Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Sabrni erimdan o‘rgandim

19.12.2017   6118   2 min.
Sabrni erimdan o‘rgandim

Olti aka-uka orasida o‘sganim uchunmi, fe’lim sal qattiqroq. Shu bois umr yo‘ldoshim bir so‘zli, boshqalar undan hayiqadigan odam bo‘lishini istardim. Taqdirni qarangki, erim juda yuvosh chiqdi. Ba’zan onamga: “Shunaqa ham bo‘shang bo‘ladimi, baqirib-chaqirsa ham, aytganini qildirsa mayli edi...” derdim. Onam esa: “O‘tni o‘t o‘chirmaydi, bolam. Bir yaxshiligi bor, Xudoyim shu taqdirni ravo ko‘rgan...” derdi.

Aslida erimning ro‘zg‘or tebratishi, ehtiyojlarimni ta’minlashidan shikoyatim yo‘q. Faqat unda shiddat, jur’at yetishmayotgandek tuyulardi. Asabiylashsam, bosiqlik bilan: “Arzimas narsa uchun bunchalik g‘azablanishing yaxshimas”, deb qo‘yardi. Og‘ir-vazminligidan battar achchig‘im kelardi. Bir qizli bo‘ldik. Kunlarning birida yana yo‘q narsadan janjal chiqardim va bu safar erimning jahlini chiqarishga erishdim. Shunda ham baqirmadi, bir oz ovozini ko‘tarib: “Aytganim-aytgan, deganim-degan bo‘lishi mumkin. Ammo bu ishim bilan birovga zulm qilib qo‘yishdan qo‘rqaman”, dedi. Keyin menga gapirmay qo‘ydi. Bir kun o‘tdi, ikki kun... erimdan sas-sado yo‘q. O‘zim gapirib ketaveray desam, g‘urur yo‘l qo‘ymasdi, buning ustiga hayiqib qolgan edim. Yuragim siqildi. Taskin axtarib, erim o‘qib yuradigan kitoblarni bir-bir varaqlashga tushdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va oilalari haqidagi ibratli kitobni o‘qiy boshladim. Kitobda bayon etilgan voqeada er-xotin bir-birining fe’lida zaiflik ko‘rsa, qanday yo‘l tutishi zarurligi ko‘rsatilgan, kishining imon-e’tiqodi, taqvosi muhim, ba’zi kamchiliklariga esa Alloh uchun sabr qilinishi aytilgan edi.

Betdan-betga o‘tarkanman, yomon fe’lim bor bo‘yi bilan namoyon bo‘lardi. Demak, men endi o‘qiyotganlarni erim oldindan bilgan ekan... Men-chi?.. U mening xarxashalarimga sabr qilishi uchun taqvo, imon-e’tiqodga egamidim? Erim ko‘nglimni mehr-muhabbat bilan yumshatishga harakat qilardi. Men erimning bosiqligini, halimligini bo‘sh-bayovlikka yo‘yibman. Ko‘z yoshlarim yuzimni yuvdi. “Alloh qalbingni ochsin, ko‘nglingga solsin...”  Erim menga ko‘p bor shunday derdi. Bu duoning hikmatini o‘sha lahzalarda tushundim. Necha kundan beri ichimni kemirayotgan “Endi kechirmaydi”, degan qo‘rquv tarqadi. Chunki bir necha betnigina o‘qiganimda, ko‘nglimni yumshatgan bunday kitoblar erimning necha yillik yo‘ldoshlaridir...

O‘sha kungi iqrorim erimni juda xursand qildi. Shu zaylda u kishidan kengfe’llikni, sabr qilishni o‘rgandim. Biz uchun kimda yoki nimada yaxshilik borligini Alloh taolo biladi.

ANBARXON

 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Nabaviy qaytariqlar (3 qism)

25.12.2024   1554   1 min.
Nabaviy qaytariqlar (3 qism)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytardilar:

  1. Quyosh chiqayotganda, toki nayza bo‘yi ko‘tarilmaguncha va asrdan so‘ng toki quyosh botgunga qadar namoz o‘qishdan qaytardilar.
  2. Hajr (arazlashish)dan qaytardilar. (Ya’ni, musulmonni boshqa musulmon birodaridan hajr qilishidan qaytardilar).
  3. Yangi tillani eski tillaga sotishdan qaytardilar.
  4. Sochni ba’zi yerini oldirib, ba’zi yerini qoldirishdan qaytardilar.
  5. O‘g‘rilashdan, hazfdan (ko‘rsatkich barmoqlari orasiga toshchani yashirib otishdan) qaytardilar.
  6. O‘lganlarni so‘kishdan qaytardilar.
  7. Itga narx qo‘yish, sotishdan qaytardilar. (Izoh: Abu Hanifa rahimahulloh manfaati bo‘lganlarini sotsa bo‘ladi deganlar. Ba’zi ulamolar faqat ov itlarini sotish joiz deganlar).
  8. Meshning og‘zidan suv ichishdan qaytardilar.
  9. Zakarni o‘ng qo‘l bilan ushlashdan qaytardilar.
  10. O‘ng qo‘l bilan istinjo qilishdan qaytardilar.
  11. Ayollarni janozaga ergashishdan qaytarganlar.