Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyul, 2026   |   4 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:00
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:57
Xufton
21:29
Bismillah
18 Iyul, 2026, 4 Safar, 1448

Odob-axloq fazilati

20.06.2018   9056   7 min.
Odob-axloq fazilati

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, bir kishi Nabiy s.a.v.ga dedi: “Menga nasihat qiling”. U zot: “G‘azab qilma”, dedilar. U (savolini) bir necha bor takrorladi. Payg‘ambar s.a.v.: “G‘azab qilma”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati).

Imom Jurdoniy (rohimahulloh) aytadi: “Darhaqiqat, bu hadis Payg‘ambar s.a.v.ga ato etilgan javomi’ ul-kalim (qisqa lafzlar orqali ulkan ma’nolarni ifoda etish mo‘jizasi)dan hisoblanuvchi buyuk hadisdir. Chunki, u dunyo va oxirat yaxshiliklarini o‘zida mujassam etgandir”.

Savol beruvchi sahobiyning shaxsiga kelsak, ayrim ulamolar
bu Abu Dardo (roziyallohu anhu) ekanini ta’kidlaydilar. Bunga Imom Tabaroniyning Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan qilgan quyidagi rivoyatini dalil qilib keltiradilar: “Men: “Ey Allohning rasuli, meni jannatga olib kiradigan amalga yo‘llang”, dedim. U zot s.a.v.: “G‘azab qilma, jannat seniki”, dedilar”. Ayrim ulamolar esa mazkur sahobiy Joriya ibn Qudoma (roziyallohu anhu) ekanini aytadilar. Bunga Imom Ahmadning Joriya ibn Qudoma (roziyallohu anhu)dan qilgan quyidagi rivoyatni hujjat qiladilar: “Men Payg‘ambar s.a.v.ga savol berib bunday dedim: “Ey Allohning rasuli, menga bir o‘git ayting, uni anglab olishim uchun uni menga oz qiling”.
U zot s.a.v.: “G‘azab qilma”, dedilar. Men bir necha bor u zotga so‘rovimni takrorladim. Har gal u zot: “G‘azab qilma”, dedilar”.

Bunday voqea bir necha marotaba yuz bergan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Shunday ekan, so‘rovchi sahobiylarning ham bir nechta bo‘lishidan biror mone yo‘q.

Komil musulmon go‘zal xulqlar bilan sifatlangan inson bo‘lib, u muloyimlik va hayo ila bezanadi, insonlarga nisbatan kamtarlik va do‘stlik libosini kiyadi. Odamlarga ozor berishdan saqlanish, intiqom olishga qurbi yetsada, kechirib yuborish, qiyinchiliklarga bardoshli bo‘lish, hatto o‘ziga nisbatan adolatsizlik qilinganida ham g‘azabni yutish, hamma vaqt ochiq yuzli bo‘lish uning mardonavor xislatlaridandir. Abadiy saodat istab nasihat so‘ragan sahobiyga Rasululloh s.a.v.ning ko‘rsatmalari yuqoridagi ma’nolarni o‘z ichiga olgan ushbu mo‘jazgina o‘git bo‘ldi:
“G‘azab qilma”.

So‘rovchi sahobiy jannatga kirishdek oliy maqsadiga erishishi uchun mazkur o‘gitni oz hisoblab, nasihat qilish haqidagi so‘rovini bir necha bor takrorladi. Mazmun-mohiyatini anglagan va taqozosiga amal qilgan kishi uchun yetarli nasihat ekanligini ta’kidlash uchun Payg‘ambar s.a.v. har gal “G‘azab qilma” degan jumlani qaytaraverdilar.

Oqil sahobiy Rasululloh s.a.v.ning ta’kidlarini tushunib yetdi
va maqsadlarini angladi. Darhaqiqat, Imom Ahmaddan qilingan bir rivoyatda nasihat so‘ragan sahobiydan quyidagi xabar keltiriladi: “Nabiy s.a.v. aytgan o‘gitlarini aytganlarida tafakkur qildim, banogoh, g‘azab barcha yomonliklarni keltirib chiqarishini tushundim”. Buning ma’nosi shuki, agar kishi g‘azab qilmasa, barcha yomonliklarni tark etgan bo‘ladi. Kimki barcha yomonliklarni tark etsa, barcha yaxshiliklarni hosil qilgan bo‘ladi.

Darg‘azablik va qiziqqonlik zaiflik alomatidir. Garchi kishining bilaklari quvvatga to‘la, jismi sog‘lom bo‘lsada, g‘azab tufayli mag‘lubiyatga yuz tutadi. Shuning uchun kuchlilikka faqat jismoniy quvvat bilan emas, balki, o‘z o‘rnida g‘azabni yenga olish va oqilona ish yuritish bilan erishiladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Hammani yiqitadigan pahlavon kuchli emas, balki, g‘azab kelganda o‘zini qo‘lga oladigan kishi kuchlidir”. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Dinimizda g‘azabni muolaja qilish choralari ham ko‘rilgan. Ulamolar bu borada kelgan dalillarni o‘rganib chiqib, jumladan quyidagi xulosalarni bayon qilganlar:

1) kishi g‘azablangan vaqtda g‘azab qilishning yomon oqibatlari haqida o‘ylamog‘i, g‘azabini yutganlar uchun va’da qilingan mukofotlar to‘g‘risida fikr yuritmog‘i zarur. Alloh taolo aytadi: “Robbingizdan bo‘lgan mag‘firatga va kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannatga shoshiling. Ular yengillikda ham, og‘irlikda ham
infoq-ehson qiladiganlar, g‘azabini yutadiganlar va odamlarni avf qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradi”. (“Oli Imron” surasi, 133-134-oyatlar).

Nabiy s.a.v. dedilar: “Kimki g‘azabini sochishga qodir bo‘la turib uni yutsa, Alloh taolo qiyomat kunida uni xaloyiq ko‘z o‘ngida chaqirib, unga hurlardan xohlaganini tanlash imkonini beradi”. (Imom Ahmad,
Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

“Biror banda Alloh uchun g‘azabni yutsa, albatta, uning ichi iymonga to‘ladi”. (Imom Ahmad rivoyati). Abu Dovudning rivoyatida: “..., Alloh uni omonlik va iymon bilan to‘lg‘izadi”, deyilgan; 

2) Allohdan shaytonning yomonligidan panoh tilashi kerak. Payg‘ambar s.a.v.ning huzurlarida ikki kishi tortishib qoldi. Biri g‘azablanib,
yuzi qizargan holda sherigini so‘ka boshladi. Shunda Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Albatta, men bir kalimani bilamanki, agar u ana shu kalimani aytganida, shubhasiz, undan g‘azab ketgan bo‘lar edi. Agar u: “A’uzu billahi minash-shaytonir-rojiym (Quvilgan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh tilayman)” deganida edi!” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati);

3) g‘zablangan paytda holatni o‘zgartirish ham g‘azabni bartaraf etishning samarali uslublaridandir. Nabiy s.a.v. dedilar: “Sizlarning birortangiz tik turgan holda g‘azablansa, o‘tirib olsin. Agar undan g‘azab ketsa, ketdi. Bo‘lmasa, yonboshlab olsin”. (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati);

4) darg‘azab holatda gapirmaslik kerak. Chunki, u bu holatda gapirsa, g‘azabini ziyoda qiladigan so‘z bilan qarshi olinishi yoki g‘azabi so‘ngandan keyin pushaymon bo‘lishiga sabab bo‘ladigan gapni so‘zlab yuborishi mumkin. Payg‘ambar s.a.v.: “Qachonki birortangiz g‘azablansa, sukut qilsin”, deya
uch bora takrorladilar. (Imom Ahmad, Termiziy, Abu Dovud rivoyati);

5) g‘azab jismda haroratni kuchaytiradi. Natijada, qon qaynaydi, insonda tutaqish yuz beradi. Suv uni sovutib, asl holatiga qaytaradi.
Shu bois, bunday paytda yangi tahorat olish g‘azab alangasini o‘chiradi. Payg‘ambar s.a.v. marhamat qiladilar: “Albatta, g‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgan. Bas, vaqtiki birortangiz g‘azablansa, tahorat olsin”. (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).

Alloh taolo barchamizni nojo‘ya g‘azab qilishdan saqlanuvchi suyukli bandalaridan bo‘lmog‘imizni nasib etsin.

 

 

ASRORXON MAHMUDOV

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Q8 Press”: I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida ilgari surilgan tashabbuslar tinchlik, sheriklik va tarixiy-madaniy merosni mustahkamlashga xizmat qiladi

17.07.2026   10629   1 min.
“Q8 Press”: I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida ilgari surilgan tashabbuslar tinchlik, sheriklik va tarixiy-madaniy merosni mustahkamlashga xizmat qiladi

Kuvaytning “Q8 Press” nashrida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, forum islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim tadbirga aylangan. Uning asosiy natijasi sifatida mazkur yo‘nalishdagi global hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan, o‘nta xalqaro tashabbusni qamrab olgan Toshkent deklaratsiyasining qabul qilingani bo‘ldi.

Ushbu deklaratsiya doirasida xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, muzeylar, kutubxonalar va tadqiqot markazlarini birlashtiruvchi Jahon islom sivilizatsiyasi alyansini tashkil etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasi merosining jahon raqamli reyestri va kutubxonasini yaratish, xalqaro mukofot, jamg‘arma, ensiklopediya hamda muzeylar uyushmasini ta’sis etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2030 yilgacha mo‘ljallangan qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish ham deklaratsiyaning muhim tashabbuslaridan biri sifatida belgilangan.

“Q8 Press” nashrining yozishicha, anjumanda ilgari surilgan tashabbuslar sheriklikni rivojlantirish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, tinchlik, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqot qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari