O‘rta asrlarda musulmonlar savdo ishlari bilan juda qattiq shug‘ulangan. Ular dengizlardan suzib o‘tgan, karvonlarda sahrolarni, tog‘u toshlarni kezib yurgan. Tabiiyki, ular o‘zlari yurib o‘tgan manzillarni yaxshi o‘rgangan, chunki ortga qaytayotganda adashib ketmasligi kerak bo‘lgan-da. Shuningdek, ular borgan joylarida yashaydigan xalqning tilini o‘zlashtirgan, tabiatini o‘rgangan. Negaki, aynan ana shu narsalar savdoning muvaffaqiyatini ta’min etgan.
Yevropaliklarga Xitoy, Indoneziya, Afrika va Yevroosiyo haqida qimmatli ma’lumotlarni ham musulmon savdogarlari va sayyohlari yetkazgan.
XII asrda arab sayyohi al-Idrisiy Sitsiliya qiroli Rojer II iltimosiga ko‘ra, Yevropa, Osiyo va Afrika tarixi va geografiyasi haqida muhim manba bo‘lgan – dunyoning xaritasini chizadi va uni “Rojer kitobi” deb ataydi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni yurtimiz ziyoratchilari hajning eng muhim farzini ado etish maqsadida Arafot maydoniga borib joylashdi.
Hadislarda keltirilishicha, Arafot ulug‘ manzillardan biri bo‘lib, bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g‘animat bilib, bundan unumli foydalanmoqda.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Hojilarimiz Arafotda duoi xayrlar, ibodatlar bilan bo‘lib, peshin va asr namozlarini jam qilib o‘qiydilar. Duo va tazarrularda bardavom bo‘ladilar. Alloh taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lishini, farzandu arjumandlarimiz baxtu saodatini so‘rab iltijolar qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati