Shavvol oyida olti kun ro'za tutish sunnat (mustahab) bo'lib, farz emas. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
من صام رمضان ثمّ أتبعه ستا من شوّال كان كصيام الدهر
«Kimki Ramazon ro'zasini tutsa, so'ng unga Shavvoldan olti kun (nafl) qo'shsa, xuddi bir yillik ro'za kabi bo'ladi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ushbu hadisning mazmuni mutlaq kelgani uchun bu olti kunlik ro'zani Ramazon hayiti ertasiga boshlasa ham bo'ladi yoki bir necha kun o'tkazib keyin ro'za tutsa ham bo'ladi. Shavvol oyida olti kun ro'za tutsa, bo'ldi.
Ba'zi ulamolar xayrli ishlarni qilishga shoshilish lozimligi, musobaqa qilish afzalligini inobatga olib, hayit ertasiga Shavvolning ro'zasini tutishni boshlash kerak, deb hisoblaydilar. Odamlar ham shunga o'rganib qolishgan.
Ba'zi ulamolar esa, (Bu ulamolar orasida Imom Abu Yusuf va Imom Molik ham bor) odamlar bu ham Ramazon ro'zasi tarkibiga kiradi yoki tutmasa bo'lmas ekan, degan fosid xayollarga bormasliklari va asosiysi, nasroniylar kabi farz ro'zalarga o'z ixtiyorlari bilan ro'zalar qo'shib olganlariga o'xshamaslik uchun hayitdan bir necha kun o'tkazib tutishni ma'qul ko'radilar va hayit ertasiga boshlab, ulab tutishni karih ko'radilar. Bu «Sharhi Viqoya»da ham o'z ifodasini topgan. Shams ul-aimma al-Halvoiy shunga fatvo bergan. Demak, ehtiyotan hayitdan so'ng bir-ikki kun o'tkazib Shavvol ro'zasini tutishga kirishmoq ma'qul.
Shavvol oyida ro'za tutishga odatlanish vojib emas, balki afzal va ma'qul ishdir.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
أحبّ العمل الى الله ما دام عليه صاحبه وان قلّ
«Allohga amallarning eng sevimlisi amal egasi, garchi u oz bo'lsa-da, doim bajarib yurganidur», dedilar.
Shavvol oyida ro'za tutish, shuningdek, Ramazondan boshqa oylarda ro'za tutish nafl ibodat bo'lgani uchun uni bajarmasa, qazo tutib o'tirmaydi. Chunki u ixtiyoriy ibodatdir.
Shavvolda ro'za tutmasa bo'lmaydi, albatta tutish kerak, deyish, shuningdek, tutmaganlarni malomat qilish, Shavvol ro'zasini tutganlik bilan faxrlanish yomon illat bo'lgani uchun hatto Imomi A'zam Shavvolda ro'za tutishni karih ko'rgan ekanlar. («Mavsu'at ul-fiqhiyya»).
islom.uz
2026 yilning 25 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti jamoasi uchun quvonchli voqea yuz berdi. Institut Kengashining yig‘ilishida rektor Uyg‘un G‘afurov tomonidan “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi dots.nt vazifasini bajaruvchisi, islomshunoslik fanlari falsafa doktori (PhD) Ma’murjon Rahmonberdiyevich Erkayevga Fiqh, kalom ilmi (Ilohiyot) ixtisosligi bo‘yicha dots.nt ilmiy unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Ma’murjon Erkayev 2005 yilda Toshkent islom institutini, so‘ngra O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Olim 2024 yilda “Burhoniddin Mahmud Buxoriyning “Muhitul Burhoniy” asarida ijara shartnomalari” mavzusidagi dissertatsiyasini yuksak saviyada himoya qilgan edi. Jonkuyar pedagog sifatida u so‘nggi uch yilda “Faroiz ilmi” va “Fiqh ilmiga kirish” o‘quv qo‘llanmalari hamda “Hidoyatul muhtor” asarini nashr ettirdi, shuningdek, mahalliy va xalqaro jurnallarda o‘nlab ilmiy maqolalari e’lon qilindi.
Muhtaram ustozni ushbu yuksak ilmiy unvon va e’tirof bilan muborakbod etib, ularning ilm yo‘lidagi xayrli izlanishlariga zafarlar va kuch-quvvat tilab qoladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati