Sayt test holatida ishlamoqda!
23 May, 2026   |   5 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
04:58
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:46
Xufton
21:17
Bismillah
23 May, 2026, 5 Zulhijja, 1447

Narda o‘ynashning gunohini bilasizmi?

31.03.2018   11724   4 min.
Narda o‘ynashning gunohini bilasizmi?

“Kimki narda o‘ynasa, Alloh taologa va Uning Rasuliga itoatsizlik qilibdi” (Imom Abu Dovud, Imom ibn Moja rivoyat qilgan).
Narda o‘ynash taqiqlanishining sababi vaqtni isrof qilish va qimor o‘yinlariga o‘rganib qolishdan iboratgina emas, unda unga ortiqcha bog‘lanib qolmaslikni va ko‘p vaqt o‘ynamaslikni shart qilib uni o‘ynash mumkin bo‘lib qolar edi. Masalan, biror kishi ishdan keyin 5-10 daqiqa dam olish uchun o‘ynayman, deyishi mumkin. Bir qarashda bunda hech qanday g‘ayritabiiy narsa yo‘qdek, ammo ana shu holatda ham narda o‘ynash qat’iyan taqiqlangan.
Nofe’dan rivoyat qilinadi:
«Abdulloh ibn Umar o‘z ahlidan birortasining nard o‘ynaganini bilsa, o‘shani urar va nardni sindirib tashlar edi».
Sharh: Ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning bu ishlari barcha ota-onalar, oila boshliqlariga namunadir. Har bir oila boshlig‘i o‘z qo‘l ostidagilar nima bilan mashg‘ul ekanini ziyraklik bilan kuzatib turishi va noshar’iy ishlar sodir bo‘lsa, darhol chora ko‘rishi lozim.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Unga hovlisida turadigan ahli baytidan ba’zilarining nardi borligi xabari yetdi. Bas, u ularga odam yuborib «Agar nardni chiqarib tashlamasangiz, sizlarni chiqarib tashlayman» dedi va bu ishlarini inkor qildi».
Sharh: Nardni o‘ynash u yoqda tursin, uni o‘ynaydigan taxtasi, donalari va toshlarini ham uyda saqlash mumkin emas ekan. Nard o‘ynagan kishiga emas, balki uni uyida saqlab turgan kishiga nisbatan shu qadar keskinlik qilgan ekanlar.
Robia ibn Kulsum ibn Jabrdan u otasidan rivoyat qilinadi:
«Ibn Zubayr bizga xutba qildi.
«Ey Makka ahli! Menga xabar berishlaricha, qurayshlik ba’zi kimsalar bir o‘yin o‘ynashar ekan, uning nomi nardisher ekan» dedi. U chapaqay edi. «Alloh «Albatta xamr va qimor rijsdir, shaytonning amalidandir...» degan.
«Albatta, men Allohning nomi ila qasam ichib aytamanki, kim uni o‘ynab, qo‘lga tushib, mening oldimga keltirilsa, men uni sochida va basharasida iqobga olaman va kiyimlarini uni oldimga olib kelgan odamga beraman», dedi».
Sharh: Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu bir muddat Makkada hokim bo‘lib turganlari hammaga ma’lum. O‘sha davrda ba’zi odamlarning nard o‘ynashayotganlari haqida u kishiga xabar yetganda bunga qarshi choralar ko‘rgan ekanlar. Bu choralar haqida o‘z xutbalarida e’lon qilgan ekanlar.

Narda o‘ynash mumkin emasligiga barcha mazhablar birdek ijmo’ qilgan – pul tikib o‘ynaydimi, shunchaki dam olish uchun o‘ynaydimi, farqi yo‘q.
Yuqoridagi hadisda ta’kidlanganidek, narda o‘ynash Alloh taologa va Uning Rasuliga itoatsizlik qilish bo‘ladi.
Ushbu hadis ma’nosidan yana shunday xulosa chiqarish mumkinki, odamni namozdan va boshqa ibodatlardan chalg‘itadigan, foydali ish koeffitsentini pasaytirib yuboradigan har qanday narsa – o‘yin bo‘ladimi, boshqa jiddiy mashg‘ulotmi – shariatimiz hukmi bo‘yicha harom ekan. Ikkinchi jihati, xuddi shu narsa insonning ruhiyatiga ham salbiy ta’sir o‘tkazsa (inson boqibeg‘am, erinchoq bo‘lib qolsa yoki xayol-hushi o‘sha narsaga bog‘lanib qolsa), bu ish ham harom va makruh sanaladi. Zotan, inson o‘ziga omonat qilib berilgan jismoniy va ruhiy sog‘likni muhofaza qilishga mas’uldir.
Binobarin, odamning shariat ruxsat bergan suv ichish, ovqat yeyish, xordiq chiqarish, yaxshi kiyimlar kiyish, o‘yin-kulgular qilishga ehtiyoji bo‘lganidek, ibodat qilishga, boshini sajdaga qo‘yishga ham kuchli ehtiyoj bor. Dinimiz inson hayotining barcha jihatlarini qamrab olgan va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib qo‘ygan. Biz bandalar ana shu yo‘ldan og‘ishmasak bas.


Damin JUMAQUL tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yangi O‘zbekistonda inson qadri va saxovat tantanasi

22.05.2026   3289   5 min.
Yangi O‘zbekistonda inson qadri va saxovat tantanasi

Samarqand — asrlar davomida islom ma’rifati va tamaddunining nurli markazi bo‘lib kelayotgan, buyuk allomalaru avliyolar yetishib chiqqan muqaddas va tabarruk zamindir. Bu qutlug‘ diyordan taralgan ilm ziyosi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olamini ma’naviy boyitib kelmoqda. Imomlar, muhaddislar, mufassirlar va mutakallimlar merosi bilan dong taratgan Samarqand bugun ham bag‘rikenglik, ma’rifat va muqaddas qadriyatlar maskani sifatida yuksak e’tirof etilmoqda.


Bugun Samarqand zaminida muqaddas ziyoratgohlar yanada obod qiyofa kasb etmoqda, masjid va majmualarda xalqimiz uchun keng qulayliklar yaratilmoqda. Ayniqsa, joriy 2026 yilgi Qurbon hayiti yurtimizda misli ko‘rilmagan shukronalik, hamjihatlik va yuksak ma’naviy muhit ila qarshi olinmoqda.

Samarqandda hayit namozi va tayyorgarlik ishlari
 

Joriy yilda Qurbon hayiti 27 may — Chorshanba kuni nishonlanadi. Samarqand viloyatidagi barcha masjidlarda hayit namozlarini munosib tarzda o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi:

  • 287 ta masjidda Qurbon hayiti namozi o‘qiladi;

  • Hayit namozi soat 05:30 da boshlanadi;

  • Namozdan avval masjidlarda tinchlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, inson qadri va yurt osoyishtaligi haqida ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi.

Viloyat markazi hamda barcha tumanlardagi yirik masjidlarda namozxonlarning xavfsizligi va emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha mutasaddi tashkilotlar hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni belgilagan.


Imom al-Buxoriy majmuasida hayit shukuhi

Muborak Qurbon hayiti namozi Imom al-Buxoriy majmuasida ham katta ko‘tarinkilik va fayzu baraka ila ado qilinadi. Erta tongdan ushbu tabarruk maskanda Qur’on tilovatlari, takbir va tahlil sadolari yangrab, namozxonlar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda dunyo musulmonlarining hamjihatligi uchun samimiy duolar qiladilar.


Haj–2026: Yuksak e’tibor va tarixiy lahzalar
 

Haj ibodati — musulmonlar uchun eng ulug‘ orzu va muqaddas safardir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muhtaram janobi oliylarining bevosita e’tibor va g‘amxo‘rliklari tufayli joriy mavsum yuqori darajada tashkil etildi:

  • Samarqand viloyatidan 940 nafarga yaqin ziyoratchi Makka va Madinaga safar qildi.

  • Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizdan 100 nafar fuqaro "Prezident hojisi" sifatida muborak safarga yuborildi. Bu ezgu qadam Yangi O‘zbekistonda inson manfaati va mehr-oqibat tamoyillari ustuvor ekanining yorqin ifodasi bo‘ldi.

  • Har bir hoji uchun tibbiy xizmat, dori-darmon, shinam yashash joyi, ovqatlanish va transport logistikasi to‘liq tashkil etilib, malakali guruh rahbarlari va shifokorlar ularga xizmat ko‘rsatmoqda.

Tarixiy voqea: Joriy yilgi Haj mavsumining barcha hojilarimiz qalbida chuqur iz qoldirgan unutilmas voqeasi — Davlatimiz rahbarining muborak zaminda bo‘lib turgan ziyoratchilarimiz holidan shaxsan telefon orqali xabar olganlari bo‘ldi. Yurtboshimiz Muftiy hazratlari bilan muloqotda hojilarning salomatligi bilan qiziqib, ularga o‘zlarining samimiy duo va ezgu tilaklarini yo‘lladilar. Bu yuksak e’tibor Makkai mukarrama va Madinai munavvaradagi yurtdoshlarimiz qalbiga cheksiz quvonch va shukronalik bag‘ishladi.

Shariatimizda qurbonlik qilish odoblari

Qurbonlik — Alloh taologa bo‘lgan taqvo, itoat va shukronalikning amaliy ifodasidir. Viloyatimizdagi imom-xatiblar tomonidan aholiga qurbonlik qoidalari bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra:

  1. Vaqti: Qurbonlik hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanib, zulhijjaning 10, 11 va 12-kunlari kun botgunga qadar amalga oshiriladi;

  2. Jonliq: Qo‘y va echki bir kishi nomidan, sigir va tuya esa 7 kishigacha sheriklik asosida so‘yilishi mumkin;

  3. Hayvonning holati: Qurbonlik qilinadigan hayvon sog‘lom, ko‘zga ko‘rinarli ayblardan xoli va yetuk yoshda bo‘lishi lozim;

  4. Tarqatish: Qurbonlik go‘shtini uch qismga bo‘lib, bir qismini oilaga saqlash, ikkinchi qismini qarindosh-urug‘larga, uchinchi qismini esa muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga tarqatish mustahab (savobli) amaldir.


Aziz yurtdoshlar, masjidlarimizdagi fayzli muhit, ziyoratgohlardagi obodonchilik ishlari, hojilarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va xalqimiz o‘rtasidagi mehr-oqibat — bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanayotganining amaliy ifodasidir.


Alloh taolo yurtimiz tinchligini, xalqimiz birdamligini yanada mustahkamlasin. Qurbon hayiti barchamiz uchun xayr-baraka, ma’naviy yuksalish va ezguliklar bayrami bo‘lsin. Barchangizni yaqinlashib kelayotgan muborak ayyom bilan samimiy muborakbod etaman! 


Ahmadxon domla Alimov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi

Maqolalar