“Kimki narda o‘ynasa, Alloh taologa va Uning Rasuliga itoatsizlik qilibdi” (Imom Abu Dovud, Imom ibn Moja rivoyat qilgan).
Narda o‘ynash taqiqlanishining sababi vaqtni isrof qilish va qimor o‘yinlariga o‘rganib qolishdan iboratgina emas, unda unga ortiqcha bog‘lanib qolmaslikni va ko‘p vaqt o‘ynamaslikni shart qilib uni o‘ynash mumkin bo‘lib qolar edi. Masalan, biror kishi ishdan keyin 5-10 daqiqa dam olish uchun o‘ynayman, deyishi mumkin. Bir qarashda bunda hech qanday g‘ayritabiiy narsa yo‘qdek, ammo ana shu holatda ham narda o‘ynash qat’iyan taqiqlangan.
Nofe’dan rivoyat qilinadi:
«Abdulloh ibn Umar o‘z ahlidan birortasining nard o‘ynaganini bilsa, o‘shani urar va nardni sindirib tashlar edi».
Sharh: Ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning bu ishlari barcha ota-onalar, oila boshliqlariga namunadir. Har bir oila boshlig‘i o‘z qo‘l ostidagilar nima bilan mashg‘ul ekanini ziyraklik bilan kuzatib turishi va noshar’iy ishlar sodir bo‘lsa, darhol chora ko‘rishi lozim.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Unga hovlisida turadigan ahli baytidan ba’zilarining nardi borligi xabari yetdi. Bas, u ularga odam yuborib «Agar nardni chiqarib tashlamasangiz, sizlarni chiqarib tashlayman» dedi va bu ishlarini inkor qildi».
Sharh: Nardni o‘ynash u yoqda tursin, uni o‘ynaydigan taxtasi, donalari va toshlarini ham uyda saqlash mumkin emas ekan. Nard o‘ynagan kishiga emas, balki uni uyida saqlab turgan kishiga nisbatan shu qadar keskinlik qilgan ekanlar.
Robia ibn Kulsum ibn Jabrdan u otasidan rivoyat qilinadi:
«Ibn Zubayr bizga xutba qildi.
«Ey Makka ahli! Menga xabar berishlaricha, qurayshlik ba’zi kimsalar bir o‘yin o‘ynashar ekan, uning nomi nardisher ekan» dedi. U chapaqay edi. «Alloh «Albatta xamr va qimor rijsdir, shaytonning amalidandir...» degan.
«Albatta, men Allohning nomi ila qasam ichib aytamanki, kim uni o‘ynab, qo‘lga tushib, mening oldimga keltirilsa, men uni sochida va basharasida iqobga olaman va kiyimlarini uni oldimga olib kelgan odamga beraman», dedi».
Sharh: Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu bir muddat Makkada hokim bo‘lib turganlari hammaga ma’lum. O‘sha davrda ba’zi odamlarning nard o‘ynashayotganlari haqida u kishiga xabar yetganda bunga qarshi choralar ko‘rgan ekanlar. Bu choralar haqida o‘z xutbalarida e’lon qilgan ekanlar.
Narda o‘ynash mumkin emasligiga barcha mazhablar birdek ijmo’ qilgan – pul tikib o‘ynaydimi, shunchaki dam olish uchun o‘ynaydimi, farqi yo‘q.
Yuqoridagi hadisda ta’kidlanganidek, narda o‘ynash Alloh taologa va Uning Rasuliga itoatsizlik qilish bo‘ladi.
Ushbu hadis ma’nosidan yana shunday xulosa chiqarish mumkinki, odamni namozdan va boshqa ibodatlardan chalg‘itadigan, foydali ish koeffitsentini pasaytirib yuboradigan har qanday narsa – o‘yin bo‘ladimi, boshqa jiddiy mashg‘ulotmi – shariatimiz hukmi bo‘yicha harom ekan. Ikkinchi jihati, xuddi shu narsa insonning ruhiyatiga ham salbiy ta’sir o‘tkazsa (inson boqibeg‘am, erinchoq bo‘lib qolsa yoki xayol-hushi o‘sha narsaga bog‘lanib qolsa), bu ish ham harom va makruh sanaladi. Zotan, inson o‘ziga omonat qilib berilgan jismoniy va ruhiy sog‘likni muhofaza qilishga mas’uldir.
Binobarin, odamning shariat ruxsat bergan suv ichish, ovqat yeyish, xordiq chiqarish, yaxshi kiyimlar kiyish, o‘yin-kulgular qilishga ehtiyoji bo‘lganidek, ibodat qilishga, boshini sajdaga qo‘yishga ham kuchli ehtiyoj bor. Dinimiz inson hayotining barcha jihatlarini qamrab olgan va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib qo‘ygan. Biz bandalar ana shu yo‘ldan og‘ishmasak bas.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Ozor bersa zamonning o‘tkir nishlari,
Yagona Zotdan so‘rang Uning yordamin.
Muslima, soliha ayol eri bilan yaxshi yashaydigan, Robbisidan so‘ng eriga itoat etadigan bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mana shunday ayolni madh etganlar va uni erkak kishi erishishi lozim bo‘lgan namunaviy ayol ekanini bildirganlar. Eng yaxshi ayol haqida so‘ralganda bunday javob berganlar:
قال: التي تسره إذا نظر، وتطيعه إذا أمر، ولا تخالفه في نفسها ومالها بما يكره
“(Eng yaxshi ayol) eri qarasa xursand qiladigan, buyursa itoat etadigan, o‘z nafsi va molida eri yomon ko‘rgan narsa bilan unga xilof qilmaydiganidir” (Imom Nasoiy rivoyati).
عن ابن عباس قال: لما نزلت الآية (والذين يكنزون الذهب والفضة) فانطلق عمر واتبعه ثوبان فأتى النبي صلى الله عليه وسلم فقال: يا رسول الله، إنه قد كبر على أصحابك هذه الآية. فقال النبي صلى الله عليه وسلم: ألا أخبرك بخير ما يكنزه المرء؟ التي إذا نظر إليها سرته وإذا أمرها أطاعته وإذا غاب عنها حفظته
Alloh taoloning:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّ كَثِيرًا مِنَ الْأَحْبَارِ وَالرُّهْبَانِ لَيَأْكُلُونَ أَمْوَالَ النَّاسِ بِالْبَاطِلِ وَيَصُدُّونَ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ وَالَّذِينَ يَكْنِزُونَ الذَّهَبَ وَالْفِضَّةَ وَلَا يُنْفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَبَشِّرْهُمْ بِعَذَابٍ أَلِيمٍ﴾
“Oltin va kumushni xazinaga bosadigan, Allohning yo‘lida sarflamaydiganlarga alamli azobning bashoratini beraver” (Tavba surasi, 34-oyat) oyati nozil bo‘lganda Umar va Savbon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlariga borishdi. Umar roziyallohu anhu: "Yo Rasululloh, bu oyat sahobalaringizga og‘ir keldi", dedilar.
Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ey Umar, kishi eng yaxshi xazina qiladigan narsaning xabarini beraymi? Unga qarasa xursand qiladigan, buyursa itoat qiladigan va eri g‘oib vaqtida (moli va obro‘sini) himoya qiladigan soliha ayol (kishining eng yaxshi xazinasidir)” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolning jannatga kirishini erining roziligiga bog‘lab qo‘ydilar. U zot aytadilar:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: أيما امرأة ماتت وزوجها عنها راض دخلت الجنة
“Qaysi ayol eri undan rozi bo‘lgan holda vafot etsa jannatga kiradi” (Imom Termiziy rivoyati).
Siz ana shu ayol bo‘lishga intiling, shunda haqiqiy baxtga erishasiz.
Shu’la: Oxirat diyorida eng avvalgilar qatorida siz uchun ajratilgan o‘rin bor. Faqatgina siz amallaringizni kundan-kunga mukammal qilib boring.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan