2018 yilning 27-aprel kuni viloyatimiz aholisi uchun unutilmas kun bo‘ldi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi kuni kecha viloyatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan Qur’on karim musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Anndijon farzandi Ubaydulloh qori Isaqov joriy yilning 21-24 aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston Qur’on musobaqasi-2018”ning Respublika bosqichida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shu bois Andijon shahridagi “Devonaboy” jome masjidida juma namozidan avval “O‘zbekiston Qur’on musobaqasi-2018”ning Respublika bosqichida Andijon viloyatidan ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Ubaydulloh qori Isaqovning tantanali kutib olish va taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Taqdirlash marosimida O‘MIning Andijon viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi N.Xoliqnazarov so‘zga chiqib, Ubaydulloh qori timsolida uning ota-onasi, ustozlarini ham qutlab, o‘zining ezgu tilaklarini bildirdi. Tadbirga tashrif buyurgan Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov, barcha yig‘ilganlarni ushbu g‘alaba bilan tabrikladi hamda
Yurtboshimiz tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlar, muqaddas dinimizni asrab-avaylash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli isloxotlar hususida gapirib, butun Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilgan Qur’oni karim musobaqasining maqsadi va mohiyati to‘g‘risida keng tushunchalar berib o‘tdi.
Shundan so‘ng, “O‘zbekiston Qur’on musobaqasi-2018”ning Respublika bosqichida Andijon viloyati sha’nini munosib himoya qilgan, Respublikada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Ubaydulloh qori Isaqovga Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov Neksia-3 avtoulovini tantanali ravishda sovg‘a qildi.
Shuningdek, g‘olib va uning ota-onasiga O‘MIning Andijon viloyat vakilli tomonidan sovg‘alar va tashakkurnomalar topshirildi.
Tadbir so‘ngida Yurtimizning tinchligi va osoyishtaligi, halqimizning farovonligi hamda yurtboshimizning xaqqiga duoi-xayrlar qilindi.
















O‘MI Matbuot xizmati
Olmaota shahrida O‘zbekistonning “Umra plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi tashabbusi bilan xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimiz Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish, xalqaro sayyohlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, ziyoratchilar oqimini O‘zbekistonga jalb etish hamda “Umra plyus” dasturi doirasida yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish maqsadida o‘tkazildi.
Yarmarkada 50 nafarga yaqin xorijiy hamkorlar hamda Markaziy Osiyo davlatlarining turizm sohasida faoliyat yurituvchi 600 nafarga yaqin vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Olmaota shahrida joylashgan O‘zbekiston, Hindiston, Afg‘oniston va Belarus konsullik idoralari vakillari ham qatnashib, xalqaro turizm sohasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.
Tadbir doirasida “Umra plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining yirik turoperatorlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, “Umra plyus” dasturi doirasida 2026 yil yakuniga qadar qariyb 10 ming nafar ziyoratchining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, turistik xizmatlar eksportini oshirish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda mamlakatimizga xorijiy ziyoratchilar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Olmaota shahrida o‘tkazilgan ushbu yarmarka O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash va xorijiy turoperatorlar bilan yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir so‘nggida Bosh konsulxona vakillari tomonidan faol ishtirokchilar va hamkorlarga “Umra plyus” xalqaro turizm yarmarkasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati