Dinimizda oila qurishga erkak va ayol birdek targ‘ib qilingan. Oila qurmasdan, tarkidunyochilik yo‘lini tutish qoralanib, buning aksi bo‘lgan nikoh ibodat darajasiga ko‘tarilgan. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) nikohlanish faqat o‘zlarining sunnati emas, balki o‘tgan barcha payg‘ambarlarning ham sunnati ekanini aytganlar. Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) bu borada rivoyat qilingan hadislarning birida: «Ey yigitlar, sizlardan qay biringiz oila qurishga qurbi yetsa, uylansin. Uylanish nomahramlarga ko‘z tashlashdan, zinokorlikdan asraydi. Qurbi yetmagan kishi ro‘za tutsin, toki unga to‘siq bo‘lsin», deyilgan (Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy). Darhaqiqat, Alloh insonni, u erkak yoki ayol bo‘lsin, nafsiy rag‘bat bilan yaratgan. Ayni paytda ushbu rag‘batni halol-pok yo‘l bilan qondirishni buyurib, nikohni joriy qilgan. Albatta, har qanday inson bolog‘at yoshiga yetgach, undagi yashirin nafsoniy rag‘bat avj ola boshlaydi. Allohdan qo‘rqib, Payg‘ambarimizning (alayhissalom) ko‘rsatmalariga amal qilaman degan banda, agar moddiy va boshqa imkoniyatlari mavjud bo‘lsa, nikohlanish orqali buning oldini oladi. Nafs rag‘batini haromga yurib qondirish yo‘li bo‘lgan zinodan o‘zini saqlaydi. Boshqa bir hadisda esa: «To‘rtta yaxshi ish bor, ular payg‘ambarlar sunnatidan sanaladi: hayo, xushbo‘ylik, misvok tutish va uylanishdir», deb marhamat qilinadi (Imom Termiziy rivoyati). Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) yana shunday hadis bor: «Kim uylangan bo‘lsa, dinining yarmini mukammal qilibdi, qolgan yarmida Allohga taqvo qilaversin» (Tabaroniy, Bayhaqiy, Hokim rivoyati). Islom ta’limotiga ko‘ra, oila Yaratganning roziligini topish, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) axloqlari, islomiy odob bilan ziynatlanish va pok yo‘l bilan insoniyat naslini davom ettirish maqsadida quriladi. Shuning uchun dinimiz oilani nikoh asosida qurishga alohida ahamiyat beradi va nikohni insoniy aloqalarning eng muhimi sifatida yuksak qadrlaydi. Zero, oila katta jamiyatning kichik bir bo‘lagi hisoblanadi. Jamiyat yomonlik va buzg‘unchilikning barcha turlaridan xoli tinch va obod bo‘lishi, avvalo, ushbu kichik jamiyatning tinchligiga bog‘liq. Oila tinchlik-xotirjamligi va saodatini ta’minlash oiladagi har bir shaxsning o‘z mas’uliyatini his qilishi va bajarishi bilan barqaror bo‘ladi. Bunday mas’uliyatni esa, er va xotin o‘rtasini bog‘lab turuvchi nikohgina joriy qilishi va mustahkamlashi mumkin. Payg‘ambar (alayhissalom) bir hadislarida: «Nikoh mening sunnatimdir, kim sunnatimdan voz kechsa, u mendan emas (ya’ni, ummatimdan emas)”, deganlar. Demak, nikoh asosida turmush qurish Alloh taoloning buyrug‘i, Payg‘ambarimizning (alayhissalom) sunnatlari ekan, musulmon kishi oila qurishni paysalga solmay, uni shar’iy nikoh asosida amalga oshirishi lozim. Nikoh tufayli inson o‘z nasl-nasabining pokligini saqlaydi, iffatini asraydi, buzuqlik, zino singari harom ishlardan tiyiladi.
Usmonxon Alimovning "Oilada farzand tarbiyasi" kitobidan
O‘MI Matbuot xizmati
Ey, menga yetgan shiddatli g‘amlar,
Keting, kelmoqda tong otar damlar.
Hashamat, dabdaba va isrof bilan yashayotganlar hayotiga havas qilmang, chunki ularning voqeliklari juda ayanchli va xursand bo‘ladigan emas. Ular maqsadlari nafslari va shahvatlari uchun isrof qilish bo‘lgan, bor kuchlarini rohatlanish uchun sarflaydigan, halol yoki haromligiga qiziqib ham o‘tirmay lazzatlanishga intiladigan insonlardir. Ular baxt-saodat ichida emas, balki g‘am-tashvish ichidalar. Chunki Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketgan va U zotga osiylik qilib yurgan insonlar hech qachon baxtni topa olmaydi.
Isrofgar va dabdabavoz insonlar baxt-saodat ichida deb aslo o‘ylamang. Ba’zi kambag‘al, oddiy hayot ichida yashayotgan insonlar qasrlarda ipak matolarga burkanib yashayotganlardan ko‘ra baxtli bo‘ladi. Chunki faqir bo‘lsada ibodatli va soliha mo‘mina ayol osiy ayoldan ko‘ra baxtliroqdir.
Shu’la: Baxt-saodat o‘zingizga bog‘liq, shuning uchun bor harakatingizni, o‘zingizni to‘g‘irlashga qarating.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan