Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabr oldida yig‘layotgan bir ayolni ko‘rib: “Allohdan qo‘rq va sabr qil”, dedilar. Shunda ayol: “Nari tur, chunki senga mendagi musibat yetmagandir va uni bilmaysan ham”, dedi. Sahobalar unga: “Bu kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdirlar”, deb aytdilar.
U ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning darvozalariga keldi. Lekin u zot huzurlarida qo‘riqchilarni topmadi. Ayol: “Yo Rasululloh sizni tanimabman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haqiqiy sabr avvalgi zarba paytdagisidir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Imom Muslimning rivoyatida: “U ayol go‘dak bolasiga yig‘layotgan edi”, deb keltirilgan.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
Chunki kunlar o‘tgan sayin inson ovunib tinchlanishi tabiiy hol. Bunday vaqtda qilingan sabrdan esa foyda yo‘q.
Ulamolar musibatga chiroyli sabr qilishning uchta sharti borligini zikr qiladilar. Ixlos. Musibatni avvalida qilingan sabr. Jazavaga tushib, Allohga shikoyat qilmaslik.
Chunki ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganda eshiklari oldida qoravulni ko‘rmadi.
Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja BAXROMOV
manbalar asosida tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Voqea surasini 40 kun o‘qish haqida so‘ramoqchi edim. Unda har kuni o‘sha kunning soni bo‘yicha o‘qiladi deyilgan, ya’ni birinchi kun bitta, ikkinchi kun ikkita, shu tarzda o‘qib borilib, qirqinchi kun 40 ta, jami 818 marta o‘qilar ekan. Shunday qilinsa, hojatlar ravo bo‘lar ekan. Shu haqida ma’lumot bersangiz.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda bunday shaklda ko‘rsatma kelmagan. Ya’ni, Voqea surasini 40 kun davomida muayyan adadda o‘qilsin yoki shunday qilinsa, hojatlari ravo bo‘ladi kabi gaplar ishonchli diniy manbalarda zikr qilinmagan. Albatta, shom namozidan keyin voqea surasini o‘qigan odam kambag‘allik ko‘rmasligi haqida mashhur sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis bor. Lekin mazkur hadisda bir marta o‘qish haqida gap boradi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har kecha Voqea surasini o‘qisa, unga zinhor faqirlik yetmaydi”, deganlar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu qizlariga har kecha u(sura)ni o‘qishga buyurar edi (Imom Bayhaqiy “Sho‘abul iymon”da rivoyat qilgan).
O‘qimoqchi bo‘lgan odam mana shu hadisga amal qilib, har kecha mazkur surani o‘qishga odatlansa, maqsadga muvofiq yo‘l tutgan bo‘ladi hamda hadisdagi fazilatga noil bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.