Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Bemordan hol – ahvol so‘rash, uning haqiga duo qilish.
Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemorning oldiga kelsalar yoki u huzurlariga olib kelinsa: “Azhibil ba’sa Robban naasi ishfi va antash shaafiy laa shifaa’a illaa shifaa’uka shifaa’an laa yug‘odiru saqoman”, deb duo qilardilar.
Ma’nosi: “Yo insonlarning Robbi! Ziyonni ketkaz. Shifo ber, Sen shifo beruvchisan. Sening shifoingdan o‘zga shifo yo‘q. Hech qanday dardni qoldirmaydigan shifo(ber)!”.
Hazrat Usmon ibn Affon roziyallohu anhu aytadilar: «Kasal bo‘lganimda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bismillahir rohmanir rohiym. U’iyzuka billahil ahadis somad, allaziy lam yalid va lam yulad va lam yakullahu kufuvan ahad. Min sharri ma tajidu”, deb mening haqimga duo qilardilar (Imom Ibn Suniy rivoyati).
Ma’nosi: “Yakka, behojat, tug‘magan, tug‘ilmagan va biror tengi yo‘q Alloh nomi ila yetadigan narsaning yomonligidan panoh tilayman”.
2. Biror hadya, ko‘ngilni xushnud etuvchi narsa olib borish.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kasal kishini ko‘rgani kirib: “Ko‘ngling biror narsa tusayaptimi? Biron narsa yeyishni xohlaysanmi?” deb so‘radilar. U kishi: “Ha”, deb javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror yegulik keltirishni buyurdilar (Imom Ibn Moja, Imom Ibn Sunniy rivoyati).
3. Bemorga yaqin joyda, iloji bo‘lsa, bosh tomonida o‘tirish.
4. Yaxshi so‘zlar bilan bemorning ko‘nglini ko‘tarish, tasalli berish.
Ummu Salama roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar kasal yoki mayyitning oldida hozir bo‘lsangiz, faqat yaxshi gapni aytinglar. Chunki farishtalar aytayotgan narsangizga omin, deb turishadi”, dedilar.
5. Dard Allohning ne’mati ekani, buning shukronasiga tavba – tazarru’ qilish haqida so‘zlash. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kasal ko‘rgani borsalar: “Laa basa, tohurun inshaa Allohu”, deb aytardilar.
Ma’nosi: “Hechqisi yo‘q, Inshaalloh, bu poklanishdir”.
6. Bemorga ochiq yuz, xush ko‘ngillik bilan muomala qilish. Uning yuziga sinchiklab qaralmaydi, ko‘p va qattiq ovozda gapirilmaydi.
7. Bemorga turli kinoyali, ko‘ngilga og‘ir botadigan so‘zlarni aytmaslik.
8. Agar zarurati bo‘lmasa, kasal ko‘rgani kechqurun borilmaydi. Chunki odatda dard kechga borib kuchayib, bemorning ahvoli taranglashadi yoki u charchab, oromga shaylangan bo‘ladi.
9. Kasalni toliqtirmaslik uchun uning oldida uzoq o‘tirmaslik.
10. Bemorni ovqat yeyishga majburlamaslik.
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom: “Bemorlaringizga ovqat va ichimlikni majburlamanglar. Chunki Allohning o‘zi ularni yedirib-ichirib turadi”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).
11. Bemorning duosini olish.
Maymun ibn Mahron roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar kasalning oldiga kirsang, haqingga duo qilishini so‘ra. Chunki ularning duolari xuddi farishtalarning duosiga o‘xshaydi”, dedilar. (Imom Ibn Moja, Imom Ibn Sunniy rivoyati).
12. Bemorning huzuridan turayotganda Allohdan uning haqiga shifo so‘rab duo qilish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ajali yaqinlashmagan bemorni ko‘rgani borgan har qanday musulmon banda yetti marta: “Asalullohal a’ziyma Robbal ’arshil a’ziymi an yashfiyka” deb aytsa, u shifo topadi», dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ma’nosi: “Alloh taolo ulug‘dir va ulug‘ Arsh egasidir. Allohdan senga shifo berishini so‘rayman”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir bemorni ko‘rgani borsa, to qaytgunicha jannatning xurfasida bo‘lur”, deganlar.
“Yo Allohning Rasuli, jannatning xurfasi nima?” deyildi.
“Mevasidir”, dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD