Fitr sadaqasi faqirlarga g‘amxo‘rlik, ularga hayit kunini xursandchilik bilan o‘zkazishlari uchun ko‘makdir, uni berganlar uchun esa, Ramazonda yo‘l qo‘yilgan ba’zi kamchiliklarga kafforatdir. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) fitr sadaqasini ro‘zadorga behuda ishlar va yomon so‘zlardan poklanish bo‘lishi uchun, miskinlar uchun yegulik bo‘lishi uchun buyurdilar” (Abu Dovud rivoyati).
Fitr sadaqasi kumush nisobidagi, hojatidan ortiqcha molga ega musulmonga vojib bo‘ladi. Ana shu miqdordagi mulkka ega kishi fitr sadaqasini o‘zi va yosh bolalaridan berishi vojib. Balog‘atga yetgan farzandlari va xotini uchun fitr sadaqa berishi vojib emas. Agar balog‘atga yetgan farzandlari va ayoli uchun, ular aytishmasa ham, fitr sadaqasini bersa, ular zimmasidan fitr sadaqasi soqit bo‘ladi.
Fitr sadaqasining vojib bo‘lish vaqti hayit kuni tong otish paytidir. Shuning uchun, hayit kechasi tug‘ilgan chaqaloqdan ham fitr sadaqa berish vojib bo‘ladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun fitr sadaqasi vojib bo‘lmaydi.
Ibn Umar (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) fitr sadaqasini odamlar namozga chiqmasdan oldin berishni buyurdilar”. Ammo bu vaqtdan oldin, masalan, Ramazon kirishi bilan bersa ham bo‘ladi. Lekin namozga chiqishdan oldin berish mustahabdir. Fitr sadaqasi vojib bo‘lib, uni berolmay qolgan kishi zimmasidan soqit bo‘lmaydi.
Fitr sadaqasi bug‘doy, bug‘doy uni yoki yormasidan yo mayizdan yoki xurmo yo arpadan beriladi. Bug‘doy yo uning uni yoki yormasidan va mayizdan yarim so’ (taxminan 2 kg.), arpa va xurmodan bir so’dir. Mazkur narsalarning qiymatini ham bersa bo‘ladi.
Fitr sadaqasi zakotga haqdor bo‘lgan kishilarga beriladi.
Jamshid Shodiyev tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir burda non senga kifoya qilar,
Minnatli osh bir kun tomog‘ing tilar.
Siz olam va undagi insonlar haqida bir o‘ylab ko‘ring. Qanchadan-qancha kasalxonalarda to‘shaklarda yillab kasal bo‘lib yotgan, baxtsiz voqea sababli uzoq yillarini yo‘qotgan insonlar bor. Qamoqxonalar temirlari hayotlari loyqalanib ketgan, rohatlari yo‘qolgan minglab insonlar bor. Yordam markazlari va shifoxonalarda aqllarini yo‘qotib majnun bo‘lgan insonlar bor. Yana qanchadan-qancha yirtiq chodirlarda bir burda nonga zor bo‘lib yashayotgan insonlar bor. Shunday emas-mi?
Yana ayollar orasida bir musibat yetib bir halokat tufayli bor-yo‘g‘idan, farzanlaridan ayrilganlar yoki biror bedavo dardga chalinganlar yo‘q emasmi?! Siz esa salomat, tinchlik, yaxshilik va omonlikdasiz. Shunday ekan Allohga hamd ayting. Vaqtingizni Allohni norozi qiladigan - bekorchi telekanallar, ulardagi sifatsiz, qalbaki, ahamiyatsiz va bemaza narsalarga sarf qilmang. Bu narsalar qalbga mahzunlik va xafalikni olib keladi va badanni o‘z vazifasini bajarishdan qoldiradi. Lekin televizorda ma’ruzalar, ilmiy kengashlar, manfaatli tibbiy teleko‘rsatuvlar, har bir musulmon va muslima uchun kerakli bo‘lgan yangiliklar va shu kabi foydali narsalarni tomosha qiling. Taqdim etilayotgan bemaza va uyatsiz narsalardan chetlaning. Chunki ular ibo, hayo va diningizni yo‘qotib yuboradi.
Shu’la: Zolimni faqatgina Alloh hakam bo‘ladigan oxirat mahkamasiga qoldiring.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan