“Qadr” qadri ulug‘, fazilati buyuk qilingan kechadir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Biz uni (Qur’onni «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik. (Ey, Muhammad!)QadrkechasinimaekaniniSizga ne hamanglatur?!Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir.U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar.U (kecha) to tongotgunichasalomatlikdir” (Qadr, 1–5).
Bu kechada Qur’oni karim «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga tushirildi, Jabroil (alayhissalom) boshchiligida farishtalar yerga tushiriladi, bandalarning bir yillik qadarlari – taqdirlari belgilanadi. Shu sababli ham mo‘min-musulmonlar bu kechani toat ibodat bilan o‘tkazishlari lozim. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (alayhissalom): “Kim Laylatul Qadrni imon va ixlos bilan qoim bo‘lib o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur”, dedilar (Imom Buxoriy, imom Muslim va imom Termiziy rivoyati).
Islom ulamolar kechani qoyim o‘tkazishning qanday bo‘lishi borasida batafsil to‘xtalib o‘tganlar. Bu kechada xufton va bomdod namozini jamoat bilan o‘qish, kechaning qolgan qismida esa nafl namozi o‘qish, Qur’oni karim tilovati bilan band bo‘lish lozim.
Agar bu amallar imon va ixlos bilan ado etilsa, gunohlar mag‘firat etilishi va’da qilinmoqda hadisi sharifda.
Bu kechada qilinadigan ibodatlarning ajri ming oy qilinadigan ibodatlarga teng ekani hadislarda keltiriladi. Bu ham ummati Muhammadga Alloh taoloning bir in’omi, marhamatidir.
Qadrning Ramazon oyining qaysi kechasida ekani haqida juda ko‘plab rivoyatlar keltirilgan. Oisha (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar edilar va “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘nligidan izlanglar” deb edilar (Imom Termiziy rivoyati).
Imom Buxoriy va Imom Muslim keltirgan sahih hadisda esa bunday deyiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n (kechasi)da izlanglar: to‘qqiz kecha qolganda, yetti kecha qolganda va besh kecha qolganda”, dedilar.
Imom Abu Dovud va Imom Ahad qilgan rivoyatda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Laylatul Qadr yigirma yettinchi kechadadir”.
Ulamolarning ittifoqiga ko‘ra esa Ramazonning oxirgi un kunligining toq kechalarining bavrchasini bedorlikda o‘tkazish fazilatli amal sanaladi. Bu kechalarda qilingan ibodatlarga ulkan ajrlar beriladi, inshoalloh!
Aslida esa ushbu muborak oyning har bir kechasini muborak bilish yanada fazilatliroqdir!
Alloh taolo barchamizgna qadr kechasining barokotidan to‘liq ulush olishni nasibi ro‘z aylasin!
Nigora MIRZAYEVA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hikoya qilishadiki, Ma’rufi Karxiy quddisa sirruhu tahorat olish uchun Dajla daryosi qirg‘og‘ida to‘xtab, Qur’on va kiyimlarini bir tarafga qo‘ydilar. Shu payt qandaydir bir ayol kelib Ma’ruf Karxiy quddisa sirruhuning liboslari va Qu’onini olib jo‘nab qoldi. Shayx ayolning izidan yetib olib aytdilar:
– Singlim, men Ma’ruf bo‘laman, sizni hech bir narsada ayblamoqchi emasman. Faqat, Qur’on o‘qiy oladigan farzandingiz bormi yo yuqmi, shuni bilmoqchi edim, xolos?
Ayol “yuq” deb javob qaytargach, Ma’ruf:
– Balki Qur’on o‘quvchi eringiz bordir – deb so‘radilar. Ayol yana “yuq” deb rad javobi bergach, Ma’ruf unga:
– Unday bo‘lsa, mayli, ust-kiyimlarimni o‘zingizda olib qoling-da, Qur’onni menga qaytarib bering! – dedilar.
Bir gal Shayx Abu Abdurahmon as-Sulamiy quddisa sirruhuning uyini o‘g‘rilar bosib, bor narsasini olib ketishdi.
Naql qilishlaricha, u zot quddisa sirruhu bir do‘stlariga bunday debdilar:
– Bozorga borib, o‘g‘irlangan yaktagimga ko‘zim to‘shib qoldi. Shunda darhol o‘zimni bilmaganga solib yuzimni o‘girib oldi.
Bir gal Molik ibn Dinor quddisa sirruhuning ayollari u kishiga “Ey riyokor!” deya tanbeh beribdi. Shunda u kishi: “Ey xotin, sen menga basraliklar bilmaydigan xo‘b munosib bir nom topding-da!”– deya kayfiyatlari ochilib ketgan ekan.
Yahyo ibn Ziyod al-Horisiyda bir badxulq xizmatkor bor ekan. U zotdan:
– Nega bunday yomon qulni ushlab turibsiz? – deb so‘raganlarida, u zot:
– O‘zimga halim bo‘lishni ta’lim qilmoqdaman, – deya javob beribdilar.
Naql etishlaricha, bir gal Ibrohim ibn Adham quddisa sirruhu cho‘lga chiqqanlarida bir askarni uchratib qoldilar. Askar so‘radi:
– Bu yerning aholisi qani?
Ibrohim Adham qabriston tomonga ishora qildilar. Navkar bu odam mening ustimdan kulyapti degan o‘yga borib, u kishining boshlariga urib jarohatladi. U kishi ketganlaridan keyin esa navkarga bu zotning xurosonlik mashhur so‘fiy Ibrohim Adham ekanlarini aytishdi. Navkar ortlaridan borib, kechirim so‘ray boshladi. Bunga javoban Ibrohim Adham quddisa sirruhu bunday dedilar:
– Sen meni urganingda Allohdan senga jannat ato etishini so‘radim.
Navkar bunday xayrli duoning sababini so‘radi va Ibrohim Adham quddisa sirruhu javob berdilar:
– Shuni bildimki, sen meni urganing uchun Alloh menga ajru mukofot beradi. Sen tufayli yaxshilik topganim sababli men tufayli yomonlik ko‘rishingni istamadim.
Hikoya qilishadilarki, qandaydir kishi Shayx Abu Usmon al-Hiriy quddisa sirruhuni mehmonga taklif etdi va Shayx darvozaga yaqinlashganlarida uy egasining shunday deganini eshitdilar:
– Yo Shayx, hozir mening uyimga kirishning vaqti emas, qilgan taklifimdan afsusdaman, ketsang ma’qulroq!..
Abu Usmon quddisa sirruhu qaytib ketdilar va hovlilariga yetdim deganlarida ketlaridan haligi kishining ovozini eshitdilar:
– Yo Shayx, aytganlarimdan afsusdaman, kechirgin, qaytadan menikiga tashrif buyursang yaxshi bo‘lardi...
Shunda taqvodor zot unikiga yana borishlarini aytdilar. Ikkinchi marta borganlarida ham uy egasi avvalgiday muomala qildi. Xuddi shu hol uchinchi, to‘rtinchi bor ham takrorlandi. Shayx esa go‘yo hech narsa bo‘lmaganday borib, eshik oldidan yana qaytardilar. Nihoyat, haligi kishi:
– Yo Shayx, men sizni sinab ko‘rmoqchi edim xolos, – deya uzr so‘rab, u kishini maqtay boshladi, shunda Abu Usmon al-Hiriy quddisa sirruhu dedilar:
– Meni itlarda ham bo‘lishi mumkin bo‘lgan sifat bilan maqtashingga ne hojat, axir ular ham chaqirsang keladilar, haydasang ketadilar-ku?!
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi