Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rizqini keng qilishi va ajalini kechiktirishi kimni quvontirsa, u silai rahm qilsin” (Buxoriy va Termiziy).
Silai rahm deyilganida, qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash tushuniladi. Soddaroq ifodalasak, qavm-qarindosh, yoru birodarlar bilan o‘zaro bordi-keldini uzib qo‘ymaslik, doimo qondoshlar, ayniqsa, ular orasidagi betoblari va hojatmandlari holidan xabar olish, qo‘ldan kelganicha ularning og‘irini yengil qilish kabi ulug‘ insoniy fazilatlarga silai rahm deyiladi.
Mo‘tabar aqida kitoblarimizda, jumladan, “Aqoidi Nasafiy”da bunday deyiladi: “Ajal bittadir”.
Shunday ekan, umrni uzaytirishni qanday tushunish kerak?
Ba’zi ulamolar bunday javob berganlar: “Amallarda barakot va tavfiq hosil bo‘lishi umrning bekorga o‘tmasligidir. Bu xuddi uning uzayganiga o‘xshaydi”.
Ayrim ulamolar, silai rahm o‘lganidan keyin yaxshilik bilan yodlanishiga sababdir, bu umrning ma’nan uzayishidir, deyishgan.
Ba’zi hadis olimlariga ko‘ra, ajalning kechikishi deyilganida umrning ortishi emas, balki Alloh silai rahm qiluvchining naslidan xayrli zurriyot chiqarishi tushuniladi. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurida “Kim silai rahm qilsa, ajali kechiktiriladi”, deyilganida, u zot bunday marhamat qildilar: “Umr uzaymaydi. Alloh taolo: “Bas, qachon ularga ajallari kelsa, uni biron soatga orqaga ham, oldinga ham sura olmaydilar” (A’rof, 34), deya ogohlantirgan. Ammo kishi silai rahm qilsa, uning ortidan duo qiladigan xayrli zurriyoti bo‘ladi” (Tabaroniy rivoyati).
Bu masalaga Ibn Hajar Asqaloniy bunday sharh keltirgan: “Umrning uzayishi deyilsa, bandani toatga yo‘llash va oxirat uchun foydali amallarni bajarishga ishtiyoq berish, vaqtini bekorga o‘tkazishdan saqlash orqali umrini barakotli qilib qo‘yish tushuniladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatlarining umri boshqa ummatlarga nisbatan juda qisqaligini aytib, duo qilganlarida, Qadr kechasi berilgan. Zero, kim ushbu kechaga yetishib, uni toat-ibodat bilan o‘tkazsa, sakson uch yil ibodat qilganning savobini olishi haqida hadislar bor.
Xullas, silai rahm toatning ortishi va gunohlarning kamayishiga sababdir, u orqali banda o‘zidan yaxshi xotira qoldiradi va o‘lganidan so‘ng ham unga savob yozilib turaveradi. Mo‘minga asqatadigan narsalar ichida o‘zidan keyin foydalaniladigan ilm, sadaqai joriya va solih farzanddir”.
“Kutubi sitta” asosida
Sodiq NOSIR
tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati