Qadim Buxoroni tarixchilar sayohatchilar “she’riyat va afsonalar shahri” deb atashgan. Bu qo‘hna shaharning har bir ko‘chayu xiyoboni, go‘shasida olis o‘tmishning aks-sadosi bor. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan minoralar inson aql-zakovatini namoyish qiladi. Buxoro Sharqu G‘arbda ochiq osmon ostidagi muzey, shavkatli tarixning jilvakor ko‘zgusi degan faxrli nom olgan.
Buxoro haqida so‘z borganida, Ark haqida gapirmasdan iloj yo‘q. Ark keyingi zamonlarda Buxoro amirlarining qarorgohi bo‘lib kelgan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Ark bir necha marta vayron bo‘lib, yana qaytadan tiklangan. U haqdagi ilk ma’lumotlar Abu Bakr Narshaxiyning (899-960) “Buxoro tarixi” asarida uchraydi: “Buxoro hukmdori Buxorxudot Bidun ushbu qal’ani qurdiradi, ammo u tez orada vayron bo‘ladi. Shunda Buxorxudot donishmandlarni chaqirib, ulardan maslahat so‘raydi, ular esa qal’ani Katta ayiq yulduzlari turkumini eslatuvchi yetti ustun ustida qurish kerakligini aytishadi. Hukmdor shunday yo‘l tutadi va Ark mustahkam bo‘ladi”.
Ark qachon qurilgani haligacha aniqlanmagan. Ammo olimlarning taxminicha, bundan bir-bir yarim ming yil oldin ham ushbu mahobatli me’moriy obida hukmdorlarga qarorgoh bo‘lgan.
Ark – Buxoro tarixining tirik guvohi, u necha-necha qonli janglar, shafqatsiz istilochiyu bosqinchilarni ko‘rgan. 1220 yili Chingizxon qo‘shini shaharga bostirib kelganida, aholi Ark ichiga yashirinadi.
Arkda nafaqat hukmdor amirlar, balki buyuk olimlar, shoiru faylasuflar ham yashab, ijod qilib, avlodlarga bebaho meros qoldirishgan. Buxoro madaniyati eng yuksalgan o‘rta asrlarda Arkda Rudakiy, Firdavsiy, Abu Ali Ibn Sino, Forobiy, Umar Xayyom kabi buyuk zotlar yashagan. Abu Ali ibn Sino bunday yozadi: “Bu yer kutubxonasidan shunday kitoblarni topdim, ularni oldin ham, keyin ham hech qayerda ko‘rmadim. Ularni o‘qib chiqdim va menga olam sirlari ayon bo‘ldi”.
Ark g‘arbdan sharqqa cho‘zilgan qiyshiq to‘rtburchak shakliga ega. U zamonaviy shaharning g‘arbiy qismi o‘rtasida joylashgan. Devorlar aylanasiga uzunligi 789,60 metr, maydoni 3,96 gektar. Maydon sathidan balandligi 16-20 metrni tashkil etadi. Arkka ikki ustunsimon shaklda qurilgan minoralar orasidan kiriladi. Darvozalariga yo‘lak tepaga qarab yuksalib boradigan pandus (nishab maydoncha) shaklida qurilgan.
Arkning o‘zida me’moriy inshootlarning katta bir majmuasi joylashgan, sharqiy qismi hozirda arxeologik yodgorlikdir. Uning tepasiga chiqib qaragan kishiga ko‘hna Buxoroning betakror manzarasi kaftdek namoyon bo‘ladi. Usta me’morlar Arkni bo‘lajak me’morlar uchun darslik deb ataydilar. Ark devorlarida g‘isht terilishi, qurilish xom ashyolaridan tarixda qanday foydalanilgani yaqqol ko‘rinadi.
Hozir Ark yurtdoshlarimiz hamda chet ellik mehmonlarni ohanrabodek o‘ziga tortuvchi noyob tarixiy-me’moriy yodgorlik sifatida nom qozongan.
Saida DARIYEVA
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Oqil xato qilsa – afsuslanadi, ahmoq xato qilsa – safsata sotadi.
Bu ikki misra inson tabiati, uning ma’naviy darajasi va hayotga munosabatini juda teran ifoda etadi. Xato – inson zotiga xos. Ammo uni qanday qabul qilish va undan qanday xulosa chiqarish – har kimning aqli va qalbiga bog‘liq.
Islom ta’limotida ham xato qilish ayb emas, balki undan tavba qilmaslik va saboq olmaslik ayb ekani ta’kidlanadi. Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni va poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 222-oyat).
Bu oyatda insonning xatodan qaytishi, afsuslanib, o‘zini tuzatishi Alloh nazdida qadrli ekani ochiq bayon etilgan. Demak, oqil inson xato qilganda uni tan oladi, qalbida nadomat tug‘iladi va to‘g‘ri yo‘lga qaytishga harakat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Barcha odam bolasi xato qiluvchidir. Xato qiluvchilarning eng yaxshilari – tavba qiluvchilaridir” (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadis insonning komilligi xatosizlikda emas, balki xatodan keyingi holatida ekanini ko‘rsatadi. Oqil kishi o‘z aybini tan olib, uni tuzatishga intilsa, ahmoq esa o‘z xatosini oqlash, hatto uni haqiqat deb ko‘rsatishga urinadi.
Xalqimizda shunday maqol bor: “Aybini bilgan – donishmand, aybini yashirgan – nodon”. Bu hikmatli so‘zlar yuqoridagi fikrlarning xalqona ifodasidir. Chunki aybini tan olgan inson o‘zini tarbiya qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aybini inkor etgan esa o‘z kamchiligi bilan yashashda davom etadi. Yana bir hikmatda aytiladi: “Nodonning tili uzun, aqllining esa yo‘li uzun”. Ahmoq inson ko‘p gapiradi, bahona topadi, safsata sotadi. Ammo oqil inson ortiqcha so‘zdan qochib, amal bilan o‘zini isbotlaydi.
Xato bu – yiqilish emas, balki turish uchun berilgan imkoniyatdir. Oqil inson har bir xatosini o‘qituvchi deb biladi. U o‘zini tahlil qiladi, kamchiliklarini anglaydi va yanada mukammal bo‘lishga intiladi. Ahmoq esa xatosini tan olmasdan, boshqalarni ayblash bilan ovora bo‘ladi. Shu bois, har birimiz o‘z nafsimizni so‘roqqa tutishni o‘rganishimiz lozim. Chunki haqiqiy kamolot – o‘z xatolarini tan olish va ulardan saboq chiqarishdadir. Hayot yo‘lida adashmaslik uchun insonga aql, vijdon va tavba eshigi berilgan. Bu eshikni ocha bilgan inson – baxtli inson.
Xulosa qilib aytganda, oqillik – xatosizlikda emas, balki xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarishdadir. Ahmoqlik esa – xatoni tan olmaslik va uni safsata bilan berkitishdir. Insonni ulug‘laydigan narsa – uning tavozesi va o‘zini isloh qilishga bo‘lgan intilishidir.
Ja’farxon SUFIYEV,
TII Modul ta’lim tizimi talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.