Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Chekish yoki sog'lom hayot – tanlov o'zingizdan!

01.06.2023   6260   8 min.
Chekish yoki sog'lom hayot – tanlov o'zingizdan!

Tamaki mahsulotlarini iste'mol qilish inson salomatligiga jiddiy zarar etkazadi. Ushbu oddiy haqiqat bilan hayotda qayta-qayta duch kelsak-da, dunyoda chekuvchilar tobora ortmoqda. Ayniqsa, voyaga etmagan yoshlar, xotin-qizlar orasida bu illat keng tarqalayotgani ayanchli.

Har yili 31 may – Jahon tamakisiz kuni jahon miqyosida nishonlanadi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) 1987 yil ta'sis etgan ushbu xalqaro sana chekishni tashlash bo'yicha global hamkorlikning eng muhim voqeasidir.

Jahon tamakisiz kunini o'tkazishdan bir necha maqsad ko'zlangan. Hususan, tamaki xavfi haqida butun dunyo bo'ylab xabardorlikni oshirish, chekishni tashlashning afzalligini targ'ib qilish, ushbu zararli odatni tark etishda amaliy yordam taklif etish, chekish bilan kurashadigan sog'liqni saqlash uyushmalari va shifoxona xizmatlarini rag'batlantirish, yoshlarni tamaki mahsulotlaridan, ayniqsa, elektron sigaret kabi yangi mahsulotdan himoya qilish shular sirasiga kiradi.

Bu yil Jahon tamakisiz kuni “Tamaki emas, oziq-ovqat etishtirish” mavzusi doirasida nishonlanmoqda. Binobarin, tamaki sanoatining atrof-muhitga zararli ta'siri, salbiy oqibati muttasil ortib bormoqda. Bu sayyoramizning shusiz ham cheklangan resurslari va kuchsizlangan ekotizimiga ortiqcha yuk bo'lmoqda.

Raqamlarga murojaat qilamiz. Sigaret ishlab chiqarish uchun bir yilda 600 million daraxt kesiladi, 22 milliard litr suv ishlatiladi, atmosferaga 84 million tonna karbonat angidrid (SO2) gazi chiqadi. Bularning bari er yuzida havo harorati yanada ko'tarilishiga sabab bo'lmoqda.

Tamaki etishtirish nafaqat qishloq xo'jaligi ishchilari, balki barchamizning sog'lig'imizga putur etkazmoqda, boz ustiga ushbu illatdan sayyoramiz beqiyos zarar ko'rmoqda. Tamaki sanoati esa tamakini boshqa ekinlar bilan almashtirishga yo'l qo'ymay, oqibatda global oziq-ovqat inqirozi kuchayishiga hissa qo'shmoqda.

Bu yilgi tamakiga qarshi kompaniya, bir tomondan, hukumatlarni tamaki ishlab chiqarishni subsidiyalashdan voz kechishga hamda tejalgan mablag'ni qishloq xo'jaligi korxonalariga oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun yo'naltirishga, ikkinchi tomondan, odamlarning ovqatlanishini yaxshilash uchun yanada barqaror ekinlarga o'tish uchun yordam berishga qaratilgan.

Chekishning zararini tamaki iste'moli tufayli yuzaga keladigan kasalliklardan ham bilish mumkin. Bu odat yurak-qon tomir, nafas olish, ovqat hazm qilish, asab, jinsiy bezlar kabi insonning muhim ichki a'zolariga zaharli ta'sir qiladi. Oqibatda miokard infarkti, xafaqon kasalligi, bronxlarning surunkali yallig'lanishi, yara va saraton singari ko'pgina xavfli kasalliklaga olib keladi.

Kashandalik 17 xil saratonga sababchi: 98 foiz qizilo'ngach yoki tomoq saratoni, 96 foiz o'pka saratoni, 30 foiz boshqa turdagi saraton kasalliklari, 75 foiz surunkali bronxit va o'pka emfizemasi, 25 foiz yurak-ishemik kasalliklari. Yurak kasalligi bilan bog'liq o'limning 20 foizi aynan tamaki iste'moli natijasida kelib chiqadi.

JSST statistikasi:

  • tamaki chekuvchilarning teng yarmi aynan shu illat tufayli o'lim topadi;
  • tamaki iste'moli bilan bog'liq kasalliklardan  har yili 8 milliondan ortiq odam vafot etadi;
  • ushbu o'lim holatlarining 7 milliondan ko'pi to'g'ridan-to'g'ri kashandalik natijasida, 1,2 millionga yaqini esa chekmaydiganlar, ya'ni passiv chekuvchilar orasida tamaki tutuni ta'siridan kelib chiqadi;
  • dunyodagi 1,3 milliard nafardan ortiq kashandaning 80 foizi past va o'rta daromadli mamlakatlarda yashaydi;
  • 2020 yil dunyo aholisining 22,3 foizi, xususan, erkaklarning 36,7 foizi va ayollarning 7,8 foizi tamaki iste'mol qilgan. Bugungi kunda ushbu raqamlar yanada ortmoqda;
  • tadqiqotlar tamaki iste'mol qiluvchilar hech qachon chekmaganlarga nisbatan 10-15 yil kam yashashini ko'rsatgan.

Ta'kidlash joiz, tamakining salbiy ta'siri oldini olishga urinish elektron sigaret keng tarqalishiga olib keldi. Elektron sigaret nima o'zi?

Elektron sigaret – chilim, bug' generatori, vaporayzer yoki vayp singari tamaki o'rniga maxsus suyuqlik kartrijidan foydalanadigan chekish moslamasi.

Chekishning ushbu yangi shakli ko'pincha o'smirlar, yoshlar tomonidan ma'qul ko'rilmoqda. Bunga asosiy sabab esa elektron sigaretning dizayni, ixcham o'lchami va shaklidir. Qolaversa, turli yoqimli hid va ta'm chekish holatini yashirish imkonini beradi. Ota-ona, hatto, farzandi elektron sigaret iste'mol qilayotganini payqamasligi ham mumkin.

JSST ekspertlari va boshqa ko'plab mutaxassislar o'z tadqiqotlarida bunday turdagi elektron chekish vositasining zararli oqibati ayonligini isbotlamoqda. Shu sababli elektron chekish vositalari tarqalishining oldini olish ham kun tartibidagi dolzarb masalalardan hisoblanadi.

Dunyo bo'ylab 800 millionga yaqin odam chekishni tashlashni xohlaydi. Binobarin, bu unchalik oson ish emasdek, go'yo. Chekish kuchli jismoniy va ruhiy qaramlikni keltirib chiqaradi.

Mutaxassislar fikricha, inson tamaki iste'mol qilishdan voz kechganda uning tanasida quyidagi jarayonlar yuz beradi:

  • oxirgi iste'mol qilingan sigaretdan atigi 20 daqiqa o'tgach, yurak urishi sekinlashadi;
  • 12 soat ichida qondagi uglerod oksidi miqdori me'yoriy darajagacha tushadi;
  • 2-12 hafta ichida qon aylanishi va o'pka faoliyati yaxshilanadi;
  • 1-9 oy ichida yo'tal va nafas qisishi asta-sekin yo'qoladi;
  • 5-15 yil o'tgach, insul't xavfi chekmaydigan odamdagi darajagacha kamayadi;
  • 10 yil ichida o'pka saratoni rivojlanish xavfi, taxminan, ikki barobar pasayadi;
  • 15 yil ichida yurak xastaligining rivojlanish ehtimoli chekmaydiganlar darajasiga qadar tushadi.

Insonning salomatlikka nisbatan huquqini ta'minlash maqsadida barcha davlatlar tamaki mahsulotlari uchun soliqni oshirish, jamoat joyida tamaki iste'molini cheklash va reklamasini taqiqlash kabi zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Yaqindagina davlatimiz rahbari “Alkogol' va tamaki mahsulotlari tarqatilishi hamda iste'mol qilinishini cheklash to'g'risida”gi Qonunni imzoladi. Ushbu qonunga ko'ra, jamoat joyida tamaki mahsuloti, elektron sigaret va chilim iste'mol qilish taqiqlanadi. Ya'ni, tamaki mahsulotini faqat ochiq havoda, binodan tashqarida chekish mumkin. Chilim yoki tamaki mahsuloti iste'mol qilishga mo'ljallangan bino va inshoot esa maxsus ventilyatsiya tizimi bilan jihozlangan bo'lishi kerak.

Qonunga binoan, tamaki mahsuloti 21 yoshga to'lmagan shaxslarga va ular tomonidan, bolalarga mo'ljallangan mahsulotlar sotiladigan xonalarda sog'liqni saqlash, ta'lim, madaniyat, sport inshooti, sanatoriy hamda tibbiy-ijtimoiy muassasa hududlarida, ta'lim, sport va diniy tashkilotdan 100 metrdan kam masofada joylashgan savdo ob'ektida, donalab yoki ochilgan holda sotilishi mumkin emas.

Bir so'z bilan aytganda, sog'ligimiz – Yaratganning bizga ato etgan ulug' ne'mati. Shu bebaho boylikni asrash uchun tamakidan voz kechaylik. Biz chekadigan tamaki tutuni nafaqat o'zimiz, balki atrofimizdagi insonlar, ayniqsa, farzandlarimiz salomatligiga jiddiy xavf tug'dirishini esdan chiqarmaylik.

Rustam Atovulloyev,

Inson huquqlari bo'yicha

O'zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bosh yuriskonsul'ti

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz”

05.08.2026   17977   17 min.
“Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz”

#Vakilliklar faoliyatidan


Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining 14 ta hududiy vakilligi faoliyat yuritadi. Ular tasarrufida jami 2161 ta masjid bo‘lib, 3000 dan ziyod imom-xatib va imom noibi xizmat qiladi. Ushbu ruknimizda hududiy vakillar bilan turkum suhbatlarni reja qilganmiz. Shu maqsadda Qashqadaryo viloyatida bo‘ldik.


Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi, “Imom Buxoriy” ordeni sohibi, Ulamolar kengashi a’zosi Rahmatullo domla USMONOV bilan suhbat


– Assalomu alaykum, domla. Suhbatimizni Siz viloyat bosh imom-xatibi sifatida ish boshlagan davrlardan boshlasak. Dastlab vakillik faoliyatini tahlil qilib, qanday og‘riqli nuqtalar, tezkorlik bilan hal etilishi kerak bo‘lgan muammolarni ko‘rgan edingiz va bugungi kunda ular qanchalik hal etilgan?..


– Va alaykum assalom va rohmatulloh. Bundan rosa 14 yil oldin – 2012 yilning iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakili hamda viloyat bosh imom-xatibi sifatida faoliyat boshlaganman. O‘shanda vakillikning faoliyatini atroflicha tahlil qilib, tizimli yondashuvni talab etadigan qator vazifalarni belgilab olganmiz.


Xususan, masjidlar faoliyatini yagona tartib va talablar asosida tashkil etish, imom-xatiblar va diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, ijro intizomi va hisobdorlikni kuchaytirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom diniy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash, joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada samarali yo‘lga qo‘yish kabilarga alohida e’tibor qaratdik.


Bugunga kelib vakillikda 22 nafar salohiyatli, o‘z ishining mutaxassisi bo‘lgan xodim ishlamoqda. Zamonaviy moddiy-texnik ba’zamiz bor. Viloyatdagi 187 ta masjid faol ishlab turibdi. 


Masjidlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hujjatlar yuritilishini takomillashtirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sifatini oshirish, shuningdek, vakillik tizimida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish, vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida tegishli bo‘limlarni tashkil etish zarurati ham bor edi.


O‘tgan yillar davomida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha aniq rejalar asosida tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada viloyat vakilligi hamda masjidlar faoliyati yanada takomillashtirildi. Vakillik tuzilmasida tegishli shtat birliklari joriy etilib, sohaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar ishga qabul qilindi. Bu esa faoliyatni samarali tashkil etish, vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda joylardagi ishlarni sifatli yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.


Imom-xatiblar uchun muntazam malaka oshirish va o‘quv-seminarlar yo‘lga qo‘yildi, aholi bilan ochiq muloqotlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. Yiliga «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasini keng targ‘ib etish, ekstremizm, terrorizm, missionerlik va yot g‘oyalarga qarshi kurashish, huquqbuzarlik, jinoyatchilik, giyohvandlik, o‘z joniga qasd qilish, erta turmush va ajrimlarning oldini olish, yoshlar, mehnat migrantlari va harbiy xizmatchilar bilan manzilli ishlash, sog‘lom turmush tarzi, oila mustahkamligi, ma’naviy qadriyatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi virtual tahdidlardan himoya, atrof-muhitni asrash hamda mahallada tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga qaratilgan 35 mingdan ortiq keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshiriladi.


O‘sha davrda imom-xatib va diniy soha xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish zarurati bor edi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida hamda muftiy hazratlarining tashabbuslari va bevosita boshchiliklari bilan masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom-noiblari oylik ish haqi bilan ta’minlandi. Bu esa ularning ijtimoiy barqarorligini mustahkamlash, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan va mas’uliyat bilan ado etishi uchun muhim omil bo‘lmoqda.


Ta’kidlash joizki, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlar natijasida viloyatimizda haj ziyorati uchun ajratiladigan kvotalar yildan-yilga oshib, fuqarolarning muqaddas ziyorat amalini ado etish imkoniyatlari kengayib bormoqda. Xususan, 2012 yilda viloyatdan bor-yo‘g‘i 150 nafar fuqaro haj ziyoratini amalga oshirgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich yiliga 800 nafardan oshdi. Bu esa sohada amalga oshirilgan tashkiliy ishlar va ziyoratchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati anchayin oshganini ko‘rsatadi.


– Viloyatdagi 180 dan ortiq jome masjidlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ayniqsa, tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy masjidlarni asl qiyofasini saqlagan holda ta’mirlash ishlarida vakillik mahalliy aholi va homiylar bilan aloqalarni qanday muvofiqlashtirmoqda?


– Viloyatdagi jome masjidlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning obodligi va faoliyati uchun munosib sharoit yaratish masalasi doimo e’tibor markazimizda bo‘lib kelmoqda. Bu borada ishlar tizimli, shaffof va jamoatchilik bilan hamkorlik asosida tashkil etilgan. Ayniqsa, tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy masjidlarni ta’mirlashda ularning asl qiyofasi, milliy me’moriy uslubi va tarixiy qimmatini saqlashga alohida ahamiyat qaratiladi. Bunday obyektlarda har qanday ish tegishli mutaxassislar tavsiyalari va belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.


Masjidlarni obodonlashtirish va ta’mirlash ishlarida mahalliy aholi, saxovatpesha homiylar va jamoatchilikning ishtiroki muhim o‘rin tutadi. Vakillik tomonidan ushbu jarayonlar muvofiqlashtirilib, homiylik tashabbuslarining maqsadli va samarali yo‘naltirilishi ta’minlanmoqda.


Faoliyatimni boshlagan paytimda viloyatimizda 182 ta jome masjid faoliyat yuritar edi. Aytib o‘tilganidek, bugungi kunda ularning soni 187 taga yetdi. O‘tgan 14 yil davomida 58 ta masjid zamon talablariga mos ravishda qayta bunyod etildi, 100 dan ortiq masjidda esa keng ko‘lamli ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Misol uchun, 2026 yilning birinchi yarim yilligida 2 ta – Chiroqchi tumanidagi "Abu Bakr Siddiq" hamda Kitob tumanidagi "Shayx Sobir" masjidlari qayta qurilib, muborak Ramazon oyida masjidning yangi binosi namozxonlarga topshirildi.


Shuningdek, namozxonlar uchun munosib va qulay sharoitlar yaratish maqsadida 70 dan ortiq tahoratxonalar to‘liq qayta qurilib, zamonaviy talablar asosida foydalanishga topshirildi.

 

– Keyingi yillarda vakillik tomonidan imom-xatiblar va ularning noiblari malakasini oshirish, ularning nafaqat diniy, balki dunyoviy, siyosiy-ijtimoiy bilimlarini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha qanday tizimli dasturlar va o‘quv seminarlari tashkil etildi?

 

– Imom-xatiblar va ularning noiblari malakasini oshirish, ularning zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish Qashqadaryo vakilligi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslari, o‘quv-seminarlar va qayta tayyorlash mashg‘ulotlarida imom-xatiblar va ularning noiblari muntazam ishtirok etib kelmoqda. Hozirgi kunga qadar viloyatdagi 187 nafar imom-xatib hamda 91 nafar imom noiblar O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi  Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida malaka va ko‘nikmalarini oshirishdi.


Ayniqsa, imom-xatiblarning oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2012 yilda viloyatdagi imom-xatiblarning atigi 16 nafari  oliy ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi 14 yil davomida bu ko‘rsatkich keskin oshib, bugungi kunda imom-xatiblarning oliy ma’lumotlilari 90 nafardan oshdi. Hozir ham oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 20 nafar imom-xatib Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida modul tizimi asosida tahsil olib, o‘z bilim va salohiyatini oshirmoqda. Bu ishlar izchil davom ettirilib, yaqin istiqbolda 100 foiz oliy diniy ma’lumotli mutaxassislar sifatida shakllantirish maqsad qilingan. Zero, bugungi kunda imom-xatiblar nafaqat diniy ilm sohibi, balki keng dunyoqarashga ega, jamiyat bilan samarali muloqot qila oladigan, zamonaviy jarayonlarni to‘g‘ri anglaydigan ma’naviy-ma’rifiy yetakchi bo‘lishi zamon talabidir.


– Viloyatdagi Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyati haqida ham aytib o‘tsangiz...


– Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyati aholi orasida diniy bilimlarni faqat belgilangan tartib va malakali mutaxassislar orqali olish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida norasmiy diniy ta’lim maskanlari faoliyatining oldini olish, diniy savodxonlikni oshirish va sog‘lom ma’rifiy muhitni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.


Viloyat vakilligi hamda Kitob tumanidagi "Xoja Buxoriy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi qoshida faoliyat yuritayotgan Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari orqali har yili jami 1560 nafar tinglovchi Qur’on tilovati va tajvid qoidalari bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Bu esa aholi diniy savodxonligini oshirish, yosh avlodni ilmiy-ma’rifiy ruhda tarbiyalash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.


– Ayol-qizlar orasida diniy-ma’rifiy ishlarni yuritadigan otinoyilar faoliyatini tartibga solish, ularning diniy tushunchalarini o‘stirish, xotin-qizlar orasida yot g‘oyalar tarqalishining oldini olish borasida vakillik qanday natijalarni ko‘rsata oldi?


– Ayol-qizlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy faoliyat olib borayotgan otinoyilarning ishini yagona tizim asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Ilgari bu yo‘nalishda muayyan tajriba mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, faoliyatni muvofiqlashtirish, ilmiy salohiyatni muntazam oshirish va nazorat qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurati bor edi.


Shu maqsadda har bir otinoyining bilim darajasi, faoliyat yo‘nalishi va mas’uliyat doirasi qayta ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunda vohada faoliyat yuritayotgan jami 284 nafar otinoyining malakasini oshirish maqsadida tizimli o‘quv-seminarlar, suhbatlar va davra yig‘inlari yo‘lga qo‘yildi. Taҗribali ulamolar va mutaxassislar ishtirokida aqida, fiqh, tafsir, hadis, milliy qadriyatlar, oila mustahkamligi hamda zamonaviy axborot makonida uchrayotgan mafkuraviy tahdidlarga qarshi ma’rifiy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ular faoliyati monitoring qilinib, aholi bilan ishlash samaradorligi doimiy tahlil qilib borilmoqda.


Bugungi kunda bu ishlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Otinoyilar mahallalarda xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning murojaatlarini o‘rganish, diniy savodxonlikni oshirish va sog‘lom ma’naviy-ma’rifiy muhitni shakllantirishda faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, erta nikoh va ajrimlarning hamda yot g‘oyalar va turli buzg‘unchi qarashlar ular munosib hissa qo‘shmoqda.

 

– Darvoqe, oilaviy ajrimlar, o‘z joniga qasd qilish yoki jinoyatchilik kabi og‘ir ijtimoiy muammolar eng ko‘p kuzatiladigan mahallalar bilan ishlashda imomlarning mas’uliyati va hisobdorligi qanday bo‘lmoqda?

 

– Vakillik tomonidan imom-xatiblarning mahalla faollari, xotin-qizlar va yoshlar bilan manzilli ishlash mas’uliyati yanada kuchaytirilgan. Ayniqsa, oilaviy ajrimlarning oldini olish, notinch oilalar bilan ishlash, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash va jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har oy tumanlarda sayyor yig‘ilishlar o‘tkazilib, joylardagi mavjud holatlar, dolzarb muammolar va ularning yechimlari muhokama qilib borilmoqda. Mazkur yig‘ilishlarda imom-xatiblarning mas’uliyati, mahallalar bilan hamkorligi va amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi tahlil qilinadi. Xususan, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha viloyat miqyosida imom-xatiblar tomonidan mahallalarda mingdan ortiq oila bilan manzilli ishlar olib borildi. Ular bilan o‘tkazilgan suhbatlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va tushuntirish ishlari natijasida bir qator oilaviy nizolarning oldi olinib, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirishga erishildi.


Muhimi, imom-xatiblar ishi faqat o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, balki insonlar taqdiriga ijobiy ta’sir ko‘rsata olgan amaliy natijalari bilan baholanmoqda. Shuning uchun imomlarimiz mahallada xalq bilan yaqin muloqot qiladigan, oila, jamiyat barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shadigan ma’naviy-ma’rifiy rahnamo sifatida o‘z mas’uliyatini chuqur anglab, faoliyat olib bormoqda.


– Ijtimoiy tarmoqlarda da’vat ishlarini olib borish, nasafziyo.uz sayti va ijtimoiy sahifalarni yuritishda vakillik qoshida maxsus media guruh yoki zamonaviy kadrlar jamoasi shakllantirilganmi?


– Bugungi axborot asrida internet makonidagi diniy-ma’rifiy faoliyat muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois, vakillik tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda aholi, ayniqsa, yoshlar bilan muloqotni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Bu borada vakillikda zamonaviy talablarga javob beradigan media xonasi tashkil etilib, zarur zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy kontentlarni tayyorlash, tahrir qilish va keng jamoatchilikka yetkazish yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi malakali kadrlar jalb qilingan.


Mazkur tizim orqali o‘n bir yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan nasafziyo.uz veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar muntazam yuritilmoqda. Shuningdek, 2017 yilda tashkil etilgan Telegram kanali bugungi kunda keng auditoriyaga ega bo‘lib, aholiga tezkor va ishonchli diniy-ma’rifiy axborotlarni yetkazishda muhim axborot maydoniga aylangan.


Shuningdek, bugungi kunda viloyatimizdagi har bir masjidning Telegram, YouTube, Facebook va Instagram sahifalari hamda guruhlari faoliyat yuritib, ularning umumiy a’zolari soni 310 ming nafardan ziyodni tashkil etadi. Jumladan, birgina nasafziyo telegram kanalining 120 mingdan ortiq a’zosi bor. Shuningdek, Ular orqali aholiga dolzarb ma’naviy-ma’rifiy materiallar, diniy-ma’rifiy tavsiyalar, masjid faoliyatiga oid yangiliklar hamda e’lonlar muntazam yetkazib borilmoqda.


Albatta, raqamli makon doimiy ravishda yangilanib borayotgani sababli bu yo‘nalishdagi ishlar ham uzluksiz takomillashtirilmoqda. Asosiy maqsad — zamonaviy media imkoniyatlaridan foydalangan holda xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga sifatli, ishonchli va ta’sirchan diniy-ma’rifiy axborotlarni yetkazib berishda davomli izlanishdamiz.


– Vakillikning «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali bilan birgalikda kam ta’minlangan oilalar, yetimlar va nogironligi bor shaxslarga yordam berish borasidagi faoliyati so‘nggi yillarda qanchalik shaffoflashdi va xayriya tadbirlari ko‘lami voha miqyosida qanchalik kengaydi?


– «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali bilan hamkorlikda aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va xayrli tashabbuslarni amalga oshirish faoliyatimizning ajralmas qismi hisoblanadi.


Yordamga muhtoj oilalar, yetimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning holati o‘rganilib, ularga zarur ko‘maklar o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Jumladan, Ramazon oyi va Qurbon hayiti arafasida davlatimiz rahbari tomonidan ajratilgan mablag‘lar belgilangan tartib asosida ehtiyojmand oilalar, yetimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yetkazib berildi. Bu xayrli ishlar xalqimizga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.


Amalga oshirilayotgan har bir xayrli tashabbus manzillilik, ochiqlik va adolat tamoyillari asosida tashkil etilib, vohamizda xayriya ishlarining ko‘lami va samaradorligi yildan-yilga ortib bormoqda. Yaqinda ko‘makka muhtoj bir oilaga uy qurib berigani ham so‘zimizning bir dalilidir.


– Bu zamindan yetishib chiqqan ulug‘ zotlarning boy ilmiy merosi, qadamjolari tarixini xalqaro va respublika miqyosida targ‘ib qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz...


– Bu vohadan yetishib chiqqan Abu Muin an-Nasafiy, Abu Bakr al-Kosoniy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Hafs Keshiy, Abu Shakur as-Solimiy, Pazdaviy kabi ko‘plab allomalarning ilmiy merosi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami ma’naviy xazinasining ajralmas qismidir.


Vakillik faoliyati davomida ushbu boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish, targ‘ib qilish va keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, allomalarimiz hayoti va ilmiy faoliyati, ular bilan bog‘liq tarixiy maskanlar va qadamjolarni o‘rganish, ularning ma’naviy ahamiyatini yoritish borasida ilmiy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va targ‘ibot ishlari amalga oshirib kelinmoqda.


Alloh taolo din ravnaqi, yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni ikki dunyoda mukofotlasin! 

 

O‘MI Matbuot va media bo‘limi mutaxassisi

Abdulatif ABDULLAYEV suhbatlashdi.

“Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz” “Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz” “Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz” “Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz” “Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz” “Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz” “Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz” “Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz” “Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz” “Natijani tadbirlar soni bilanmas, jamiyatga qo‘shilgan ijobiy ta’sir bilan baholaymiz”
O'zbekiston yangiliklari