«O‘zingiz ichadigan suvni o‘ylab ko‘ring-a! Uni bulutlardan siz tushirasizmi yoki Biz tushiramizmi? Agar xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘yamiz. Shukr qilmaysizlarmi?» (Voqea surasi, 68-70-oyatlar).
Oyati karimada dengizning sho‘r suvi haqida so‘z bormoqda. Alloh taolo dengiz suvini bug‘lantirgach, havodagi yuz beradigan murakkab jarayonlardan so‘ng bu suv bizga chuchuk suv – yomg‘ir bo‘lib yog‘adi. Suvning sho‘r va chuchuk bo‘lishida Alloh taoloning ulkan bir qudratini ko‘ramiz. Aslida faqat chuchuk suvmas, sho‘r suvning o‘zi ham bir ne’mat. Ulamolarning aytishicha, agar dengiz va okean suvlari sho‘r bo‘lmasa, yer atmosferasi badbo‘y bo‘lib ketar edi. Insonning ko‘z yoshi sho‘r bo‘lmasa, ko‘zning ichidagi yog‘lar ham hidlanib ketgan bo‘lar edi. Alloh taoloning qudratini qarangki, shu birgina ko‘zning ichida ham sho‘r, ham chuchuk suvni yaratib qo‘yibdi. Ko‘z yoshi sho‘r, qorachiqning suvi esa chuchuk, ammo bir joyda turib, bir-biriga aralashib ketmasligi buyuk ilohiy qudratdir. Qorachiqning suvi chuchuk bo‘lmasa, ko‘z ko‘rmaydi. Ko‘z yoshi sho‘r bo‘lmasa, qorachiq va uning atrofidagi yog‘ uzoq saqlanib turmaydi, tezda aynib ketadi.
Bir o‘ylab ko‘raylik, agar ana shu jarayon bo‘lmasa, ya’ni Alloh taolo sho‘r suvni bug‘lantirib, chuchuk suv qilib yog‘dirmasa, bu ish insonning o‘ziga qolib ketsa, qanchalik mashaqqat bo‘lardi? Bunga qanchadan-qancha mablag‘ sarf qilingan bo‘lar edi? Shunda ham butun yer yuzining chuchuk suvga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondira olmagan bo‘lar edik.
Alloh subhanahu va taolo yomg‘ir yog‘maydigan fasllarda ham bizning g‘amimizni yeydi, ehtiyojimizni qondiradi, barcha maxluqotlarini chuchuk suv bilan ta’minlaydi. Buning uchun qishda tog‘larga qalin qor yog‘dirib, suvlarni zaxira qilib qo‘yadi. Agar shu ishlar o‘zimizga qolishini bir tasavvur qilib ko‘raylik. Yomg‘ir yog‘maydigan faslda suvni qaerga yig‘ardik? Yiqqanda ham qancha yig‘a olardik, ularni qancha vaqt saqlab tura olardik? Yomg‘ir faslida Alloh taolo yomg‘ir yog‘dirib, suv beradi. Yomg‘ir yog‘maydigan mavsumlarda esa suvni tog‘lardagi zaxiradan yetkazib beradi. Parvardigorimiz buning uchun bizdan biron narsa talab qilganmi? Yo‘q! Bizdan kutilgan narsa esa bularning barchasi uchun shukr qilish, xolos.
Abu Ja’fardan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam suv ichganlaridan so‘ng hamd aytib, «O‘zining rahmati ila bu suvni chuchuk, shirin qilib qo‘ygan, gunohlarimiz tufayli sho‘r, achchiq qilib qo‘ymagan Allohga hamdlar bo‘lsin!» deb duo qilar edilar».
Demak, gunohlarimiz oqibatida chuchuk suvlar achchiq, sho‘r ham bo‘lishi. Hattoki, suv bo‘lmay, yomg‘ir yog‘may qolishi, qurg‘oqchilik bo‘lishi ham mumkin ekan. Biz esa suvga shu qadar beparvo bo‘lamizki, uni shu qadar isrof bilan ishlatamizki, asti qo‘yaverasiz. Bu hol ne’matni qadrlamaslik oqibatida yuzaga keladi. Afsuski, inson ne’matning qadrini u qo‘ldan boy berilganda, zavol topgandagina yetishga o‘rganib qolgan.
Aslida biz musulmonlar suv ne’matiga nihoyatda ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Alloh asrasin, agar Rabbimiz uni bizdan olib qo‘ysa, nimalar bo‘lishini, qurg‘oqchilikning qanchalik dahshatli ofat ekanini hamma yaxshi biladi. Toza ichimlik suvini ehtiyojdan tashqari ishlatish va huda-behudaga oqizib qo‘yish kabi holatlarning uchrayotgani o‘ta achinarli holdir. Ayrim davlatlarda toza ichimlik suvi oltinga teng bo‘lib turgan, minglab kishilar, yosh go‘daklar ichimlik suvi tanqisligidan aziyat chekayotgan bir sharoitda, sizu biz Alloh ato etgan shunday buyuk ne’matning qadriga yetmasligimiz noshukrlikdan bo‘lak narsa emas. Hozirgi paytda jami 470 million kishi suv taqchilligi keskinlashgan mintaqalarda, 2,4 milliard kishi esa suv tozalash qurilmalari va drenaj tizimi orzuligicha qolayotgan o‘lkalarda yashaydi. Sifatli ichimlik suvi yetishmasligidan jahonda yiliga o‘n million kishi kasallanib, nobud bo‘lmoqda. Shu bugungi kunlarda, biz suvni isrof qilib yurgan mana shu zamonda shunday xalqlar borki, ichimlik suviga zor bo‘lib yashayapti, suvni nihoyatda qimmat bahoga sotib olyapti, uni uzoqdan tashib kelyapti. Suv olib kelguncha yo‘lda xavf-xatarlarga yo‘liqadigan xalqlar bor. Umuman, suv yo‘q joylarda yashayotgan, zovurlardagi oqava suvlarni ichayotgan odamlar bor. Quduq kavlasa, chuchuk suv chiqmayotgan, noiloj sho‘r suvni ichayotganlar bor. Biz bularni bilsak, ularning og‘ir ahvolini his qila olsak, bu ne’matning qanchalik muhimligini anglab olamiz.
Bugungi kunda musulmonlar orasida Alloh taolo o‘zlariga ato etgan turli ne’matlar qatori suvni ham isrof qilayotgan, bu bebaho ne’matga beparvo munosabatda bo‘layotgan kishilarning ham borligi achinarli hol. Hayotimiz uchun eng zarur ne’mat bo‘lgan suv isrofi hammasidan oshib tushyapti. Suvning isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymay, uni tejab-tergab ishlataylik. Aziz farzandlarimizga ham suvni isrof qilmaslikni o‘rgataylik. Bir dona nosoz jo‘mrakdan tomchilayotgan suv bir soatda qancha bo‘lishini yaxshi tasavvur qilamiz. Suvni isrof qilmaslik barchamizning burch va vazifamiz ekanini aslo unutmaylik. Hozir jahonda ichimlik suvi muammosi birinchi darajali muammolardan bo‘lib turibdi. Ayni paytda dunyoda bir milliarddan ortiq kishi toza ichimlik suviga muhtoj.
So‘nggi yillarda tevarak atrof, yer, suv va havoda sezilarli ifloslanish holatlari kuzatilmoqda. Buning oldini olish, tabiatni muhofaza qilib, sog‘lom avlod uchun kurashish esa barchamizning burchimizdir.
Qur’oni karimning bir necha surasida Parvardigor Yerga aniq bir o‘lchovda yog‘in yog‘dirishini zikr etgan. Agar Alloh taolo bir yilgina Yerga umuman qor-yomg‘ir yog‘dirmay qo‘ysa yoki keragidan ortiqcha yog‘dirsa, buning oqibati nima bilan tugashini hatto tasavvur qilish qiyin. Buning o‘lchovi, miqdori Parvardigorning yolg‘iz o‘ziga ayon. Qur’oni karim oyatlarida suv, uning foyda va samaralari haqida oltmishdan ziyod o‘rinda zikr etilgan. Bu oyati karimalardan Alloh taoloning Yer yuzida unib-o‘sishga, hayot kechirishga qobiliyati bo‘lgan insonlar, hayvonlar va nabotot olamini obihayot — suvdan yaratgani ma’lum bo‘ladi.
Dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida millionlab odamlar toza ichimlik suviga tashna, bir chelak suv uchun janjal-mojarolar bo‘layotgan bir paytda biz toza ichimlik suvini jo‘mraklardan oqizib qo‘yyapmiz. “Nega bunday?”, desangiz, “sovuqda muzlab qoladi”, kabi bahonalar topiladi. Toza ichimlik suvi bilan ekinlarimizni sug‘oramiz, mashinamizni yuvamiz, ichimlik suvini salqinlatish uchun hovlilarimizga va ko‘chalarimizga sepamiz. Tahorat va g‘usl qilishda odamlarning qanchalar suv isrof qilayotganini ko‘rganda ayniqsa, tejamkorlik degan narsa batamom unutilganiga iqror bo‘lasiz.
Bugungi kunda barcha insonlar avvalo toza suv iste’mol qilib, salomatliklarini muhofaza etishlari naqadar dolzarb ekanligini chuqur his etishlari lozim. Shu bilan birga Alloh taoloning buyuk ne’mati bo‘lmish suvni toza saqlash, tejab ishlatish va iste’molda me’yorga rioya qilishlari kerak.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Toshkent shahar «Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Munosabat
So‘nggi yillarda Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan barcha sohalar singari diniy-ma’rifiy sohada ham keng ko‘lamli islohotlar, yangilik va o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yangi O‘zbekistondagi barcha yangilanish va o‘zgarishlar, avvalo, xalqimiz manfaatlari yo‘lida, fuqarolarimizning xohish-istaklarini inobatga olgan holda, uning istiqbolini ko‘zlab amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda musulmon dunyosining o‘zaro hamkorligini yanada oshirish, mavjud muammolarga yechim topish va islom ummatining birdamligini mustahkamlashda musulmon mamlakatlarining imkoniyat va salohiyatini safarbar etish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugunga kelib, zamon, sharoit va holatlarning o‘zgarishi, fan va texnikaning taraqqiyoti kabi omillar islom huquqshunosligi – fiqh yo‘nalishida ham o‘ziga yarasha munosabatlarda yangicha yondashvni taqozo qila boshlagani bois dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlarni yakka shaxslar yoki mahalliy muassasalar orqali qamrab olish qiyinlashgan edi. Xususan, bu o‘zgarishlarga shariat bo‘yicha munosabat bildirish, ular haqida to‘laqonli fatvolar chiqarish murakkablashdi. Bu va bunga o‘xshash boshqa omillar faqihlarning birgalashib ish olib borishlarini talab qilardi. Shu sababdan Islom Fiqhi Akademiyalari tuzilib, bu ilmiy muassasalarga ko‘zga ko‘ringan faqihlar a’zo bo‘ldilar. Hal qilinishi lozim bo‘lgan masala bo‘yicha Akademiya idorasi a’zolarga avvaldan xabar beradi. A’zolar belgilangan muddatgacha o‘sha masalani yaxshilab o‘rganadilar. O‘zlaridan iltimos qilingan mavzularda ilmiy ishlar yozadilar. Keyin Akademiyaning umumiy majlisida mazkur masala muhokama qilinadi. Akademiyaning majlisiga ko‘rilayotgan masala bo‘yicha mutaxassis olimlar ham taklif qilinadi. Ular o‘z mutaxassisliklari asosida ma’lumotlar taqdim qiladilar va Akademiya a’zolarining savollariga javob beradilar.
Uzoq va aniqlik bilan davom etgan majlislardan so‘ng tahlil qilingan masala bo‘yicha Akademiyaning bu boradagi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yiladi va ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qilinadi. Ba’zi Akademiyalar qarshi ovoz berganlarning fikrini ham e’lon qiladi.
Shu tariqa zamonamizda o‘rtaga chiqqan ko‘plab muammolar shariat ta’limotlari asosida hal qilinishi yo‘lga qo‘yildi va musulmonlarning tahsiniga sazovor bo‘ldi.
Hozirda xalqaro islomiy tashkilotlar, davlatlar, vazirliklar, shirkatlar, turli muassasalar va shaxslar o‘zlari hal qila olmagan fiqhiy masalalarni yechishda Islom Fiqhi Akademiyalariga murojaat qilishmoqda va kerakli yechimlarni olishmoqda.
Ana shunday fiqh akademiyalardan biri Xalqaro islom fiqhi akademiyasi islom olamidagi eng nufuzli va davlatlararo maqomga ega bo‘lgan xalqaro ilmiy-fiqhiy tashkilot hisoblanadi.
Yurtimiz ahli uchun eng quvonarli yangiliklardan biri O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining musulmon olamidagi eng nufuzli va davlatlararo maqomga ega bo‘lgan yirik ilmiy-fiqhiy tashkilot – Xalqaro islom fiqhi akademiyasiga a’zo bo‘lganlaridir.
Hozirda akademiya tarkibida dunyoning 57 ta davlatidan 65 nafardan ortiq yetakchi musulmon olimlari faoliyat yuritadi. Ushbu akademiyaga a’zo bo‘lish uchun musulmon dunyosining e’tirof etilgan yetuk faqih va olimlaridan biri bo‘lish, islom huquqini puxta egallash hamda aqida va xulqda islom ta’limotiga qat’iy amal qilish, yuksak ma’naviy obro‘ga ega bo‘lish kabi xislatlarga ega bo‘lish talab etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham Alloh taoloning fazli hamda yordami bilan 35 yildan ziyod vaqt mobaynida Islom dini ma’rifatini keng yoyish va mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlarni ma’rifatli qilib tarbiyalash va xalqaro miqyosda Islom dinining asl qadriyatlarini keng targ‘ib etish bilan tanilganlar.
Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”. To‘rtovlari rivoyat qilishgan.
Demak, din ta’limotlarini yaxshi tushunadigan bo‘lish banda uchun katta baxt-saodatdir. Unga Alloh taolo yaxshilikni iroda qilganining alomatidir.
Ta’kidlash kerakki, shu paytga qadar ham Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bir nechta Xalqaro musulmon ulamolari kengash, uyushma, tashkilot va akademiyalarining a’zosi sifatida nufuzli tadbirlardagi tashabbuslari musulmon dunyosi tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.
Yurtimiz mo‘min-musulmonlari, ulamo va barcha soha vakillari nomidan Alloh taolodan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Xalqaro islom fiqhi akademiyasidagi faoliyatlarida kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Zayniddin Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari,
Ulamolar kengashi a’zosi