O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov boshchiligidagi Diniy idora mas'ul xodimlari Termiz shahridagi “Imom Termiziy” o'rta maxsus Islom ta'lim muassasasiga tashrif buyurdi. Ularga Surxondaryo viloyati bosh imom xatibi Aliakbar domla Sayfiddinov va bilim yurti mudiri Muzaffar domla Jabborov hamrohlik qildi.
Diniy idora mas'ul xodimlari dars jarayonlarini kuzatib, ta'lim sifati va o'qituvchilar ilmiy salohiyatini ko'tarish, diniy ta'limda an'anaviy va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo'llanilishiga doir takliflarni bildirdi. Shuningdek, ustoz va talabalar fikr-mulohazalari ham tinglandi.
Tashrif davomida soha rahbarlari ta'lim muassasasi o'qituvchi va talabalari bilan muloqot o'tkazdi. Unda so'zga chiqqan notiqlar o'qituvchi va talabalarning mas'uliyatini oshirish, ilmning fazilati, imomlik sharafi, mashaqqatlari, diniy sohada bilimli va dunyoqarashi keng kadrlarga bo'lgan ehtiyoj kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, madrasa bitiruvchilarining yurtimiz masjidlari va diniy ta'lim muassasalariga ishga taqsimot qilinishiga oid masala muhokama qilindi. O'rta maxsus ta'limdan keyin o'qishni davom ettirmoqchi bo'lgan talabalar yurtimizdagi 3 ta oliy diniy ta'lim muassasalarida bakalavr, so'ng Toshkent islom institutida magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olishlari mumkinligi aytib o'tildi.
Ma'lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoev 2019 yil 17-18-oktyabr' kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan 2020-2021 o'quv yilidan Surxondaryo viloyati Termiz shahrida “Imom Termiziy” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi tashkil etildi.
Ta'lim muassasasi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 8 iyunda 24-sonli guvohnoma bilan davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Mazkur O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta'lim maskani o'rta maxsus diniy ma'lumotli islom shariati va hadis ilmlari mutaxassisi, imom-xatiblar tayyorlaydi. Ta'lim muassasada o'qish muddati to'rt yil bo'lib, kunduzgi ta'lim shaklida olib boriladi.
Manzil: Surxondaryo viloyati, Termiziy shahar, Shimoliy Darvoza ko'chasi, 3-uy (55) 451-05-96
https://imomtermiziy.uz
t.me/termiziylar


O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati