Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Misvok ishlatishning 15 foydasi

24.07.2018   22333   3 min.
Misvok ishlatishning 15 foydasi

Misvok – tishni samarali oqartiradigan, jilosini saqlaydigan va sog‘lom qiladigan eng ajoyib vosita. Odamlar ko‘p asrlardan beri tish pastasi o‘rniga ana shu tabiiy vositadan foydalanib kelganlar. Arok (botanik nomlanishi Salvadora Persica) deb ataladigan daraxtdan sindirib olingan kichik  novdaga misvok deyiladi. O‘sha shoxchaning bir tarafidan po‘sti archilib tish tozalashda qo‘llaniladi.

Misvokdan foydalanish Payg‘mabarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning sunnati shariflaridan. 2003 yil olimlar misvok bilan tish cho‘tkalarini solishtirib o‘rganganda misvokning tish cho‘tkasidan foydali ekani ayon bo‘ldi. Xalqaro sog‘likni saqlash tashkiloti Xalqaro konsensus ma’ruzasida 1986 va 2000 yillarda misvokdan foydalanishni tavsiya etdi va buning natijasida misvokning foydali jihatlarini o‘rganish yuzasidan jiddiy tadqiqot ishlari olib borildi.

Misvok arok daraxtidan tashqari zaytun va yong‘oq daraxtlaridan ham olinadi. Tishni tozalash uchun sindirib olingan shoxchaning po‘sti 5-10 mm. o‘lchamda archiladi va tolalarga ajralishi uchun chaynaladi. Misvokdan namozdan oldin, mehmonga borganda mezbonning uyiga kirishdan oldin, safar oldidan va keyin, uxlagani yotishdan oldin, uyqudan turgandan keyin, ochiqqanda va chanqaganda, birorta tadbirga borishdan burun foydalaniladi.

Misvokdan foydalanish foydalari haqida Payg‘ambar alayhissalom hadisi shariflarida: “Sivak bu – og‘izni poklaydigan va Alloh taoloni sizdan rozi qiladigan vositadir”; “Agar ummatlarimga qiyinchilik tug‘dirmaganida edi, ularga har tahorat olganda misvokdan foydalanishni buyurgan bo‘lar edim”, deganlar. Payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari kunduzi ham, tunda ham uyqudan turganlarida, har safar tahorat olganlaridan misvok bilan tishlarini tozalaganlar. Misvokning foydalari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

  1. Misvok tishning yorilishi, dog‘ bo‘lishi, tosh yig‘ilishi va emalining yemirilishini tish pastalaridan samarali himoya qiladi
  2. Misvok tish milkini mustahkamlaydi va kariyesning oldini oladi.
  3. Misvok tish og‘rig‘ining kuchayib ketishiga qarshilik qiladi va kariyesning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.
  4. Misvok yallig‘lanish va bakteriyaga qarshilik qiladi va nojo‘ya ta’sirlar qilmaydi.
  5. Misvok og‘izda xushbo‘y hid paydo qiladi. Misvokdan muttasil foydalanish hisobiga og‘iz bo‘shlig‘ida ajoyib mikroflora hosil bo‘ladi.
  6. Misvok og‘riqni qoliruvchi xususiyatga ega.
  7. Misvok og‘izdagi noxush hidni bartaraf qiladi va ta’m bilish qobiliyatni yaxshilaydi (ta’m biluvchi retseptorlarning sezgirligini oshiradi).
  8. Misvok xotirani yaxshilaydi.
  9. Misvok bosh og‘irig‘ini davolaydi (Buning sababi shundaki, misvok quloq, ko‘z, burun, til va xalqum kabi biologik faol nuqtalarga ta’sir qilib, ularning ishlash rejimini me’yoriga keltiradi).
  10. Misvokdan doimiy ravishda foydalanib yurgan kishining yuzi nurli bo‘ladi.
  11. Tishni oqartiradi.
  12. Ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi.
  13. Ovqatning yaxshi hazm bo‘lishiga yordam beradi.
  14. Ovozning tiniq chiqishiga hissa qo‘shadi.
  15. Misvok ishlatgan kishiga tish pastasining aslo keragi yo‘q, chunki misvokning tarkibida tishning nihoyatda sifatli tozalaydigan moddalar bor.

 

 Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   16279   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari