Bugun 14 may kuni Toshkent shahridagi “Imom at-Termiziy” jome masjidini butunlay qayta qurish ishlari yakuniga yetayotgani munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi bir guruh mutasaddilar jomega tashrif buyurdilar.
Muhtaram Prezidentimiz o‘tgan yili 21 aprel kuni mazkur “Imom at-Termiziy” masjidiga ham tashrif buyurib, ulamolar va nuroniylar bilan suhbatlashgan edilar. Davlatimiz Rahbari buyuk alloma bobomiz nomidagi “Imom at-Termiziy” jome masjidini tubdan qayta qurish, atroflarini go‘zal maskanga aylantirish yuzasidan muhim ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edilar. Mana shu yo‘nalishda juda katta bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Bundan atrofdagi xonadon egalarining ham quvonchi cheksiz bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joizki, qurilish ishlariga eng mohir usta va muhandislar jalb etildi. Bunday ezgu ishga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishdi. Zero, masjid qurish, uni obod etishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Kim Allohning roziligini istab, masjid qursa, Alloh unga jannatda qasr barpo qiladi” (Imom Buxoriy). Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari masjidning go‘zal shaklda, zamonaviy uslublar va milliy qadriyatlarimizni o‘zida aks etgan binosini ko‘zdan kechirib, ushbu masjid musulmonlar uchun mo‘tabar maskan sifatida xizmat qilishini ta’kidlab o‘tib, xayrli duolar qildilar.
“Imom at-Termiziy” jome masjidi yangi binosining ochilish marosimi shu yil 16 may kuni Tarovih namozi bilan birga-birga bo‘lishi mo‘min-musulmonlar uchun muborak Ramazon oyiga munosib tuhfa bo‘ladi. Ramazon kunlarining rahmat kechalarida “Imom Termiziy” masjidiga tarovih namozini ado etish uchun yuzlab namozxonlar tashrif buyurishadi. Shunday ekan, masjidga ibodat qilish uchun kelganlar har namoz so‘ngida ona-Vatanimiz tinchligi, xalq osoyishtaligini so‘rab, duolar qilishadi. Bunday xayrli duolar sharofati ila Yaratgan Parvardigor yurtimizni yanada farovon qiladi, inshoalloh!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bugun hijriy sanada Shavvol oyining 20 sanasi. Taxminan yana 10 kundan keyin Shavvol oyi ham o‘z nihoyasiga yetadi. Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutishni unutmadingizmi? Yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa eslatib qo‘yishni lozim deb topdik. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Va eslat. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur” (Zoriyot surasi, 55-oyat).
Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutish yil bo‘yi ro‘za tutganning savobiga noil etadi.
Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi:
“Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor. Kim bir yomonlik keltirsa, u faqat qilganiga yarasha jazolanur. Va ularga zulm qilinmas” (An’om surasi, 160-oyat).
Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni mag‘firat etgin!
Davron NURMUHAMMAD