Suhayl ibn Abu Osim aytadi: “Salam al-Xavvosdan “Sizga Ali ibn Fuzaylning qanday vafot etgani haqidagi xabar kelganmi?” deb so‘rasam, u kishi: “Ha, kelgan. Bir kuni Ali kasal bo‘lib qoldi. Keyin biroz vaqt o‘tib tuzaldi.
Shu kunlarda Basra shahridan bir kishi mehmon bo‘lib kelgan edi. U odamning qiroati chiroyli edi. O‘sha qori Fuzayl ibn Iyoz yetib kelishidan oldin Alini ziyorat qilish uchun uning uyiga bordi. Bu voqeadan Fuzayl xabar topdi. U darhol bir kishini yoniga chorlab, “Tezda borib qoriga ayt, o‘g‘limning oldida tilovat qilmasin” deb tayinladi. Elchi yetib borgunicha, basralik mehmon Aliga mana bu oyatni tilovat qilib berayotgan edi:
وَلَوْ تَرَى إِذْ وُقِفُواْ عَلَى رَبِّهِمْ قَالَ أَلَيْسَ هَذَا بِالْحَقِّ قَالُواْ بَلَى وَرَبِّنَا قَالَ فَذُوقُواْ العَذَابَ بِمَا كُنتُمْ تَكْفُرُونَ
“Allohning huzurida to‘xtatilganlarida, U: “Mana shu haq emasmi?!” deganida, “Robbimizga qasamki haqdir”, deganlarini, U: “Bas, kufr keltirganingiz uchun azobini cheking”, deyishini ko‘rsang edi” (An’om surasi, 30-oyat).
Ali oyatni eshitiboq qattiq baqirib, oh tortdi va behush bo‘lib yiqildi”.
Bu voqea “Al-vofiy bil vafoyot” asarida zikr qilingan.
Ya’qub ibn Yusuf Fuzaylning qadrdoni edi. U shunday hikoya qiladi:
“Fuzayl ibn Iyoz, agar ortida Ali yo‘q bo‘lsa, Qur’on tilovatiga berilib ketardi. Mahzun bo‘ladigan oyatlarni o‘qiyotganda, yonidagilarni mahzun kayfiyatga tushirib, qo‘rquv oyatlarini o‘qiyotganda, yonidagilarni qo‘rqitib o‘tar edi. Agar ortida o‘g‘li Ali o‘tirganini bilsa, o‘sha oyatlarda to‘xtamay o‘tib ketardi.
Bir kuni Qur’on o‘qir ekan, “Yonimda o‘g‘lim yo‘q”, degan gumon bilan berilib Qur’on o‘qidi.
قَالُوا رَبَّنَا غَلَبَتْ عَلَيْنَا شِقْوَتُنَا وَكُنَّا قَوْماً ضَالِّينَ
“Ular: “Ey Robbimiz, badbaxtligimiz o‘zimizdan ustun kelib, zalolatga ketgan qavm bo‘lgan ekanmiz” (Mu’minun surasi, 106-oyat) oyatiga yetganida, Ali hushidan ketib yiqildi. Fuzayl o‘g‘li shu yerdaligini, hushidan ketganini bilgach, qiroatni tezlashtirdi. O‘sha yerdagilar Alining onasining oldiga borib, “Biz bilan borib, Alini hushiga keltir!” deyishdi. Onasi keldi va o‘g‘lining yuziga suv sepib hushiga keltirdi. Ali hushiga kelgach, eriga yuzlanib, “Siz bu bolaning qotilisiz” dedi. Oradan Alloh xohlaganicha muddat o‘tgach, Fuzayl yana orqasida Ali turganidan bexabar Qur’onni tilovat qila boshladi.
وَبَدَا لَهُم مِّنَ اللَّهِ مَا لَمْ يَكُونُوا يَحْتَسِبُونَ
“Va ularga Alloh tomonidan o‘zlari xayollariga ham keltirmagan narsalar zohir bo‘lur” (Zumar tsurasi, 47-oyat) oyatiga yetganida, Ali omonatni topshirib, yerga yiqildi. Alining yiqilganini bilgan otasi qiroatni tezlashtirib, yakunladi. O‘sha yerdagilar Alining vafot etganini bilishmadi. Yana hushidan ketdi deb o‘ylashdi. Onasining oldiga borib, “O‘g‘lingni hushiga keltir!” deyishdi. Onasi kelib, o‘g‘lining yuziga suv sepa boshladi. Qarasa, u Oxirat diyoriga ko‘chib bo‘lgan ekan”.
Bu voqeani Ibn Qudoma rahimahulloh “Tavvobiyn” (“Tavba qiluvchilar”) nomli asarda rivoyat qilgan.
Abu Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” nomli
asaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Yaqinlashib kelayotgan muborak Qurbon hayiti ayyomiga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Surxondaryo viloyatidagi barcha qabriston va ziyoratgohlarda umumxalq xayriya hasharlari yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
Mazkur savobli tadbirlarda diniy soha vakillari ham alohida faollik ko‘rsatib, o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.
Joriy yilning 23 may kuni viloyat hokimining o‘rinbosari hamda viloyat bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Ma’rifat” mahallasida joylashgan “Mullo Hazrat” qabristoniga tashrif buyurdilar.
Mutasaddilar u yerda olib borilayotgan tozalash va ko‘klamzorlashtirish ishlari jarayoni bilan yaqindan tanishib, hududni yanada tartibga keltirish hamda ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalarni berdilar.
Bu kabi xayrli hashar tadbirlari ayni paytda viloyatning barcha shahar va tumanlarida qizg‘in davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati