Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Sentabr, 2026   |   11 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:51
Quyosh
06:10
Peshin
12:16
Asr
16:32
Shom
18:25
Xufton
19:40
Bismillah
22 Sentabr, 2026, 11 Rabi`us soni, 1448

Hazrat Umarning xutbasi

25.01.2018   11585   1 min.
Hazrat Umarning xutbasi

Bahila roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Hazrati Umar roziyallohu anhu Shomga kelganlarida Jobiya mavzeida xutba o‘qib, bunday dedi:

– Ey insonlar! Allohning Kitobi – Qur’onni o‘rganinglar, u tufayli tanilgaysiz. Unga amal qilinglar, unga loyiq bo‘lasiz. Zero, hech bir haq egasi Allohga ma’siyat qilib, Uning amriga bo‘ysunish darajasiga yeta olmagan.

Haq so‘zni aytish kishining ajalini yaqinlashtirmaydi, rizqini uzoqlashtirmaydi. Bilinglar, banda va rizqi orasida bir parda bor. Agar u sabr qilsa, rizqi unga keladi. Agar sabr qilolmay, pardani majburlab ochmoqchi bo‘lsa, ham parda yirtiladi, ham rizqidan bebahra qoladi.

Otlarni yaxshi parvarish qiling. O‘q otishni o‘rganing. Yalangoyoq yuring. Misvok ishlating. Rumliklarning axloqidan o‘rnak olmang. Qo‘pol insonlar bilan hamsuhbat bo‘lmang. Hammomga yalang‘och kirmang.

– Ey insonlar! Bilinglar, Alloh taolo uch kishini oqlamaydi, yuzlariga qaramaydi, Qiyomat kuni ularni O‘ziga yaqin tutmaydi. Bulardan birinchisi, birovni boshliq qilish maqsadida dunyo manfaati uchun yoqlagan va undan istaganini olganida uni maqtagan, orqasidan esa yomonlagan kimsadir. Ikkinchisi esa narsalarini sotuvga chiqarib: “Allohga qasam, menga mana shu narxda olaman deyishdi, lekin bermadim”, deb mol sotgan savdogar. Uchinchisi, musulmonlarni so‘kadigan fosiq kimsadir.

– Ey insonlar! Goh sehrga, goh kohinga, goh folchiga borib, ularning “xabar”lariga ishongan kimsa Alloh taolo va Uning payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lganlarni inkor etgan bo‘ladi”.

“Al-Kanz”, “Hayotus sahoba” kitoblari asosida

Sumayro ABDUMUROD qizi

tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Islom sivilizatsiya markazining navbatdagi yutug‘i

22.09.2026   704   3 min.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiya markazining navbatdagi yutug‘i

 O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ispaniyada o‘tkazilgan 10-yubiley Terres Travel Festival – Films & Creativity 2026 festivalida oltin mukofotga sazovor bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Mazkur festivalda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan audiovizual loyihalar ishtirok etdi. “Turistik xizmat” (Tourism Service) nominatsiyasidagi ushbu mukofot “Oskar” mukofoti sovrindori Ben Kingsli ishtirok etgan “Ma’rifat aks-sadosi” filmiga topshirildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mega formatdagi loyihasi bo‘lib, islom sivilizatsiyasining ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini o‘rganish, saqlash hamda dunyoga namoyish etishga qaratilgan.

Terres festivalining oltin mukofoti “Ma’rifat aks-sadosi” filmining xalqaro muvaffaqiyatlarini davom ettirdi. Film 2026 yilda New York Festivals hamda Kann korporativ media va televideniye festivali finalistiga aylangan, Belgraddagi SILKFEST 26 festivalida e’tirof etilgan va keyinroq Ispaniyada Terres oltin mukofotiga ega bo‘ldi. Ushbu loyiha O‘zbekistonni tarixiy xotira, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat maskani sifatida namoyon etib, islom sivilizatsiyasining insoniyat tafakkuri rivojiga qo‘shgan hissasini ochib beradi.

Terres Travel Festival mamlakatlar va hududlarning turistik salohiyatini namoyon etadigan, ularning madaniy merosiga qiziqish uyg‘otadigan hamda xalqaro auditoriyani sayohat qilishga ilhomlantiradigan loyihalarni e’tirof etadi. Ushbu kontekstda “Ma’rifat aks-sadosi” filmi O‘zbekistonni nafaqat sayyohlik yo‘nalishi, balki tarix, madaniyat, ilm-fan va ma’naviy meros tutashgan buyuk olimlar, mutafakkirlar va kashfiyotlar zamini sifatida namoyon etadi.

Loyihada afsonaviy Ben Kingslining ishtiroki alohida o‘rin egallaydi. Aktyor “Gandi” filmidagi roli uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan va jahon auditoriyasiga “Tabib” (The Physician) tarixiy dramasidagi Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) obrazi orqali yaxshi tanish. “Ma’rifat aks sadosi” filmida Kingsli O‘zbekistonning yetuk olim va mutafakkirlariga murojaat qilib, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va insoniyat tafakkuri rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan islom sivilizatsiyasi haqida hikoya qiladi.

Terres oltin mukofoti O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro yutuqlari qatorini boyitdi. 2026 yilda u Ginnesning rekordlar kitobiga “Islom sivilizatsiyasining eng yirik muzeyi” sifatida rasman kiritildi, TURKSOY esa uni “Turk dunyosining eng yaxshi muzeyi” deb tan oldi. 2025 yilda Markaz Yevropaning nufuzli “Prix Avicenne 2025” (Avitsenna mukofoti) bilan taqdirlangan mukofotini qo‘lga kiritgan edi. Bunga qo‘shimcha ravishda, Singapurda o‘tkazilgan Butunjahon halol turizm sammitida u “Yilning islomiy meros obyekti” mukofoti bilan taqdirlandi.

Terres Travel Festival Kataloniyaning Tortosa shahrida o‘tkaziladi va sayohatlar, turizm, madaniyat hamda hududlar haqidagi filmlarga bag‘ishlanadi. Festival CIFFT — Turizm filmlari festivallari xalqaro qo‘mitasining rasmiy a’zosi hisoblanadi. Mukofotlangan ishlar CIFFT Ranking – World’s Best Tourism Films reytingida ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari