Bugun, yurtimiz musulmonlari ulkan musibatga, og‘ir judolikka uchradi. Ko‘p yillardan beri nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni mamlakatlarga ham sermahsul xizmatlari bilan tanilgan, muhtaram ustoz Anvar qori Tursunov foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, imom-xatiblar va mudarrislar Anvar qori Tursunovning oila a’zolariga, yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi. Alloh taolo u kishining qilib o‘tgan yaxshi amallarini o‘zlariga hamroh qilsin. Qoldirgan ilmiy meroslari, mav’izai hasanalaridan xalqimiz ko‘p yillar manfaatdor bo‘lishini muyassar aylasin. Anvar qori Tursunovning oxiratlari obod bo‘lsin.
Ulug‘ olim Anvar qori Tursunovning janozalari Minor jome’ masjidida asr namozidan so‘ng o‘qiladi va Minor qabristoniga dafn qilinadilar.
Innaa lillahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bog‘ot tumanida yangidan qurib bitkazilgan "Mirhoshim bobo" jome masjidining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Bog‘ot tumani bosh imom-xatibi Rashidbek domla Ernazarov, mutasaddilar, mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Qur’oni karim tilovatidan so‘ng bu masjidning to qiyomatgacha Alloh taologa ibodat qilinadigan, tarovehlar, xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar qilinadigan sajdagoh bo‘lishini, yangi masjid xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib ko‘p yillar xizmat qilishini so‘rab, bu xayrli ishda ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqlariga duolar qilindi.
Ochilish marosimidan so‘ng yangi masjidda ilk juma namozi ado etildi.
Juma namozidan oldin jomega yig‘ilgan jamoatga “Ramazon – ezgulik va yaxshilik oyi” mavzusida suhbat qilib berildi.
Go‘zal suhbat oxirida Xayrulla domla Haq taolo barchaga ikki dunyo saodatini nasib qilishini so‘rab, elu yurtimiz haqqiga xayrli duolar qildi.
Zamaxshariy.uz