O‘zbekiston Respublikasi o‘zining tarixiy qadamjolari, turli din vakillarining ahil yashashi bilan sayyohlar orasida mashhur. Biroq ushbu salohiyatning o‘zigina millionlab sayyohlarni mamlakatimizga jalb etish uchun yetarli emas. Buni O‘zbekistonga 2016 yilda 2 milliondan ortiq, 2017 yilning birinchi yarmida esa 1 million 125 ming nafar sayyohning tashrif buyurganidan kuzatish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda islom diniga e’tiqod qiluvchi 1,6 milliard aholi istiqomat qiladi, shundan qariyb 150 millioni har yili sayohat qiladi.
Mamlakatimizga har yili 10 millionga yaqin sayhlarni qabul qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Buning uchun esa, O‘zbekistonda sayyohlarni qabul qilish va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishda amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Hamyonbop turar joylar va ovqatlanish shahobchalarini qurish, transport harajatlarini yanada kamaytirish, kamchiqimlikni xush ko‘ruvchi, isrof qilishni yomon ko‘ruvchi musulmon kishini O‘zbekistonga chorlaydi.
“Halol sayohat” bo‘yicha “Crescent Rating” tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingda O‘zbekiston 28 pog‘onani egallagan. Bu 2017 yildagi holat. Reytingda mamlakatimizga “xavfsiz sayohat” (84.0), “Ibodatxonaga kirish erkinligi” (80.0), “Ovqatlanish imkoniyatlari va kafolatlari” (70.0) yo‘nalishlarida yuqori baholangan.
Biroq, “Oilaviy ta’til” (44.4), “Sayyohlarning kelishi” (21.2), “Aeroport imkoniyatlari” (48.3), “Yashash sharoitlari” (33.2), “Kommunikatsiya imkoniyatlari” (19.0), “Viza” (50.0), “Musulmonlar uchun imkoniyatlar” (25.0) yo‘nalishida esa o‘rta va quyi darajada baholangan.
Ushbu raqamlarni yaxshilash uchun esa quyidagi faoliyatni amalga oshirish zarur:
- musulmon mamlakatlari aholisi uchun “halol turizm” sayyohlik tur-paketlarini taqdim qilish;
- ovqatlanish shohobchalarini “Halol” sertifikatlash tizimini joriy etish;
- oilaviy sayohat qilish imkonitlarini yaratish;
- xalqaro va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan aeroportlar imkoniyatini kengaytirish va ularning har birida namozxonalar va halol ovqatlanish uchun maxsus joylar ajratish;
- Halol mehmonxona va halol mehmon uylarini yaratish maqsadga muvofiqdir.
2018 yil yakunlari bo‘yicha ushbu reyting yaxshilanishiga umid bor, sababi O‘zbekiston 7 mamlakat fuqarolari uchun viza tizimini bekor qildi. Ularning ko‘pchiligi esa musulmon mamlakatlar hichoblanadi. Ziyorat turizmini yanada rivojlantirish mamlakatimiz iqtisodiyoti va uning ravnaqi uchun ham muhim o‘rin tutadi.
O‘MI Matbuot xizmati
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati