Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2026   |   8 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:04
Peshin
12:35
Asr
17:38
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2026, 8 Safar, 1448

Ota-onaning vazifalari

24.12.2017   13898   6 min.
Ota-onaning vazifalari

Diyorimizda oila ma’naviyati va madaniyati asrlar davomida o‘ziga xos tarzda shakllangan. Vatanga, ota-onaga sodiqlik va fidoyilik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi.


Bular zaminida yoshlarga oilada, ta’lim maskanlarida, mahallalarda beriladigan ta’lim tarbiya yotadi. Shuning bilan birgalikda farzand tarbiyasidagi eng muhim omil bu – ota-ona tarbiyasi, ularning farzandiga qilgan e’tiboridir. Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan maqol bejiz aytilmagan. 
Serfarzandlik va bolajonlik; kattalarga hurmat, kichiklarga muruvvat; erkaklarning oiladagi yuqori mavqei, ayollarning royishligi; oila va nikohning muqaddasligiga e’tiqod; ota-onalarning farzandlar oldidagi hamda farzandlarning ota-onalar oldidagi burch va mas’uliyatining muhim qadriyat sifatida e’tirof etilishi; oila sha’ni va obro‘sining avaylab asralishi; kelin va qaynona munosabatlarining o‘ziga xosligi; katta oilalarda bobo va buvilarning rahnamoligi; qarindoshlar, qo‘ni – qo‘shnilar, mahalla – ko‘y oldidagi majburiyatini teran his qilish kabi o‘zbek oilasiga xos bunday xususiyatlar zamirida dinimiz ta’limotlari yotadi. 


Dunyoda ota-ona eng ulug‘ zotlar hisoblanadi. Chunki ular o‘z farzandlari uchun hayotini, mehrini bag‘ishlaydi. Farzandi katta bo‘lib, oila qurib ketgandan keyin ham u haqda qayg‘urishdan to‘xtamaydi. 


Ota-ona farzandi dunyoga kelishi bilan uni parvarish qilib, katta qiladi, kasal bo‘lsa, davolaydi, yediradi, kiydiradi, uni oq yuvib, oq taraydi. Umuman, farzandini hayotda kerakli barcha narsalar bilan ta’minlashga harakat qiladi. Hatto buning uchun o‘zlari yeyish-ichish, kiyinish va shu kabi narsalardan mahrum bo‘lsalar yoki kechalari uyqudan qolsalar ham. 


Bugun yoshlarimiz baxtli, chunki ularning ota-onalari boshida, ular uchun kerakli narsalarni ortig‘i bilan olib bermoqda. To‘g‘ri, bu ishlar ota-onaning farzand oldidagi asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Afsuski, ba’zi ota-onalar o‘zlarining vazifalari faqat shu deb o‘ylashadi. Holbuki, bulardan ham muhim, bulardan ham qiyin va bulardan ham asosiy vazifa ham bor, bu farzandning ma’naviy-axloqiy tarbiyasidir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunday marhamat qiladilar: “Ota-ona farzandiga yaxshi xulqdan ham ortiqroq narsa bera olmaydi”. Demak, ota-ona farzandiga beradigan eng yaxshi narsasi qimmatbaho kiyim, yaxshi taom yoki ajoyib sovg‘a emas, balki go‘zal xulq va yaxshi tarbiyasi ekan. Chunki kiyim, taom yoki sovg‘a bolaga ma’lum vaqt foyda beradi, vaqt o‘tishi bilan esa eskiradi. Go‘zal xulq, yaxshi tarbiya esa farzandga umri davomida foyda beradi. Nafaqat umri davomida, balki vafotidan keyin oxiratda ham naf keltiradi. Zero, hadisi sharifda: “Banda go‘zal xulqi ila kechalari ibodatda qoim bo‘luvchi hamda kunduzi ro‘za tutuvchining darajasi – savobiga erishadi”, deyilgan. 


Tan olish kerakki, ba’zi oilalarda ota-ona ertalabdan kechgacha ishlab, ko‘cha-ko‘yda yuradi, uyda bo‘lgan vaqtlarida ham o‘z ishlari bilan ovora bo‘lib farzandlariga vaqt ajrata olmaydi. Natijada farzand tarbiyani telefon, internet, televizor hamda ko‘cha-ko‘ydan olmoqda. Shunday tarzda ulg‘aygan bola yaxshi xulqli, odobli, ilm-ma’rifatli va kelajakda el-yurtiga xizmat qilib, ota-onasiga rahmat olib keladigan bo‘lib ulg‘ayishiga kim kafolat bera oladi?! 
Farzandlarimiz, bo‘sh vaqtlarida nima bilan shug‘ullanmoqda, kuni bilan vaqtini nimalarga sarflayapti, uydagi televizor yoki kompyuterda nimalarni tomosha qilayapti, siz olib bergan telefondan yana qanday ishlarda foydalanmoqda, internetda qanday ma’lumotlarni o‘qib, qanday lavhalarni ko‘rmoqda, ko‘chada kimlar bilan do‘st bo‘lib, ular bilan vaqtini qanday o‘tkazmoqda yoki siz berayotgan pullarni qayerlarga sarflayapti?! Bunday ishlarda farzandni nazoratsiz qoldirish mumkin emas. 


Bir odam o‘g‘li bilan birga hazrat Umar (r.a.)ning huzuriga keldi: 
“Bu o‘g‘lim, menga itoat etmaydi”, deya shikoyat etdi. 
“Allohdan qo‘rqmaysanmi, nega ota-onangga qarshi chiqasan? Ota-onaning farzandda juda ko‘p haqlari bor”, deya hazrati Umar o‘smirni ogoh etib, tanbeh berdilar. 
“Ey mo‘minlar amiri, bolaning ham otada biron haqqi bormi?” deya so‘radi yosh yigit. 
“Ha, bor. Avval yaxshi xotinga uylanishi, bola tug‘sa, yaxshi ism qo‘yishi, unga Qur’oni karimni va farz ibodatlarini o‘rgatishi, uylanadigan yoshga yetgach uylantirishi – bolaning otasidagi haqlaridandir”, dedilar hazrati Umar. 
“Allohga qasamki, otam musulmon ayollarni qoldirib, 400dirhamga sotib olgan bir cho‘ri bilan turmush qurdi. Menga yaxshi ism qo‘ymadi. Ismimni qurt – hashorat ma’nosida Juhla deb qo‘ydi. Menga Qur’oni karimdan va ibodatlardan hech narsa o‘rgatmadilar”, dedi. Buni eshitgan hazrati Umar o‘smirning otasiga qarab: O‘g‘lim menga itoat etmaydi, deysan. Hobuki, u senga qarshi chiqishdan avval sen uni haqlarini toptab, farzanding oldidagi vazifalaringni ado etmabsan-ku. Endi bor, avval o‘z vazifalaringni bajar, - deya haligi kishiga tanbeh bergan ekan. 


Hadis sharifda “Farzanding yo jannating yoki do‘zaxingdir”, deb aytilgan. Agar ota-ona farzandini yaxshi xulqli, odobli va imon-e’tiqodli qilib tarbiyalasa, bunday farzand qiyomat kunida o‘zi bilan ota-onasini ham jannatga yetaklaydi. 


Shunday ekan, har bir ota-ona farzandlarining tarbiyasiga ko‘proq e’tibor berishi, ularga alohida vaqt ajratib, odob-axloqdan ta’lim berishi, ularni doimo nazorat qilib borishi, yomonlarga yaqin yo‘latmasligi lozim ekan. Ana shunda ular ota-onasi va el-yurtiga xizmat qiladigan, ularga ikki dunyoda obro‘ olib keladigan, yuzlarini yorug‘ va boshlarini yuqori qiladigan farzandlar bo‘lib katta bo‘lishadi.



Abduvali HAQNAZAROV, 
Sirdaryo viloyati 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentga sayohat: tarix, taraqqiyot va taassurotlar

21.07.2026   8857   1 min.
Toshkentga sayohat: tarix, taraqqiyot va taassurotlar

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi ijrosi doirasida viloyat hokimligi apparati xodimlari uchun Toshkent shahriga ikki kunlik ma’rifiy sayohat tashkil etildi, xabar bermoqda "Zarafshon" nashri.

Sayohat ishtirokchilari dastlab mamlakatimizning ilmiy va ma’naviy salohiyatini o‘zida mujassam etgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lishdi. Ular bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga qaratilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng sayohat dasturi poytaxtning ramziy maskanlari — Mustaqillik maydoni va «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida davom etdi. Shuningdek, ishtirokchilar Toshkent shahridagi teatrlar va muzeylarga borib, mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.

- Bunday sayohatlar davlat xizmatchilari uchun nafaqat mazmunli hordiq, balki katta ma’naviy ozuqa hamdir, - deydi viloyat hokimining maslahatchisi Sherali Temirov. - Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilgan sharoitlar, boy tarixiy merosimiz va poytaxtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari barchamizda chuqur taassurot qoldirdi. Bu kabi safarlar jamoadagi hamjihatlikni mustahkamlash, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan qaytish hamda ish faoliyatiga yanada katta ishtiyoq bilan kirishishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari