Tinchlik – eng katta ne’mat. Uning qadriga yetish, asrab-avaylash musulmon kishining zimmasidagi burchidir.
Hadisi sharifda: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”, deyilgan.
Har bir inson yashashi, Allohga xotirjam ibodat qilishi, ishlashi uchun tinchlik darkor. Rivoyatlarga ko‘ra, Xarim Naimdan Hajjoj ibn Yusuf so‘radi: "Ne’mat nima?" U: "Tinchlik, chunki men xavfsiragan kishining hayotdan manfaatlanganini ko‘rmadim", deb javob bergan ekan.
Tinchligini yo‘qotgan yurt yulduzsiz osmon kabi zimiston. Qanchalar unumdor yerlari, dov-daraxtlari, bog‘-rog‘lari bo‘lmasin, ularning hech biridan manfaat ololmaydi.
Ko‘ngil xotirjamligiga erishishning eng asosiy sharti Yaratganga imon keltirishdir.
Tarixda tinchlikning buzilishiga aksar hollarda jamiyatning diyonatdan uzoqlashgani, ma’naviyatga e’tiborsizligi sabab bo‘lgani kuzatiladi. Shunga ko‘ra, tinchlikni saqlash maqsadida, bugun, barchalarimiz jipslashib, yosh avlodni yuksak ma’naviyatli, dinu-diyonatli, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalab borishimiz darkor.
Shu ma’noda xalqimiz dinimiz aqidasiga sidqi dildan amal qilib kelayotgani tufayli, Alloh taoloning ne’mati bo‘lmish yurtimizda hukm surayotgan xotirjamlik, osoyishtaligini ko‘ramiz. Ana shu tufayligina jinoyatlarning oldi olinadi, osudalik hukm suradi.
Tinchlikni saqlaydigan omillardan yana biri – to‘g‘ri tafakkur. Zero, to‘g‘ri fikrlash barchani har xil buzuq e’tiqodlardan, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolishdan asraydi. Odamlar orasida fahsh, munkar ishlar, noto‘g‘ri g‘oyalar tarqalishining oldini oladi.
Xotirjamlikning davomiyligini ta’minlaydigan omillardan yana biri – shukr. Zero, Qur’oni karimda ham shukr qilganlarga ne’matlarning ziyoda bo‘lishi aytiladi. Bilaks, noshukurlik tinchsizlikka sabab bo‘lishi mumkinligi ham oyatlarda o‘z aksini topgan.
Insonlarning birligi, ma’rifat hosil qilishi, hayot farovonligi, rizqning mo‘l-ko‘l bo‘lishi, jamiyatda birdamlikning mustahkamlanishi, qo‘ni-qo‘shni va qavm-qarindoshning holidan xabar olib turish, silai rahm qilish, xotirjam ibodatda bo‘lish, Yer yuzida Alloh taoloni rozi qiladigan hayot kechira olish uchun ham tinchlik lozim.
Har bir inson uchun tinchlik zarurligi borasida hadisi sharifda ham aytib o‘tilgan. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi” (Imom Buxoriy rivoyati).
E’tibor berilsa, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) biz ko‘pincha e’tibor bermaydigan, aslida muhim bo‘lgan uch narsani eslatyaptilar: tinchlik, salomatlik va moddiy ta’minot. Allohga hamdlar bo‘lsin, bugun tinch va obod yurtimizda barchamiz bu ne’matlarga egamiz. Uni saqlash Vatan va kelajak avlodlar oldidagi burchimizdir.
Manbalar asosida
Xo‘jaobod tuman
“Yetti chinor” jome masjidi imom-noibi
Muxammadquddus ABDULMANNON
tayyorladi
#Kitob_taqdimoti
Bugun, 6 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov tomonidan tarjima qilingan Imom Abulqosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariyning “Maqomoti Zamaxshariy” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Ellikta maqomadan tashkil topgan “Maqomoti Zamaxshariy” asarida har bir mo‘min-musulmonda bo‘lishi talab etiladigan go‘zal odoblar va xislatlar haqida so‘z boradi. Qariyb ming yil o‘tganiga qaramay, haligacha bu kitob o‘z qadrini yo‘qotgan emas.
Tadbirni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ustozlar tomonidan “Maqomoti Zamaxshariy” kitobidagi maqomot tushunchasi, asarning ahamiyati hamda tarjimaning yutuqlari va afzallik jihatlari haqida ma’ruzalar qilindi. Shuningdek, kitobning ma’naviy ahamiyati, uning professor-o‘qituvchilar, talabalar va diniy soha xodimlari uchun muhim qo‘llanma ekanligi ta’kidlandi.
Taqdimotda, shuningdek, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari Nodir domla Jalolov, “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktori Sultonbek Imomnazarov hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdilar.
Taqdimot tadbiri xayrli duolar bilan o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot kotibi