«Yana shundaylari ham borki, ular: «Ey Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin», – deydilar» (Baqara, 201).
*****
«Jolut va uning lashkarlari bilan to‘qnashganlarida: «Ey Rabbimiz! Bizga sabr (va toqat yomg‘iri)ni yog‘dir, qadamlarimizni sobit qil va kofirlar qavmi ustidan bizga g‘alaba ato et!» – dedilar» (Baqara, 250).
*****
«Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi. Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir. (Yana dedilarki:) «Ey Rabbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, bizni javobgar etma! Ey Rabbimiz, bizdan ilgari o‘tganlarning zimmasiga ortgan mashaqqatni bizning zimmamizga ortma! Ey Rabbimiz, toqatimiz yetmaydigan narsani bizga yuklab tashlama! Bizlarni afv et va kechir hamda bizlarga rahm qil! Sen bizning Xojamizsan. Bas, bizlarga kofirlar qavmi ustidan g‘oliblik ato et!» (Baqara, 286).
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Jannatda yoshimiz 30 yoki 33 yosh bo‘ladi (Iso alayhissalom yoshi kabi) va biz qarimaymiz.
2. Jannatdagi bo‘yimiz 60 ziro’ bo‘ladi (Odam alayhissalom bo‘yi kabi. Bir ziro’ taxminan 64 sm).
3. Har juma kuni qiyofamiz yanada go‘zallashib boradi va bu go‘zallik cheksiz ravishda ortib boradi.
4. Jannat ahli Allohning roziligiga erishadi va Uning jamolini ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ladi. Bu – jannatning eng ulug‘ ne’matlaridan biridir!
5. Jannat ahlining jismoniy sifatlaridan: ular “jarad” (ya’ni, yuz va tanalarida ortiqcha soch bo‘lmaydi), ko‘zlari esa surma surtilgandek go‘zal bo‘ladi.
6. Jannat ahli saroylarda taxtlarda yonboshlab o‘tiradi, ostida daryolar oqib turadi. Jannatda Firdavsdan boshlanuvchi ko‘plab daryo va buloqlar mavjud.
7. Jannatda inson istagan barcha narsalar – yegulik, ichimlik, hayvonlar, turli qushlar bor. Mo‘min kishi xohlaganicha lazzat oladi.
8. Ayollar esa yoqut va marjon kabi, go‘yoki yashirin durlardek go‘zal bo‘ladi. Ularga abadiy yoshlik va hech qachon ko‘rilmagan go‘zallik beriladi. Boshlarida tojlar, kiyimlari ipakdan bo‘ladi.
9. Jannatning binolari oltin va kumushdan, tuprog‘i esa mushk va za’farondan, toshlari esa dur va yoqutdan bo‘ladi.
Alloh barchamizni jannat ahlidan qilsin
Homidjon qori ISHMATBЕKOV