“Musobaqada qatnashuvchilarni ro‘yxatga olish jarayoni davom etmoqda. Ishtirok etish istagida bo‘lganlar 15 yanvarga qadar ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin”, deb xabar beradi Qur’on musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita.
Musobaqada ishtirok etish uchun joriy yilning 8 yanvar holatiga ko‘ra, Respublika bo‘yicha 733 nafar yurtdoshlarimiz hujjat topshirishgan. 9 yanvar holatiga ko‘ra 1101 tani tashkil etgan edi.
Tashkiliy qo‘mitaning O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmatiga ma’lum qilishicha, bugun, 10 yanvar’ holatiga ko‘ra, 2079 kishini tashkil etdi (1118 nafar erkaklar, 861 nafar ayollar). Bu xalqimizning Allohning kalomiga bo‘lgan cheksiz muhabbatidan dalolat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, bir kunda ishtirok etish xohishini bildirganlardan qariyb 1000 nafari ro‘yxatdan o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Qur’on musobaqasida 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolarimiz hifz va tilovat yo‘nalishlari bo‘yicha qatnashishlari mumkin.
Fuqarolardan kelib tushayotgan ko‘plab talab-istaklarni inobatga olgan holda ishtirokchilarni ro‘yxatga olish muddati 13 yanvardan 15 yanvargacha uzaytirilgani ma’lum qilindi.
O‘MI Matbuot xizmati
Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Mavsum boshidan shu choqqacha 83 ming 274 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 508 478 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi.
Oilaviy sharoit va tushunchalaridan kelib chiqib, ular bilan tinchlik qadri va shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi.
Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati