Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Til qanday qilib ro‘za tutishi mumkin?

28.05.2018   52928   7 min.
Til qanday qilib ro‘za tutishi mumkin?

Tilning ham o‘ziga xos ro‘zasi bo‘lib, uni lag‘vdan yuz o‘giruvchi bandalar biladilar.  Tilning ro‘zasi ramazonda ham ramazondan boshqa oylarda ham doimiy davom etadi. Faqat til ramazon oyida yanada tarbiyali, odobli bo‘lishga intiladi.  Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda:


قال رسول الله لمعاذٍ : كُفَّ عليك هذا - وأشار إلى لسانه – فقال معاذ: يا نبيَّ الله ، وإنَّا لمؤاخذونَ بما نتكلم به ؟ قال : ثَكِلتْك أمُّك معاذ ، وهل يَكُبُّ الناسَ في النار على وجوههم - أو قال : على مَناخِرهم - إلا حصائدُ ألسنتهم ؟». أخرجه الترمذي.
 

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhuga: “Mana buni tiygin, deb tillariga ishora qiladilar. Shunda Mu’oz roziyallohu anhu: “Yo nabiyulloh, axir biz gapiradigan tillarimiz tufayli ham azoblanamizmi?, dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Onang seni yuqotgur, Mu’oz, insonlarni yuz tuban jahannamga uloqtiradigan narsa albatta, tillarining hosili hisoblanadi”, dedilar”.

Tilning zarari ulkan bo‘lib, xatarining ko‘lami esa juda katta sanaladi. Til zararli yirtqich hayvon, chaquvchi ilon hamda alangalanuvchi olovdir. Tilingiz ila kishi aybini gapirmangki, Sizning ham barcha joyingiz ayb, kamchilikdan iboratdir, Insonlarning ham ular haqida gapiradigan tillari bordir-ku. Mana Ibn Abbos roziyallohu anhu ham tillariga xitoban shunday deyardilar: “Ey til, yaxshilikni gapir, foyda topasan yoxud yomonlikdan sukut saqla, omonda qolasan. Alloh  taolo tilini uyatsiz, buzuq gaplardan saqlagan, g‘iybatdan jilovlagan, lag‘vdan tiygan hamda haromdan asragan musulmonni rahmati ila qurshab olsin! Alloh taolo so‘zlarini hisob-kitob qiladigan, nazarini saqlaydigan, nutqini tarbiyalaydigan hamda gaplarini tartib-intizomli qilib yuradigan kishini rahmatiga olsin!”. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:


مَّا يَلْفِظُ مِن قَوْلٍ إِلاَّ لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ

 

“U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir”. (Qof: 18).

Tildan chiqadigan barcha lafzu so‘zlar saqlanib, hisob-kitob qilinadi. Inson o‘ziga-o‘zi zulm qiluvchidir, “Rabbingiz bandalarga zulm qiluvchi emasdir”. (Fussilat: 46).

Sahihi Buxoriyda Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhis salom: “Kim menga ikki jag‘i va ikki oyog‘i orasidagi narsaga kafil bo‘lsa, men unga jannatga kafil bo‘laman”, deb aytdilar.

Ey inson, tilingni ehtiyot qilginki, seni chaqib olmaydi. Chunki u ilondir. Allohga qasamki, birgina aytilgan xato so‘z unda halokati, xusron-nadomati bo‘lgan o‘limni olib keladi. Sahobayi kiromlar Qur’on va sunnat odobi ila tarbiyalangan vaqtlaridanoq, lafzlarini to‘g‘irlab, gaplariga rioya qila boshladilar. Ularning nutqlari zikr, nazarlari ibrat hamda sukut saqlashlari esa tafakkurga aylandi. Xudojo‘y, taqvodor kishilar qiyomat kuni Qahhor zotga yo‘liqishlaridan qo‘rqib, tillarini U zotni zikr qilishga, shukr qilishga o‘rgatgandilar hamda buzuq, fahsh, behayo  so‘zlardan tiygandilar. 

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: “Allohga qasamki, yer yuzida tildan ko‘ra uzoq vaqt hibs qilinishga haqliroq biror narsa yo‘qdir”.
Solih kishilar gapirishni istardilar-da, uning masuliyatini, oqibatini, natijasini o‘ylashib, sukut saqlardilar.

Tilining jilovini, tizginini qo‘yib yuborgan kishi qanday qilib ro‘za tutadi?..

Tili  u bilan vaqtichog‘lik qiladigan, gaplari  aldaydigan, nutqi esa yo‘ldan uradigan kishi qayerdan ham ro‘za tutishi mumkin axir?..

Yolg‘on gapiradigan, g‘iybat qiladigan hamda ko‘p haqorat qilib so‘kinadigan shuningdek, hisob-kitob kunini unutib qo‘ygan kishi qanday qilib ro‘za tutgan hisoblanadi?..  

Yolg‘on guvohlik berib, musulmonlarga yomonlik qilishdan tiyilmaydigan kishi qanday ro‘za tutishi mumkin?..

Sahih hadisda Abdulloh ibn Amr Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: 

عن عبد الله بن عَمْرو ، عن رسول الله صَلَّى الله عَلَيه وسَلَّم : المسلم من سلم المسلمون من لسانه ويده                                

Nabiy alayhis salom: “Musulmon – boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishi”, deb aytdilar.

Islom bu amal qilish, tatbiq qilish, dastur, bo‘ysunish, to‘g‘ri yo‘ldan yurish hamda itoat etish demakdir. Alloh taolo shunday aytadi:

 

وَقُلْ لِعِبَادِي يَقُولُوا الَّتِي هِيَ أَحْسَنُ إِنَّ الشَّيْطَانَ يَنْزَغُ بَيْنَهُمْ

 

 “Bandalarimga aytingki, ular (o‘zaro) go‘zal (so‘zlardan) so‘zlasinlar. Zero, shayton ularning o‘rtalarida buzg‘unchilik qilur”. (Isro: 53 ).

Go‘zal so‘zlar bu biror kishining shaklu shumoilini, shaxsiyatini haqorot qilmaydigan, musulmonning obro‘sini to‘kmaydigan hamda mo‘minning hurmatini poymol qilmaydigan ajoyib, hush  so‘zlar sanaladi. Alloh taolo yana bir oyati karimada shunday deydi: 

وَلَا يَغْتَبْ بَعْضُكُمْ بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ

 

“Biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir!”. (Hujurot: 12).

Qancha-qancha ro‘zadorlar borki, tillari buzilgan, nutqlari yomonlashib, aytadigan so‘zlariga rioya etilmay qo‘yilgan kundan boshlab ro‘zalarini buzgandirlar.

Azizlar! Ro‘za tutishdan maqsad bu faqat och qolish bilan chanqash emas. Balki, barcha a’zolarimizni tarbiya qilish, odobga solish demakdir.

Tilda siz unga hukmronlik qilmaganingiz oqibatida o‘nlab kasalligi kelib chiqadi. 1. Yolg‘on gapirish. 2. G‘iybat qilish. 3. Chaqimchilik qilish. 4. Axloqsiz so‘zlarni gapirish. 5. So‘kinish. 6. Uyatsiz gaplarni gapirish. 7. Aldash. 8. La’natlash. 9. Masxara qilish. 10. Istehzo qilish va hokazo...

Ba’zi so‘zlar borki o‘z sohibini jahannamga yuz tuban qulashiga sababchi bo‘ladi. Albatta bunday so‘zlarning egalari tillariga erk berib, uning tizginini, jilovini shunday bo‘sh qo‘ygan insonlardir.
Til yaxshilik eshigiga yo‘l bo‘lganidek, yomonlikka ham xuddi shunday yo‘ldir.
Tillari ila Alloh taoloni zikr qiladigan, Ul zotga istig‘for aytib, hamdu sano tilaydigan hamda tasbehlar aytib, shukr qiladigan, shuningdek, tavba qiladigan  kishilar qanday ham ko‘zning quvonchidirlar. Aksincha, tillari ila insonlarning obro‘larini poymol qiladigan, hurmatlarini to‘kadigan hamda qadru qiymatlarini yerga uradigan insonlar albatta bu dunyoda ham oxiratda ziyon chekuvchilardir. Ey, Ro‘zador azizlarim, keling tillarimizni zikr ila xo‘llaylik, taqvo ila ziynatlaylik va turli xil ma’siyatlardan poklaylik! Ey, Allohim, biz sendan sodiq tillarni, salomat qalblarni hamda istiqomatda bo‘lgan xulqlarni so‘raymiz. Ushbu oyning hurmatidan barchalarimizning gunohlarimizni kechir! Omiin!

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu.

 

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Baratov G‘iyosiddin manbalar asosida tayyorladi

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   8553   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari