Avval Namangan va Farg‘ona viloyatlarida diniy xodimlar, imom-xatiblar va mudarrislar ishtirokidagi yig‘ilishlar o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Tursuntohir Erbo‘tayev o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan ushbu lavozimidan ozod etilib, Farg‘ona shahri “Ummul Quro” jome masjidi imom-xatibi vazifasida qoldirildi.
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri bosh imom-xatibi Abdullayev Ubaydullo O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni yurtimiz ziyoratchilari hajning eng muhim farzini ado etish maqsadida Arafot maydoniga borib joylashdi.
Hadislarda keltirilishicha, Arafot ulug‘ manzillardan biri bo‘lib, bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g‘animat bilib, bundan unumli foydalanmoqda.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Hojilarimiz Arafotda duoi xayrlar, ibodatlar bilan bo‘lib, peshin va asr namozlarini jam qilib o‘qiydilar. Duo va tazarrularda bardavom bo‘ladilar. Alloh taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lishini, farzandu arjumandlarimiz baxtu saodatini so‘rab iltijolar qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati