Islom tarixida “Sultonul ulamo”, “Amirlarni sotuvchi” nomi bilan mashhur bo‘lgan alloma Izz ibn Abdusallomning alohida o‘rni bor.
Uning to‘liq ismi sharifi quyidagicha: Abu Muhammad Izuddin Abdulaziz ibn Abdusalom ibn Abulqosim ibn Hasan ibn Muhammad ibn Muhazzab Sulamiy Shofiy Damashqiy. U hijriy 577 sana, milodiy 1181 yilda Damashqda kambag‘al oilada tavallud topdi. Oilasining faqirligidan u yoshligida kechalari umaviylar jome masjidining shimoliy eshigi yonidagi ohak xumdonida tunashga majbur bo‘lgan. Bu haqida Imom Subkiy otasidan rivoyat qilgan.
Uning masjidda istiqomat qilishi ibodat va ilm olishiga sabab bo‘lgan. Shu vaqtda umaviylar masjidida ko‘plab ilm xalqlari mavjud bo‘lib, dunyoning turli joylaridan kelgan talabalar bilan doimo gavjum bo‘lgan. Bu tarixiy masjidda tafsir, hadis, fiqh va boshqa diniy va dunyoviy ilmlar o‘qitilgan. Ko‘plab mashhur ulamo va faqihlar shu masjidda dars aytishgan. Bo‘lajak allomaning birinchi yod olgan kitobi Abu Is'hoq Sheroziy qalamiga mansub “Tanbeh” kitobi bo‘ldi. U shar’iy va arabiy ilmlarni barobar o‘qib o‘rgandi. Tafsir, hadis, fiqh ilmlarini va usullarini, lug‘at, tasavvuf, nahv, balog‘at, ixtiloflar haqida ilmlardan zamonasining mashhur imomlaridan dars oldi. Ibn Imod Hanbaliy “Tabaqoti Shofiiya Kubro” kitobida bunday yozadi: “Izz Abdussalom fiqh, usul va arabiy ilmlarda juda mashhur bo‘ldi. U o‘zining bu sohadagi tengdoshlaridan o‘tib ketdi, U tafsir, fiqh, hadis, olimlarning turli ixtilofli so‘zlarini bilishda mohir bo‘ldi va mujtahidlik darajasiga yetdi”.
Alloma Izzuddin Abdussalom yoshligining ko‘p qismini Damashqda o‘tkazdi. Keyinchalik Bag‘dodga kelib muhaddislardan hadis tingladi. So‘ngra Misrga bordi va umrining oxirigacha Misrda yashadi. U 644 hijriy sanadan keyin haj qilish niyati bilan Hijoz o‘lkasiga safar qildi.
Alloma Izuddin Ibn Abdussalom yashagan zamonda fatvo chiqarish uchun rasmiy mansab va vazifa mavjud bo‘lmagan. Birinchi rasmiy hukumat fatvolari usmoniylar davlatida vujudga keldi. Oldingi asrlarda fatvo berishga iqtidorli va salohiyatli ulamolar o‘zlarining bilimlari, ahkomlarni to‘g‘ri idrok etishlariga qarab o‘zlaricha bu vazifani ado etardilar. Imom Izuddin Abdussalom Shom diyorida yashagan davrda fatvo bergan edi. Uni “Shom diyori muftiysi” deb atashardi.
“Alloh taolo kalomi tafsiri” atrofida bo‘lgan fitna sababidan Shom sultoni Ashraf Muso uni bu vazifadan ozod etgunga qadar unda davom etdi.
Bu ishga hanafiy mazhab ulamosi, shayx Jamoliddin Xusayriy aralashdi va sultonning bu ishini ma’qul topmadi. Natijada sulton o‘z fikridan qaytdi, uni avf etib, hadyalar yubordi. Izz Abdussalom sultonning in’omlarni qabul qilmadi. Natijada allomaning shon-shuhrati atrof o‘lkalarda keng tarqaldi.
Alloma Izuddin Abdussalom turli ilmlarni puxta o‘rgangandan keyin ilmning darslar ayta boshladi. Uning birinchi aytgan darsi Damashqda boshlangan bo‘lsa, oxirgisi Qohirada bo‘ldi. U Misrda bo‘lgan vaqtda uyida, masjidda va boshqa ko‘plab joylarda ilm nurini tarqatdi. Ibn Kasir shunday deydi: “Talabalar undan ko‘p iste’foda qilishdi. U Damashqdagi bir qancha madrasalarda ta’lim berdi. (Al Izz ibn Abdussalom. Qavoid al Ahkom, 2 juz, 220-221-betlar).
Tarixiy manbalarda ko‘rsatilishicha, alloma Ibn Abdussalom madrasada birinchi bo‘lib tafsir ilmidan dars bergan. Bu haqda Ibn Ibod Hanbaliy bunday deydi: “U birinchi bo‘lib o‘z darslarida tafsirdan dars bergan edi” (Shuzurot zahab kitobi, 5 juz, 302 bet).
Shayx Izz Abdussalomni 637 hijriy sanada sulton Solih Ismoil Damashqdagi umaviylar jome masjidiga imom-xatib etib tayinlaydi.
Tarixiy manbalarda zikr qilinishiga alloma, imom Izz Abdussalom 639 hijriy sanada Misrga safar qiladi. Misr sultoni Solih Ayyub uning allomaligidan xabardor edi. Ittifoqo, uning Misrga kelishi Misr qozisi Sharofuddin Ibn Aynidavlaning vafotiga to‘g‘ri keladi. Misr sultoni Solih Ayyub uni katta tantana va hurmat-e’tibor bilan kutib oladi va qozilar qozisi hamda o‘sha zamondagi eng katta va qadimiy bo‘lgan Amr ibn Os masjidiga imom-xatib etib tayinlaydi.
Misr sultoni Solih Ayyub o‘z siyosiy va harbiy mavqeini mustahkamlash niyatida qo‘shinlarini kuchaytiradi, Markaziy Osiyo va uning g‘arbidan ko‘plab turk mamluklarni davlat moli hisobiga sotib oladi. Ularni jangga tayyorlaydi. Ular sultonning ishonchiga kiradi, hatto ayrimlari bosh qo‘mondonlik darajasiga yetishadi, ulardan biri esa sultonga noib bo‘lish sharafiga erishadi.
Alloma, Misrga bosh qozi etib tayinlangach saltanatni idora etishdagi ayrim xato va kamchiliklarni ko‘rdi. Ulardan biri amirlar hamon qul ekani edi. Ularning ozod etilgani haqida biror hujjat mavjud emas edi. Shariat hukmi bo‘yicha esa qullar boshliq bo‘la olmaydi va o‘zlarining hayotini tasarruf qila olmaydi.
Imom Izz Abdussalom ularning oldi-sotdi qilishi va nikohlanishi to‘g‘ri emas, deb e’lon qildi. Natijada ularning, shu jumladan, sultonga noib bo‘lgan mamluklarning manfatiga zarar yetdi. (Imom Sha’roniy, Tabaqot al Kubro, 1 juz, 13-14 betlar). Bu ish mamluk amirlarning nihoyatda g‘azabini qo‘zg‘adi, ammo ular g‘azablarini bosib Imom Izz Abdussalom bilan kelishish va bu masalani chiroyli yo‘llar bilan hal qilishga harakat qildi. Imom o‘z fikrida qat’iy turdi va muammoni hal etishning birdan-bir yo‘li ularni qul bozorida kimoshdi qilib sotish, so‘ngra ozod qilishdir, dedi.
Ular bu holdan nihoyat darajada darg‘azab bo‘lishdi. Bu xabar sulton Solih Ayyubga yetib bordi. Sulton Imom Izz Abdussalomdan fikridan qaytishini va o‘ziga taalluqli bo‘lmagan ishga aralashmasligini so‘radi. Bu gaplar imomga qattiq botdi va bosh qozilik vazifasidan iste’fo berib oilasi bilan Qohiradan ko‘chib ketishini e’lon qildi va darhol shahardan chiqdi. Bu xabar tezda xalq ommasiga tarqaldi, ular imomning yonini oldi va Imom Qohiradan chiqar-chiqmas ulamolar, tijoratchilar, solih kishilar hatto ayollar va yosh bolalar imomga ergashib shahardan chiqa boshladi. Sultonning yaqinlaridan biri unga bunday dedi: “Saltanatingni saqlab qol. Shayx ketib qolsa, mulking ham ketadi”. Sulton darhol otiga minib shayx, imom Izz Abdussalomga yetishdi va uzr so‘rab ortga qaytishni iltimos qildi. Alloma amirlarni kimoshdi savdosida sotish va so‘ngra ozod qilish sharti bilan shaharga qaytdi. U bilan birga bo‘lganlarning hammasi shaharga qaytdi (Shujoat Izz Abdussalom nomli kitob).
Imom shaharga qaytgandan keyin kimoshdi savdosi kuni belgilandi va barcha mamluk amirlar birma-bir nihoyatda qimmat bahoda sotildi, xalq ham bu savdoda ishtirok etdi. Ayrim amirlarning bahosi juda ko‘tarilib, qimmatlashib sotib olish imkoni bo‘lmaganida, sulton Solih Ayyub o‘zining xos mablag‘i evaziga sotib oldi. Savdodan tushgan mablag‘ni Imom Izz Abdussalom jam qildi. Barcha amirlar sotilgandan keyin Sulton ularni ozod qildi va ular o‘z xizmatlarida davom etishdi. Imom Izz Abdussalom yig‘ilgan mablag‘ni musulmonlarning umumiy manfaatlari yo‘liga, turli xayrli ishlarga sarfladi. Ibn Subkiy shunday yozadi: “Alloh rahm qilsin va undan rozi bo‘lsin! Biron bir kishi shunday ish qilgani eshitilmagan edi (Izz Abdussalomning “Majoz al Qur’on” kitobi).
Ulamolar sultoni Izz Abdussalom 660 hijriy sana, 1262 milodiy yilda 83 yoshda Misrda vafot etdi. Imom Izz Abdussalom choshgohga yaqin Qohira shahridagi Muqattam tog‘i etagidagi Qarofa qabristoni yaqinidagi ko‘l tarafga dafn etiladi. Uning janozasini sulton Zohir Biybars o‘qidi. Imomning janozasiga Misr ahlining deyarli barchasi ishtirok etdi (Tabaqot Shofiiya Kubro, 8 juz, 212-213 betlar). Sulton Zohir Biybars uning vafotidan qattiq qayg‘uradi va alloma vafoti o‘zining hukmronligi vaqtida bo‘lganidan juda afsuslanadi. Sulton bu haqda shunday dedi: “Laa ilaha illalloh! Shayxning vafoti mening sultonligim vaqtida bo‘ldi-ya”. Alloma janozasida amirlar, a’yonlar va askarlar ishtirok etishdi. Sultonning o‘zi tobutni ko‘tarishdi va dafnda hozir bo‘ldi (Tabaqot Shofiiya Kubro kitobi, 8 juz, 212-213 betlar).
Misr diyorining barcha o‘lkalarida, Shomning Frot daryosigacha bo‘lgan barcha shaharlarida Makkai mukarrama, Madinai munavvara, Yamanda, umaviylarning jome masjidida va dunyoning turli shaharlaridagi masjidlarda allomaga g‘oyibona janoza o‘qildi (Tabaqot Shofiiya Kubro kitobi, 8 juz, 212-213 betlar).
Alloma Izz Abdussalom o‘zidan bir qancha kitob, risola va tasnifotlar qoldirgan. Ammo bu ilmiy meroslarning adadi uning ilm va ma’rifatiga muvofiq darajada emas. Shuning uchun ham Yofi’iy Yamaniy buni shunday izohlaydi: “U kitoblaridan ko‘ra ilmi ko‘p kishilar jumlasidan hisoblanadi”. Buning sababi imom Izz Abdussalom rasmiy mansab, xalq xizmatida, amru ma’ruf va nahiy munkar bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘lgani bilan izohlanadi.
Imom Izz Abdussalomdan qolgan ilmiy meroslar jumlasiga uning tafsiri, hadis ilmida Imom Muslimning sahihlarining muxtasari, Tavhid ilmida “Al Mulixxa fi e’tiqod ahli al haq”, “Alfarq baynal islom val iymon”, “Alg‘ol fi ixtisor al nihoya” (5 juz), “Maqosid as solah”, “Maqosid as savm”, “Manosik al haj”, “Alfatvoyi al Misriya”. Usul fiqhga doir “Qavo’id al ahkom fi masolix al anom”, “Al Imom fi bayoni adillatik ahkom”. Odob-axloq, ta’lim va tarbiya, tasavvuf va zuhdga doir “Shajaratul maorif val ahvol va solih alaqvol va al a’mol”, “Maqosid ar rioya li huquqillah”, “Masoil at tariqa fi ilmil haqiqa” kabi kitoblar shular jumlasidandir.
Yaqin vaqtlarda, inshoalloh, e’tiboringizga ulamolar sultoni alloma Izz ibn Abdussalomning eng mashhur kitoblaridan biri “Shajarat al maorif val ahvol va solih al ahvol val a’mol” kitobidan ayrim lavhalarni havola etamiz.
Abdulhamid TURSUNOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Barmoq izlarimiz boshqalarning barmoq iziga o‘xshamasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Garchi dunyoda milliardlab insonlar bo‘lsa ham birining barmoq izi boshqasinikidan farq qiladi.
Shuningdek, har bir insonda o‘ziga xos hid bo‘ladi. Biz uni oddiy hid bilish qobiliyatimiz bilan ajrata olmaymiz. Lekin iskovich itlar bir insonning hidini minglab odamlar ichidan ajrata oladi.
Bundan tashqari insonning ovozi ham har kimniki o‘ziga xos bo‘ladi. Buni bugungi kun ilm-fan isbotlagan. Hatto insonning og‘iz bo‘shlig‘i ham boshqasinikiga o‘xshamas ekan. Alloh taolo qiyomat kunida har kimni o‘z suratida qayta tiriltirishini eslatish uchun bunday mo‘jizalarni bizga ko‘rsatib qo‘ygan.
Inson o‘zining farzandlariga mehr berishda ham adolatli qilib yaratilgan. Misol uchun, ota kichik farzandlarini kattasiga qaraganda ko‘proq yaxshi ko‘radi. Nima uchun? Chunki otaning yoshi o‘tgani sayin katta farzandlari kichigiga nisbatan baribir ko‘proq mehr ko‘rgan bo‘laveradi. Bu tengsizlikni to‘g‘rilash uchun ham ota farzandlariga mehr ko‘rsatishda adolat qilishga moyil qilib qo‘yilgan.
Shu o‘rinda yuqorida kelgan oyatni yana bir bor eslasak: “O‘zingizda ham (oyat mo‘jizalar bor)”.
Oyati karimada aytilganidek Allohning borligini, adolatning bor bo‘lishi kerakligini inson tabiiy his qila oladi. Alloh taolo bunday degan:
﴿فَأَلْهَمَهَا فُجُورَهَا وَتَقْوَاهَا﴾
“Unga (nafsga) gunohlarini ham, taqvosini ham ko‘rsatib qo‘ydi” (Shams surasi, 8-oyat).
Nafs yaxshilik bilan yomonlikni ajrata olmaydi. Balki Alloh bildirgan narsanigina biladi. Allohning bildirishi esa tabiiy ravishda yaxshi va yomonni ajrata oladigan qilib qo‘yganligidir.
Faqatgina inson emas, borliqdagi barcha narsada Allohning borligiga dalillar bisyor.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan