O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Namangan viloyatidan tashrif buyurgan 100 nafarga yaqin imom-xatib ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda amaliy seminar tashkil etildi, xabar bermoqda iccu.uz.
Ishtirokchilar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdilar.
Tashrif davomida mehmonlarga Markaz ekspozitsiyalarida aks ettirilgan buyuk muhaddislar, mutafakkirlar, faqihlar, olimlar va davlat arboblarining jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berildi. Nodir qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar va raqamli texnologiyalar uyg‘unligi tarixiy merosni zamonaviy formatda taqdim etish imkoniyatini yaratayotgani alohida e’tirof etildi.
Toshkent shahridagi «Hofiz Ko‘hakiy» jome masjidi imom-xatibi Bahrom Otajonov Markazni «nafaqat muzey, balki xalqning ko‘p asrlik tarixi va sivilizatsiyasini jonli namoyon etuvchi ilmiy-ma’rifiy makon» deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, ekspozitsiyalarda davlatchilik, ilm-fan, me’morchilik va ma’naviy merosning yaxlit konsepsiya asosida namoyon qilinishi tashrif buyuruvchilarda O‘zbekistonning sivilizatsion taraqqiyotdagi o‘rni haqida yaxlit tasavvur hosil qiladi.
– Bu markaz nafaqat muzey, balki xalqimizning ko‘p asrlik tarixi va sivilizatsiyasini jonli tarzda aks ettiruvchi ilmiy-ma’rifiy makondir. Bu yerda insoniyat taraqqiyotining muhim bosqichlari, ajdodlarimizning ilm-fan, davlatchilik, me’morchilik va ma’naviyat sohasidagi buyuk merosi yaxlit holda namoyon qilingan. Ayniqsa, Amir Temur davri, Qur’oni karim, dunyoviy ilmlar va tarbiya masalalarining bir makonda uyg‘unlashtirilgani insonni chuqur o‘yga toldiradi. Bu yerga kelgan har bir kishi O‘zbekistonning naqadar boy tarix va yuksak sivilizatsiya sohibi ekaniga yana bir bor amin bo‘ladi, – dedi Bahrom Otajonov.
Imom-xatiblar Markazning zamonaviy kutubxonasi faoliyati bilan ham tanishdilar. Minglab qo‘lyozmalar, nodir kitoblar va ilmiy nashrlarni o‘z ichiga olgan fond islomshunoslik, moturidiylik, hadisshunoslik, fiqh, tafsir va boshqa yo‘nalishlarda tadqiqot olib boruvchi olimlar hamda yosh tadqiqotchilar uchun muhim ilmiy resurs sifatida baholandi.
Olmazor tumanidagi «Imom at-Termiziy» jome masjidi imom noibi Mansur Musaxon Markazda saqlanayotgan Hazrati Usmon mus'hafini butun islom olami uchun ulkan ma’naviy boylik deb atadi. Uning fikricha, ajdodlar merosining zamonaviy muzey texnologiyalari asosida namoyon etilishi yosh avlodning tarixiy xotirasi va ma’naviy tarbiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
– Bu yerdagi har bir ekspozitsiya alohida ma’no va tarixni o‘zida mujassam etgan. Eng katta taassurot qoldirgan jihatlardan biri — asl Hazrati Usmon mus'hafining shu yerda saqlanayotganidir. Bu nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun ulkan ma’naviy boylikdir. Shuningdek, ajdodlarimizning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi zamonaviy yondashuv asosida namoyon etilgani yosh avlod uchun katta ibrat maktabidir. Tarixi va ildiziga qiziqqan har bir inson bu maskanga albatta tashrif buyurishi kerak, – dedi Mansur Musaxon.
Tadbir doirasida din ishlari sohasi mutaxassislari ishtirokida amaliy seminar ham o‘tkazildi.
Kosonsoy tumani bosh imom-xatibi Qodirxon Azizov seminar raqamli boshqaruv tizimlari diniy sohada ham samaradorlik va shaffoflikni oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, Markaz kutubxonasida shakllangan boy ilmiy fond islom ilmlari bo‘yicha izlanish olib boruvchilar uchun muhim manba ekanini qayd etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat muzey yoki madaniy meros obyekti, balki ilmiy tadqiqotlar, ta’lim, xalqaro hamkorlik va ma’rifiy muloqotni birlashtiruvchi nufuzli platformaga aylanib borayotganini ta’kidladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati