Alhamdulillah vassolatu vassalamu ala Rosulillah va ala olihi va sahbihi va man vaalaah. Ammo ba’d.
G‘azab – har bir insonda bo‘ladigan ruhiy holat bo‘lib, agar uni hayotni, obro‘ni, dinni, molni asrash uchun ishlatilsa tabiiy holat bo‘ladi va maqtaladi. Ammo g‘azab chegaradan oshsa va boshqalarga nisbatan dushmanlik qilishga aylanib ketsa, bu o‘rindagi g‘azab tabiiylikdan xatarli holat tarafiga o‘tib ketgan bo‘ladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham g‘azablanar edilar. Ammo u zot alayhissalomning g‘azablari Alloh uchun bo‘lardi, o‘z nafslari uchun emas. U zot agar g‘azablansalar, yuzlarini teskariga o‘girib, burilib olardilar. Agar xursand bo‘lsalar, ko‘zlarini pastga qaratib olar edilar. U zot alayhissalom “Kurashda yenggan kuchli emas. Kuchli deb g‘azabi kelganda o‘z nafsiga egalik qila olgan kishiga aytiladi” deganlar. Muttafaqun alayh.
G‘azab chiqqan paytda yuz o‘girib, teskari qarash yaxshi uslubdir. Agar insonning g‘azabi kelsa, so‘zi qo‘pollashadi, ne’matni inkor etadi yoki yaxshilikni man qiladi yoxud zulmga o‘tadi. Ko‘plab gunohlarning urug‘i g‘azabga borib taqaladi. Shuning uchun ham halimlik xulqlarning sayyididir.
Shu o‘rinda bir qissani keltirsak:
“Juda asabiy, g‘azabi tez chiqadigan bir yigit bor edi. Tez-tez asabiylashib, es-hushini yo‘qotadigan bir ahvolga kelardi. Bir kuni otasi unga bir idish to‘la mix berdi va “O‘g‘ilcham, har gal g‘azabing qaynagan paytda mana shu mixdan bir dona olib, bog‘imizning yog‘och panjarasiga qoqib chiqasan” dedi. O‘g‘il otasi aytgandek qilib, har gal asabiylashgan chog‘da bir mixni olar va o‘sha yog‘och to‘siqqa qoqar edi. Birinchi kunning o‘zidayoq 37 dona mix qoqdi. Lekin mixni yog‘ochga kiritish oson emasdi. Mix qoqishga qiynalgani sayin g‘azabini ichiga yutishga urina boshladi.
Bir necha kun o‘tgandan keyin bir kunda bir necha dona mix qoqadigan bo‘ldi. Bir necha xaftadan so‘ng asabiylashgan paytda g‘azabini ichiga yutib, bir dona ham mix qoqmaydigan bo‘ldi. Otasining oldiga borib, “Otajon, Allohga hamd bo‘lsinki, g‘azabim chiqqan paytda asabimni jilovlashni o‘rgandim. Bittayam mix qoqmaydigan bo‘ldim” deb vaziyatni tushuntirdi. Buni eshitib ota xursand bo‘ldi va o‘g‘liga “Endi sen qoqqan mixlaringni birma-bir sug‘urib chiqasan” dedi.
O‘g‘il otasi aytgandek qildi. Mixlarni birma-bir sug‘urib chiqdi. Qarasa, o‘tgan qisqa muddat ichida 200 dona mix qoqqan ekan. O‘g‘il ishni tugatib, otasining oldiga bordi va bo‘lgan voqeani bayon qildi. Ota o‘g‘lini o‘sha yog‘och to‘siq oldiga olib bordi va undagi teshiklarga ishora qilib, “O‘g‘lim, g‘azabingni bosishni o‘rganib yaxshi ish qilding. Lekin mana bu teshiklarga qara. Endi bu yog‘och mix qoqilishidan avvalgidek holatiga qaytadimi?” dedi. Yigit esa g‘azabning oqibati qanday bo‘lishini tushunib yetdi”.
Siz g‘azablanib turganingizda gapirsangiz, boshqalarning yuragida ana shunday teshiklarni qoldirasiz. Keyinchalik g‘azabdan tushib, o‘sha odamlardan uzr so‘rarsiz. Ammo teshiklarni o‘z o‘rniga keltirish qiyin.
G‘azabning turlari
G‘azab bir necha turli bo‘ladi. G‘azabning ijobiysi ham, salbiysi ham bor. Masalan, bolalarga g‘azab qilish salbiydir. Xuddi shuningdek, nafsi uchun g‘azab qilish, biror moddiy foydani qo‘ldan chiqargani uchun, bir kasbga erisholmagani uchun, shahvatini qondirish imkonini qo‘ldan bergani uchun g‘azab qilish qoralangandir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday g‘azabdan qaytarganlar.
Ammo Alloh roziligi uchun, dinining himoyasi uchun, harom ish sodir bo‘lganda, birovning haqqiga tajovuz qilinganda, birovga zulm qilinganda g‘azab qilish ijobiydir, maqtalgandir, shartdir.
G‘azabning urug‘i ruhiy kechinmalarga borib taqaladi. Masalan, yaxshi ko‘rmaslik, taqdirlashning yo‘qligi, o‘sishning to‘xtaganligi va hokazo. Biror shaxsga nisbatan moddiy va ma’naviy tahdid bo‘lishidan qo‘rqish, xavotirlanish, shuningdek, ochlik, kasallik, ruhiy siqilish, g‘azabnok otaga taqlid qilish, bolani haddan tashqari ko‘p tergab yuborish, bolani qisish kabilar ham g‘azabga sabab bo‘ladi.
Psixologlar “G‘azab vaziyatning o‘zidan kelib chiqmaydi, balki vaziyatni noto‘g‘ri tushunishdan kelib chiqadi. Shuning uchun sizning g‘azablanishingizda kimdir emas, sizning noto‘g‘ri tushunchangiz, holatni xato baholashingiz sabab bo‘ladi. Ba’zida “Falonchi meni g‘azabimni keltirdi”, “Falonchi meni asabiylashtirdi” deysiz. Sizni g‘azablanishingizga falonchi emas, o‘zingiz, fikrlaringiz, ishlarni baholashingiz sabab bo‘ladi. Shuning uchun muolajani tashqaridan izlamang. O‘z nafsingizda yechim yashirinib yotibdi” deyishadi.
G‘azabning bosqichlari
Insonda g‘azab bir necha bosqichda bo‘ladi.
Oldin paydo bo‘ladi, keyin kuchayib boradi, ziyodalashadi, bu kuchayish til yoki qo‘l orqali namoyon bo‘ladi. Keyin zehnni chalkashtiradi. Oxirida kishi o‘zini malomat qiladi va g‘azabidan tushadi.
G‘azabning muolajasi
G‘azabni ichga yutuvchilarning ajrini ko‘z oldiga keltirish.
وَسَارِعُواْ إِلَى مَغْفِرَةٍ مِّن رَّبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا السَّمَاوَاتُ وَالأَرْضُ أُعِدَّتْ لِلْمُتَّقِينَ الَّذِينَ يُنفِقُونَ فِي السَّرَّاء وَالضَّرَّاء وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ وَاللّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ
“Robbingizdan bo‘lgan mag‘firatga va kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannatga shoshiling. Ular yengillikda ham, og‘irlikda ham nafaqa qiladiganlar, g‘azabini yutadiganlar va odamlarni avf qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradi (Oli Imron surasi, 133-134-oyatlar).
G‘azabni ichga yutish jannat ahli bo‘lgan taqvodorlarning bitta sifatidir.
Sahl ibn Muoz ibn Anas otasidan, otasi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Kim g‘azabini sochishga qodir bo‘la turib, uni ichiga yutsa, Alloh taolo qiyomat kuni uni barcha xalqlarning oldida chaqiradi va unga istagan hurni tanlash imkonini beradi”. Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Menga bir ishni buyuring va uni qisqa qiling, toki men tushunay” dedi. Shunda u zot alayhissalom “G‘azab qilma!” dedilar. Boyagi odam savolini bir necha takrorlagan edi, u zot alayhissalom “G‘azab qilma!” dedilar”. Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Orangizda kuchli, polvon kim?” deb so‘radilar. Biz “Odamlar yenga olmagan kishi” dedik. Shunda u zot alayhissalom “Undoq emas. Chinakam kuchli, polvon odam g‘azabi kelganda o‘zini ushlay olgan odamdir” dedilar. Abu Dovud rivoyati.
G‘azabni qanday qilib boshqarish mumkin?
Inson fikrlar, his-tuyg‘ular va sulukdan iboratdir. Agar fikrlariga egalik qilolsa, his-tuyg‘ulari va sulukiga ham egalik qila oladi. Ana o‘shanda u asabiylashishdan uzoq holda baxtiyor hayot kechiradi.
Quyidagi beshta nasihat sizga g‘azabni ichga yutishingizda yordam beradi:
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
وَإِمَّا يَنزَغَنَّكَ مِنَ الشَّيْطَانِ نَزْغٌ فَاسْتَعِذْ بِاللَّهِ إِنَّهُ هُوَ السَّمِيعُ الْعَلِيمُ
“Agar seni shayton vasvasasidan bir vasvasa tutsa, Allohdan panoh so‘ra. Albatta, U zot o‘ta eshitguvchi va o‘ta bilguvchi zotdir”. (Agar shayton vasvasaga solib, seni yomonliklarni yaxshilik bilan qaytarishdan aynitmoqchi bo‘lsa, Alloh taoloning O‘zidan panoh so‘ra. Unga sig‘in. U seni saqlaydi. “Albatta, U zot o‘ta eshituvchi va o‘ta biluvchi zotdir”. U har bir muhtojning iltimosini eshitadi. Da’vatchi buni yaxshi anglashi lozim.) (Fussilat surasi, 36-oyat).
Sulaymon ibn Surd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi “Ikki kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida so‘kishdilar. Biz o‘sha yerda edik. Bir payt ulardan biri sherigini g‘azabnok, yuzi qizargan holda haqorat qila boshladi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Men bir kalimani bilaman. Agar shuni aytsa, undan o‘zida topayotgan narsasi (g‘azabi) ketadi. Agar “A’uzu billahi minash shaytonir rojiym” desa, (g‘azabi ketadi)” dedilar”. Muttafaqun alayh.
O‘zingiz turgan holatdan boshqa holatga o‘ting. Agar turgan bo‘lsangiz, o‘tiring. Agar o‘tirgan bo‘lsangiz, yonboshlab oling. Agar harakat qilayotgan bo‘lsangiz, to‘xtang. Agar mashinangizni minib ketayotgan bo‘lsangiz, yo‘l chetiga to‘xtang...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Agar sizlardan biringiz g‘azablansa, tik turgan bo‘lsa, o‘tirsin! Shunda g‘azabi ketsa, ketdi. Ketmasa, yonboshlab olsin!” dedilar. Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilishgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Albatta, g‘azab shaytondan. Shayton esa olovdan yaratilgan. Olov esa suv bilan o‘chadi. Bas, agar sizlardan biringiz g‘azablansa, tahorat qilsin!” Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilishgan.
G‘azablanib turganingizda gapirmang! Bu biroz mashq, o‘rganish, o‘zlashtirishni talab etadi. G‘azablanib turganingizda gapirmaslikka o‘zingizni o‘rgating! Chunki, ko‘pincha g‘azab paytida xato gapirib qo‘yasiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Agar sizlardan biringiz g‘azablansa, sukut saqlasin!” deganlar. Imom Ahmad rivoyati.
Agar g‘azabi chiqqan odam holatini o‘zgartirsa, turgan odam o‘tirsa ham, tahorat qilsa ham g‘azabi ketmasa, sukut qilish qo‘lidan kelmasa, afzali uydan chiqib ketishi kerak. G‘azabi chiqqan odam uyida turavermaslik kerak. Gap ko‘payib, g‘azab toshib, oxiri ish yoqimsiz holatgacha borib yetishi mumkin. Shuning uchun to g‘azabi bosilguncha tashqariga chiqib turish kerak. G‘azabi bosilib, o‘ziga kelsa, keyin yana uyiga qaytib kelaveradi.
Xulosa
Biz yuqorida aytgan g‘azab salbiy g‘azab edi. Ijobiy g‘azab nima ekanligini ham aytib o‘tdik. G‘azablanish kerak bo‘lgan o‘rinda g‘azablanish shart. Masalan, birov dinning, islom shiorlarining, ulamolarning ustidan kulayotgan, birovga zulm qilinayotgan, birovning haqqi poymol etilayotgan vaqtlarda g‘azablanish shart bo‘ladi. Ammo qaytarilgan o‘rinlarda g‘azablanishdan tiyilish kerak.
Hayot qisqa, salomatlik eng muhim narsalardan biri. Shunday ekan, g‘azablanmang!
Ahmad Rabohning maqolasini
Nozimjon Iminjonov tarjima qildi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dinimiz musulmon insonning har bir so‘zini ahamiyatli deb biladi. Kundalik hayot va o‘zaro muomalalardan tortib, hatto Robbi bilan bo‘lgan ahdlashuvlarni ham tartibga solib bergan Islom insonlarga oson qilingan dindir. Qasam va nazr ahd hisoblanadi. Alloh taolo qasam va ahdga vafo qilish muhim ish ekani bois Qur’oni karimda bir necha oyatlarni nozil qilgan. Shulardan:
إِنَّ الَّذِينَ يَشْتَرُونَ بِعَهْدِ اللَّهِ وَأَيْمَانِهِمْ ثَمَنًا قَلِيلًا أُولَٰئِكَ لَا خَلَاقَ لَهُمْ فِي الْآخِرَةِ وَلَا يُكَلِّمُهُمُ اللَّهُ وَلَا يَنْظر إِلَيْهِمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا يُزَكِّيهِمْ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ
“Albatta, Allohning ahdini va o‘z qasamlarini arzon bahoga sotadiganlar uchun oxiratda nasiba yo‘qdir. Qiyomat kuni Alloh ularga gapirmas, nazar solmas va ularni poklamas. Ularga alamli azob bordir” (Oli Imron surasi, 77-oyat).
وبِعَهْدِ اللَّهِ أَوْفُوا ۚ
“Allohga bergan ahdingizga vafo qiling” (An’om surasi, 152-oyat).
وَأَوْفُوا بِعَهْدِ اللَّهِ إِذَا عَاهَدْتُمْ وَلَا تَنْقُضُوا الْأَيْمَانَ بَعْدَ تَوْكِيدِهَا وَقَدْ جَعَلْتُمُ اللَّهَ عَلَيْكُمْ كَفِيلًا ۚ إِنَّ اللَّهَ يَعْلَمُ مَا تَفْعَلُونَ
“Agar ahdlashsangiz, Allohning ahdiga vafo qiling. Qasamlarni ta’kidlaganingizdan so‘ng buzmang. Zero, Allohni o‘zingizga kafil qilgansiz! Albatta, Alloh nima qilayotganingizni bilur” (Nahl surasi, 91-oyat).
وَأَوْفُوا بِالْعَهْدِ ۖ إِنَّ الْعَهْدَ كَانَ مَسْئُولًا
“Ahdga vafo qiling. Albatta, ahd (qiyomatda) so‘raladigan narsadir” (Isro surasi, 34-oyat).
Shariatda qasam Allohning ismi yoki sifatlaridan biri bilan so‘zni quvvatlashdir. Qasam ichuvchi kishi o‘zining rostgo‘yligini bildirish yoki biror ishni qilishga o‘zini undash yoxud undan tiyilish maqsadida qasam ichadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
لَا يُؤَاخِذُكُمُ اللَّهُ بِاللَّغْوِ فِي أَيْمَانِكُمْ وَلَٰكِنْ يُؤَاخِذُكُم بِمَا عَقَّدتُّمُ الْأَيْمَانَ ۖ
“Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz uchun tutmas (jazolamas). Lekin qasd bilan tukkan (ichgan) qasamlaringiz uchun javobgar qilur” (Moida surasi, 89-oyat).
Nazr esa insonning o‘ziga biror maqsad bilan asli vojib bo‘lmagan amalni vojib qilib olishidir. Nazr mutloq (hech qanday shartga bog‘lanmagan) va muqayyad (biror shartga bog‘langan) turlarga bo‘linadi. Alloh taolo bunday deydi:
وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ نَفَقَةٍ أَوْ نَذَرْتُمْ مِنْ نَذْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ يَعْلَمُهُ
“Qanday sadaqa qilsangiz yoki qanday nazr qilsangiz, albatta, Alloh uni bilur” (Baqara surasi, 270-oyat).
Qasamda ham, nazrda ham asosan ishni ta’kidlash qasd qilinadi, lekin ular o‘rtasida bir necha farqlar bor. Birinchisi nazr deb Alloh uchun qat’iy bir ishni zimmasiga yuklashga aytiladi.
Nazr qiluvchi Robbisiga yaqinlashish va savob olish maqsadida Alloh uchun toatni ya’ni ibodatni zimmasiga lozim qilib oladi. Masalan: “Alloh uchun sadaqa qilish zimmamda bo‘lsin” yoki “Bir oy ro‘za tutishni nazr qildim”, deb niyat qiladi. Qasam esa Allohning ismlari bilan bog‘lanadi va faqat bir ishni qilish yoki qilmaslikni ta’kidlashni iroda qiladi. Qasam “Vallohi”, “Tallohi”, “Billahi” kabi lafzlar hamda “Qasam ichaman”, “Guvohlik beraman” degan so‘zlar bilan aytiladi. Demak, nazr Alloh uchun, qasam esa Alloh nomi bilan bog‘lanadi.
Ikkinchisi inson hech bir ishga bog‘lamasdan mutloq nazr qilsa yoki bir hojati ravo bo‘lishi uchun nazr qilsa-yu, niyati amalga oshsa, endi nazriga vafo qilishi shart bo‘ladi, bu kafforat bilan yechilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga itoat qilishni nazr qilgan bo‘lsa, itoat qilsin. Kim Allohga osiy bo‘lishni nazr qilgan bo‘lsa, unga osiylik qilmasin”, deganlar. Ammo nazr qiluvchi biror shartga bog‘liq qilib nazr qilsa-yu, uni bajarishni iroda qilmasa (masalan, “falon gunohni qilsam, masjid quraman” desa), shart topilganda ixtiyor o‘zida: xohlasa nazrini bajaradi, xohlasa kafforat beradi. Qasamda esa, qasam buzilsa kafforat o‘tash bilan ahd yechiladi. Alloh taolo bu haqda:
قَدْ فَرَضَ اللَّهُ لَكُمْ تَحِلَّةَ أَيْمَانِكُمْ ۚ وَاللَّهُ مَوْلَاكُمْ ۖ وَهُوَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ
“Albatta, Alloh sizlarga qasamlaringizni yechish (kafforatini ado etish) yo‘lini belgilab qo‘ygan. Alloh sizlarning Mavloyingizdir. U Biluvchi va Hikmat egasidir”, deb marhamat qilgan (Tahrim surasi, 2-oyat).
Demak, nazrda ko‘pincha amalni ado etish talab qilinsa, qasamni kafforat bilan yechish imkoni bor.
Uchinchisi qasam odatda vojib va sunnat ishlarda ham ichilaveradi. Lekin bunday ishlarda nazr qilish makruhdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarib: “Bu yaxshilik olib kelmaydi, u bilan faqat baxil kishidan mol chiqarib olinadi, xolos”, deganlar. Ya’ni nazr baxilni xayr-ehson qilishga majburlaydigan vosita bo‘lib qolishi mumkin. Shuningdek, vojib ishlarga nazr qilish joiz emas ekan.
To‘rtinchisi nazrga vafo qilish vojib bo‘lgan amaldir. Qasamga vafo qilish esa bunday emas, ya’ni kishi qasamini buzib, kafforatini o‘tasa ham bo‘laveradi. Nazrning kafforoti qasamning kafforoti bilan bir xildir.
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Nazrning kafforoti xuddi qasamning kafforotidekdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Demak, nazrini bajara olmagan kishi o‘n nafar miskinni taomlantiradi yoki kiyintiradi. Agar bunga qodir bo‘lmasa, uch kun ketma-ket ro‘za tutadi.
Nazr qilingan ish vojib bo‘lishi uchun uchta shart jamlanishi lozim:
Nazr qilingan amal namoz yoki ro‘za kabi vojib jinsidan bo‘lishi kerak. Shuning uchun bemor ziyoratini nazr qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Nazr qilingan ish “maqsudan lizatihi” (ya’ni o‘zi mustaqil ibodat sifatida qasd qilingan amal) bo‘lishi kerak. U namozga erishish uchun tahorat olish kabi “vasila” (ya’ni vosita) bo‘lmasligi lozim.
Nazr qilingan ish nazrdan oldin vojib (farz) bo‘lmasligi kerak. Shundoq ham farz bo‘lgan besh vaqt namozni nazr qilish durust emas.
Alloh taolo barchamizni ahdiga vafo qiladigan ixlosli bandalaridan qilsin.
Madina TOSHBOYEVA,
Toshkent islom instituti 3-kurs talabasi