TUT (Morus) — tutdoshlar oilasiga mansub daraxtlar turkumi; mevali daraxt; O‘zbekistonda 5 turi o‘stiriladi. Oq tut (M. alba) va qora tut (M. migra) mevasi iste’mol qilinadi.
Sershox tut (M. multicaulis), kagayama tut (M. Kagayame) va ipak qurti tuti (M. bonabycis) turlaridan, asosan, ipak kurti boqishda foydalaniladi. Tut tez o‘sadi, qurg‘oqchilik va sovuqqa chidamli. Shox-shabbasi zich, keng yumaloq, oval va piramida shaklida. Bo‘yi 15— 18, ba’zilariniki 20—25 m, yo‘g‘onligi 1,5 m gacha. Katta yoshdagi baland tanali tut daraxtlaridan 20—40 kg gacha barg, 50—60 kg meva hosili olinadi. Tutning egri-bugri (ilono‘t) va pastga qarab o‘sadigan (majnun tut) xillari ham bor. Daraxti 300, ayrimlari 500 yil yashaydi.
Oq tut (Balxi tut) va shotut mevasi shirin, shifobaxsh, har xil vi-taminlarga boy. O‘zbekistonda tut qadimdan ekib ko‘paytiriladi. Yangiligida iste’mol qilinadi, shinni, murabbo, mayiz, tayyorlanadi. Bargi tut ipak qurti boqishda ishlatiladi. Tut ikki uyli o‘simlik. Gullari bir jinsli. Tut urug‘idan, qalamchasidan, payvand va parxish qilib ko‘paytiriladi. (“O‘zME”dan).
Yer yuzida tarqalgan navlari. Dunyo mamlakatlarining asosan Sharqiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqalarida, Hindistonda, Afrikaning va Shimoliy Amerikaning mo‘tadil va subtropik mintaqalarida tut daraxtining 20 turi mavjud. Tutning ko‘p navlari Xitoyda o‘sadi. Oq tutning vatani Xitoy, shotutning vatani Eron va Afg‘oniston hisoblanadi.
Tut barglari ipak qurti uchun kerakli ozuqa bo‘lgani bois, har doim qimmatli o‘simliklar qatoriga kiritilgan. Bundan tashqari, qadimdan tut daraxtidan musiqa cholg‘u asboblari, yozuv qog‘ozi ishlab chiqariladi. Tut po‘stlog‘idan tayyorlangan beshiklarga qurt tushmaydi, onalarimiz farzandlarimiz o‘zidan ko‘paysin deya, mevali daraxt — bolani tutdan yasalgan beshiklarga belashadi. Bu mevali daraxtning, asosan, ikki xil turi iste’molga yaroqli hisoblanadi. Bu oq tut va shotut. Shotutni qora tut deb ham atashadi.
Tut to‘liq yetilgan, sershira, yangi uzilgan holda yoki quritilgan (tut mayizi) holida iste’mol qilinadi. Yana tutdan turli xildagi pishiriqlar, murabbo va marmeladlar, qiyom, shinni tayyorlanadi.
TARKIBI. Tut mevasi sersuv, uning tarkibida 82,9-86,2 % gacha suv bor. Bundan tashqari, u sershira meva — 10,9-12,7 % gacha qand miqdori mavjud. Tutni quritib, iste’mol qilinsa, shirasi yanada ko‘payadi. Tut mayizida qand miqdori 73,29-83,71 % ini tashkil etadi. Bundan tashqari, tut V, S, E, K, RR vitaminlariga boy. Shunga ko‘ra, uni kasallikdan zaiflashib qolgan, tez-tez shamollaydigan kishilarga iste’mol qilib turishlari tavsiya etiladi.
Mineral moddalardan esa kaliy, natriy, rux, selen, mis, fosfor, kalsiy, magniy, temirga boy, urug‘i 24-33 foizgacha yog‘ va boshqa oshlovchi moddalar saqlaydi.Tarkibida ko‘p miqdorda fosfor saqlagani bois, tut aqliy faoliyat bilan shug‘ullanadigan kishilar uchun koni foyda sanaladi. Homilador ayollar uchun ham tut mevasi homilaning yaxshi rivojlanishi uchun kerakli darmondorilar manbai hisoblanadi.
Tut mevasi immun tizimni kuchaytirib, organizmni yuqumli kasalliklarga qarshi himoya tizimini mustahkamlaydi, teriga barvaqt ajin tushishidan saqlaydi, ko‘rish qobiliyatini oshirib, ko‘z to‘rpardasining zararlanishi kabi kasalliklardan asraydi.
Tut bargi va tanasining po‘stlog‘i ham turli biologik faol moddalarga boy. Bargi tarkibida flavonoidlar, vitaminlar, karotin, efir moyi, organik kislotalar, daraxt po‘stlog‘ida esa bo‘yoqli va oshlovchi moddalar, turli xildagi kislotalar mavjudligi aniqlangan.
Xalq tabobatida tut qadimdan turli kasalliklarni davolashda qo‘llanilib kelinadi.
Tut shirasi qonni tozalash, qonni ko‘paytirish maqsadida ham keng qo‘llangan. Bargining qaynatmasi esa angina va boshqa shamollash kasalliklarida isitmani tushiruvchi, chanqoqni qoldiruvchi vosita sifatida qo‘llanilgan.
Buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sino tutdan shifobaxsh vosita sifatida foydalangan.
Shifobaxsh xususiyati agar tut, tok va qora anjirning barglarini yomg‘ir suvida qaynatib ishlatilsa, sochni qoraytiradi. Oq tut bargi tomoq og‘rig‘i, yangi uzilgan barg shirasi tish og‘rig‘iga, tut mevasi va uning shirasi og‘iz va tomoqdagi shishlarga davo bo‘ladi. Tuzlab quritilgan tut esa ichburug‘ kasalligini davolaydi. Buyrak, yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda esa tut mevasi tanani ortiqcha suyuqlikdan tozalovchi, peshob haydovchi vositadir.
Tutni ovqatlanishdan oldin iste’mol qilish lozim, shunda oshqozonga uning zarari tegmaydi.
Tut mevasini quritib, undan damlama, kompot tayyorlab ichilsa, darmonsizlikni davolaydi, ozishga yordam beradi, organizmni tozalaydi.
Qishda tut daraxtining kurtagini olib, tozalab, damlamasini yurakni quvvatlash uchun ichib yuriladi. Tut daraxti gullari o‘simlik yog‘i bilan aralashtirilib, qorong‘i joyda tindirilsa, teridagi mayda husnbuzar, dog‘lar va sepkilni davolash uchun ajoyib krem hosil bo‘ladi. Tanadagi eski yara va shikastlangan joylarni davolashda tut bargi va shoxchasini maydalab, o‘simlik yog‘i bilan aralashtirib surtilsa, yaralar tez bitadi, terida o‘rni qolmaydi. Tutning oziqaviy qiymati – 70 kkal.
Yangi tut (yoki konservalangan) mevasi sharbati ko‘krak qafasining simillab og‘rishi va nafas olish qiyinlashib harsillashda yordam beradi. Muolaja maqsadida tut sharbati uch hafta davomida ichiladi. Taajjubki, shu qisqa muddatda yurak faoliyati to‘liq tiklanib, sog‘ayadi.
Yangi olingan tut sharbati tutning barcha foydali shifobaxsh xossalariga ega bo‘ladi. U nafas yo‘llari, tonzillit va anginani davolashda faol vosita, surunkali yo‘tal, pnevmoniya va bronxitni davolashda ham ijobiy natija beradi. Aqliy mehnat bilan mashg‘ul kishilarga uning foydasi katta, chunki tarkibidagi fosfor aqliy faoliyatni yaxshilaydi.
Tut daraxti po‘stlog‘ining inson sog‘lig‘i uchun foydasi. Po‘stlog‘idan qaynatma, damlama va malham tayyorlanadi. Malham bilan yiringli jarohatlarni, terining kuygan va jarohatlangan qismini, dermatitni, ekzema va psoriazni davolash mumkin.
Malhamni tayyorlash uchun ikki qoshiq maydalangan daraxt po‘stlog‘ini 100 g qizdirib, sovutilgan pista yog‘i bilan aralashtiriladi va muzlatgichda uch kun davomida tindirib, olib yana qaytadan aralashtiriladi. Shunday qilib malham dori tayyor bo‘ladi.
Bu malham bilan terining kasal joylariga kuniga to‘rt mahal surtiladi. Uni husnbuzardan xoli bo‘lish uchun ham ishlatiladi: yuzga va yelka terisiga har cho‘milib chiqqandan so‘ng surtiladi.
Odatda tut mevasini yangi uzib olinganida iste’mol qilinadi, lekin undan shuningdek, kompot, murabbo, kisel, sirop, pishiriqlar ichiga solib, pishirib iste’mol qilinadi. Tutni yashash joyiga yaqin joyda pishib yetilgan mevasi iste’mol qilinadi. Uni uzoq masofaga transport vositasida olib borish yaramaydi, yetib borgunicha aynib qoladi.
Tut mayizi kuchli terlatuvchi faollikka ega, shuning uchun undan shamollaganda undan choy tayyorlab ichish tavsiya etiladi. Organizmni umumiy mustahkamlash uchun turli taomlarga tut daraxti quritilgan barglaridan kuniga bir choy qoshiq qo‘shib iste’mol qilinadi.
Shu maqsadda yana uning yosh novdalaridan damlama tayyorlab ichiladi. Buning uchun 5 ta uncha katta bo‘lmagan novdasi ustidan 500 ml suv quyilib, 10 daqiqa qaynatiladi, so‘ng 2 soat davomida tindiriladi. So‘ngra damlamadan bir oy davomida kuniga 3 mahal 50 ml dan ichiladi.
Og‘iz bo‘shlig‘i xastaliklarida stomatitda, parodontozda, yara va tomoq kasalliklarida shotut mevasi damlamasi bilan g‘arg‘ara qilish yaxshi natija beradi. Bunday damlama tayyorlash uchun 2 qoshiq ezib maydalangan shotut mevasi ustidan 200 g qaynoq suv quyish yo‘li bilan tayyorlanadi.
Tut daraxti ildizi foydalari. Qon bosimini va qon aylanish tizimini me’yoriga keltirish uchun daraxt ildizi qaynatmasidan ichish tavsiya etiladi, uni tayyorlash quyidagicha bo‘ladi:
1. 50 g ildizi maydalanib, ustidan 1 litr qaynoq suv quyiladi.
2. Bir soat o‘tkazib, 15 daqiqa past olovga qo‘yiladi.
3. Sovutib, dokadan o‘tkazib olinadi.
4. Kuniga uch mahal stakanning uchdan bir qismi miqdorida ichiladi (yana shiraliroq bo‘lishi uchun biroz asal qo‘shish mumkin).
Homilador ayollar uchun ham tut mevasi homilaning yaxshi rivojlanishi uchun kerakli darmondorilar manbai hisoblanadi.
Tut mevasi immun tizimni kuchaytirib, organizmni yuqumli kasalliklarga qarshi himoya tizimini mustahkamlaydi, teriga barvaqt ajin tushishidan saqlaydi, ko‘rish qobiliyatini oshirib, ko‘z to‘rpardasining zararlanishi kabi kasalliklardan asraydi.
Xalq tabobatida tut qadimdan turli kasalliklarni davolashda qo‘llanilib kelinadi.
Yangi yig‘ilgan tut mevasi yoki uning shirasi bilan xalq tabobatida og‘iz yarasini samarali davolashgan. Buning uchun mevani qaynatib, og‘iz bo‘shlig‘i chayilgan. Tut shirasi qonni tozalash, qonni ko‘paytirish maqsadida ham keng qo‘llangan. Bargining qaynatmasi esa angina va boshqa shamollash kasalliklarida isitmani tushiruvchi, chanqoqni qoldiruvchi vosita sifatida qo‘llanilgan.
Tut daraxti po‘stlog‘i mayda tuyilib, kunjut yog‘i bilan aralashtirilib, turli xildagi og‘ir yaralar davolaniladi. Daraxt po‘stlog‘ining qaynatmasida esa shamollash va o‘pka kasalliklarida balg‘am ko‘chiruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi.
Ildizining po‘stlog‘idan tayyorlangan qaynatma esa quruq, surunkali yo‘tal, bronxit, bronxial astma (nafas qisishi), qon bosimining ko‘tarilishi kasalliklarini davolashda qo‘l keladi. Negaki tut daraxtining ildizi va po‘stlog‘ida qon tomirlarini tozalovchi, qon aylanishini me’yoriga keltiruvchi maxsus moddalar mavjud. Bundan tashqari, ildizining qaynatmasi gijjani haydashda ham eng oson davo hisoblanadi. Chilonjiyda bilan tut mevasidan tayyorlangan qaynatma esa bo‘g‘ma (difteriya), qizilcha (skarlatina) kabi kasalliklarga davo bo‘ladi.
Abu Ali ibn Sino ham tutdan shifobaxsh vosita sifatida foydalangan. Shirin tut issiq, nordon shotut esa sovuqlikdir. Tutning shirasida, ayniqsa, uning mis idishga solib qaynatilganida, burishtirish xususiyati kuchayadi. Shu bilan birga u kuchli va yomon xiltlarning a’zolarga oqishini to‘xtatadi. Bu, ayniqsa, xom tutga xos bo‘ladi.
Tut, tok va qora anjirning barglarini yomg‘ir suvida qaynatib ishlatilsa, sochni qoraytiradi. Oq tut bargi tomoq og‘rig‘i, yangi uzilgan barg shirasi tish og‘rig‘iga, tut mevasi va uning shirasi og‘iz va tomoqdagi shishlarga davo bo‘ladi. Tuzlab quritilgan tut esa ichburug‘ kasalligini davolaydi. Buyrak, yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda esa tut mevasi tanani ortiqcha suyuqlikdan tozalovchi, peshob haydovchi vositadir. Tut mevasining barcha turlarini ovqalanishdan oldin iste’mol qilish kerak, shunday qilinsa, undan me’da va ichak tizimiga zarar yetkazilmaydi.
Tut mevasini quritib, undan damlama, kompot tayyorlab ichilsa, darmonsizlikni davolaydi, ozishga yordam beradi, organizmni tozalaydi.
Qishda tut daraxtining kurtagini olib, tozalab, damlamasini yurakni quvvatlash uchun ichib yuriladi. Tut daraxti gullari o‘simlik yog‘i bilan aralashtirilib, qorong‘i joyda tindirilsa, teridagi mayda husnbuzar, dog‘lar va sepkilni davolash uchun ajoyib krem hosil bo‘ladi. Tanadagi eski yara va shikastlangan joylarni davolashda tut bargi va shoxchasini maydalab, o‘simlik yog‘i bilan aralashtirib surtilsa, yaralar tez bitadi, terida o‘rni qolmaydi.
Ikkala xil tutning ham o‘ziga xos afzal tomonlari bor. Shotut oq tutga qaraganda nordonroq bo‘ladi. Ammo quvvat jihatidan undan aslo qolishmaydi. Qon bosimining ko‘tarilishi, kamqonlik, ruhiy tushkunlik kabi kasalliklarni shotut yordamida davolash mumkin.
Shotut organizmdagi gormonal buzilishni to‘g‘rilab, ayollarning yallig‘lanish kasalliklarini davolashda qo‘l keladi. Shunga ko‘ra, u asal bilan aralashtirib yeyilsa, immunitetni ko‘taradi. Oq tut tarkibida tabiiy antibiotik — resveratol topilgan. Bu esa uning ko‘pgina surunkali kasalliklarni davolashga yordam berishini bildiradi. Ayollarda kuzatiladigan klimaks holatida ko‘p terlash, qizish kabi noxush alomatlarni yo‘qotishda, yurak sohasidagi og‘riqlarda ko‘proq shotut yeyish buyuriladi.
An’anaviy tibbiyotda oq tut mevasidan kamqonlik, oshqozon-ichak xastaliklari, gastrit kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Bargi va yangi ochilgan kurtagi organizmda moddalar almashinuvi buzilganida yaxshi yordam beradi. Oq tut mevasidan olingan shinni dorishunoslik sohasida xapdori tayyorlashda foydalaniladi.
Oq tut mevasi kaliyga juda boy. Shunga ko‘ra, uni ateroskleroz, taxikardiya, yurak porogi kasalliklarida tavsiya etishadi. Atigi uch haftalik tutli parhez yordamida bemor nafas qisishi, ko‘krak qafasidagi siquvchi og‘riqdan xalos bo‘lib, yurakning ish qobiliyati tiklanadi.
Tut mevasining shifobaxshligi olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida ham isbotlangan. Tadqiqotlar davomida oq tut mevasi yordamida yurak mushagining qisqarish quvvatining susayishi (miokardiodistrofiya) ni davolashda yaxshi natijalarga erishilgan. Tut yordamida bemorlarda nafas qisishi va yurak og‘rishi kamaygan, yurak urishi maromiga kelgan hamda ortiqcha suyuqlik yig‘ilishi natijasida paydo bo‘lgan shishlar ham yo‘qolgan.
Tut yordamida davolanish
Revmatizmni davolash. Tut bargi va shoxlari yaxshilab yuvilib, mayda qilib chopiladi. Katta idishga solib, ichiga shoxlar yuzasini ko‘mgunicha suv quyiladi va gaz pechida 2 soat damlanadi. Idishdagi qaynatmani tog‘orachaga quyib, oyoqlar uchun vanna qabul qilinadi. Issiq barglarni og‘riyotgan joylarga yopishtirib, usti toza mato va jun ro‘molda issiq o‘raladi. Muolaja yotishdan oldin bajariladi. 4-5 martalik davo kursidan keyin oyoqlardagi og‘riqlar kamayadi.
Qand miqdori oshganida, tut bargidan olib, yaxshilab yuviladi, maydalab, 2 osh qoshig‘iga 1 piyola qaynoq suv quyiladi va bir kecha termosda dam yediriladi. So‘ng kun davomida choy o‘rniga 1-2 qultumdan ichiladi. Davolanish kursi 10 kun.
Ko‘z kasalliklarida. Bir hovuch quritilgan tut bargiga 1 piyola qaynoq suv quyib, suv bug‘ida 10 daqiqa qaynatiladi. Sovitib, qovoqlar terisi artilsa, ko‘zning yallig‘lanishi, ko‘zga govmichcha chiqishida yordam qiladi. Damlamada bint bo‘lagini namlab, ko‘zlarga kompress qilib, 20 daqiqa yotilsa, ko‘z oldining xiralashuvi kasalligiga davo bo‘ladi.
Shamollash va titroq tutganida. Bargi va shoxlarining damlamasi kuniga 3-4 mahal bir piyoladan ichiga ozgina yalpiz qo‘shib ichiladi. Bu damlama malina choydan ham yaxshiroq shifo beradi.
Bo‘qoqni davolashda. Oq tut qalqonsimon bez kasalliklarida koni foyda. Buning uchun har kuni ertalab soat 9 larda 3 donagacha tut mevasini iste’mol qilish kerak. Sababi bu vaqtda qalqonsimon bez juda faol bo‘lib, darmondorilar ta’sirida o‘zidan yanada ko‘proq yod ishlab chiqaradi.
Tut iste’mol qilish mumkin bo‘lmagan holatlar
Ichak xastaliklari bilan og‘riydigan, ichketarga moyil kishilar, qandli diabet, qon bosimi xastaligi bor kishilar me’yoridan ortiq tut iste’mol qilishlari tavsiya etilmaydi. Organizmga zarar yetkazib qo‘ymaslik uchun pishib yetilgan tut ich ketishini, pishib yetilmagan xom mevasi qabziyatni keltirib chiqarishi mumkinligini yoddan chiqarmaslik lozim.
Tutning yangi terilgan mevasini iste’mol qilgach, sovuq suv ichish mumkin emas, bu qorin dam bo‘lishiga, ichak-oshqozon faoliyati buzilishiga olib kelishi mumkin. Uning shirin navlari mevasini qandli diabeti va qon bosimi bor kishilarga iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Shuningdek, tutdan allergiyasi bor kishilarga ham uni qilish tavsiya etilmaydi.
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.
Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.
Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.
Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari