1. Kimki oxirat ishini ro‘kach etib, boylik orttirishga intilsa, unday bandaga oxiratda nasiba yo‘q.
2. Jaholatdan ko‘ra yomonroq faqirlik yo‘q.
3. Aqldan ko‘ra foydaliroq mol yo‘q.
4. O‘ziga bino qo‘yishdan ko‘ra yomonroq yolg‘izlik yo‘q.
5. Maslahatdan ko‘ra ishonchliroq bir-birini qo‘llash yo‘q.
6. Tadbir qila bilishdek aql yo‘q.
7. Go‘zal xulqdek nasl-nasab yo‘q.
8. O‘zini tiya bilishdek taqvo yo‘q.
9. Tafakkurdek ibodat yo‘q.
10. Hayo va sabr qilishdek imon yo‘q.
11. Balog‘atga yetgandan so‘ng yetimlik yo‘q.
12. Islomda toq o‘tishga o‘rin yo‘q.
13. Fathdan so‘ng hijrat yo‘q.
14. Islomda chigallik yo‘q.
15. Omonatga xiyonat qiluvchida imon yo‘q.
16. Va’dasiga vafo qilmaydigan odamda din yo‘q.
17. Uch kundan ortiq arazlashib yurish yo‘q.
18. Istig‘for bilan gunohi kabira yo‘q.
19. Qur’on o‘qib yurgan banda uchun muhtojlik yo‘q va u uchun Qur’ondan ortiqroq boylik yo‘q.
20. Alloh uchun duodan o‘zga yoqimliroq narsa yo‘q.
21. Zulmdan ham ko‘ra jazosi tezroq keladigan narsa yo‘q.
22. O‘zgalarning och qornini to‘ydirishdan ko‘ra afzalroq amal yo‘q.
Davron NURMUHAMMAD
to‘pladi
O‘MI Matbuot xizmati
BBC Studios’ning Yevroosiyodagi tijoriy vakili Sergey Stanovkinning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda o‘tgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi O‘zbekistonning o‘z tarixi va sivilizatsion merosini global auditoriyaga mustaqil ovoz bilan yetkazishga qaratilgan yangi media maydoniga aylandi, xabar bermoqda iccu.uz.
Sergey Stanovkin, BBC Studios’ning Yevroosiyodagi tijoriy vakili
– Ushbu mediaforumning ahamiyati juda katta. Professional ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonga jamlash axborot muhitida mutlaqo boshqa natija beradi. Bugun blogerlik jadal rivojlanayotgan muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lsa-da, an’anaviy OAVning o‘z auditoriyasi, ta’sir doirasi, ishonch darajasi va tahririy siyosati bor. Shu bois bu tadbirning aynan mediaforum shaklida o‘tkazilayotgani va unda ko‘plab xalqaro OAV vakillari ishtirok etayotgani alohida ahamiyatga ega.
Endilikda muhim vazifa — xalqaro media kun tartibida Markaziy Osiyo va O‘zbekistonga yanada keng o‘rin berish. Buning uchun O‘zbekiston va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z ovozi, o‘z kontenti va samarali kommunikatsiyalariga ega bo‘lishi kerak. Chunki Islom sivilizatsiyasi markazining dunyoga aytadigan gapi, taqdim etadigan mazmuni bor.
Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi ham shu nuqtayi nazardan juda muhim. U nafaqat mamlakatlar o‘rtasida, balki o‘tmish va kelajak o‘rtasida ham ko‘prik yaratadi. Tarixni anglash kelajakni to‘g‘ri qurishga yordam beradi. BBC’da “O‘zbekiston — sivilizatsiyalar chorrahasi” reklamaviy kampaniyasi bo‘lganida, men bu haqda ko‘p o‘ylagan edim. Menimcha, Islom sivilizatsiyasi markazi ham gumanitar sohadagi ana shunday muhim chorrahalardan biri — u odamlarni Toshkentga, O‘zbekistonga chorlaydi va turli mamlakatlarni yaqinlashtiradi.
O‘zbekistonni xalqaro madaniy muloqot uchun muhim maydonga aylantirayotgan asosiy jihat — uning faolligi va tashabbuskorligi. Bu iqtisodiyotda ham, madaniyatda ham yaqqol ko‘rinmoqda. Ayniqsa, kelajakka qaratilgan qarash O‘zbekistonni ajratib turadi. O‘tmishni o‘rganish juda muhim, ammo kelajak haqida gapirish va rivojlanish yo‘nalishini belgilash ham shunchalik ahamiyatli. Ana shunda yangi hamkorlar va yangi tarafdorlar paydo bo‘ladi. O‘zbekiston buni juda yaxshi amalga oshirmoqda. Shu bois uning do‘stlari va hamkorlari ko‘p. Ishonchim komilki, O‘zbekistonni katta va porloq kelajak kutmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati