Davlatimiz rahbari 2016 yil 18 oktyabrda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining ochilish marosimida Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuida xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. 2017 yil 27 martda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorining qabul qilinishi bilan bu tashabbus hayotga ko‘chdi.
Mohiyatan, globallashuv va texnokratik sivilizatsiya milliy va diniy qadriyatlarni o‘zining raqobatchisiga aylantirayotgan bir pallada yurtimizda islom dinining haqiqiy maqomini tushuntirib, targ‘ib qilib turuvchi bunday markazning yaratilishi O‘zbekistonning islom madaniyatida tutgan o‘rnini, milliy ta’lim-tarbiyaning asosi bo‘lgan an’ana hamda qadriyatlarimiz hayotbaxshligi va bardavomligini namoyon qiladi.
Shu munosabat bilan Payariq tumani Xartang qishlog‘ida joylashgan Imom Buxoriy majmuasida qurilish-bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi.

— Shavkat Miromonovichning viloyatimizda hokim bo‘lib ishlayotgan payt-laridayoq Imom Buxoriy majmuasi va buyuk ajdodlarimizning qadamjolariga ehtiromi bo‘lakcha edi, — deydi Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori Xo‘jamqul Muhammadiyev. — Katta ishlar oldidan, paxta, g‘alla xirmonlari ko‘tarilganda, Navro‘z va Mus-taqillik bayramlari arafasida hamisha qadamjolarni ziyorat qilardi. Imom Buxoriy maqbarasi poyida viloyat keksalariga iftorliklar berilardi. Shavkat Miromonovich o‘sha paytlardayoq Imom Buxoriy hazratlari maqbarasini kengaytirish, yurtimizdagi qadamjolarni islom dunyosida Makkadan keyingi ulkan ziyoratgohga aylantirish, shu orqali mamlakatimiz shon-sharafini yanada ko‘tarishni orzu qilgan bo‘lsa, ajabmas.
Prezidentimiz xalqimizning buyuk ajdodimizga bo‘lgan hurmat-e’tiborini, g‘ururini amaliy harakatga, hayot va yashash tarzimizga aylantirmoqda. Shu bilan birga, Imom Buxoriy majmuasining qayta ta’mirlanishi, kengaytirilishi, obod qilinishi yurtimizning turizm salohiyatini tobora yuksaltiradi.
Dunyoda bir yarim milliard musulmon bor. Agar ana shu musulmonlarning yarmi sahih hadislarni to‘plab, islom dinining ikkinchi ishonchli manbasini yaratgan zot Imom Buxoriy hazratlarining xokipoylarini ziyorat qilishga kelsa, sal mubolag‘a qilib aytganda, hatto ostonamiz ham tilladan bo‘lib ketishi mumkin. To‘g‘ri, bu hozircha orzu. Mamlakatimizda buncha ziyoratchini qabul qilish bo‘yicha infrastruktura ham hali shakllanmagan. Biroq quvonarlisi, Prezidentimizning tashabbusida ana shu orzularni real voqelikka aylantirishdek azmu shijoat yotibdi. Imom Buxoriy majmuasi ozgina vaqtdan so‘ng nafaqat islomiy ilmning markazi, balki ulkan, beqiyos qadamjoga — tili, irqidan qat’i nazar, dunyoning barcha burchagidan sayyohlar oqib keladigan ziyoratgohga aylanadi.
Har qarich yerimiz muqaddas
Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini yaratish tashabbusini ko‘tarib chiqar ekan, ikki muhim jihatga, birinchidan, “Samarqandning musulmon madaniyati durdonalaridan biri ekanligi bilan dunyo sivilizatsiyasidagi mumtoz o‘rni” borligiga, ikkinchidan, buyuk muhaddisning “tabarruk maqbarasi joylashgan ushbu mintaqaga xos bo‘lgan alohida ma’naviy-ruhiy muhit” mavjudligiga e’tiborni qaratgandi. Bular dunyo musulmonlarining yurtimizga intilishini kuchaytirishi shubhasiz. Zotan, ziyorat faqat tomosha emas: u, eng avvalo, buyuklar ruhini his etish, ma’naviy-ruhiy muhitdan quvvat olish, ulug‘lar maqomi va tutumini, tiriklik va hayot haqida eng azaliy haqiqatni anglash, qalbni shu haqiqat bilan boyitishdir.

Gap shundaki, inson dahosi, zakovati bilan bunyod bo‘lgan obidalar, umrlarini insonni johillikdan, adashish va zalolatdan xalos qilishga sarflagan aziz-avliyolarning, mo‘tabar shaxslarning sag‘analari oldida buyuklik va oddiylik, mangulik va lahzalik, boqiylik va o‘tkinchilik, qudrat va ojizlik, boshqacha aytganda, hayotning chinakam mazmun-mohiyati, inson zimmasiga yuklangan ilohiy va azaliy vazifa bor bo‘yi bilan his etiladi.
Shuni faxr bilan ta’kidlash kerakki, dunyo sivilizatsiyasiga, ilm-faniga, umuman, bashariyatning ham ma’naviy, ham moddiy yuksalishiga beqiyos ulush qo‘shgan ajdodlar borasida tarix bizni saxiylarcha siylagan: har qarich yerimiz muqaddas, har qarich yerimiz ziyoratgoh. Buyuk ajdodlarimiz xalqimizning orzu-maqsadini, quvvat-qudratini, tafakkur ko‘lamini, ma’naviy olamini, did-saviyasini, tutum va madaniyatini namoyon qiladiki, ularning zakosi va aql-idrokiga qarab, dunyo biz bilan hisoblashadi, bizga baho beradi. Biz bugungi din niqobidagi zalolatga, razolatga aynan ana shu ajdodlar yo‘li va tutumi, hikmati bilan oziqlanib, qarshi kurashamiz. Bu kurashda ular bizning qurolimiz, dalilimiz, bayrog‘imiz bo‘ladi. Prezidentimizning yurtimizda ziyorat turizmini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani zamirida ham ana shu ezgu maqsadlar mujassam.
Qadriyatlar majmuasi
— Yurtboshimiz majmua atrofida ziyoratchilar uchun zamonaviy, barcha talabga javob bera oladigan infratuzilma yaratish haqida aniq topshiriqlar bergan, — deydi Samarqand viloyati bosh arxitektori Norqul Sodiqov. — Ana shu ko‘rsatmalar, g‘oyalar asosida bosh reja ishlab chiqildi. Loyiha qiymati 122 milliard so‘m bo‘lgan qurilish-ta’mirlash ishlari bugun avj pallada. Jami 60 gektar maydonda xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, hadisshunoslik maktabi, maktab tinglovchilari uchun yotoqxona, oshxona, sport-sog‘lomlashtirish maskanlari, ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchilari uchun har biri 18 xonadonli 3 ta uch qavatli turarjoy, Oqdaryo — Qo‘lbosti avtomobil yo‘li bo‘yida milliy ko‘rinishdagi 2 qavatli 62 ta kottej qurilmoqda.

Bosh rejaga ko‘ra, qariyb bir kilometrlik xiyobon yaratiladi, xiyobon bo‘ylab 26 ta mehmonxona bunyod etiladi. Majmuaga me’moriy uyg‘unlik bilan quriladigan besh yulduzli 27-mehmonxona xiyobon oxirida — majmuaga peshma-pesh qad ko‘taradi. Xiyobonda sharqona usulda barpo qilingan dam olish, nafas rostlash gumbazlari ostida allomaning bizgacha yetib kelgan 6 ta kitobining monumental maketlari o‘rnatiladi. Sayyohlar mehmonxonadan majmua binosiga kelguncha shu gumbazlarning o‘zidayoq muhaddis-olim yaratgan kitoblarning mazmun-mohiyati bilan tanishib, hazratning xokipoyiga ma’lum bir ma’lumotlar, tushunchalar bilan qadamranjida qiladi.

Majmua qayta qurilishi munosabati bilan hududdagi 164 ta turarjoy va 30 ta noturarjoy bino boshqa hududga ko‘chirildi. Endi majmuaga kelgan ziyoratchilar uchun avtomobillarini bemalol joylashtirish, saqlash imkoni tug‘ildi. Har bir mehmonxona oldida milliy intererli choyxonalar joy oladi. Shu bilan birga, ziyoratchilarga kechayu kunduz xizmat qiluvchi 2 ta supermarket, amfiteatr, dehqon bozori, hammom, 2 ta tahoratxona, milliy hunarmandlik buyumlari va yodgorliklar sotiladigan qadim Sharq do‘konlari ko‘rinishidagi 16 ta savdo shoxobchasi, restoran, bolalar o‘yin maydonchasi, minibank va boshqa zarur infratuzilmalar bunyod etiladi. Majmua oldidan o‘tuvchi Oqdaryo — Qo‘lbosti avtomobil yo‘li oltita mashina sig‘adigan darajada kengaytirilib, Xartang qishlog‘ini 5 kilometr masofada aylanib o‘tadi. Umuman olganda, bu yerdagi barcha bunyodkorlik faqat ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida qilinmoqda. Majmuaning hozirgi bir qavatli binosi ikki qavat qilib, qayta quriladi. Shunga mos ravishda uning kirish qismidagi 17 metrlik gumbaz 30 metrdan baland qilib ko‘tariladi. Bu majmuaga uzoq-uzoqlardan o‘ziga xos salobat, mahobat bag‘ishlab turadi.
— Ayni paytda majmua maqbarasining poyi ochiq ayvondan iborat, — deydi Imom Buxoriy majmuasi kengashi raisi Dehqon Ermamatov. — Bu qish-qirovli kunlarda ziyoratchilarga ma’lum bir qiyinchilik tug‘dirardi, sovuqlik qilardi. Endi esa maqbaraning yon tarafida qishda issiq, yozda salqin bo‘ladigan keng zal, bolalar va ayollar xonasi qurilyapti. Hammasidan ham quvonarlisi, eski masjid kengaytirilib, ro‘parasida yana bir masjid qad ko‘taradi. Pirovardida har ikkala masjidda bir vaqtda uch mingdan ortiq kishilar namoz o‘qish imkoniga ega bo‘ladi va shu jihati bilan O‘zbekistondagi eng yirik masjidlardan biriga aylanadi. Bundan tashqari, majmuada “haj poligoni” ham barpo etilmoqda. Bu “poligon”da Hiro tog‘i, Ka’ba maketlari quriladi va hajga boruvchilar bilan haj paytida qayerdan, qanday harakatlanish kerak, ibodatlarni qanday amalga oshirish zarurligi haqida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bu esa yurtdoshlarimizning haj ziyoratini osonlashtiradi.
Bir-biriga xalaqit bermaydigan ikkitadan kirish va chiqish yo‘laklari barpo etilmoqda. Butun majmuada isitish va sovitish vositalari to‘liq zamonaviylashtirilyapti. Ziyoratchilarga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi tadqiqotchilari yo‘lboshchilik, tarjimonlik qiladi. Bu ziyoratchilarning buyuk muhaddis hayoti, ta’limoti, u to‘plagan hadislar hikmatini tushunib olishda, dinni buzib talqin qiluvchilardan farqli o‘laroq, islom dinining haqiqiy tinchlikparvar, insonparvar mohiyatini anglashda qo‘l keladi.
Qisqasi, Imom Buxoriy majmuasi yuz minglab sayyohlarni qabul qila oladigan, qurilishi, infratuzilmasi bilan dunyo standartlariga mos kompleks qiyofa kasb etmoqda. Nafsilamrini aytganda, Imom Buxoriy majmuasi va uning hududiy inshootlarini yaxlit holda “ziyorat shaharchasi” desa bo‘ladi.
Najot — ilmda
Bugungi kunda yoshlarning aksariyati aqidaparast, yot g‘oyalarga ergashib qolayotgani ularda islomiy bilim va diniy tasavvurlarning bir yoqlamaligidan kelib chiqayotgani sir emas. Aynan shuning uchun Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga islom madaniyati, umumbashariy sivilizatsiya rivojiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali boy merosini o‘rganish, yoshlarda ilm-fanga va ta’lim olishga intilish tuyg‘usini kuchaytirish, islomiy qadriyatlarni to‘g‘ri anglatish, muqaddas dinimizning haqiqiy mazmun-mohiyatini yetkazish vazifalari yuklatilgan. Bu boradagi ishlarni samarali bajarish uchun markazda barcha zamonaviy shart-sharoitlar yaratiladi. Hozirgi kunda markazning yangi zamonaviy binosi qurib bitkazilib, ichki ta’mirlash ishlari davom etkazilayotir.
— Markaz inshootlarining loyihasidan tortib, ularning hayotiy ro‘yobini ta’minlashgacha Prezidentimiz nazari va e’tiborida, — deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov. — Bino to‘lig‘icha zamonaviy jihozlanadi, markazning o‘zida turib, dunyoning xohlagan ilmiy markazi bilan bog‘lanish, hamkorlik qilish imkoniyati yaratilmoqda. Binoning ichida anjumanlar, forumlar uchun konferensiyalar zali ham qurilgan. Markazga yondosh hadisshunoslik maktabi qad rostlagan. Bularning hammasi bir niyatni ko‘zlab — yoshlarga, keng aholiga islom dinining mazmun-mohiyatini tushuntirib berish uchun qilinmoqda. Umuman olganda, markaz din niqobidagi jaholatga, diniy badbinlikka, diniy xurofot va johillikka qarshi diniy ilm bilan kurash markaziga aylanadi.
Ilgari jaholatga qarshi faqat qog‘ozlar, tadbirlar, majlislar orqali kurashilardi. Prezidentimiz endi din niqobidagi jaholatga qarshi ilm bilan, fikr bilan kurashishga chorlayapti. Jaholatga qarshi fikr, ilm eng samarali vosita ekani allaqachon isbotlangan. Hozir bizda diniy aqidaparastlarga qarshi mustahkam, asosli qurol bor. Ilmiy-tadqiqot markazi endi har qanday diniy buzg‘unchilikka ilmiy zarba bera oladi. Bu esa adashayotgan yoshlarni saqlab qolish, degani.
Ziyorat turizmi istiqboli
Imom Buxoriy shaxsi islom dunyosida beqiyos. Nomini bilmagan musulmon deyarli yo‘q. Uning xizmatini barcha muslim e’tirof etadi va umrida bir marta bo‘lsa ham hazrat sag‘anasini ziyorat qilishni istaydi.

Ziyorat turizmining kuchayishi mamlakatimizning moddiy salohiyatini yanada oshiradi. Mutaxassislar fikricha, agar birgina Imom Buxoriy majmua shaharchasi yiliga 100 — 150 ming xorijlik sayyohlarni qabul qilsa, ulardan tushadigan mablag‘ taxminan 300 — 400 million dollarni tashkil etishi mumkin. Qayta ta’mirlanayotgan majmuaga hozirdanoq yurtimizga qo‘shni mamlakatlardan tashqari Saudiya Arabistoni, Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Pokiston davlatlarining sayyohlik kompaniyalari katta qiziqish bildirayotgani bu boradagi raqamlar shunchaki taxminlar emasligini oydinlashtiradi.
— Imom Buxoriy majmuasi yurtimizda sayyohlar uchun bir ziyorat joyining o‘zida barcha infratuzilma yaratilgan birinchi ziyorat shaharchasi bo‘ladi, — deydi Samarqand viloyati turizm masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarining kotibiyat mudiri Aziz o‘afurov. — Majmua to‘liq qayta qurilib va ta’mirlanib bo‘lgach, biz ichki va tashqi turizmning katta oqimini qabul qila boshlaymiz. Xususan, Malayziyaning o‘zidan yiliga 100 ming sayyoh kelishi kutilmoqda. Bu borada ular bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xursand qiladigan joyi shundaki, malayziyaliklar hatto hajdan oldin Imom Buxoriy maqbarasini doimiy ziyorat qilish istagida. Gap shundaki, Malayziyadan bir yilda ikki yarim million musulmon hajga boradi. Biz shuncha ziyoratchini qabul qiladigan darajaga yetsak, Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan ziyorat turizmining kelajagi qanchalar porloqligini tasavvur qilavering! Qisqasi, Samarqand Sharq sayqali bo‘lsa, Imom Buxoriy majmuasi foydalanishga topshirilgach, Samarqand gavhariga aylanadi.
Nazar ESHONQUL,
yozuvchi.
Suratlar muallifi: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.
Samarqand va Buxoro bugun dunyo turizmining eng mashhur yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Biroq bu shaharlar ming yil avval qanday ko‘rinishda bo‘lgan? Ular qanday iqtisodiy qudratga ega edi, qaysi xalqaro savdo yo‘llarini bog‘lagan va musulmon sivilizatsiyasi taraqqiyotida qanday o‘rin tutgan? Bu savollarga javob arxeologik topilmalar emas, balki X asrda yashagan arab geografi va sayyohining bevosita kuzatuvlariga asoslangan asarida mujassam, xabar bermoqda iccu.uz. Endi mazkur nodir manba tanqidiy matn, qiyosiy qo‘lyozmalar tahlili va ilmiy sharhlar bilan birinchi marta o‘zbek kitobxoniga taqdim etilmoqda.
Global miqyosda madaniy merosni saqlash, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va sivilizatsiyalar tarixi bo‘yicha birlamchi manbalarni qayta tadqiq etishga qiziqish kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekistonda yana bir muhim akademik nashr tayyorlanmoqda. Mashhur arab geografi va sayyohi Abu Is'hoq Ibrohim al-Istaxriyning X asrda yozilgan "Kitob al-masolik val-mamolik" ("Yo‘llar va mamlakatlar kitobi") asari tanqidiy matn va ilmiy izohlar bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan o‘zbek tilida nashr qilinmoqda.
Nashr O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan tarjima va keng qamrovli manbashunoslik tadqiqoti natijasidir.
Markaz ilmiy xodimi Ravshan Xudayberganovning qayd etishicha, ushbu asar tarixiy geografiyaga bag‘ishlangan oddiy risola emas. U X asr musulmon olamining siyosiy, iqtisodiy va madaniy manzarasini aks ettiruvchi eng muhim birlamchi manbalardan biri hisoblanadi. Istaxriy turli mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilib, shaharlar, savdo yo‘llari, aholi turmush tarzi, iqtisodiy munosabatlar va davlat boshqaruviga oid ma’lumotlarni shaxsiy kuzatuvlari asosida qayd etgan.
Ayniqsa, asarda Movarounnahr haqida keltirilgan ma’lumotlar bugungi tarixshunoslik uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Samarqand, Buxoro va mintaqaning boshqa shaharlari nafaqat musulmon Sharqining muhim madaniy markazlari, balki Ipak yo‘li orqali Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoni bog‘lagan xalqaro savdo tizimining strategik nuqtalari sifatida tasvirlanadi.
Bugungi kunda tarixchilar qadimgi shaharlar taraqqiyotini arxeologik ma’lumotlar, epigrafik yodgorliklar va qo‘lyozma manbalarni o‘zaro solishtirish orqali tiklamoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Istaxriy asari arxeologik dalillarni to‘ldiruvchi bevosita katta ilmiy ahamiyatga ega.
Asar IX–XII asrlarda Markaziy Osiyoda shakllangan va ko‘plab tadqiqotchilar tomonidan Birinchi Renessans deb baholanuvchi sivilizatsion yuksalish davrini anglashda ham muhim manba vazifasini o‘taydi. Bu davrda ilm-fan, shaharsozlik, savdo, madaniyat va ma’rifat yuqori taraqqiyot bosqichiga chiqqan bo‘lib, keyinchalik musulmon sivilizatsiyasi va jahon ilm-fani rivojiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Nashrning asosiy ilmiy qiymati uning tanqidiy matn asosida tayyorlanganida namoyon bo‘ladi.
Ravshan Xudayberganov, Markazning Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi ilmiy xodimi:
– Mazkur asar X asr musulmon olamining tarixiy geografiyasi bo‘yicha eng muhim manbalardan biridir. Chunki unda nafaqat Movarounnahr, balki Xuroson, Eron, Iroq, Arabiston, Kavkaz va boshqa ko‘plab hududlar haqida ham ma’lumotlar jamlangan. Shu bois bu asar butun musulmon sivilizatsiyasining o‘sha davrdagi holatini o‘rganish imkonini beradi. Kitobning ilmiy ahamiyatini yanada oshiradigan jihat — uning tanqidiy matn asosida nashr etilganidir. Odatda qadimiy manbalar bir yoki ikki qo‘lyozma nusxa asosida tarjima qilinadi. Natijada ayrim matniy farqlar e’tibordan chetda qolishi mumkin. Ushbu nashrda esa manbashunoslikning eng muhim talablaridan biri bo‘lgan qiyosiy tahlil usuli qo‘llanilgan.
Ma’lum qilinishicha, tadqiqot davomida asarning arab tilida saqlangan sakkizta qo‘lyozma nusxasi hamda keyinchalik fors tiliga qilingan tarjimaning o‘nta qo‘lyozmasi o‘zaro qiyoslangan. Jami o‘n sakkizta qo‘lyozma tahlil qilinib, ular asosida muallif matniga eng yaqin hisoblangan tanqidiy matn qayta tiklangan.
Manbashunoslik nuqtayi nazaridan bunday yondashuv xalqaro akademik amaliyotda eng ishonchli usullardan biri hisoblanadi. Turli qo‘lyozmalardagi matniy farqlarni solishtirish orqali asarning keyingi asrlarda qanday tahrirlangani, qaysi ma’lumotlar qo‘shilgan yoki o‘zgarganini aniqlash imkoni paydo bo‘ladi.
Nashrning yana bir muhim jihati shundaki, barcha matniy tafovutlar satr osti izohlarida keltirilgan, tarixiy shaxslar, etnonimlar, toponimlar va geografik atamalarga oid keng sharhlar esa kitobning izohlar qismida jamlangan. Bu jihat esa kitobni keng kitobxonlar ommasi bilan bir qatorda tarixchilar, sharqshunoslar, etnologlar, geograflar va iqtisodiy tarix tadqiqotchilari uchun ham muhim ilmiy manbaga aylantiradi.
Mutaxassislarning fikricha, arab va fors tilidagi qo‘lyozmalarni bir vaqtning o‘zida qamrab olgan bunday keng qamrovli manbashunoslik tadqiqotlari milliy akademik muhitda nisbatan kam uchraydi. Shu jihatdan mazkur nashr nafaqat bir qadimiy asarning tarjimasi, balki O‘zbekistonda manbashunoslik maktabini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy loyihalardan biri sifatida baholanmoqda.
Bugun jahonda madaniy merosni raqamlashtirish, qo‘lyozmalarni saqlash va ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish dolzarb vazifaga aylangan. Istaxriyning "Kitob al-masolik val-mamolik" asari ham ana shu global jarayonning bir qismi sifatida Markaziy Osiyoning sivilizatsiyalar tarixidagi o‘rnini yanada chuqurroq anglashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy manba sifatida e’tirof etilmoqda.
Tadqiqot natijalaridan ko‘rinadiki, ming yil avval Movarounnahr bo‘ylab safar qilgan muallifning kuzatuvlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Aksincha, ular tarixchilarga o‘tmishni qayta tiklash, geograflarga qadimgi hududlarni aniqlash, madaniyatshunoslarga esa xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tadqiq etishda ishonchli asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, "Kitob al-masolik val-mamolik" faqat tarixiy yodgorlik emas, balki Markaziy Osiyoning Birinchi Renessans davrini ilmiy asosda anglashga xizmat qilayotgan dolzarb akademik manba sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
Durdona Rasulova
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati