Islom dinida birovning haqiga xiyonat qilish, halol mehnat bilan topgan molini zo‘rlik va aldov yo‘li bilan olish, o‘g‘rilik qilish og‘ir gunoh, qabih odat hisoblanadi.
Tug‘ruq jarayoni qiyin kechib, Nasibaning farzandi uch kun deganda dunyoga keldi. Ammo onani saqlab qolish uchun bolaga ancha shikast yetkazildi. Natijada sog‘lom bola nogiron bo‘lib tug‘ildi. Uning DTSP tashxisi qo‘yilgan bolasiga davo istab bormagan shifoxonasi qolmadi. Qayerda yaxshi davolash klinikasi bo‘lsa, o‘sha yerga olib bordi. Afsus, davolanishlar natijasiz qolaverdi. Nogiron boladan or qilgan ota undan yuz o‘girdi, ular ajralishdi.
Yosh bo‘lganligi uchun Nasibaga ko‘plab oila qurish taklifi tushdi. “Faqat nogiron bolangizni onangizga tashlab ketasiz” yoki “bolani nogironlar uyiga topshiramiz” degan shartlar bilan sovchilikka kelishardi. Nasibaning bor dunyosi, ishonchi, boyligi va baxti shu nogiron farzandi edi. Farzandim kerak bo‘lmaganlar bilan oila qurolmayman, deb barcha sovchilarni rad etdi.
Oradan yillar o‘tdi, Nasibaga bir “mard” uchradi. Aylanib ham, o‘rgilib ham uning bola haqida qayg‘urib gapirishlari, har ikki gapning birida “bolani o‘z ismi-sharifimga olaman, davolataman, qo‘limdan kelgan barcha imkoniyatlarni qilaman. Bisotimda ancha yerlarim bor, ularni birini sotib albatta, uy-joy bilan ham ta’minlayman” deyishini kanda qilmasdi. Bu gaplarni eshitgan barcha qarindoshlar ham, “turmush quraver, bundan yaxshisi bo‘lmasa kerak. Axir bolangga o‘z otasidan ziyod qayg‘urmoqda”, deb unga nasihat qilishdi.
Nasiba bolani davolata-davolata ancha moliyaviy tomondan ham zaiflashib qoldi. O‘zining iqtisodiy tomoni nochorligini hisobga olib, Turg‘unboyga juftlik sifatida unchalik to‘g‘ri kelmasa-da unga turmushga chiqdi. O‘zini mehribon qilib ko‘rsatgan Turg‘unboy atrofdagilar nazdida o‘ta savobgar deb tanildi. Bolaning davolanishi uchun 1-2 bor poytaxt xarajatlarini to‘laganday bo‘ldilar-da hammaning ishonchiga kirdi. Bir tomondan bergan plastik kartochkaning egasi boshqaligidan xavfsiragan Nasiba erini savolga tutganda, shunday javob qildi: “Mendan anchagina qarzi bo‘lganligi uchun plastikda qarzini uzish uchun berilgan” deb aldab qo‘ydi.
Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas firibgarning asl basharasi ochila boshladi: “Ayasi, mening ishlarim biroz yurishmayapti, iltimos, 4-5 so‘m yo‘l kira berib tur. Nasiba eriga achinibgina qolmay unga o‘g‘lining pensiyasidan “yo‘lkiralar” berib turdi. Bu yo‘lkiralarning keti uzilmasdi.
Ba’zida uning qo‘lida ko‘proq pul tushib qolishining sababi – birovlarning ishonchiga kirib, aldab qarz olardi. Keyin yana bir kasbi ma’lum bo‘ldi-ki “Nizoli odamlar orasiga tushib pul undirish” (razborchik) bo‘lgan. Bu ham unga biroz daromad keltirib turgan.
Aslida hech bir ishning boshini tutmagan Turg‘unboy o‘ziga boylik keltiruvchi sirli sandiq topdim, deya Nasibani boshini aylantirgan ekan.
Oilasini ijaraga olib chiqib ketgan Turg‘unboy ijara pulini ham Nasibaning o‘ziga to‘lattira boshladi. Nasibaga moliyaviy yordam berib turgan onasi Fotima ayaga bu qimmatga tushayotgani uchun ijaradan qizi va nabirasini uyiga ko‘chirib o‘tdi. Bir so‘m pul topmagani yetmaganday, uyga odam ergashtirib ichkilikbozlik qiladigan odatini boshlab yubordi. O‘zini juda mo‘min-qobil ko‘rsatgan soxta otaning xurmacha qiliqlari sekin-sekin ko‘paya boshladi.
Nasiba bir gal pensiya va aliment pullaridan biroz orttirib qo‘y sotib oldi va o‘g‘lining davolanishiga yarab qolar, deb uni boqa boshladi. Bundan xabar topgan Turg‘unboy adirda qo‘ylarim bor, bersang ularga qo‘shib boqaman deb qo‘yni ham olib ketdi. Va Fotima ayadan har oy qo‘y yemlari uchun 20-30 ming sum pul ham olib ketardi. Olti oy o‘tib qo‘yni olib kelishini aytganda, Turg‘unboy paysalga soldi. Erta olib kelaman, indin olib kelaman. Bir galgi qistovlardan so‘ng Turg‘unboy vaqti yo‘qligini rukach qildi. Shunda Fotima aya qo‘yni qayerdaligini aytsa, o‘zi borib olib kelishini aytdi. Bu javobni kutmagan Turg‘unboy qopqonga tushgan sichqonday tipirchilab qoldi. Va “Qo‘yingiz kasal bo‘lib o‘ldi” degan javobni aytdi. Shu yo‘l bilan o‘zicha qo‘yni ham “halolladi”.
Bu orada ishim yurishmayapti, menga tegishli bo‘lgan fermer xo‘jaligini asossiz tortib olishdi, menga ozroq pul berib turing zora ishim hal bo‘lsa, qarzlarimni baridan qutilaman deb Fotima ayadan 400 ming sum qarz ham so‘radi. Fotima aya ishlari o‘ngidan kelsa, vaziyati o‘nglansa, zora barcha qarzlarimni berar deb umid qilgani holda qarzga yana pul berdi. Bunday qarzlarning soni anchaga ortdi. Ammo to‘lashni xayoliga keltirmayotgan Turg‘unboy yana yuzsizlarcha Fotima xolaning uyiga kelaverardi.
Bu orada Nasiba yana farzandli bo‘ldi. O‘z bolasi tug‘ilar-tug‘ilmas nogiron farzand uning soxta tilidan ham tushib qoldi. U faqat o‘z farzandi haqida gapirardi: “Barcha e’tiboringni o‘g‘lingga berib, qizim esingdan chiqmasin, yaxshilab qara”. Ammo o‘z farzandi xarajatlariga ham pul bermasdi. Barcha iqtisodiy xarajatlarni Fotima aya o‘z yonidan qilardi. U esa nogironning pulini sarflashdan nariga o‘tmadi.
Asl basharasi ochilgan Turg‘unboyning yana hunarlari ko‘paya bordi. Bir kuni mahalla somsaxonasida uch-to‘rtta hamtovoqlari bilan 160 ming so‘mga ichkilikbozlik va somsaxo‘rlik qilib: “Pulni xotinimdan olasizlar, unga berib qo‘yganman” deb jo‘nab ketibdi.
Zero, Qur’oni karimda bunday illatli kishilarni harom yo‘ldan qaytishga, Alloh nasib etgan pokiza rizqni iste’mol qilishga chaqirib shunday deyiladi: “Mol dunyolaringizni oralaringizda nohaq harom yo‘llar bilan yemangiz...” (Baqara surasi, 188-oyat).
Bu voqealardan shokka tushayotgan Fotima aya chidab turolmadi: “Barcha qarzlarimni to‘laysan, shuncha sabr qilganim yetar” deganlarida: “Men sizdan hech qanaqa qarzdor emasman, biroz bo‘lsa-da xotin bola-chaqamni boqdim, shularning evaziga qarzlaringizni ayirboshlaymiz”, dedi munofiqona.
Bu gaplardan fig‘oni falakka chiqqan Fotima aya: “Mayli, pulim ham kerakmas, senga sadaqa, ammo meni tinch qo‘y, uyimga qadam bosma”, dedilar.
Nasiba qattiq aldanganini tobora his qilib borardi. U bu ishlarga qanday yechim topishini bilmay qoldi. Undan qanday qutulishni ham. Axir uni ham boqishga, xurmacha qiliqlarini ko‘tarishga va ichkilikbozligiga ortiq bardosh berolmaydi. Endi bu odamdan qanday qutulsa bo‘ladi. Axir bu niyatda unga turmushga chiqmagan edi-ku!
Mubina IXLOSOVA
Misr poytaxti Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nufuzli mukofot — Imom Qarofiy nomidagi "Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun" xalqaro mukofoti bilan taqdirlandilar.
Yuksak mukofotni Misr Arab Respublikasi bosh muftiysi, Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati raisi, professor Nazir Muhammad Ayyod, Misr vaqf vaziri doktor Usoma al-Azhariy hamda Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano kabilar tantanali ravishda topshirdilar.
So‘zga chiqqan notiqlar O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, ushbu e’tirof Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Islom dini ma’rifatini keng yoyish, ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy fatvo faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishdagi fidokorona mehnatlarining munosib samarasi ekanini alohida ta’kidladi.
Taqdirlash chog‘ida turli mamlakatlardan kelgan 500 nafardan ziyod anjuman ishtirokchilari e’tiboriga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha islohotlari hamda Muftiy hazratlarining ko‘p qirrali faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Unda yurtimiz qadimdan buyuk sivilizatsiyalar beshigi, ilm-ma’rifat va islom madaniyatining muazzam markazi bo‘lib kelgani e’tirof etildi. Shuningdek, lavhada bugungi kunda Davlatimiz Rahbari boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, nufuzli xalqaro anjumanlar, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining samarali faoliyati, jumladan, Fatvo markazining ishga tushirilishi va mo‘tadillikni targ‘ib etish borasidagi salmoqli tashabbuslari atroflicha ko‘rsatib berildi.
Ma’lumot o‘rnida, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bunga qadar ham bir qator yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lganlar:
- Prezidentimiz farmonlariga muvofiq “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi markaziy diniy idorasining «Al-I’tisom» («Hamjihatlik») medali;
– Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasining «Ыntimak» («Birdamlik») medali;
– «Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining 30 yilligi» yubiley medali;
– Shimoliy Kavkaz musulmonlarini muvofiqlashtirish markazining «Ummat oldidagi xizmatlari uchun» ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi Imom Buxoriy nomidagi diniy tashkilotining «Al-Ilm» ordeni.
«Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun» mukofoti haqida:
Mazkur nufuzli xalqaro mukofot Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, buyuk alloma, faqih Imom Shihobuddin al-Qarofiy (1228–1285) sharafiga nomlangan.
Ushbu mukofot Islom ummatida mo‘tadillik tamoyillarini ilgari surish, bir yoqlama va tor qarashlardan saqlanish, jamoaviy ijtihod hamda fatvo berish amaliyotini takomillashtirish va zamonaviy muammolarga to‘g‘ri shar’iy yechimlar ishlab chiqishga ulkan hissa qo‘shgan yetuk ulamolarga taqdim etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati