Sayt test holatida ishlamoqda!
08 May, 2026   |   20 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:40
Quyosh
05:12
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:31
Xufton
20:56
Bismillah
08 May, 2026, 20 Zulqa`da, 1447

Ulamolar sultoni

27.02.2018   5029   11 min.
Ulamolar sultoni

Islom tarixida “Sultonul ulamo”, “Amirlarni sotuvchi” nomi bilan  mashhur bo‘lgan alloma Izz ibn Abdusallomning  alohida o‘rni bor.

Uning to‘liq ismi sharifi quyidagicha: Abu Muhammad Izuddin Abdulaziz ibn Abdusalom ibn Abulqosim ibn Hasan ibn Muhammad ibn Muhazzab Sulamiy Shofiy Damashqiy. U hijriy 577 sana, milodiy 1181 yilda Damashqda kambag‘al oilada tavallud topdi. Oilasining faqirligidan u yoshligida kechalari umaviylar jome masjidining shimoliy eshigi yonidagi ohak xumdonida tunashga majbur bo‘lgan. Bu haqida Imom Subkiy otasidan rivoyat qilgan.  

Uning masjidda istiqomat qilishi ibodat va ilm olishiga sabab bo‘lgan. Shu vaqtda umaviylar masjidida ko‘plab ilm xalqlari mavjud bo‘lib, dunyoning turli joylaridan kelgan talabalar bilan doimo gavjum bo‘lgan.  Bu tarixiy masjidda tafsir, hadis, fiqh va boshqa diniy va dunyoviy ilmlar o‘qitilgan. Ko‘plab mashhur ulamo  va faqihlar shu masjidda dars aytishgan. Bo‘lajak allomaning birinchi yod olgan kitobi Abu Is'hoq Sheroziy qalamiga mansub “Tanbeh” kitobi bo‘ldi. U shar’iy va arabiy ilmlarni barobar o‘qib o‘rgandi. Tafsir, hadis, fiqh ilmlarini va usullarini, lug‘at, tasavvuf, nahv, balog‘at, ixtiloflar haqida ilmlardan zamonasining mashhur imomlaridan dars oldi. Ibn  Imod Hanbaliy “Tabaqoti Shofiiya Kubro” kitobida bunday yozadi: “Izz Abdussalom fiqh, usul va arabiy ilmlarda juda mashhur bo‘ldi. U o‘zining bu sohadagi tengdoshlaridan o‘tib ketdi, U tafsir, fiqh, hadis, olimlarning turli ixtilofli so‘zlarini bilishda mohir bo‘ldi va mujtahidlik darajasiga yetdi”.

Alloma Izzuddin Abdussalom yoshligining ko‘p qismini Damashqda o‘tkazdi. Keyinchalik Bag‘dodga kelib muhaddislardan hadis tingladi. So‘ngra Misrga bordi va umrining oxirigacha Misrda yashadi. U 644 hijriy sanadan keyin haj qilish niyati bilan Hijoz o‘lkasiga safar qildi.

Alloma Izuddin Ibn Abdussalom yashagan zamonda fatvo chiqarish uchun rasmiy mansab va vazifa mavjud bo‘lmagan. Birinchi rasmiy hukumat fatvolari usmoniylar davlatida vujudga keldi. Oldingi asrlarda fatvo berishga iqtidorli va salohiyatli ulamolar o‘zlarining bilimlari, ahkomlarni to‘g‘ri  idrok etishlariga qarab o‘zlaricha bu vazifani ado etardilar. Imom Izuddin Abdussalom Shom diyorida yashagan davrda fatvo  bergan edi. Uni “Shom diyori muftiysi” deb atashardi.

“Alloh taolo kalomi tafsiri” atrofida bo‘lgan fitna sababidan Shom sultoni Ashraf Muso uni bu vazifadan ozod etgunga qadar unda davom etdi.

Bu ishga hanafiy mazhab ulamosi, shayx Jamoliddin Xusayriy aralashdi va sultonning bu ishini ma’qul topmadi. Natijada sulton o‘z fikridan qaytdi, uni avf etib, hadyalar yubordi. Izz Abdussalom sultonning in’omlarni qabul qilmadi. Natijada allomaning shon-shuhrati atrof o‘lkalarda keng tarqaldi.

Alloma Izuddin Abdussalom turli ilmlarni puxta o‘rgangandan keyin ilmning darslar ayta boshladi. Uning birinchi aytgan darsi Damashqda boshlangan bo‘lsa, oxirgisi Qohirada bo‘ldi. U Misrda bo‘lgan vaqtda  uyida, masjidda va  boshqa ko‘plab joylarda ilm nurini tarqatdi. Ibn Kasir shunday deydi: “Talabalar undan  ko‘p iste’foda qilishdi. U Damashqdagi bir qancha madrasalarda ta’lim berdi. (Al Izz ibn Abdussalom. Qavoid al Ahkom, 2 juz, 220-221-betlar).

Tarixiy manbalarda ko‘rsatilishicha, alloma Ibn Abdussalom madrasada birinchi bo‘lib tafsir ilmidan dars bergan. Bu haqda Ibn Ibod Hanbaliy bunday deydi: “U birinchi bo‘lib o‘z darslarida tafsirdan dars bergan edi” (Shuzurot zahab kitobi, 5 juz, 302 bet).

Shayx Izz Abdussalomni 637 hijriy sanada sulton Solih Ismoil Damashqdagi umaviylar jome masjidiga imom-xatib etib tayinlaydi.

Tarixiy manbalarda zikr qilinishiga alloma, imom Izz Abdussalom 639 hijriy sanada Misrga safar qiladi. Misr sultoni Solih Ayyub uning allomaligidan xabardor edi. Ittifoqo, uning Misrga kelishi Misr qozisi Sharofuddin Ibn Aynidavlaning vafotiga to‘g‘ri keladi. Misr sultoni  Solih Ayyub uni katta tantana va hurmat-e’tibor bilan kutib oladi va qozilar qozisi hamda o‘sha zamondagi eng katta va qadimiy bo‘lgan Amr ibn Os masjidiga imom-xatib etib tayinlaydi.

Misr sultoni Solih Ayyub o‘z siyosiy va harbiy mavqeini mustahkamlash niyatida qo‘shinlarini kuchaytiradi, Markaziy Osiyo va uning g‘arbidan ko‘plab turk mamluklarni davlat moli hisobiga sotib oladi. Ularni jangga tayyorlaydi. Ular sultonning ishonchiga kiradi, hatto ayrimlari bosh qo‘mondonlik darajasiga yetishadi, ulardan biri esa sultonga noib bo‘lish sharafiga erishadi.

Alloma, Misrga bosh qozi etib tayinlangach saltanatni idora etishdagi ayrim xato va kamchiliklarni ko‘rdi. Ulardan biri amirlar hamon qul  ekani edi. Ularning ozod etilgani haqida biror hujjat mavjud emas edi. Shariat hukmi bo‘yicha esa qullar boshliq bo‘la olmaydi va o‘zlarining hayotini tasarruf qila olmaydi.

Imom Izz Abdussalom ularning oldi-sotdi qilishi va nikohlanishi to‘g‘ri emas, deb e’lon qildi. Natijada ularning, shu jumladan, sultonga noib bo‘lgan mamluklarning manfatiga zarar yetdi. (Imom Sha’roniy, Tabaqot al Kubro, 1 juz, 13-14 betlar). Bu ish mamluk amirlarning nihoyatda g‘azabini qo‘zg‘adi, ammo ular g‘azablarini bosib Imom Izz Abdussalom bilan kelishish va bu masalani chiroyli yo‘llar bilan hal qilishga harakat qildi. Imom o‘z fikrida qat’iy turdi va muammoni hal etishning birdan-bir yo‘li ularni qul bozorida kimoshdi qilib sotish,  so‘ngra ozod qilishdir, dedi.

Ular bu  holdan nihoyat darajada darg‘azab bo‘lishdi. Bu xabar sulton  Solih Ayyubga yetib bordi. Sulton Imom Izz Abdussalomdan fikridan qaytishini va o‘ziga taalluqli bo‘lmagan ishga aralashmasligini  so‘radi. Bu gaplar imomga qattiq botdi va bosh qozilik vazifasidan iste’fo berib oilasi bilan Qohiradan ko‘chib ketishini e’lon qildi va darhol shahardan chiqdi. Bu xabar tezda xalq ommasiga tarqaldi, ular imomning yonini oldi va Imom Qohiradan chiqar-chiqmas ulamolar, tijoratchilar, solih kishilar hatto ayollar  va yosh bolalar imomga ergashib shahardan chiqa boshladi. Sultonning  yaqinlaridan biri unga bunday dedi: “Saltanatingni saqlab qol. Shayx ketib qolsa, mulking ham ketadi”. Sulton darhol otiga minib shayx, imom Izz Abdussalomga yetishdi va uzr so‘rab ortga qaytishni iltimos qildi. Alloma amirlarni kimoshdi savdosida sotish va so‘ngra ozod qilish sharti bilan shaharga qaytdi.  U bilan birga bo‘lganlarning hammasi shaharga qaytdi (Shujoat Izz Abdussalom nomli kitob).

Imom shaharga qaytgandan keyin kimoshdi savdosi kuni belgilandi va barcha mamluk amirlar birma-bir nihoyatda qimmat bahoda sotildi, xalq ham bu savdoda ishtirok etdi. Ayrim amirlarning bahosi juda ko‘tarilib, qimmatlashib sotib olish imkoni bo‘lmaganida, sulton Solih Ayyub o‘zining xos mablag‘i evaziga sotib oldi. Savdodan tushgan mablag‘ni Imom Izz Abdussalom jam qildi. Barcha amirlar sotilgandan keyin Sulton ularni ozod qildi va ular o‘z xizmatlarida davom etishdi. Imom Izz Abdussalom yig‘ilgan mablag‘ni musulmonlarning umumiy  manfaatlari yo‘liga, turli  xayrli ishlarga sarfladi. Ibn Subkiy shunday yozadi: “Alloh rahm qilsin va undan rozi bo‘lsin! Biron bir kishi shunday ish qilgani eshitilmagan edi (Izz Abdussalomning “Majoz al Qur’on” kitobi).

Ulamolar sultoni Izz Abdussalom 660  hijriy sana, 1262 milodiy yilda 83 yoshda Misrda vafot etdi. Imom Izz Abdussalom choshgohga yaqin Qohira shahridagi Muqattam tog‘i etagidagi Qarofa qabristoni yaqinidagi ko‘l tarafga dafn etiladi. Uning janozasini sulton Zohir Biybars o‘qidi. Imomning janozasiga Misr ahlining deyarli barchasi ishtirok etdi (Tabaqot Shofiiya Kubro, 8 juz, 212-213 betlar).  Sulton Zohir Biybars uning vafotidan qattiq qayg‘uradi va alloma vafoti o‘zining hukmronligi vaqtida bo‘lganidan juda afsuslanadi. Sulton bu haqda shunday dedi: “Laa ilaha illalloh! Shayxning vafoti mening sultonligim vaqtida bo‘ldi-ya”. Alloma janozasida amirlar, a’yonlar va askarlar ishtirok etishdi. Sultonning o‘zi tobutni ko‘tarishdi va dafnda hozir bo‘ldi (Tabaqot Shofiiya Kubro kitobi, 8 juz, 212-213 betlar).

Misr diyorining barcha o‘lkalarida, Shomning Frot daryosigacha bo‘lgan barcha shaharlarida Makkai mukarrama, Madinai munavvara, Yamanda, umaviylarning jome masjidida va dunyoning turli shaharlaridagi masjidlarda allomaga g‘oyibona janoza o‘qildi (Tabaqot Shofiiya Kubro kitobi, 8 juz, 212-213 betlar).

Alloma Izz Abdussalom o‘zidan bir qancha kitob, risola va tasnifotlar qoldirgan. Ammo bu ilmiy meroslarning adadi uning ilm va ma’rifatiga muvofiq darajada emas. Shuning uchun ham Yofi’iy Yamaniy buni shunday izohlaydi: “U kitoblaridan ko‘ra ilmi ko‘p kishilar jumlasidan hisoblanadi”. Buning sababi imom Izz Abdussalom rasmiy mansab, xalq  xizmatida, amru ma’ruf va nahiy munkar bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘lgani bilan izohlanadi.

Imom Izz Abdussalomdan qolgan ilmiy meroslar jumlasiga uning tafsiri, hadis ilmida Imom Muslimning sahihlarining muxtasari, Tavhid ilmida “Al Mulixxa fi e’tiqod ahli al haq”, “Alfarq baynal islom val iymon”, “Alg‘ol fi ixtisor al nihoya” (5 juz), “Maqosid as solah”, “Maqosid as savm”, “Manosik al haj”, “Alfatvoyi al  Misriya”. Usul fiqhga doir “Qavo’id al ahkom fi masolix al anom”, “Al Imom fi bayoni adillatik ahkom”. Odob-axloq, ta’lim va tarbiya, tasavvuf va zuhdga doir “Shajaratul maorif val ahvol va solih alaqvol va al a’mol”, “Maqosid ar rioya li huquqillah”, “Masoil at tariqa fi ilmil haqiqa” kabi kitoblar shular jumlasidandir.

Yaqin vaqtlarda, inshoalloh, e’tiboringizga ulamolar sultoni alloma Izz ibn Abdussalomning eng mashhur kitoblaridan biri “Shajarat al maorif val ahvol va solih al ahvol val a’mol” kitobidan ayrim lavhalarni havola etamiz.

 

Abdulhamid TURSUNOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kim dunyo va oxiratni xohlasa — istig‘for aytsin!

07.05.2026   2930   2 min.
Kim dunyo va oxiratni xohlasa — istig‘for aytsin!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo shunday marhamat qiladi: Allohdan mag‘firat so‘rang! Albatta, Alloh mag‘firat qiluvchi va rahmli Zotdir (Niso surasi, 106-oyat).

Bu xitob Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qaratilgan bo‘lsa-da, u zot orqali butun ummatga, ularning har bir a’zosi va holatiga yo‘naltirilgandir.

Tasavvur qiling, Alloh subhanahu va taolo shaxsan sizga xitob qilib: «Allohdan mag‘firat so‘rang!» demoqda. Demak, istig‘forning sha’ni ulug‘dir. Zero, agar gunohlar bo‘lsa, Alloh ularni afv etadi, agar gunoh bo‘lmasa, bu bandalikni izhor qilish va darajalarning ko‘tarilishidir. Istig‘for yomonliklarga kafforat, yoki darajalarga yuksalishdir.

Istig‘forning ham dunyoda, ham oxiratda o‘z asarlari (natijalari) bor. Rivoyat qilinishicha, bir kishi shayxning huzuriga kelib, farzand ko‘rmayotganidan shikoyat qildi. Shayx unga: «Allohga istig‘for ayt», dedi. Boshqa birov kelib, yerlariga yomg‘ir yog‘may, qurg‘oqchilik bo‘layotganidan arz qildi. Unga ham: «Allohga istig‘for ayt», dedi. Uchinchi kishi yana boshqa bir muammo bilan kelganida, unga ham xuddi shu javobni berdi. Shunda odamlar: «Hamma dardning davosi istig‘formi?» deb so‘rashdi. Shayx ularga Alloh taoloning ushbu oyatlarini tilovat qilib berdi:

«Bas, dedimki: «Robbingizdan mag‘firat so‘rang, albatta U o‘ta mag‘firatlidir. U zot ustingizga osmondan baraka (yomg‘irini) yuboradi. Va sizga molu mulk, bola-chaqa bilan madad beradi va sizlarga bog‘u rog‘lar hamda anhorlarni beradi. Sizlarga nima bo‘ldiki, Allohning ulug‘vorligini (qo‘rqinchini) umid qilmaysiz?» (Nuh surasi, 10-13 oyatlar).

Bu istig‘forning dunyoviy, his qilinadigan natijalari borligiga, shuningdek, qalb nuri va sofligiga oid imoniy ta’sirlari hamda oxiratdagi samaralariga — Allohning avfi, yoziladigan hasanotlar va o‘chiriladigan gunohlarga dalildir: «Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi» (Hud surasi, 114-oyat). Shu bilan banda Allohning rahmati va mag‘firatining kengligida bo‘ladi.

Shu sababdan ham istig‘for qalb nuri va duolar ijobat bo‘lishining omillaridan biridir. Istig‘for Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning doimiy sunnatlaridan bo‘lgan. Shuning uchun ham ahlullohlar (Allohning do‘stlari) bizni kundalik vazifamizni (virdni) istig‘for bilan boshlashga, har kuni ertalab va kechqurun yuz martadan istig‘for aytishga yo‘naltiradilar.

Hadisi sharifda kelganidek: «Kim istig‘forni lozim tutsa, Alloh unga har qanday g‘amdan kushoyish, har qanday torlikdan chiqish yo‘lini (maxraj) beradi va uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantiradi».

Demak, kim dunyoni xohlasa — istig‘for aytsin, kim oxiratni xohlasa — istig‘for aytsin!

 

Professor, doktor Ali Juma.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV tarjimasi

Maqolalar