Tinchlik – eng katta ne’mat. Uning qadriga yetish, asrab-avaylash musulmon kishining zimmasidagi burchidir.
Hadisi sharifda: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”, deyilgan.
Har bir inson yashashi, Allohga xotirjam ibodat qilishi, ishlashi uchun tinchlik darkor. Rivoyatlarga ko‘ra, Xarim Naimdan Hajjoj ibn Yusuf so‘radi: "Ne’mat nima?" U: "Tinchlik, chunki men xavfsiragan kishining hayotdan manfaatlanganini ko‘rmadim", deb javob bergan ekan.
Tinchligini yo‘qotgan yurt yulduzsiz osmon kabi zimiston. Qanchalar unumdor yerlari, dov-daraxtlari, bog‘-rog‘lari bo‘lmasin, ularning hech biridan manfaat ololmaydi.
Ko‘ngil xotirjamligiga erishishning eng asosiy sharti Yaratganga imon keltirishdir.
Tarixda tinchlikning buzilishiga aksar hollarda jamiyatning diyonatdan uzoqlashgani, ma’naviyatga e’tiborsizligi sabab bo‘lgani kuzatiladi. Shunga ko‘ra, tinchlikni saqlash maqsadida, bugun, barchalarimiz jipslashib, yosh avlodni yuksak ma’naviyatli, dinu-diyonatli, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalab borishimiz darkor.
Shu ma’noda xalqimiz dinimiz aqidasiga sidqi dildan amal qilib kelayotgani tufayli, Alloh taoloning ne’mati bo‘lmish yurtimizda hukm surayotgan xotirjamlik, osoyishtaligini ko‘ramiz. Ana shu tufayligina jinoyatlarning oldi olinadi, osudalik hukm suradi.
Tinchlikni saqlaydigan omillardan yana biri – to‘g‘ri tafakkur. Zero, to‘g‘ri fikrlash barchani har xil buzuq e’tiqodlardan, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolishdan asraydi. Odamlar orasida fahsh, munkar ishlar, noto‘g‘ri g‘oyalar tarqalishining oldini oladi.
Xotirjamlikning davomiyligini ta’minlaydigan omillardan yana biri – shukr. Zero, Qur’oni karimda ham shukr qilganlarga ne’matlarning ziyoda bo‘lishi aytiladi. Bilaks, noshukurlik tinchsizlikka sabab bo‘lishi mumkinligi ham oyatlarda o‘z aksini topgan.
Insonlarning birligi, ma’rifat hosil qilishi, hayot farovonligi, rizqning mo‘l-ko‘l bo‘lishi, jamiyatda birdamlikning mustahkamlanishi, qo‘ni-qo‘shni va qavm-qarindoshning holidan xabar olib turish, silai rahm qilish, xotirjam ibodatda bo‘lish, Yer yuzida Alloh taoloni rozi qiladigan hayot kechira olish uchun ham tinchlik lozim.
Har bir inson uchun tinchlik zarurligi borasida hadisi sharifda ham aytib o‘tilgan. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi” (Imom Buxoriy rivoyati).
E’tibor berilsa, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) biz ko‘pincha e’tibor bermaydigan, aslida muhim bo‘lgan uch narsani eslatyaptilar: tinchlik, salomatlik va moddiy ta’minot. Allohga hamdlar bo‘lsin, bugun tinch va obod yurtimizda barchamiz bu ne’matlarga egamiz. Uni saqlash Vatan va kelajak avlodlar oldidagi burchimizdir.
Manbalar asosida
Xo‘jaobod tuman
“Yetti chinor” jome masjidi imom-noibi
Muxammadquddus ABDULMANNON
tayyorladi
Buxoro shahridagi «Abu Bakr as-Siddiq» jome masjidida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy suhbat tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Uchrashuvda imom-xatib Orif domla To‘qsonov ishtirok etib, gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan fuqarolar bilan yaqindan muloqot qildi. Navbatdagi suhbat «Yo‘llardan to‘g‘ri foydalanish — odob va mas’uliyatdir» mavzusiga bag‘ishlandi. Imom-xatib o‘z ma’ruzasida islom dinida yo‘l haqqi, jamoat joylarida o‘zini tutish odoblari va atrofdagilarga ozor bermaslikning ahamiyati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar aqida, fiqh va ijtimoiy hayotga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Muloqot jarayoni ma’lumotlarning to‘laqonli va tushunarli yetib borishini ta’minlash maqsadida malakali surdo tarjimon hamrohligida olib borildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan ehsonlar ulashildi. Bu kabi tadbirlar jamiyatda ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamning diniy va ma’rifiy bilimlarini oshirish, ularni ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati