Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Aprel, 2026   |   16 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:39
Quyosh
06:00
Peshin
12:31
Asr
16:59
Shom
18:56
Xufton
20:11
Bismillah
05 Aprel, 2026, 16 Shavvol, 1447

7 savolga 7 javob: Ota-ona va farzand

01.03.2018   10820   5 min.
7 savolga 7 javob: Ota-ona va farzand

1-savol: Ota-onamiz vafot etishgan. Biz qanday amallar qilsak, ularga savobi tegib turadi? 

Javob: Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ushbu: “Inson vafot etishi bilan uning amali to‘xtaydi, faqat uch tomondan unga savob borib turadi: sadaqai joriya, foydali ilm va duo qilib turuvchi solih farzand”, deganlar. Demak, sizning duongiz va solih amallaringizning savobi ota-onangizga tegadi. 

2-savol: Tibbiy ko‘rik natijalari erning bepushtligi, xotinning farzand tug‘ishi mumkinligini ko‘rsatdi. Zamonaviy ilm-fan esa, bunday holatda begona erkakning pushtini xotinning bachadoniga sun’iy yo‘l bilan yuborish orqali homila paydo qilish imkoniyatiga ega. Har bir er-xotinning farzand ko‘rishga bo‘lgan istagini hisobga olgan holda, ularning umidini shu yo‘l bilan ro‘yobga chiqarish shar’an joizmi? 

Javob: Sun’iy urug‘lantirishning ikki turi mavjud. Birinchisi joiz. Bu nikohda bo‘lgan er-xotinning o‘rtasidagi mazkur amaliyotni o‘tkazishdir. Ikkinchisi shar’an nojoiz. Ya’ni, nikohi bo‘lmagan erkakning urug‘ini solish. Hozirgi ilm-fan sun’iy yo‘l bilan urug‘lantirish borasida, shar’iy nikoh orqali er-xotin bo‘lganlardan tashqari, begona erkak va ayolning ham urug‘ va tuxum hujayrasi bir-biriga sun’iy yo‘l orqali chatishtirilib, farzand tug‘dirish holatlari kuzatilmoqda. Ma’lumki, erkak va ayolning shar’iy nikohsiz jinsiy yaqinlik qilishlari zino hisoblanadi. Begona erkak bilan ayolning bevosita qo‘shilishlari harom sanalganidek, bilvosita, ya’ni sun’iy yo‘l bilan urug‘larini bir-biriga chatishtirish ham haromdir. Shunday ekan, benikoh erkak bilan ayoldan sun’iy yo‘l orqali tug‘ilgan farzand ham zinodan tug‘ilgan deb hisoblanadi. 

3-savol: Xalqimiz farzand tug‘ilgandan keyin ko‘p kasal bo‘lsa yoki vafot etsa keyingi farzandiga Tursun, Turg‘un, To‘xtaxon kabi ismlar qo‘yishadi. Bu shirk bo‘lmaydimi? 

Javob: “Shu ismni qo‘yganimiz uchun, shu ismning ta’sirida bola o‘lmadi”, deyish shirkdir. 

Kasal bo‘lish ham, vafot etish ham Alloh taoloning izni bilandir. Mazkur ismlarda esa duo ma’nosi bor. Agar duo farishtalarning ominiga to‘g‘ri kelib qolsa, Parvardigori olam uni ijobat qilsa, ajab emas. Zero, ota-onaning duosi rad qilinmaydi. 

Farzandga chiroyli ism qo‘yish ota-onaning vazifasidir. 

4-savol: O‘gay ota va farzandning bir birlari ustidagi haqqlari haqida haq dinimizda qanday ko‘rsatmalar berilgan? Bu haqiqiy ota va farzandlar kabi Qur’on va hadislarda bayoni kabi bir xilmi? 

Javob: Bir odam yetim bola asrab olsa, unga ham o‘z bolalari kabi qaramog‘i darkor. Lekin ular aslida haqiqiy ota-bola bo‘lmaganlari uchun haqiqiy ota-bola orasidagi burch va haqlardek vojib yoki farz darajasida bo‘lmaydi. Bu aloqa ikki tarafdan ham savob umidida, insoniylik yuzasidan go‘zal munosabat talab qiladi. Lekin bir tomon bunga e’tiborsiz qaraganda yoki bosh tortganda uni bu ishga majburlanmaydi. 

5-savol: Turmush o‘rtog‘im bilan janjallashib qolganimizda jaxl qilib “taloqsan” deb yuborgan edilar. Bilmay gapirvordim deb birinchi taloq qaytarib olsa bo‘ladi deb surishtirib o‘tirmasdan yana yashashda davom etdik. Undan keyin homilador bo‘ldim, aytingchi farzandimiz halol emasmi? 

Javob: Bu holatda taloq tushgani aniq. Lekin uni qaytib olishning masalasi boshqa alohida masala bo‘lgani uchun yashab turgan joyingizga yaqin joylashgan masjidga chiqib yuzma-yuz gaplashib masalaga oydinlik kiritib olinglar. 

6-savol: Farzandlarning yoshi katta bo‘lib qoldi. Farzandlarimning baxti ochilishi uchun qaysi suralar, duolar qilsak bo‘ladi. Bu haqda alohida duolar bormi? 

Javob: Buning uchun maxsus duolar yo‘q. Sizlar ibodatda mustahkam bo‘linglar, duolar ijobat bo‘ladigan vaqtlarni g‘animat bilib, Alloh taologa duo qilib so‘ranglar. Istig‘for aytishni ko‘paytiringlar. 

7-savol: Agar qiz asrab olingan bo‘lsa, unda merosxo‘rlik haqqi bo‘lmaydimi? U qizdan keyin tug‘ilgan uka bo‘lsa, ota hovlini ikkalasiga baravar bo‘lib berilsa, o‘g‘il(uka) rozi bo‘lsa bu hovlining yarmi qizga joizmi? 

Javob: Agar asrab olingan farzand ikki yarim yoshga to‘lguncha asrab olgan ayolning sutidan emgan bo‘lsa, u bola ham, shu ayolning tuqqan farzandlaridek bo‘ladi. Mazkur muddat ichida emgan bo‘lmasa, u o‘z farzandidek bo‘lmaydi. Asrab oluvchi ota-onalar vafot etgach meros olmaydi. Meros masalasi meros qoldiruvchi vafot etgandan so‘ng uning qoldirgan mol-mulki ota-onasi, farzandlari orasida taqsimlanadi. Agar farzandlari bo‘lmasa, aka-uka, opa-singillari ham undan meros oladi. Siz aytgan holat meros deyilmaydi. Ya’ni tiriklik va sog‘lomlik (o‘lim to‘shagida yotilmagan) chog‘ida qilgan mulk taqsimoti meros emas, hadya bo‘ladi. Bunda hadya qiluvchi ixtiyorli. Asrandi farzandiga ham, o‘z farzandiga ham ma’lum miqdorda bo‘lib berishi mumkin. Hadya qilishda farzandlaridan biriga ko‘p, ikkinchisiga oz bermasdan, adolat qilishi tavsiya qilingan.

 

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

04.04.2026   5809   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent islom instituti dots.nti va poytaxtimizdagi "Mulla Xolmirza ota" masjidi imom-xatibi Abdurasul domla Abdullayevning turmush o‘rtog‘i, Toshkent shahar Olmazor tumani otinoyisi Mavjuda hoji onaning vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


Alloh taolo marhumani O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!


Haq taolo marhumaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhumaning yaqinlariga, xususan, Abdurasul domla Abdullayevga hamdardlik bildiramiz.


Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda "Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz", degan sabrlilarga xushxabar bering».


Janoza namozi bugun, 4 aprel kuni Olmazor tumani "Do‘stjonboy" jome masjidida peshin namozidan so‘ng o‘qiladi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz

O'zbekiston yangiliklari