulmon kishi Hajarul asvadni qandaydir sehrli kuch deb emas, balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga bo‘lgan cheksiz muhabbat va ehtirom ramzi sifatida ziyorat qiladi.

Haj — musulmon ummatining eng buyuk ma’naviy qurultoyidir. U insonni tashqi jihatdan emas, balki ichki olamini tubdan o‘zgartirish uchun farz qilingan. Haqiqiy haj insonni kamtar, halol, mas’uliyatli va taqvodor qiladi. Bugun musulmon jamiyatimizda hajning faqat tashqi rasmiyatchiligiga emas, balki uning ma’naviy-ruhiy mohiyatiga ko‘proq e’tibor berishimiz zarur. Chunki Ka’bani shunchaki ko‘z bilan ko‘rishdan ham muhimrog‘i — qalb ko‘zini ochish va uni poklashdir. Haqiqiy mabrur haj esa insonni gunohlardan uzoqlashtirib, Yaratuvchisiga yaqinlashtiradi. 
 

Jamol Mavlonov,

Buxoro shahridagi «Masjidi Kalon» jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar