Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan “Hasanboy” jome masjidi hududi kuni kecha ilohiy rahmat nurlari bilan limmo-lim to‘ldi, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, bu fayzli jome masjidda kecha tarovih namozida o‘qilayotgan xatmi Qur’on yakuniga yetdi. Xatmonaga tashrif buyurgan Shayx Abluaziz Mansur kabi taniqli ulamolar, Rahimberdi domla Rahmonov, Abduhakim qori Matqulov, Isoqjon domla Begmatov kabi tajribali imom-domlalarning ta’sirli mav’izalari mo‘min-musulmonlarimizni yanada ixlosli bo‘lishga undadi. Shuningdek, qorilarimizning husni sovt bilan Qur’oni karim tilovat qilishlari namozxonlarning qalbini ilohiy muhabbatga ko‘mdi.
“Hasanboy” jome masjidi imom-xatibi Abdumannon domla Usmonov boshchiliklaridagi masjid jamoasining xatmonaga puxta tayyorgalik ko‘rgani xatmi Qur’onning yakunini chiroy o‘tishi va kishilarga a’lo kayfiyat ulashishiga juda katta omil bo‘ldi.
Bularning barchasi Yaratganning inoyati va marhamatidir. Shuning uchun bunday kunlarning qadriga yetish, asrab-avaylash va shukrona keltirish lozim.
Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan “Hasanboy” jome masjididagi tarovih namozidan tayyorlangan ushbu fotolavhalar yuqoridagi aytilgan so‘zlarimizni tasdiqlaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati