Ulug‘ sahobalar qatorida, shubhasiz, Oisha onamiz roziyallohu anhoning nomi hurmat ila tilga olinadi. Muallima onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suyukli rafiqasi edilar. U kishi haqida oyati karimalar tushgan. Oisha roziyallohu anho Abu Hurayra, Abdulloh ibn Umar, Anas ibn Molik va Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumdan keyin eng ko‘p hadis rivoyat qilgan. Onamiz hadislarni Rasululloh alayhissalomdan bevosita eshitib, rivoyat etganlar. Rasululloh alayhissalom: “Ey Oisha, Jabroil senga salom keltirdi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Otasi Abu Bakr Siddiq, onasi Ummu Rummon bo‘lib, har ikkalasi ham musulmon bo‘lgan vaqtda Oisha roziyallohu anho dunyoga keldi. U zot yoshligidan o‘ta ziyrak, fahmi tez, zehni o‘tkir qiz edi. Oisha roziyallohu anho musulmon oilada imon-ixlosli, taqvoli bo‘lib ulg‘aydi.
Qurayshning fozila ayollaridan biri Havla binti Hakam Payg‘ambarimiz alayhissalomga Oisha binti Abu Bakr yoki Savda binti Zam’aga uylanishlarini taklif qildi. Chunki u zot Xadicha onamiz vafotidan so‘ng yolg‘izlanib qolgan edilar. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Uch kecha seni tushimda ko‘rdim. Farishta seni yashil harir matoga o‘rab olib kelar va: “Mana shu sening ayoling”, der edi. Yuzingni ochsam, sen bo‘lar eding. O‘zimcha, agar bu Allohdan bo‘lsa, tushimni o‘ngidan keltirar, der edim», dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu tariqa Oisha roziyallohu anho Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga unashtirildi. Oisha onamiz to‘y ziyofatini bunday eslaydi: “Allohga qasam, to‘yim kuni biror jonliq so‘yilmadi. Sa’d ibn Uboda Rasululloh alayhissalomga hadya qilgan bir tovoq bo‘lib, xotinlar undan galma-gal foydalanishar edi. Nabiy alayhissalom mehmonlarga shu tovoqda ovqat va sut keltirdilar”. Asmo binti Yazid roziyallohu anho hikoya qiladi: «To‘y kuni Oishani yasantirdik. Nabiy alayhissalom bizga sut tortiq qildilar. Biz: “Ichgimiz kelmayapti”, dedik. Nabiy alayhissalom: “Ochlik va yolg‘onni birlashtirmanglar”, dedilar». Oishaga besh yuz dirham mahr berildi.
Muborak xonadonda Oisha roziyallohu anhoning aqli, ilmi va fikri ziyoda bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning har bir so‘zlarini yodlab, amallarini o‘rganish harakatida bo‘ldilar.
Imom Zahabiy “Siyar a’lom an-Nubalo” asarida bunday yozadi: «Bir kuni Abu Bakr roziyallohu anhu Oisha onamizning Payg‘ambarimiz alayhissalomga bir oz qo‘rslik qilayotganini ko‘rib, g‘azablandi va: “Sen Rasulululloh sollallohu alayhi vasallamga ovozingni baland qilyapsanmi?” dedi. Payg‘ambarimiz shunda ota va qizini murosaga chaqirdilar va onamizning ko‘ngliga yoqadigan gaplar aytdilar. Boshqa paytlari Abu Bakr roziyallohu anhu kuyovi bilan qizining kulishib turishganini ko‘rsa: “Aytishib qolganlaringdagi kabi quvonchli paytlarda ham meni sherik qilinglar, der edi» (No‘mon ibn Bashir rivoyati).
Oisha roziyallohu anho qo‘li ochiq, saxiy ayol edilar. Hadya mollari qancha bo‘lishidan qat’i nazar, ushlab turmay, barini muhtojlarga, haqdorlarga berardilar.
Oisha onamiz Rasuli akromdan: “Meni qanchalik yaxshi ko‘rasiz?” deb so‘rar, u zot: “Arqon tugunidek” deganida, “Siz aytgan tugun qanaqa bo‘ladi?” deb yana savol berardi. “Tugundek tugun-da”, derdilar Payg‘ambar alayhissalom tabassum bilan.
Oisha roziyallohu anho ilk marta bolalik chog‘larida Qur’oni karimni otalaridan eshitdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bevosita eshitib, yod oldilar. Ko‘p holda oyatlar tushishiga ham guvoh edilar. Saodatli damlarini eslab: “O‘z uyimdan nubuvvat xonadoniga ko‘chganimdan keyin Baqara va Niso suralari nozil bo‘ldi. Shu tufayli hujram “vahiy tushgan joy” nomini oldi. Men vahiy payti ham u zotning huzurlarida edim. Salqin havoda ham peshonalari terlab ketardi”, deydi. Odatda vahiy kelgan paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ahllari bir oz chetlanib turgan. Ammo Oisha roziyallohu anho Payg‘ambarimiz alayhissalomning yonlarida turganida ham u zotga vahiy tushgan.
Oisha onamiz qisqa muddat bo‘lsa-da, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan baxtli, osuda hayot kechirdi. Nabiy alayhissalom Oisha onamiz bilan masjidga yonma-yon qurilgan xonada yashadilar.
Hijratning oltinchi yilidagi “Ifk (bo‘hton, tuhmat) voqeasi”dan ko‘p o‘tmay, Alloh taolo Oisha onamizning pokligi haqida oyatlarni nozil qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin ham Oisha onamiz ilmlari va axloqiy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak, ulamolarning muallimasi va murabbiyasi bo‘ldilar. Katta-katta tobein olimlarga ustozlik qildilar. Qiyin masalalarda sahobalar har doim Oisha onamiz roziyallohu anhoga murojaat qilar va undan aniq yechimini eshitardi. Onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan so‘ng ham yuksak hurmat ko‘rdilar.
Oisha roziyallohu anho hijriy 58 yili 66 yoshida ramazon oyining o‘n yettinchi kuni vafot etdi. Madinadagi Baqiy qabristoniga dafn etildi.
Zamira QOSIMOVA
tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dunyo mamlakatlari turli taqvimlarda yil, oy, kun hisobini yuritadi. Eng keng tarqalgani – milodiy deb ataladigan Grigorian taqvimi hisoblanadi. Islom mamlakatlarida hijriy-qamariy va hijriy-shamsiy taqvimlar mavjud.
Ko‘p Islom mamlakatlarida amal qilinadigan hijriy-qamariy taqvim oyning falakdagi harakatiga asoslanadi. Hilol (yangi oy) ko‘ringandan keyingi kun yangi oyning birinchi kuni hisoblanadi. Hijriy-qamariy oylar 29 yoki 30 kun bo‘ladi. Shu sababli hijriy-qamariy yil 354-355 kun bo‘lib, milodiy yildan 10-11 kun kam bo‘ladi.
Hijriy-qamariy taqvimning birinchi kuni Muharram oyining birinchi kunidan boshlanadi. Hijriy-qamariy yil bo‘yicha oylar tartibi quyidagichadir: Muharram, Safar, Rabiul avval, Rabiul oxir, Jumodul avval, Jumodul oxir, Rajab, Sha’bon, Ramazon, Shavvol, Zulqa’da, Zulhijja.
Qur’oni karimdagi Tavba surasining 36-oyatida Alloh taolo oylarni 12 ta qilib belgilagani qayd etilgan. Bu oylar insonga yordamchi bo‘lib, umrini, vaqtini, ishlarini rejalashtirishda, hisoblashda lozim bo‘ladi.
Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Islom taqvimini joriy qilishga maslahat qilishgan va katta kelishuv bo‘lgan. Hijriy-qamariy taqvimdan foydalanishga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davrida, ya’ni 16-hijriy yilning Rabiul avval oyida qaror qilingan va 1-Muharram 17-hijriy yilning boshi deb hisoblangan.
Hijriy-qamariy yilning boshlanishiga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilgan sanalari asos qilib olingan. Bu milodiy 622 yilga to‘g‘ri keladi. “Hijriy” degan so‘z “hijrat (ko‘chish)ga tegishli”, “qamariy” esa “oyga tegishli” degan ma’noni bildiradi.
Milodiy sana oylari 28 yoki 29 hamda 30 yo 31 kunlik bo‘lgani kabi hijriy oylar, jumladan, Ramazon oyi ham gohida 29, gohida 30 kunlik bo‘lishi mumkin. Hijriy oyning milodiy oydan farqi shuki, masalan, mart oyi doimiy ravishda 31 kunlik bo‘lsa, hijriy oylar hilolning yangilanishi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun qaysi oy necha kunlik bo‘lishi oyning ko‘rinishiga qarab aniqlanadi.
Islom dini ta’limotlarida muborak Ramazon oyi va hayiti kunini belgilashda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning “Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va yangi oyni ko‘rib hayit qilinglar”, degan hadisi shariflari asos qilib olingan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam oxiratga rihlat qilgunlariga qadar to‘qqiz yil Ramazon ro‘zasini tutganlar. Shulardan aksarida yigirma to‘qqiz kunlik, ozrog‘ida o‘ttiz kunlik bo‘lgan.
Bu borada Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda zikr qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida 29 kun tutgan ro‘zamiz 30 kun tutganimizdan ko‘proq edi” (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, Ramazon oyi necha kun bo‘lsa, shuncha kun ro‘za tutiladi va o‘sha mukammal ro‘za hisoblanadi.
Hijriy oylarning yigirma to‘qqiz yoki o‘ttiz kunlik bo‘lishini quyidagi hadisi sharifda ham ko‘rish mumkin.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir oyga xotinlaridan iylo qildilar. Yigirma to‘qqiz kun o‘tgandan so‘ng esa ertalab (yoki kechqurun) kirdilar. Shunda u zotga: “Siz bir oy kirmaslikka qasam ichgan edingiz?” deyildi. U zot: “Oy yigirma to‘qqiz kun (ham) bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Shunga ko‘ra, hech kim o‘zicha Ramazon doim o‘ttiz kun bo‘ladi, deb hukm chiqarishi aslo to‘g‘ri emasdir. Bunday deyish sahih hadislar va ulamolar ijmosi (ittifoqi)ga ziddir.
Demak Ramazon oyi 29 kunlik bo‘lib kelgan taqdirda ham biz oyat va hadislarga muvofiq bir oy mukammal ro‘za tutgan bo‘lamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi