Ramazon ro‘zasi Alloh o‘zining mo‘min bandalariga farz qilgan va savobining chegarasi bo‘lmagan ulug‘ ibodatlaridan biri. Haqiqiy iymon egalari Allohning buyruqlaridan biror hikmat yoki foida qidirmasdan, Allohning buyrug‘i deb, ado etaveradilar. Ramazon ro‘zasi ham ana shunday ado etiladigan ibodatdir. Biroq ulamolarimiz mo‘minlarning ushbu ibodatni ado etishga muhabbatlari va shijoatlari yanada oshishi uchun oyat va hadislarga asoslanib ro‘zaning hikmat va foidalarini ochib berishga uringanlar. Quyida ulardan ba’zilarini sanab o‘tamiz.
Avvalo ro‘za ne’matning shukronasiga vasiladir. Zero ro‘za nafsni yeyish, ichish va jimo’dan tiyish ila amalga oshiriladi. Mazkur narsalar eng ulug‘ ne’matlardan hisoblanadi. Ushbu narsalardan ma’lum muddat o‘zini tiyib turish, qadrini bildiradi. Chunki ne’matlar noma’lum bo‘lib, yo‘qotilganda bilinadi. Ya’ni inson o‘ziga qancha narsalar ne’mat qilib berilganini yo‘qotganda biladi. Natijada insonni ne’matlarga shukr qilishga undaydi. Chunki ne’matlarga shukr qilish vojib ekanini aql ham, shariat ham taqozo qiladi. Alloh taolo ro‘za oyatida ayni shu ma’noga ishora qilgan: “... va shukr qilishingiz uchundir[1]”.
Ikkichidan ro‘za taqvoga eng munosib vasiladir. Chunki nafs Allohning roziligidan umid qilib va alamli azobidan qo‘rqib halol narsalardan o‘zini tiyishga bo‘yinsindimi, harom narsalardan yanada o‘zini tiyishga munosib bo‘ladi. Natijada ro‘za Alloh harom qilgan narsalardan saqlanishga sabab bo‘ladi. Alloh ushbu ma’noga ro‘za oyatning oxirida ishora qilgan: “... shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz[2]”.
Uchinchidan ro‘za inson ro‘za orqali istak xohishlariga qahr ko‘rsatib, shahvatlarini sindirishga erishadi. Chunki nafs to‘q bo‘lsa, shahvatlarni istab qoladi. Och qolsa, turli xohishlaridan o‘zini tiya oladi. Shu sababdan ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam uylanishga imkoni bo‘lmagan yoshlarga: “Ey yoshlar jamoasi! Sizlardan kim nikohlanishga qodir bo‘lsa uylansin. Chunki nikoh ko‘zni (haromdan) tiyuvchi va farjni (zinodan) saqlovchidir. Kim nikohlanishga qodir bo‘lmasa, ro‘zani lozim tutsin. Bu uning uchun bichilishdir[3]”, deb ko‘rsatma berganlar. Demak ro‘za ko‘plab gunohlardan saqlanishiga vosita bo‘ladi. Chunki barcha gunohlarning boshida shahvat turadi.
To‘rtinchidan ro‘za kambag‘allarga nisbatan rahm-shafqat hissini o‘yg‘otadi. Chunki ro‘zador ma’lum bir muddat ochlik alamini tortsa, doimiy holatda och azobini tortayotganlarni eslaydi. Natijada ularga nisbatan rahm-shafqatli bo‘lib, yaxshilik qilishga shoshadi. Ushbu amali Allohning huzurida go‘zal ajrlarga ega bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi.
Beshinchidan ro‘za sababli shaytonga qahr ko‘rsatiladi. Chunki shayton insonni adashtirib yo‘ldan ozdirishda inson shahvatidan foydalanadi. Shahvat esa, ko‘p yeyish va ichish orqali kuchayadi. Shu sababdan Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallam: “Albatta, shayto Odam bolasining qon tomirida yuradi. Uning yuardigan yo‘llarini ochlik bilan toraytiringlar[4]”, deb marhamat qilganlar.
Oltinchidan ro‘za orqali inson sog‘lig‘ini tiklab olishga erishadi. Ro‘zada insonning oshqozon va hazm qilish a’zolari dam oladi. Oshqozon yaxshi hazm bo‘lmay qolgan taomlardan tozalanadi. Badan ortiqcha namlikdan xalos bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ro‘za tutinglar sog‘lom bo‘lasizlar[5]”, deb tavsiya qilganlar. Arab tabiblaridan Horis ibn Kalda “Oshqozon kasalliklar uyidir. Parhez barcha davoning boshidir”, degan.
Bu sanab o‘tilgan hikmatlar ro‘zaning ojiz bandalarning aqli yetgan foidalaridan mingdan, balki milliondan biri. Alloh hikmat egasi bo‘lgan zot.
Yana shuni aytishmiz mumkinki, Alloh taolo ushbu oyning sharofati bilan bandalar rizqlarini keng qiladi. Yaxshiliklarini ko‘paytirib turli adashishlardan uzoq qiladi. Chunki bu oyda jannat eshiklari ochiladi. Do‘zax eshiklari tanbalanadi. Ashaddiy jin va shaytonlar kishanlanadi. Ramazon oyi ummatning go‘yo bahori. Ibodatlar uchun mavsum. Xayrli amallar uchun musobaqa maydoni. Mo‘min uchun bu oydan afzal oy yo‘q. Ushbu oydagi solih amaldan ortig‘i yo‘q. Bu oy haqli ravishda mo‘min uchun g‘animat oyidir. Ibodatlar uchun g‘animatdir. Zero bu oyda namoz, zakot va boshqa xayrli amallarning ajrlari ko‘paytirib beriladi. Allohning huzurida nafl ibodatlar farz darajasida, farz ibodatlar esa yetmish barobarida qabul qilinadi.
“Diniy fanlar” kafedrasi
o‘qituvchisi F.Jo‘rayev.
[1] Baqara surasi 185-oyat.
[2] Baqara surasi 184-oyat.
[3] Imom Buxoriy va Muslim ibn Mas’uddan rivoyat qilganlar.
[4] Imom Buxoriy va Muslim Sofiya onamizdan rivoyat qilganlar.
[5] Abu Nu’aym “Tib” kitobida Abu Hurayradan rivoyat qilgan.
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz