Tinchlik – eng katta ne’mat. Uning qadriga yetish, asrab-avaylash musulmon kishining zimmasidagi burchidir.
Hadisi sharifda: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”, deyilgan.
Har bir inson yashashi, Allohga xotirjam ibodat qilishi, ishlashi uchun tinchlik darkor. Rivoyatlarga ko‘ra, Xarim Naimdan Hajjoj ibn Yusuf so‘radi: "Ne’mat nima?" U: "Tinchlik, chunki men xavfsiragan kishining hayotdan manfaatlanganini ko‘rmadim", deb javob bergan ekan.
Tinchligini yo‘qotgan yurt yulduzsiz osmon kabi zimiston. Qanchalar unumdor yerlari, dov-daraxtlari, bog‘-rog‘lari bo‘lmasin, ularning hech biridan manfaat ololmaydi.
Ko‘ngil xotirjamligiga erishishning eng asosiy sharti Yaratganga imon keltirishdir.
Tarixda tinchlikning buzilishiga aksar hollarda jamiyatning diyonatdan uzoqlashgani, ma’naviyatga e’tiborsizligi sabab bo‘lgani kuzatiladi. Shunga ko‘ra, tinchlikni saqlash maqsadida, bugun, barchalarimiz jipslashib, yosh avlodni yuksak ma’naviyatli, dinu-diyonatli, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalab borishimiz darkor.
Shu ma’noda xalqimiz dinimiz aqidasiga sidqi dildan amal qilib kelayotgani tufayli, Alloh taoloning ne’mati bo‘lmish yurtimizda hukm surayotgan xotirjamlik, osoyishtaligini ko‘ramiz. Ana shu tufayligina jinoyatlarning oldi olinadi, osudalik hukm suradi.
Tinchlikni saqlaydigan omillardan yana biri – to‘g‘ri tafakkur. Zero, to‘g‘ri fikrlash barchani har xil buzuq e’tiqodlardan, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolishdan asraydi. Odamlar orasida fahsh, munkar ishlar, noto‘g‘ri g‘oyalar tarqalishining oldini oladi.
Xotirjamlikning davomiyligini ta’minlaydigan omillardan yana biri – shukr. Zero, Qur’oni karimda ham shukr qilganlarga ne’matlarning ziyoda bo‘lishi aytiladi. Bilaks, noshukurlik tinchsizlikka sabab bo‘lishi mumkinligi ham oyatlarda o‘z aksini topgan.
Insonlarning birligi, ma’rifat hosil qilishi, hayot farovonligi, rizqning mo‘l-ko‘l bo‘lishi, jamiyatda birdamlikning mustahkamlanishi, qo‘ni-qo‘shni va qavm-qarindoshning holidan xabar olib turish, silai rahm qilish, xotirjam ibodatda bo‘lish, Yer yuzida Alloh taoloni rozi qiladigan hayot kechira olish uchun ham tinchlik lozim.
Har bir inson uchun tinchlik zarurligi borasida hadisi sharifda ham aytib o‘tilgan. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi” (Imom Buxoriy rivoyati).
E’tibor berilsa, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) biz ko‘pincha e’tibor bermaydigan, aslida muhim bo‘lgan uch narsani eslatyaptilar: tinchlik, salomatlik va moddiy ta’minot. Allohga hamdlar bo‘lsin, bugun tinch va obod yurtimizda barchamiz bu ne’matlarga egamiz. Uni saqlash Vatan va kelajak avlodlar oldidagi burchimizdir.
Manbalar asosida
Xo‘jaobod tuman
“Yetti chinor” jome masjidi imom-noibi
Muxammadquddus ABDULMANNON
tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hozirgi davrda korrupsiya global miqyosdagi eng jiddiy muammolardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. U jamiyatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat huquqiy choralarni, balki axloqiy va ma’naviy asoslarni ham talab qiladi. Islom dini esa inson faoliyatini tartibga soluvchi mukammal tizim sifatida bu borada muhim tamoyillarni taklif etadi.
Islom ta’limotida jamiyat barqarorligi axloqiy qadriyatlarga tayanadi. Qur’oni karimda adolat va omonatdorlikka alohida urg‘u berilib, insonlar o‘rtasidagi munosabatlar halollik asosida qurilishi lozimligi ta’kidlanadi. Jumladan, Niso surasining 58-oyatida omonatni egasiga topshirish va adolat bilan hukm qilish buyuriladi.
Islomiy qadriyatlar quyidagilardan iborat:
• Halollik — har qanday faoliyatda poklik va rostgo‘ylikni ta’minlash;
• Adolat — har kimga haqqini berish;
• Omonatdorlik — ishonib topshirilgan vazifani suiiste’mol qilmaslik;
• Mas’uliyat — har bir amal uchun javobgarlikni his etish.
Korrupsiya mansab yoki vakolatdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishdir. Bu holat jamiyatda tengsizlik va ishonchsizlikni keltirib chiqaradi.
Islom nuqtayi nazaridan korrupsiya:
• harom daromad,
• zulm va adolatsizlik,
• omonatga xiyonat sifatida baholanadi.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) hadislarida poraho‘rlik keskin qoralangan bo‘lib, bu illat jamiyatni yemiruvchi omil sifatida ko‘rsatilgan.
Islom dini korrupsiyani ildizidan bartaraf etishga qaratilgan quyidagi mexanizmlarni ilgari suradi:
Birinchi, omonatdorlik tamoyili — mansabni shaxsiy manfaat uchun ishlatishni qat’iyan man etadi.
Ikkinchi, adolat tamoyili — qarorlar xolis va haqqoniy bo‘lishini talab qiladi.
Uchinchi, halollik — harom yo‘llar bilan boylik orttirishni rad etadi.
To‘rtinchi, taqvo — insonning ichki nazorati sifatida xizmat qiladi.
Beshinchi, hisobdorlik — har bir amal uchun javobgarlikni eslatadi.
Bu tamoyillar korrupsiyaning oldini olishda profilaktik vosita sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashishda qonunchilik asoslari takomillashtirilmoqda. Biroq faqat jazolash mexanizmlari yetarli emas. Islomiy yondashuv esa insonning ichki dunyosini tarbiyalash orqali muammoning ildiziga ta’sir ko‘rsatadi.
Islomiy qadriyatlar bilan huquqiy tizim uyg‘unlashganda:
• jamiyatda halollik muhiti shakllanadi,
• davlat boshqaruvida shaffoflik oshadi,
• fuqarolarning huquqiy ong va madaniyati yuksaladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda islomiy axloqiy-huquqiy tamoyillar muhim o‘rin tutadi. Halollik, adolat, omonatdorlik va mas’uliyat kabi qadriyatlar jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bois zamonaviy huquq tizimini ushbu qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirish korrupsiyani kamaytirishda samarali yo‘l hisoblanadi.
Muhammad Achilov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi huquqshunosi