Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446

Musofirning namozi bayoni

16.03.2018   55142   44 min.
Musofirning namozi bayoni

Musofir deb, shunday kishiga aytiladiki, o‘zining shaharidagi uylaridan ayrilib chiqqan bo‘lib, uch kecha-kunduzlik yo‘lni niyat qilgan bo‘lur, oralaridagi odatlari qandoq bo‘lsa, o‘shanday rohatga amal qilur, ammo kunduzi yurmoq uchun, kechasi esa rohat qilmoq uchundur. Bunday musofirga namozini qasr qilib o‘qish lozim bo‘ladi va yana jum’a namozi va ikki hayit namozi o‘sha musofirdan soqit bo‘lgay. 

Jum’a kunida peshin namozini o‘qiydi. Musofir kishiga Qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi. Sadaqai fitr bersa, muboh bo‘ladi, ya’ni ixtiyor o‘zida. Bersa ham bo‘ladi,bermasa ham gunohkor bo‘lmas. Musofir kishi to‘rt rakaatli namozini qasr qiladi, ya’ni muqimlikdagi to‘rt rakaatlik farz namozini safarda ikki rakaat qilib o‘qishlik vojibdur. Musofir o‘z vataniga qaytib kelguncha, muqimga to‘rt rakaat farz bo‘lgan namoz, musofirga ikki rakaat farzdur.

Payg‘ambar (s.a.v)dan rivoyat qilindi: «Muqimlikdagi to‘rt rakaatlik namozni kimiki safarda to‘rt rakaat o‘qisa, ikki rakaat o‘qigandek bo‘lgay». Safarda namozni batamom o‘qigan kishi muqimlikda to‘rt rakaat namozni ikki rakaat o‘qiganga o‘xshashdur. Va yana Rosululloh(s.a.v)dan rivoyat qilindi: «Albatta bu ikki rakaat o‘qilgan namoz sadaqadir, Alloh taolo bu ikki rakaatni sizlarga sadaqa qilibdur. Ey musulmonlar,sadaqani qabul qilinglar».

Safar qilgan kishi yarim oy bir shaharda yo qishloqda turmoqni niyat qilguncha, ikki rakaat o‘qimog‘i vojibdur. Islom shahrining sahrolarida o‘n besh kun turishni niyat qilgan odamlar, ya’ni ovul va o‘tov nomli uylar va chodirlar bilan yuradigan jamoadan bo‘lib, mazkur sahrolarda bir o‘tli joydan, ikkinchi o‘tli joyga ko‘chib yursalar, ularning sahrosida muqimlik niyati durustdur.

Muqim kishi musofirga imom bo‘lsa, o‘qilayotgan namozi to‘rt rakaatli bo‘lsa, musofir ham o‘sha to‘rt rakaatni to‘liq o‘qiydi, chunki musofirning farzi imomga iqtido qilgan sababidan to‘rt rakaatga aylanadi.

Imom bo‘lgan musofir ikki rakaat namoz o‘qiydi, lekin salom bergandan keyin iqtido qilgan muqimlarga: «namozlaringni tamom qilinglar, men musofirman», deyishligi mustahabdir. «Tamom o‘qinglar», deb lafzni jam qiladi. Bu Payg‘ambar (s.a.v) ning so‘zlari tabarrukligi jihatidanki, ahli Makkaga « hajjatul vido’»da aytgan edilar.

Vatani iqomat deb o‘n besh kun yo bundan ortiq kun

turishni niyat qilishni ayturlar. Masalan: bir kishi bir shahar yoki bir qishloqda tug‘ilgan, yo o‘sgan yo o‘ylangan bo‘lsa, boshqa shahar yo boshqa qishloqqa ahli yo uy asboblari bilan ko‘chib kelsa, avvalgi shahar yo qishloq vatani asliy bo‘lmoqdan chiqar. Agar o‘sha shahar yo qishloqqa borib muqimlik niyatini qilmasa, musofir bo‘lib, to‘rt rakaat farz namozni ikki rakaat qilib o‘qiydi. Chunki Payg‘ambar (s.a.v) ning asliy muborak vatanlari Makkai-Muazzamda edi, so‘ngra vatanlari Madinai-Munavvarada bo‘ldi.

Vatani iqomatni vatani safar va ham vatani asliy buzadi. Masalan, bir kishi bir begona shaharda muqim bo‘lib tursa, undan keyin ikkinchi joyga safar qilsa, o‘sha zamon yana mazkur muqim bo‘lgan joyga qaytib kelsa, namozni qasr o‘qiydi. Vatani asliy botil qiladi deganlari shudir. Va yana musofir bo‘lish va muqim bo‘lish, qazoga qolgan namozni o‘zgartirmagay. Masalan, safarda qazo bo‘lib qolgan to‘rt rakaatlik namozni musofirga ikki rakaat o‘qishlik lozim edi, muqimlikda uning qazosini o‘qimoqchi bo‘lsa, safarda qazo qilgan bu kishi ikki rakaat o‘qiydi. Agar muqimlikda to‘rt rakaatlik namoz qazoga qolib, safarda o‘qimoqchi bo‘lsa, to‘rt rakaatni to‘liq o‘qiydi.

Musofir kishi ro‘zasini ochish joizdur. Jum’a bilan ikki iyd namozi musofirdan soqit bo‘ladi. Musofir ado namozda muqimga iqtido qilsa, unga to‘rt rakaat namoz o‘qishlik lozim bo‘ladi. Qazo namozda musofirga muqim kishining iqtido qilishligi durust emas. Ado namozda musofir muqim kishiga iqtido qilsa durust bo‘ladi. 

Savol:

Assalomu alaykum, muhtaram Shayx hazratlari! Sizga quyidagi savollarni bermoqchi edim.

  1. Safarda namozlarni qanday ado etmog‘imiz lozim bo‘ladi?
  2. Safarga chiqish masofasi qandoq belgilanadi, uzunlikkami yoki kunlargami?
  3. Safarda masjidda imomga iqtido qilgan holda namozni ado etsak, sunnatlarini ham o‘qishimiz lozimmi?
  4. Masjidga kirganimizda, imom boshqa mazhabda namoz o‘qiyotgan bo‘lsa, biz uniing barcha harakatlarini takrorlamog‘imiz lozim bo‘ladimi?
  5. Safarda bir masjid imomi farz namozi ikkinchi rak’atida rukudan so‘ng duo qilib, so‘ngra sajda qildi, bu holatda biz nima qilmog‘imiz lozim bo‘ladi. Alloh barchamizdan rozi bo‘lsin! 

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

  1. Bu savolga to‘liq javob berish uchun «Muxtasarul Viqoya»da bu masalada kelgan matn bilan tanishib chiqsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Unda, jumladan, shunday deyilgan: «Musofir o‘z yurtining uylaridan o‘rtacha yurish ila uch kunu uch kechalik masofani qasd qilib ajragan odamdir. Bu, quruqlikda tuyaning va piyodaning yurishidir. Dengizda esa, kemaning shamol mo‘tadil bo‘lgandagi yurishidir. Tog‘da esa, o‘ziga munosib yurishdir.

Bas, u to o‘z yurtiga qaytib kirgunicha yoki bir shahar yoki qishloqda yoxud ko‘chmanchi bo‘lsa, diyorimizdagi sahroda yarim oy turishni niyat qilguncha, to‘rt rak’atli namozni qasr qiladi.

Dorul harbda yoki bog‘iylarning qamalida qolgan bo‘lsa, undoq emas. Unda, niyatsiz turishi cho‘zilib ketgan odamga o‘xshaydi.

Agar u qa’dai ulaaga o‘tirib to‘liq o‘qisa, farzi tugal bo‘ladi. Ammo yaxshi qilmagan bo‘ladi. Ziyoda bo‘lgani naflga o‘tadi. Agar qa’dai ulaaga o‘tirmasa, farzi botil bo‘ladi.

Qay bir musofirga muqim kishi vaqtli namozda imom bo‘lsa, namozni to‘la o‘qiydi. Vaqt o‘tgandan keyin muqim musofirga imom bo‘lmaydi. Agar u imom bo‘lsa, uning iqtidosi botil bo‘ladi. Aksi bo‘lganda, muqim tamomlab oladi.

Musofir imom bo‘lsa, qasr qiladi va «Namozingizni tugatib oling, men musofirman», deb aytishi mandub bo‘ladi.

Asliy vatanni uning misli botil qiladi, safar emas. Iqoma vatanini uning misli, safar va asliy vatan botil qiladi. Safar va uning ziddi qazo namozni o‘zgartirmaydi. Ma’siyat safari ruxsatlarda boshqalariga o‘xshaydi.»

Alloh taolo safarda namozni qasr qilib, to‘rt rak’atli farz namozlarni ikki rak’at qilib o‘qishni shariatga kiritgan. Chunki safarning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari va mashaqqatlari bo‘ladi. Safardagi kishilarga o‘sha mashaqqatlarni yengillashtirish uchun Alloh taolo mehribonlik qilib to‘rt rak’atli namozlarning yarmini qisqartirib yengillik bergan.

Bu, Alloh taoloning diyni-Islom osonlik diyni ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan bir vaqtda, namozning naqadar ahamiyatli ibodat ekanini ham ko‘rsatadi. Alloh taolo safarga alohida yengil namoz joriy qilishi shunga dalil bo‘lmasa, nimaga dalil bo‘lar edi.

Musofir namozni qasr qilib o‘qishi Qur’on, Sunnat va Ijmo’ bilan sobit bo‘lgan.

Alloh taolo «Niso» surasida:

«Qachonki yer yuzida javlon urganingiz, sizlar¬ga namozni qasr qilishingizda gunoh yo‘qdir» (101-oyat), degan. 

Ya’lo ibn Umayya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Men Umar ibn Xattobga:

«Sizlarga namozni qasr qilishda gunoh yo‘qdir. Agar kufr keltirganlar sizga fitna qilishidan qo‘rqsangiz», deyilgan. Batahqiq, odamlar emin bo‘ldilar?!» – dedim.

«Men ham sen ajablangan narsadan ajablanib, u haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:

«Bu – Alloh taolo sizga qilgan sadaqadir. Bas, Uning sadaqasini qabul qiling», dedilar», dedi».

Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.

Ulamolar musofir kishi to‘rt rak’atli namozni qisqa-ikki rak’atli qilib o‘qishiga ijmo’ qilganlar.

Musofir uchun namozni qasr qilishi aziymat bo‘lib, hukmi vojibdir. Uning uchun to‘rt rak’atli namozni ikki rak’at qilib o‘qish farzdir. Undan ziyoda qilish joiz emas.

Biz bu masalada o‘rganadigan matnlarimizda musofirning namoziga oid ko‘pgina hukmlar qisqa tarzda bayon etilgan. Biz uni mufassalroq sharh qilishga urinib ko‘ramiz.

«Safar» lug‘atda masofani kesib o‘tishdir. Lekin har bir safar ham shar’iy ahkomlarning o‘zgarishiga sabab bo‘lavermaydi. Buning uchun alohida shartlarni o‘zida mujassam qilgan safar bo‘lishi lozim.

Shuning uchun, shar’iy hukmlari o‘zgaradigan safar qiladigan musofir kimligini bilib olishimiz lozim bo‘ladi.

Shar’iy musofir bo‘lgan odamga esa namozni qasr qilib o‘qishga, ro‘za tutmaslikka ruxsat beriladi. U, mahsiga uch kechayu kunduz mas'h tortadi hamda Jum’a, Iyd namozlari va qurbonlik qilish undan soqit bo‘ladi.

Xo‘sh, o‘sha musofir kim o‘zi? Bu savolga javob quyidagicha:

«Musofir» o‘z yurtining uylaridan uch kunu uch kechalik masofani qasd qilib ajragan odamdir.

«O‘z yurtlarining uylari» deganda, shaharning chetidagi uylar ko‘zda tutiladi. Musofir qaysi yo‘nalishda ketayotgan bo‘lsa, o‘sha tarafdagi oxirgi uydan ajraganda musofirlik boshlanadi. Agar shaharga tutashgan qishloq bo‘lsa, o‘sha qishloqdan o‘tgandan keyin musofirlik boshlanadi. 

Imom Muslim va Abu Dovud Anas roziyallohu anhu¬dan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Madiynada Peshinni to‘rt rak’at va asrni Zul Hulayfada ikki rak’at o‘qidim».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarga chiqqan bo‘lsalar ham, Madiynadan chiqmaganlari uchun Peshinni to‘rt rak’at o‘qiganlar. Asrda shahar¬dan chiqib Zul Hulayfa degan joyga yetib qolganlari uchun namozni qasr qilib, ikki rak’at o‘qiganlar.

«Uch kunu uch kechalik masofani qasd qilib» degan gapni ham sharh qilishimiz lozim bo‘ladi.

Bunda uch kun yurish va uch kecha dam olish bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bunga dalil quyidagicha: 

Xuzayma ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Mahsiga mas'h tortish musofir uchun uch kun, muqim uchun bir kunu bir kecha», – dedilar».

Abu Dovud va Termiziylar rivoyat qilishgan.

Mana shu hadisdan uch kunlik safarni niyat qilmagan odam shar’iy ma’nodagi musofir bo‘lmas-ligi kelib chiqadi.

  1. «Masofani qasd qilib» deyish bilan, masofani qasd qilmay sodir bo‘lgan safar shar’iy hukmlarga tegishli safar bo‘lmasligini bilib olamiz.

Misol uchun, birov qochib ketgan otini ushlayman deb yo‘lga chiqsa va bir necha kun uning ortidan quvib yursa ham namozni to‘liq o‘qiydi.

Uch kunlik masofani bosib o‘tish vaqtini hisoblashda mo‘tadil yurtlardagi eng qisqa kunlar e’tiborga olinadi. Ya’ni, kunduzi juda qisqa yoki juda ham uzun bo‘ladigan emas, o‘rtacha bo‘ladigan yurtlarning kuni olinadi. O‘shanda ham, ertalabdan peshingacha yurgani hisobga kiradi. Qolgani namoz, dam va ovqatlanishga chiqariladi. Agar tez yurib, mazkur masofani undan oz vaqtda bosib o‘tadigan bo‘lsa ham, qasr o‘qiydi.

Hanafiy ulamolarning ko‘plari: safarni farsaxlar bilan o‘lchanmaydi, deganlar.

Boshqa mazhablar: safar masofasi to‘rt barid bo‘lsa, shar’iy safar hisoblanadi va unda namozni qasr o‘qishga ruxsat bo‘ladi, deydilar.

«Barid» masofa birligi bo‘lib, bir barid masofa to‘rt farsaxga, hadisda kelgan to‘rt barid esa o‘n olti farsaxga to‘g‘ri keladi. Bir farsax 5544 metr, to‘rt farsax esa 22176 metr bo‘ladi. To‘rt barid esa 88704 metr bo‘ladi.

«Barid» lug‘atda «pochta» ma’nosini bildiradi. Ilgarigi vaqtda Islom o‘lkalarida pochta ishlari ot bilan yurib amalga oshirilgan. Shaharlar orasidagi pochtaxonalar ma’lum masofaga qurilgan. Bir barid bilan ikkinchisining orasi to‘rt farsax, ya’ni 22176 metr bo‘lgan. Har pochtaxona-baridda xodimlar otlarini boqib, shay bo‘lib turganlar, avvalgi baridning xodimlari uzoqdan ko‘rinishi bilan yo‘lga tayyor bo‘lib otni minib turganlar. Ular kelib, pochtani topshirishi bilan, ot choptirib, olg‘a bosganlar. Birinchi va ikkinchi pochtaxona orasidagi masofa esa, o‘sha vaqtning taomiliga ko‘ra «barid» deb aytilgan.

Ushbu biz o‘rganayotgan rivoyatga ko‘ra, to‘rt barid, ya’ni 88 km. 704 metr joyga safar qilgan odam musofir hisoblangan.

Hanafiy mazhabi o‘lchoviga ko‘ra 96 km. masofa safar masofasi hisoblangan.

Ba’zi ulamolar yuqorida zikr qilingan vaqt va sharoitda piyoda yurib, har qadamini o‘lchab, uch kunlik yo‘l 88 km bilan 96 km orasida chiqishiga guvoh bo‘ldilar.

Ular tuyaga yuk yuklab, yurgizib ko‘rib ham xuddi shu kabi natijaning guvohi bo‘ldilar.

Va nihoyat, ikki tarafning uslubi ikki xil bo‘lsa ham natija bir xil ekan, degan xulosaga keldilar.

O‘rtacha yurish ila.

Tez yurish ham, sekin yurish ham hisobmas.

U, quruqlikda tuyaning va piyodaning yurishidir.

O‘rtacha yurish bo‘lganda ham, otning yoki boshqa hayvonning emas, tuyaning yurishi hisobidandir. Shuningdek, oddiy piyoda yurishda uch kun yuriladigan safar bo‘lishi kerak.

Dengizda esa, kemaning shamol mo‘tadil bo‘l¬gandagi yurishidir.

Mabodo, dengiz safari bo‘lsa, o‘sha vaqtdagi shamol kuchi bilan yuradigan kemalarning qattiq shamol turgandagi ham, shamolsiz qolgan vaqtdagi ham bo‘lmagan, dengizchilar urfidagi mo‘tadil yurish hisobga olinadi.

Tog‘da esa, o‘ziga munosib yurishdir.

Tog‘da yurish o‘ziga xos bo‘ladi. Albatta, unda tekislikda yurgandan ko‘ra boshqacha yuriladi. Yana, tog‘ bilan tog‘ o‘rtasida ham farq bor. Shuning uchun undagi yurish ham o‘ziga munosib ravishda hisoblanadi.

Bas, u to o‘z yurtiga qaytib kirguncha yoki bir shahar yoki qishloqda yoxud ko‘chmanchi bo‘lsa, diyorimizdagi, sahroda yarim oy turishni niyat qilguncha, to‘rt rak’atli namozni qasr qiladi.

Buning dalili quyidagicha.

Umar roziyallohu anhu:

«Jum’a namoz ikki rak’atdir. Ro‘za hayiti namozi ikki rak’atdir. Qurbon hayiti namozi ikki rak’atdir. Safar namozi ikki rak’atdir, tugaldir, qasr emasdir. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tillaridandir», – dedilar».

Nasaiy, Ahmad va Ibn Moja rivoyat qilgan. 

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qili¬nadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Minoda ikki rak’at namoz o‘qidim. Abu Bakr va Umar bilan ham. Shuningdek, Usmonning amirligi boshida ham, keyinroq u to‘liq o‘qidi».

Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilishgan.

Hanafiy mazhabida bir kishi boshqa bir joyda o‘n besh kun va undan ortiq turmoqni niyat qilsa, namozni to‘liq o‘qiydi, undan oz turmoqni niyat qilsa, qasr o‘qiydi.

Hanafiy mazhabi ulamolari bu hukm uchun buyuk sahobiylar Ibn Abbos va Ibn Umar roziyallohu anhumodan qilingan quyidagi rivoyatni dalil qilib olganlar:

«Musofir o‘laroq bir yurtga kirsang va bu yurt¬da o‘n besh kun qolishni niyat qilsang, namozni to‘la o‘qi. Agar bu yerdan qachon safarga chiqi¬shingni bilmasang, namozni qasr o‘qi».

Dorul harbda yoki bog‘iylarning qamalida qolgan bo‘lsa, undoq emas. Unda niyatsiz turishi cho‘zilib ketgan odamga o‘xshaydi.

Birov bir yerda o‘n besh kun yoki undan ortiq turishni niyat qilmagan bo‘lsa, qancha tursa ham namozni qasr qilib o‘qiydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybarda yigirma kun turganlarida namozni qasr o‘qiganlar.

Ibn Umar va boshqa sahobalarning yo‘lini Ozar¬boyjonda qor to‘sib qolganda, olti oy qasr namoz o‘qishgan.

Dorul harb (urush diyori)da, ya’ni g‘ayri musulmonlarning diyorida qamalda turgan odam ham qasr o‘qiydi.

Bog‘iylar-Islom davlatiga qarshi chiqqan musulmonlardir. Ularning qamaliga tushib qolganlar ham namozni qasr qilib o‘qiydilar. Chunki, bu holatda barqarorlik bo‘lishi mumkin emas.

Birov bir yerga o‘z hojatini chiqarish uchun kirsa, agar o‘n besh kun turishni niyat qilgan bo‘lsa ham, namozni qasr o‘qiydi. Chunki u hojati ravo bo‘lishi bilan, qaytib jo‘nab qolishi turgan gap.

Agar musofir qa’dai ulaaga o‘tirib, to‘liq o‘qisa, farzi tugal bo‘ladi. Ammo yaxshi qilmagan bo‘ladi.

Chunki u Alloh taolo bergan imkondan foydalanmadi. Shu bilan birga, u ikki rak’at qasr namozdan keyin beriladigan salomni kechga surdi.

Ziyoda bo‘lgani naflga o‘tadi. Agar qa’dai ulaaga o‘tirmasa, farzi botil bo‘ladi.

Ya’ni, keyingi ikki rak’at uning uchun nafl namoz o‘rniga o‘tadi. Musofir namozni to‘liq o‘qiganda ikki rak’atdan keyin o‘tirmagan bo‘lsa, o‘qigan farz namozi namoz bo‘lmaydi. Boshqa o‘qishi lozim.

Qay bir musofirga muqim kishi vaqtli namozda imom bo‘lsa, namozni to‘la o‘qiydi.

Farz vaqtida o‘qilayotgan namozda muqimga musofir iqtido qilsa, u ham imomga o‘xshab to‘liq namoz o‘qiyveradi. Mazkur musofirning farzi ham, imomga ergashgani uchun, to‘rt rak’atga aylanadi. Shuning uchun, agar muqim imom yanglishib birinchi ikki rak’atdan keyin qasdan yoki unutib bir tashahhud miqdoricha o‘tirmasa ham, musofirning namozi to‘g‘ri bo‘laveradi, albatta, imom sajdai sahv qilsa, chunki, musofir muqimga ergashgani tufayli uni namozi ham to‘rt rak’atga aylanib qoladi.

Bu hukmning dalili quyidagicha: 

Imom Muslim rivoyat qiladi:

«Nofe’: «Ibn Umar imom bilan o‘qisa, to‘rt rak’at, o‘zi yolg‘iz o‘qisa, ikki rak’at o‘qir edi», dedi.

Vaqt o‘tgandan keyin muqim kishi musofirga imom bo‘lmaydi.

Agar takbiri tahrimani aytishga vaqt qolgan bo‘l¬sa, iqtido qilsa, bo‘ladi. Ammo vaqt chiqishi bilan, musofir muqimga iqtido qilishi mumkin emas.

Agar u imom bo‘lsa, aning iqtidosi botil bo‘¬ladi.

Agar vaqt o‘tgandan keyin muqim musofirga imom bo‘lsa, musofirning iqtidosi botil bo‘ladi.

Aksi bo‘lganda, muqim tamomlab oladi.

Ya’ni, musofir imom bo‘lib, muqim muqtadiy bo‘lganda, imom salom berishi bilan muqtadiy turib, qolgan ikki rak’atni o‘zi o‘qib namozini tugal qiladi.

Musofir imom bo‘lsa, qasr qiladi va «Namo¬zingizni tugatib oling, men musofirman», deb ayti¬shi mandub bo‘ladi. 

Imom Abu Dovud va Termiziy qilgan rivoyatda Imron ibn Husoyn roziyallohu anhu quyidagilarni aytadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan g‘azotda bo‘ldim. So‘ngra u zot bilan Fathda hozir bo‘ldim. Bas, u zot Makkada o‘n sakkiz kecha namozni faqat ikki rak’atdan o‘qib turdilar. Shunda «Ey ahli Makka, to‘rt rak’at o‘qinglar, biz musofirmiz», – der edilar».

Asliy vatanni uning misli botil qiladi, safar emas.

«Vatani asliy» (asliy vatan) deganda, tug‘ilib o‘sgan va umrining oxirigacha yashashni niyat qilgan yoki o‘ziga vatan tutib, umrining oxirigacha o‘sha yerda yashashni niyat qilgan yurt anglanadi. Bunda mazkur yerdan oila qurishi shart emas.

Avval bir yerda asliy vatani bo‘lsa, keyin boshqa yerga ko‘chib borib, o‘sha yerni vatan tutsa, o‘sha keyingi vatani asliysi avvalgisini botil qiladi. Boshqacha qilib aytganda, keyingi vatanidan avvalgisiga safar qilib kelsa, musofir sanalaveradi.

Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari misol. U kishining vatani asliylari Makka bo‘lgan. Hijratdan keyin esa, Madiyna u zotga vatani asliy bo‘ldi. Hijratdan keyin Madiynadan Makkaga kelganlarida, vatani asliy Madiyna o‘zining misli Makkani botil qildi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkada namozni qasr o‘qidilar.

Bu hol avvalgi vatanda ahl, jufti halol, bola, ziroat, biror bog‘lanish kabi narsalari qolmagan bo‘lsa, to‘g‘ri bo‘ladi.

Agar mazkur narsalardan birortasi bo‘lsa, u o‘n besh kundan ko‘p turishni niyat qilmasa ham, namozini to‘liq o‘qiyveradi. Ikki vatan uning uchun bir xil hukmga ega bo‘ladi.

Safar asliy vatanni botil qilmaydi. Musofir asliy vataniga kirishi bilan muqim bo‘lib qolaveradi. U namozni darhol to‘liq o‘qishga o‘tadi.

Iqoma vatanini uning misli, safar va asliy vatan botil qiladi.

«Iqoma vatani»-vaqtinchalik yashash makoni. Unda musofirning ahli bo‘lmaydi, hamda u bu yerda o‘n besh kun va undan ko‘p yashashni niyat qilgan bo‘ladi.

Ana shundoq iqoma vatanini o‘ziga o‘xshash boshqa iqoma vatani botil qiladi. Ya’ni, kishi eski iqoma vatanidan yangi iqoma vataniga o‘tsa, eskisiga oid hamma hukmlar o‘z kuchini yo‘qotadi.

Shuningdek, safar boshlanishi bilan ham iqoma vataniga oid hukmlar o‘z kuchini yo‘qotadi. Chunki, safar iqoma vatanini buzadi.

Vatani asliy iqoma vatanini buzishi turgan gap. Chunki, vatani asliy vatani iqomadan kuchlidir.

Safar va uning ziddi qazo namozni o‘zgartir¬maydi.

Safarning ziddi hazardir. «Hazar» degani «safarmas holat», «hozir turgan holat» deganidir.

Safar va hazar qazo namozni o‘zgartirmasligi qazo namozni o‘qish paytining uning qandoq o‘qilishiga ta’siri yo‘qligidandir.

Misol uchun, birov safarda qazo namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, namozni qay holda qazo qilgani e’tiborga olinadi. Agar hazarda qazo qilgan bo‘lsa, garchi uning qazosini safarda o‘qiyotgan bo‘lsa ham, to‘liq o‘qiydi. Safarda qazo qilingan namozni hazarda o‘qiyotgan bo‘lsa ham, qasr qilib o‘qiydi.

Ma’siyat safari ruxsatlarda boshqalariga o‘xshaydi.

Chunki, iftor va qasrga ruxsat bergan oyat hamda hadislarda safarning qandoq bo‘lishi shart qilinmagan. Ularda umumiy «safar» istilohi ishlatilgan. 

Alloh taolo «Moida» surasida:

«Agar bemor yoki safarda bo‘lsalaringiz yoxud birortalaringiz toharatxonadan kelsa yoki ayollariga yaqinlik qilsa-yu, suv topa olmasalaringiz, bas, pokiza tuproq ila tayammum qiling» (6-oyat), degan. 

Alloh taolo «Niso» surasida:

«Qachonki yer yuzida javlon urganingiz, sizlar¬ga namozni qasr qilishingizda gunoh yo‘qdir» (101-oyat), degan.

  1. Safarda yurib turganda sunnatlarni o‘qimasa, bo‘ladi. Ammo joylashib olgandan keyin sunnatlar ham o‘qiladi.
  2. Boshqa mazhabdagi imomga iqtido qilganda unga ergashiladi.
  3. Aftidan o‘sha safardagi namoz Bomdod va imom Shofe’iy mazhabida ekan. Bu holda siz imomga ergashasiz. Ya’ni, u qunut duosini o‘qib bo‘lguncha kutub turasiz va birga qo‘shilib sajda qilasiz. Xuddi shunday qilgan bo‘lsangiz ham kerak. Vallohu a’lam. 

Safarda Peshin, Asr va Xufton namozlarini qasr qilib o‘qish vojibdir. Bomdod, Shom va Vitr namozlari qasr qilinmaydi.

صَلَّى الْفَرْضَ الرُّبَاعِيَّ رَكْعَتَينِ وَاحْتَرَزَ بِالْفَرْضِ عَنِ السُّنَنِ وَالْوِتْرِ وَ عَنِ الْفَجْرِ وَالْمَغْرِبِ.

«To‘rt rak’atli farz namozini ikki rak’at qilib o‘qiydi. Farz deyish bilan sunnat va vitrdan, bomdod va shomdan ihtiroz qilindi» (Raddul muxtor).

Vitr namozi vojib bo‘lib, u safarda tark qilinmaydi. Lekin safar mobaynida sunnatlarni o‘qish yoki o‘qimaslik to‘g‘risida bir necha hadislar rivoyat qilingan bo‘lib, ulamolarimiz ularga asoslangan holda «Agar musofir kishi biror joydan qo‘nim topsa yoki safar mobaynida shoshilmasa yoki samolyot, poyezd kabi safar vositalariga ulgurmay qolish xavfi bo‘lmasa yoki sheriklarini kuttirib qo‘yish zahmati bo‘lmasa, farz namozlari bilan birga o‘qiladigan sunnat namozlarni o‘qish afzal», deganlar. Xususan, Bomdod va Shom namozlarining sunnatlarini o‘qishni alohida ta’kidlaganlar. Qolaversa, sunnatlarni shahardan tashqarida mashina ichida o‘qib ketish joiz. Farzlar esa, ulovdan tushib ado etiladi.

Alloma Ibn Obidiyn o‘zlarining «Raddul-Muxtor» kitoblarida quyidagilarni bayon qiladilar:

يَأْتِي الْمُسَافِرُ بِالسُّنَنِ إِنْ كَانَ فِي حَالِ أَمْنٍ وَ قَرَارٍ وَ إِلا بِأَنْ كَانَ فِي خَوْفٍ وَ فِرَارٍ لا يَأْتِي بِهَا هُوَ الْمُخْتَارُ.

«Musofir qo‘rquv va qochish holatida bo‘lmay omonlikda va biror joyda qaror topib turgan bo‘lsa, muxtor qavlga binoan sunnatlarni o‘qiydi» (Durrul muxtor).

Musofir o‘z ahli ayoliga moddiy va ma’naviy narsalarni qoldirib chiqar ekan, qoldirgan narsalarining ichida eng afzali, Allohning rahmatiga, barakotiga sabab bo‘lguvchisi ikki rak’at nafl namozdir. 

عن المطعم بن مقدام قال قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ مَا خَلَّفَ عَبْدٌ عَلَى أَهْلِهِ أَفْضَلَ مِنْ رَكْعَتَيْنِ يَرْكَعُهُمَا عِنْدَهُمْ حِيْنَ يُرِيدُ السَّفَرَ.

Mut’im ibn Miqdom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Safarga chiquvchi odam xonadon ahliga safar oldidan o‘qiladigan ikki rak’at namozdan afzalroq narsa qoldirmabdi» (Kanz ul-Ummol). 

Sahobalar, tobiinlar jumhuri va Hanafiy mazhabi ulamolarining ijmo’siga ko‘ra, musofir farz namozlarini qasr qilib o‘qishi vojibdir. Ibn Umar roziyallohu anhu aytadilarki:

«Men ko‘p bor Rasulullohsollallohu alayhi vasallamga ko‘p safarlarda hamroh bo‘ldim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam farz namozlarini ikki rak’atdan oshirmas edilar».

Buxoriy rivoyat qilganlar.

Alloma Ayniy «Umdatul Qoriy» kitobida ibn Umardan rivoyat qilib aytadilarki: 

صَلاةُ السَّفَرِ رَكَعَتَانِ مَنْ تَرَكَ السُّنَّةَ فَقَدْ كَفَرَ (الديلمى عن ابن عمر)

«Safar namozi ikki rak’atdir. Kimki mana shu (sunnat)ni tark qilsa, Allohning bergan ne’matiga noshukurchilik qilibdi».

Namozni qasr qilib o‘qish vojib bo‘lgani sababli unga xilof qilish gunoh hisoblanadi. Alloma Nujaym «Baxrur roiq» kitobida quyidagilarni aytadilar: 

وَالْمُرَادُ وُجُوبُ قَصْرِهَا حَتَّى لَوْ أَتَمَّ فَإِنَّهُ آثِمٌ عَاصٍ 

«U (namoz)ni qasr qilib o‘qish vojibligi muroddir. Agar to‘liq o‘qisa, u gunohkor, osiy bo‘ladi» (Bahrur roiq).

«Hadislarda kelgan «qasr»dan murod uning vojibligidir. Agar musofir namozlarini qasr qilmay, to‘liq o‘qisa, u gunohkor bo‘ladi. Musofirning namozlarini qasr qilmay o‘qishi makruhi tahrimiy bo‘ladi va o‘sha namozlarning vaqti chiqmagan bo‘lsa, boshqatdan o‘qib olishi lozim bo‘ladi. Musofir namozni to‘liq o‘qishi bilan to‘rt xil vojibni tark qilgan bo‘ladi: 1. Qasr qilishning vojibligi tark qilinadi; 2. Musofirning haqqida avvalgi qa’da farz sanaladi. Shuning uchun ikkinchi rak’atdan so‘ng salom berishi vojibdir. Demak, to‘liq qilib o‘qishda ikkinchi rak’atdan keyingi salom berish, ya’ni vojib amal tark qilinadi; 3. Musofirning uchinchi va to‘rtinchi rak’atlari nafl sanalib, ularga alohida takbiri tahrima vojib bo‘ladi. To‘rt rak’at o‘qiganda esa o‘sha takbiri tahrima tark qilingan bo‘ladi; 4) Naflni qasddan farzga qo‘shib yuborish. Bu esa mutlaqo joiz emasdir» (Durr al Muxtor). 

فَلَوْ أَتَمَّ مُسَافِرٌ إنْ قَعَدَ فِي الْقَعْدَةِ (الْأُولَى تَمَّ فَرْضُهُ وَ) لَكِنَّهُ (أَسَاءَ) لَوْ عَامِدًا لِتَأْخِيرِ السَّلَامِ وَتَرْكِ وَاجِبِ الْقَصْرِ وَوَاجِبِ تَكْبِيرَةِ افْتِتَاحِ النَّفْلِ وَخَلْطِ النَّفْلِ بِالْفَرْضِ، وَهَذَا لَا يَحِلّ.ُ

«Musofir namozni to‘liq qilib o‘qib, avvalgi qa’dada o‘tirsa, farz to‘liq bo‘lib, tamom bo‘ladi. Lekin, u salomni o‘z vaqtidan kechiktirgani, qasr vojibini tark qilgani, naflni takbiri tahrimasini tark qilgani va nafl bilan farzni aralashtirib yuborgani uchun gunohkor bo‘ladi. Bunday qilish halol emas» (Durrul muxtor). 

Musofir birorta qishloq yoki shaharga kelib, namoz o‘qisa va namozining orasida o‘n besh kundan ortiq qolishni niyat qilsa, uning niyati shar’an durust bo‘lib, namozining ichida muqimga aylanadi va undan safar hukmlari soqit bo‘ladi. Xoh u yolg‘iz o‘qisin, xoh jamoat bilan bo‘lsin, xoh masbuq (iqtido qilib, birinchi yoki ikkinchi rak’atga ulgurmagan) bo‘lsin, xoh namozning avvali yoki o‘rtasi yoki oxiri bo‘lsin. Chunki namozdagi holatlar bir necha xil bo‘lishi mumkin:

– Agar namoz o‘qiyotgan musofir peshin, asr yoki xufton namozlarining ikkinchi rak’atidan so‘ng, salom berishidan oldin muqimlikni niyat qilsa, uning namozlari to‘rt rak’atga aylanadi.

– Agar musofir ikkinchi rak’atning qa’dasidan keyin esidan chiqib, uchinchi rak’atga turib ketsa va uchinchi rak’atga sajda qilishidan oldin iqomatni niyat qilsa, u muqimga aylanib, namozi to‘rt rak’at farz bo‘ladi. Lekin ruku’dan keyin niyat qilsa, qiyom, qiroat, ruku’ni qaytadan qiladi. Chunki niyatdan oldin nafl edi, niyatdan keyin farzga aylandi.

– Agar uchinchi rak’atning sajdasidan keyin muqimlikni niyat qilsa, namozi o‘zgarmaydi, ya’ni naflligicha qolib, unga bir rak’at qo‘shib, tugatadi va uchinchi, to‘rtinchi rak’atlar nafl bo‘ladi.

– Agar ikkinchi rak’atdan keyin qa’daga o‘tirmasdan, turib ketib, uchinchi rak’atga sajda qilishdan oldin iqomatni niyat qilsa, uning niyati e’tiborga olinib, to‘rt rak’at farz bo‘ladi. Avvalgi qa’daga o‘tirmaganligi uchun sajdai sahv qiladi.

– Agar ikkinchi rak’atdan keyin qa’daga o‘tirmasa va uchinchi rak’atning sajdasini qilsa, namozninng farzligi botil bo‘lib, naflga aylanadi. Unga bir rak’at qo‘shib, oxirida sajdai sahv qilib, tugatadi. Boshqatdan to‘rt rak’at farzni niyat qilib ado etadi.

– Agar imom musofir bo‘lib, iqtido qiluvchi muqim bo‘lsa, imom ikkinchi rak’atdan keyin salom beradi. Iqtido qiluvchi esa salom bermasdan, uchinchi, to‘rtinchi rak’atlarni qiroat qilmasdan, qiyomda bir oz (bir tasbeh miqdoricha) turib, ruku’ va sajda qilib, namozini tugatadi. 

إذَا نَوَى الْإِقَامَةَ قَبْلَ أَنْ يُقَيِّدَ الثَّالِثَةَ بِسَجْدَةٍ) أَيْ فَإِنَّهُ إذَا نَوَاهَا حِينَئِذٍ صَحَّتْ نِيَّتُهُ وَتَحَوَّلَ فَرْضُهُ إلَى الْأَرْبَعِ

«Musofir uchinchi rak’atni sajdasini qilmay iqomatni niyat qilsa, ya’ni o‘sha payt niyat qilsa, niyati durust bo‘ladi va farzi to‘rt rak’atli farzga aylanadi» (Durrul muxtor). 

Fiqh kitoblarimizda musofir va muqim kishilar uchun namozda qiroat qilishlari sunnat bo‘lgan oyatlar miqdori bayon qilingan. Jumladan, muqim kishi uchun Bomdod va Peshin namozlarida «Hujurot» surasidan «Buruj» surasigacha o‘qish, Asr va Xufton namozlarida esa uzunligi o‘rtacha bo‘lgan suralarni, ya’ni «Buruj»dan «Bayyina»gacha bo‘lgan oraliqdagi suralarni o‘qish, Shomda esa «Bayyina»dan «Naas» suralarigacha o‘qish sunnatdir. Agar musofir xotirjam holatda bo‘lsa, uning uchun ham muqimga sunnat bo‘lgan suralarni zam qilish afzaldir. Mabodo xotirjam bo‘lmasa, toqati yetgunicha o‘qisa bo‘ladi.

وَأَمَّا التَّسْبِيحَاتُ فَلا يَنْقُصُهَا عَنِ الثَّلاثِ.

«Musofir odam uchun ruku’ va sajdadagi tasbehlar miqdorini uchtadan kamaytirish joiz emas» («Raddul-Muxtor») 

Kishi namoz vaqti kirgandan keyin uyidan safarga chiqsa va o‘zining shahar yoki qishlog‘idan chiqmasdan oldin o‘sha namozni o‘qisa, to‘liq qilib o‘qiydi. Shahar yoki qishlog‘idan chiqib ketgan bo‘lsa, qasr qilib o‘qiydi.

إِذَا كَانَ الرَّجلُ مُقِيماً فِي أَوَّلِ الوَقتِ فَلَم يُصَلِّ حتى سافر في آخر الوقت كان عليه صلاة السفر وإن لم يبق من الوقت إلا قدر ما يسع فيه بعض الصلاة

«Bir kishi namozning avvalgi vaqtida muqim holda bo‘lib, namozini o‘qimagan bo‘lsa, vaqtni oxirida esa, safarga chiqib ketsa, qasr qilib ado qiladi. Garchi, musofir bo‘lganida vaqtdan namozning bir qismi sig‘adigan qolgan bo‘lsa ham» (Bazzoziya)

Bir kishi namoz vaqti kirganida musofir edi, agar musofirligida o‘sha namozni o‘qimagan bo‘lib, vataniga kirib kelib o‘qisa, to‘liq o‘qiydi, agar musofirligida o‘qisa, qasr qilib o‘qiydi. 

Bir kishi namoz vaqti kirganda safar niyatida shahridan chiqsa, yo‘lda o‘sha namozni qasr qilib o‘qisa, so‘ng safarni bekor qilib, uyiga qaytsa, haligi namozini qayta o‘qimaydi.

لَوْ خَرَجَ مُسَافِرٌ مِنْ بَلَدِهِ وَجَاوَزَ الْعِمْرَانَ وَ صَلَّى الظُّهْرَ رَكْعَتَينِ ثُمَّ تَرَكَ السَّفَرَ لَمْ يُعِدْ مَا صَلَّى.

«Musofir o‘z shaharidan chiqib, obod joylardan o‘tib ketib, peshin namozini qasr qilib o‘qisa, so‘ng safarini bekor qilib, shahriga qaytsa, qasr qilib o‘qigan namozini qaytarib o‘qimaydi» («Sirojiya») 

Qachonki bir odam safarda namoz o‘qisa, so‘ng vataniga kelib, safardagi namozlari namoz bo‘lmaganini bilsa, bu paytda o‘qigan namozining vaqti chiqmagan bo‘lsa, qaytadan to‘liq o‘qiydi. Agar vaqti chiqib ketgan bo‘lsa, qasr qilib o‘qiydi.

لَوْ صَلَّى الظُّهْرَ أَرْبَعًا ثُمَّ سَافَرَ أَيْ فِي الْوَقْتِ فَصَلَّى الْعَصْرِ رَكْعَتَينِ ثُمَّ رَجَعَ إِلَى مَنْزِلِهِ لِحَاجَتِهِ فَتَبَيَّنَ أَنَّهُ صَلاهُمَا بِلا وُضُوءٍ صَلَّى الظُّهْرَ رَكْعَتَينِ وَالْعَصْرِ أَرْبَعًا لأَنَّهُ كَانَ مُسَافِرًا فِي آخِرِ الْوَقْتِ الظُّهْرِ وَمُقِيمًا فِي الْعَصْرِ.

«Peshinni to‘rt rak’at qilib o‘qib, peshin vaqti chiqib ketmay turib safarga chiqdi va yo‘lda asrni ikki rak’at qilib o‘qidi. So‘ng safarini bekor qilib uyga qaytsa, o‘qigan ikkala namozini ham tahoratsiz o‘qigani ma’lum bo‘lsa, peshinni ikki rak’at, asrni esa, to‘rt rak’at qilib o‘qiydi. Chunki, u peshinni oxirgi vaqtida musofir, asrning oxirgi vaqtida esa, muqimga aylangan edi» («Raddul muxtor»). 

Hamma musofirlarning namozlarni to‘liq o‘qishi makruhi tahrimiydir (ya’ni haromga yaqin makruh). Shariati Islomiyada biror-bir gunoh ishni qilishga qasam ichish joiz emasdir. Safarda namozlarni to‘liq o‘qish gunoh bo‘lib, biror kishi «Namozlarimni to‘liq o‘qiyman», deb qasam ichsa, bu qasami nojoiz sanaladi. Bunday qasam bekor bo‘ladi va u odam namozlarini qasr qilib o‘qib, ichgan qasami uchun kafforot to‘laydi.

Ammo, qasam ichmasdan namozlarini to‘liq o‘qiyversa, kafforot vojib bo‘lmaydi-ku, lekin gunohkor bo‘ladi. To‘liq o‘qiganda ikkinchi rak’at qa’dasida o‘tirgan bo‘lishi shart. Aks holda namozi namoz bo‘lmaydi. 

Farz namozlarining durust bo‘lishi uchun o‘sha namozning qaysi namoz ekanini, misol uchun, «Asr namozi», «Shom namozi» deb aytish kifoya qiladi. Rak’atlarning adadini ta’kidlash shart emas. Shuning uchun musofir adashibmi yoki qasddanmi, «To‘rt rak’at», deb niyat qilsa ham unga ikki rak’at farz bo‘ladi. Shuningdek, musofir o‘zining namozlari uchun niyat qilganda «qasr» so‘zini qo‘shib aytishi shart emas, balki «Falon namozning farzini o‘qishga niyat qildim», deyishi kifoya.

Agar musofir adashib, to‘rt rak’at o‘qib yuborsa, uning ikki xil holati bor.

  1. Agar ikki rak’at o‘qiganidan keyin avvalgi qa’daga o‘tirmasdan, uchinchi va to‘rtinchi rak’atlarni o‘qisa, uning farzi botil bo‘lib, qaytadan ikki rak’at o‘qishi vojib bo‘ladi. O‘qigan to‘rt rak’at namozi nafl bo‘lib qoladi.
  2. Agar ikkinchi rak’atdan keyin avvalgi qa’daga o‘tirsa, so‘ng uchinchi va to‘rtinchi rak’atlarga tursa, birinchi va ikkinchi rak’atdagi farzi ado bo‘lib, uchinchi va to‘rtinchi rak’atlar naflga aylanadi.

( فَلَوْ أَتَمَّ مُسَافِرٌ إنْ قَعَدَ فِي ) الْقَعْدَةِ ( الْأُولَى تَمَّ فَرْضُهُ وَ ) لَكِنَّهُ ( أَسَاءَ ) لَوْ عَامِدًا لِتَأْخِيرِ السَّلَامِ وَتَرْكِ وَاجِبِ الْقَصْرِ وَوَاجِبِ تَكْبِيرَةِ افْتِتَاحِ النَّفْلِ وَخَلْطِ النَّفْلِ بِالْفَرْضِ، وَهَذَا لَا يَحِلُّ كَمَا حَرَّرَهُ الْقُهُسْتَانِيُّ بَعْدَ أَنْ فَسَّرَ أَسَاءَ بِأَثِمَ وَاسْتَحَقَّ النَّارَ ( وَمَا زَادَ نَفْلٌ ) كَمُصَلِّي الْفَجْرِ أَرْبَعًا ( وَإِنْ لَمْ يَقْعُدْ بَطَلَ فَرْضُهُ ) وَصَارَ الْكُلُّ نَفْلًا لِتَرْكِ الْقَعْدَةِ الْمَفْرُوضَةِ إلَّا إذَا نَوَى الْإِقَامَةَ قَبْلَ أَنْ يُقَيِّدَ الثَّالِثَةَ بِسَجْدَةٍ لَكِنَّهُ يُعِيدُ الْقِيَامَ وَالرُّكُوعَ لِوُقُوعِهِ نَفْلًا فَلَا يَنُوبُ عَنْ الْفَرْضِ وَلَوْ نَوَى فِي السَّجْدَةِ صَارَ نَفْلًا.

«Musofir safar davomida namozlarini qas qilib o‘qish o‘rniga to‘liq o‘qisa va avvalgi qa’dada o‘tirsa, farz ado bo‘ladi. Lekin, salomni kechiktirgani uchun, vojib bo‘lgan qasrni tark qilgani uchun, naflning takbiri tahrimasini tark qilgani uchun to‘liq o‘qigani uchun, naflni farzga qorishtirib yuborgani uchun gunohkor bo‘ladi. Quhistoniy «asoa» lafzini gunohkor bo‘lish hamda do‘zaxga mustahiq bo‘lishlik bilan tafsir qilgani ko‘ra bunday qilish halol emas. Ikki rak’atdan ziyodasi bomdod namozini to‘rt rak’at qilib ado qilinganda, ikki rak’ati nafl bo‘lgani kabi musofirning uchinchi va to‘rtinchi rak’atlari nafl bo‘ladi (Muqim kishi musofirning uchinchi va to‘rtinchi rak’atlariga iqtido qilsa, namozi namoz bo‘lmaydi). Agar musofir farz bo‘lgan avvalgi qa’daga o‘tirmasa, farz botil bo‘ladi va avvalgi qa’dani tark qilgani uchun to‘rt rak’at qilib o‘qilgan farz namoz naflga aylanadi. Agar uchunchi rak’atning sajdasini qilishdan avval muqimlikni niyat qilsa, namozi namoz bo‘ladi. Lekin, uchinchi rak’atning qiyom va ruku’sini qaytadan qiladi. Agar uchinchi rak’atni sajdasida muqimlikni niyat qilsa, namozi naflga aylanadi va qaytarib, to‘rt rak’at qilib o‘qiydi. Chunki, u namozdagi niyati bilan muqimga aylandi» («Raddul muxtor»). 

Musofir uchun namozlarini qasddan to‘liq o‘qishi makruhi tahrimiydir.

Shuning uchun u bunday holatda, garchi oxirida sajdai sahv qilgan bo‘lsa ham, namozini qaytadan o‘qib olishi vojibdir.

وُجُوبُها فِي الوَقتِ وَبَعدَهُ أَي بِنَاءً عَلَى أَن الإِعادَةَ لا تَختَصُّ بِالوَقتِ

«Makruhi tahrimiy bo‘lib o‘qilgan namozni hatto vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham qaytadan o‘qish vojibdir» (Raddul muxtor).

Mana shu qayta o‘qiladigan namozning farz yoki nafl ekani to‘g‘risida fuqaholar bir necha fikrlarni aytganlar. «Raddul-Muxtor» kitobining sohibi alloma Ibn Obidiyn quyidagilarni aytganlar:

(وَالْمُخْتَارُ أَنَّهُ) أَيْ الْفِعْلُ الثَّانِي جَابِرٌ لِلأَوَّلِ بِمَنْزِلَةِ الْجَبْرِ بِسُجُودِ السَّهْوِ، وَبِالأَوَّلِ يَخْرُجُ عَنِ الْعُهْدَةِ وَإِنْ كَانَ عَلَى وَجْهِ الْكَرَاهَةِ عَلَى الأَصَحِّ.

«Muxtor qavlga binoan qayta o‘qilgan namoz sajdai sahv kabi avvalgi namozni to‘ldirguvchisidir. Avvalgi namoz bilan farz zimmasidan soqit bo‘ladi, garchi makruhlik bilan ado bo‘lsada. Shu gap sahihdir».

وَالْمُخْتَارُ أَنَّ الْمُعَادَةَ لْتَرْكِ وَاجِبٍ نفل جابر وَالْفَرْضُ سَقَطَ بِالأَوْلَى لأَنَّ الْفَرْضَ لا يَتَكَرَُّ.

«Qaytadan o‘qilgan namoz sajdai sahv darajasida bo‘lib, nuqson bilan o‘qilgan avvalgi namozni to‘ldiruvchi hisoblanadi. Ya’ni avvalgisi farz, keyingisi nafl bo‘ladi. Nuqson bilan o‘qilgan namoz bilan zimmasidan farz makruhlik bilan soqit bo‘ladi. Chunki farz takror-takror o‘qilmaydi» (Maroqil faloh).

Mabodo musofir kishi muqimlarga imomlikka o‘tsa-yu, namozni to‘liq o‘qib qo‘ysa, muqim kishilar o‘sha namozni qaytadan o‘qish farz bo‘ladi.

Agar musofir bilmasdan, to‘liq to‘rt rak’at o‘qib qo‘ysa, bu holda uning namozining durust bo‘lishida ikki xil ko‘rinish bor:

  1. Agar musofir namozini to‘liq o‘qib, avvalgi qa’dada o‘tirsa, farzi to‘liq tamom bo‘adi, lekin uchinchi va to‘rtinchi rak’atlarni qo‘shganligi uchun gunohkor bo‘ladi. Zotan, musofirlarga ikkinchi rak’atdan keyin o‘tirish farz edi.
  2. Agar avvalgi qa’dada o‘tirmagan bo‘lsa, o‘sha namozining farzi botil bo‘lib, naflga aylanib qoladi va namozini qaytadan o‘qishi vojib bo‘ladi.

 

Qur’oni Karimning «Niso» surasi, 103-oyati bilan namoz vaqtlari belgilab qo‘yilgan bo‘lib, farz ekani sobitdir. Ikki namozni jamlashning ma’nosi shuki, birinchi namoz uchun belgilangan vaqtning oxiri, ikkinchi namoz uchun esa avvalgi vaqti olinadi. Aslida esa har bir namoz o‘z vaqtida o‘qilgan bo‘ladi, ya’ni suratan jamlanadi, vaqt jihatidan esa, o‘z vaqtida o‘qilingan bo‘ladi.

Darhaqiqat, bizning Imomi A’zam mazhabimizda ikki farz namozini bir vaqtda jamlab o‘qish faqat arafa kuni uchun xos bo‘lib, Arofatda Peshin bilan Asr, Muzdalifada Shom bilan Xufton jamlanadi.

Abdulloh ibni Mas’ud roziyallohu anhu marhamat qiladilar:

«O‘zidan o‘zga iloh bo‘lmagan Zotga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror namozni o‘z vaqtidan boshqa vaqtda

 

Manba: fiqh.uz

O‘MI Matbuot xizmati

Fiqh
Boshqa maqolalar

Juma salomi - Amallar sarhisobi

27.12.2024   858   1 min.

No‘monxon Yahyoxon
Toshkent islom instituti talabasi