Qur’on tinglovchilarga xushxabar!
Alloh taologa behisob hamdu sanolarimiz bo‘lsinki, qariyb bir oydan beri davom etayotgan Respublika Qur’on musobaqasining fayzu futuhi poytaxtimiz Toshkent shahrida boshlanib ketdi. Allohning muborak Kalomiga ixlosmand xalqimiz xushovoz qorilarning go‘zal tilovatlarini qalblari to‘la muhabbat bilan tinglamoqda. Respublika bo‘ylab Qur’on musobaqasini xoh bevosita bo‘lsin, xoh jonli efirda bo‘lsin tinglab borayotgan Qur’on muxlislariga xushxabar bermoqchimizki, Habibimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolo kitobidan bir oyatni eshitsa, unga ikki (ko‘p) savob yoziladi”, deb marhamat qildilar.
Sizlarga xushxabar bo‘lsin, Qur’ondan bir harf tilovat qilsangiz, Alloh taolo o‘nta savob beradi. Demak, bir dona oyatda qancha harf bo‘lsa, uni o‘n barobaricha savobga erishasiz. Tinglaganingizda esa uni yana ikki barobarga ko‘paytiring. Endi bir o‘ylab ko‘ring-chi, musobaqaning bir kunida qancha oyat tinglamoqdasiz? Bundan Alloh taoloning bandalariga bo‘lgan rahmati naqadar cheksizligini anglab yetasiz.
Qur’on tilovatini tinglashning boshqa foydalari ham ko‘p. Abdudoim Kahil bunday degan: “To‘liq sog‘ayishni istagan bemor har kuni bir necha soatdan Qur’on eshitsin. Uning ma’nosini anglashga urinsin. Zero, Qur’on mazmunini tushunish ham shifodir”.
Darhaqiqat, Qur’on tinglashning sog‘likka ham behisob foydalari borki, u bilan inson tinchlanadi, xotirjam bo‘ladi. Bu esa bemorning sog‘ayishiga kuchli omil bo‘ladi.
Qur’on tinglagan inson oxiratni eslaydi, natijada hayotini to‘g‘rilashga urinadi, xatti-harakatlarini nazorat qiladi, Qur’on tinglaganimizda ko‘zimizga yosh kelishi ham bejiz emas...
Qorilarning yuksak martabasi bor
Ummu Dardo roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men Oisha (onamiz) oldiga borib: “Jannatga kirganlar ichida Qur’on o‘qigan bilan o‘qimagan orasida qanday farq bor?” deb so‘radim. Oisha (onamiz): “Jannat pog‘onalari Qur’on oyatlariga teng. Jannatga kirganlar ichida hech kim Qur’on o‘qiganlardan afzal bo‘la olmaydi”, deb javob berdi”.
Shunday ekan, qorilarimizga xushxabar bo‘lsinki, ularning uzoq yillar chekkan zahmatlari evaziga Alloh taolo o‘ziga xos mukofot tayinlab qo‘ygan. U esa jannatning eng yuqori darajasidir.
Yana bir rivoyatda: “Qorilar jannatga kirganlaridan so‘ng ularga “O‘qi va ko‘taril!” deb xitob qilinadi. Qori o‘qir ekan, jannatning darajalaridan ko‘tarilib boraveradi. Qayerda o‘qishdan to‘xtasa, o‘sha qavat uning jannatdagi maqomi bo‘ladi”. Demak, Qur’ondan kim qancha yod olsa, shunga qarab o‘zining martabasini belgilaydi. U holda o‘z maqomimizni jannatning eng yuqori darajasidan tayinlab olishimizga nima monelik qilmoqda? Allohdan so‘rab, yangi tashkil qilinayotgan “Arab tili kurslari”ga yozilib, tezroq arab tilida savodimizni oshirib, Allohning kalomini yod olishga kirishaylik. Zero, “Insonlar ichida Allohning xos bandalari bor. Qur’on ahli – Allohning ahli va xos bandalaridir”, deb Habibimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar. Qur’on hofizlari – insonlar ichra Allohning xos bandalaridir. Bunday maqomga erishishga barchamizning imkoniyatimiz bor. Biz faqat g‘ayrat-shijoatli bo‘lsak shuning o‘zi kifoya.
Qur’on ahlining ota-onasiga xushxabar!
Qur’oni karimni farzandlarimizga o‘rgataylik. Maktab darslaridan bo‘shaganda Qur’on tilovat qilsin, vaqti behuda o‘tmaydi. Go‘dakligidan shunga o‘rgansa, ko‘p vaqt o‘tmay, to‘la yodlab oladi, axir dono xalqimiz bejizga “Qatra-qatra ko‘l bo‘lur” demagan. Allohning huzuriga borganimizda esa bizga shafoatchi bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir inson dunyoda farzandiga Qur’on yodlatsa, qiyomat kuni otasiga toj kiydirilur”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda esa: “Ota-onasiga butun dunyoning qiymati ham unga teng kelmaydigan kiyim kiydiriladi. Ular: “Buni nima sababdan kiydik?”, deb hayron bo‘lganlarida, ularga: “Farzandingiz Qur’onni qo‘lga kiritgani uchun” deyiladi”, deb farzandlarini qori qilgan ota-onaga xushxabar berdilar. Donishmand xalqimiz “Zar qadrini zargar biladi”, deganidek, Qur’on va qorilarning qadrini musobaqa sharofati bilan hamma bilib oldi.
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qur’on o‘qiydigan mo‘min xuddi utrujjaga o‘xshaydi. Uning hidi yoqimli, mazasi shirin. Qur’on o‘qimaydigan mo‘min esa xurmoga o‘xshaydi. Uning hidi yo‘q, ammo mazasi shirin. Qur’on o‘qiydigan munofiq esa rayhon kabi xushbo‘y, ammo mazasi achchiq. Qur’on o‘qimaydigan munofiq huddi hanzala kabi yanglig‘, hidsiz va ta’mi achchiqdir”, deganlari rivoyat qilingan.
Izoh: “Utrujja” sitrus meva bo‘lib, apelsinga o‘xshash “shirin limon”dir. Hajmi ikki kaft miqdoricha, hidi xushbo‘y va mazasi shirin meva.
“Xurmo” deyilganda arab xurmosi nazarda tutilgan. Ma’lumingizki, arab xurmosining mazasi totli bo‘lsa-da, uning hidi yo‘q.
“Hanzala” esa ta’mi va hidi yoqimsiz bo‘lgan o‘simlik turi. Mevasi apelsindan sal kattaroq bo‘ladi.
“Xurmo bo‘lib qoldik”
Unashtirilishi niyat qilingan qori yigit va qoriya qiz uchrashuvga chiqibdi. Yuzlashgani zahoti qiz gap cho‘zilib ketmasin degan andeshada yigitdan: “Siz utrujjamisiz?, deb so‘radi. Yigit darhol savolning mazmunini anglab: “Utrujjamiz-ku, ammo to‘yning tashvishlari bilan bo‘lib ayni kunlarda xurmo bo‘lib turibmiz”, deb javob berdi. Qoriya qiz yigitning javobidan qanoat hosil qilib chiroyli jilmayib qo‘ydi. So‘ng yigit: “Siz-chi?” deb so‘ragan edi, tabassum qilib: “Biz utrujjamiz”, deya javob berdi.
Savol: “Siz ham utrujjamisiz?”
Alloh taolo barchamizni Qur’on hofizlaridan bo‘lishimizni nasib qilsin!
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ka’b ibn Molik al-Ansoriy roziyallohu anhu rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Qo‘ylar ichiga qo‘yib yuborilgan ikki och bo‘ri yetkazgan zarar, bir insonning mol-dunyo va obro‘-e’tiborga hirs qo‘yishi diniga yetkazgan zararchalik katta bo‘lmaydi" (Termiziy va Ahmad rivoyat qilgan).
Hadis sharhi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatiga haqiqatni tushuntirish, ularga ta’lim berish uchun go‘zal usul bilan misollar keltirar edilar. Ushbu hadisda ham Nabiy sollallohu alayhi vasalam bir misol keltirdilar. Bu orqali insonning mol-dunyo va obro‘-e’tiborga bo‘lgan haddan tashqari hirs qo‘yishidan kelib chiqadigan zararning ko‘lamini bayon qilganlar.
U zot sollallohu alayhi vasalam deydilar: "Qo‘yib yuborilgan ikki och bo‘ri", ya’ni ular ochlikdan qiynalgani uchun erkin qo‘yib yuborilsa, "qo‘ylar orasiga", ya’ni podaga kirib qolsa, unda bo‘rilarning hujumi tufayli qo‘ylardan faqat juda oz qismi omon qoladi, aksariyati halok bo‘ladi. "Yetkazgan zararchalik katta bo‘lmaydi", ya’ni bu zarar bo‘rilar qo‘ylarga yetkazadigan zarardan kam emas, balki unga teng yoki undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.
"Bir insonning mol-dunyo va obro‘-e’tiborga hirs qo‘yishi diniga yetkazgan zarari" ya’ni insonning mol-dunyo va obro‘-e’tibor izlashga bo‘lgan haddan tashqari hirsining diniga yetkazadigan zarari, och bo‘rilar qo‘ylarga yetkazadigan zarardan ham kattaroqdir. Chunki mol-dunyo hirsiga berilgan kishi uni qanday yo‘l bilan topayotganiga beparvo bo‘lib qoladi, halol-haromga ham ahamiyat bermaydi.
Shuningdek, mol-dunyoga hirs qo‘yish mashhurlik va xo‘jako‘rsinni maqsad qilgan kishini shon-sharafga tashna qilib qo‘yadi. Yoki uni mansab, obro‘-e’tiborni istashiga olib keladi.
Ushbu hadisda mol-dunyo va obro‘-e’tiborga haddan tashqari hirs qo‘yishdan qattiq ogohlantirish bor. Chunki bu narsa insonning dinini barbod qiladi.
Hadis bizga mol-dunyo va shuhrat orqasidan quvish dinni qanday xavf ostiga qo‘yishini ko‘rsatadi. Inson bunday sinovlardan saqlanishi uchun qanoatli bo‘lishi, haromdan tiyilishi va obro‘ istashni emas, balki Allohning roziligini maqsad qilishi lozim.
Yunus Xo‘jamov,
Hadis ilmi maktabi talabasi.