Hurmatli portalimiz muxlislari! Siz azizlarni kirib kelayotgan Ramazoni sharif bilan muborakbod etamiz.
Sayt ijodkorlari Sizga mamnuniyat bilan shuni ma’lum qilamizki, anchadan beri amalga oshirishni rejalashtirib yurgan “Muslim Radio” loyihamiz rahmat oyi ostonasida o‘z yakuniga yetdi. Hozirda muxlislarga taqdim etish uchun tayyor bo‘ldi.
Ertaga muborak Ramazon oyining birinchi kunida internet radiomiz o‘z faoliyatini boshlaydi, inshoalloh.
Onlayn radioda sizga manzur va manfaatli bo‘ladigan mavzularda ma’rifiy suhbatlar, dunyoga mashhur qorilar va yurtimiz hofizi Kalomlarining go‘zal tilovatlari hamda “Ming bir hadis”, “Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi”, “Ayollar sahifasi”, “Onlayn darslar”, “Ziyoratgohlar”, “Savollarga javoblar”, “Kun yangiliklari” va “Audio kitob” kabi ko‘plab ruknlarda eshittirishlarni tinglab bahramand bo‘lasiz.
Ushbu onlayn radio barchamizga muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xalqaro oila kuni, yaqinlashayotgan qutlug‘ Qurbon hayiti hamda 1 iyun — Bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Toshkent islom institutida ta’lim muassasasi tarixida ilk bor «Oilaviy ochiq eshiklar kuni» tashkil etildi. Instituti hovlisida o‘zgacha quvonch va samimiyat muhitini ulashgan ushbu fayzli tadbirni ta’lim muassasasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbir doirasida institutda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va xodimlarning 200 nafardan ziyod farzandlari hamda nabiralari uchun unutilmas bolalar sayli uyushtirildi.
Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bolajonlarning o‘z ota-onalari mehnat qilayotgan tabarruk ilm dargohi va bu yerdagi ma’rifiy muhit bilan yaqindan tanishishi hamda qalbida ilm ahliga nisbatan yuksak hurmat-ehtirom tuyg‘usini shakllantirishdan iboratdir.
Bayram dasturi doirasida bolajonlar uchun «Shirinliklar bayrami» tashkil etilib, milliy o‘yinlar, rasm chizish, xattotlik, shaxmat-shashka va stol tennisi kabi sport musobaqalari o‘tkazildi.
Shuningdek, qizlar uchun milliy hunarmandchilik mahorat darslari, sayyor attraksionlar va multfilmlar namoyishi bolajonlarga haqiqiy quvonch ulashdi. Tantanali tadbir yakunida institut ma’muriyati tomonidan barcha ishtirokchilarga maxsus bayram sovg‘alari va shirin tushliklar taqdim etildi.
Ota-onasining jamiyat uchun manfaatli mehnatidan faxrlangan bolajonlarning chehrasidagi beg‘ubor tabassum ushbu xayrli va ma’naviy tadbirning eng katta yutug‘i bo‘ldi. Zero, oilasi ahil, farzandlari baxtiyor bo‘lgan yurtning kelajagi hamisha nurli va barqarordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati